Oliy taʼlimda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-209-son)
29.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Xorijiy davlatlarning dual taʼlim shaklida oʻqitishni tashkil etish boʻyicha ilgʻor tajribalarini oliy taʼlim tizimiga tatbiq etish, mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlarni maqsadli tayyorlash, oliy taʼlim tashkilotlari va ish beruvchilar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, shuningdek, taʼlim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlash orqali taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Mazkur Farmonning asosiy maqsadi yuqori malakali kadrlarni dual taʼlim shaklida “korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tamoyili asosida tayyorlash orqali ish beruvchilarning taʼlim jarayoniga integratsiyasini oshirish hamda bitiruvchilarni kafolatlangan ish bilan taʼminlash hisoblanadi.
II. Dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish
2. Belgilansinki, 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarida ish beruvchi korxona (tashkilot)larning buyurtmalari asosida va bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashning quyidagi tizimi joriy etiladi:
(a) dual taʼlim shakliga qabul amalga oshiriladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda qabul parametrlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda oliy taʼlim tashkiloti tomonidan har yili 1-sentabrga qadar belgilanadi;
(b) dual taʼlim shakliga qabul ish beruvchi korxona (tashkilot)lar buyurtmasiga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida (bir nafar talabani oʻqitish xarajatidan kam boʻlmagan miqdorda) har yili 1-oktabrga qadar amalga oshiriladi. Bunda:
(i) nomzodlar korxona (tashkilot)ning yoʻllanmasi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri imtihonsiz yoki buyurtmasi asosida saralash imtihoni natijasiga koʻra oʻqishga qabul qilinadi;
(ii) texnikumlarning oliy taʼlim bilan integratsiyalashgan oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilarga dual taʼlim shaklida mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining 2 yoki 3-kursidan oʻqishini davom ettirishga ruxsat beriladi;
(v) dual taʼlim oliy taʼlim tashkiloti, korxona (tashkilot) va talaba oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan tashkil etiladi. Bunda:
(i) korxona (tashkilot) zimmasiga talabaga oʻqish davri davomida oʻzining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda oylik ish haqi toʻlash;
(ii) talabaning zimmasiga bitirgandan soʻng kamida 2 yil mazkur korxona (tashkilot) yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab berish majburiyatlari yuklanadi;
(g) oʻquv jarayonining nazariy qismi kamida 30 foizni tashkil etadi va bevosita oliy taʼlim tashkilotida olib boriladi, qolgan amaliy qismi korxona (tashkilot)lar bazasida tashkil etiladi va talabalarga murabbiylar biriktiriladi;
(d) dual taʼlim shaklida ishtirok etuvchi korxona (tashkilot)larning reyestri hamda oʻquv jarayonining amaliy qismi monitoringi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “CareerEdu” platformasida yuritiladi;
(j) davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan korxona (tashkilot)larga dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlariga buyurtma berish hamda ushbu kadrlarni maqsadli tayyorlash xarajatlarini budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplashga ruxsat beriladi;
(z) buyurtmachi korxona (tashkilot)larga dual taʼlimda kadrlar tayyorlash boʻyicha konsorsium tashkil qilishga hamda kadrlarning oʻzaro rotatsiyasini amalga oshirishga ruxsat beriladi;
(i) kunduzgi taʼlim shakliga va muqobil taʼlim shakllariga nisbatan belgilangan talabalar sonining ulushi boʻyicha talab dual taʼlim shakli uchun tatbiq etilmaydi;
(k) talabalar oʻqishini dual taʼlim shaklidan taʼlimning boshqa shakllariga koʻchirishga ruxsat berilmaydi, bunda taʼlim shaklini dual taʼlim shakliga oʻzgartirishga buyurtmachi korxona (tashkilot) bilan tuzilgan shartnoma mavjud boʻlgan taqdirda ruxsat beriladi.
3. Dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga oliy taʼlim tashkilotining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ijtimoiy stipendiya toʻlashga ruxsat beriladi;
(b) dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning ijara huquqi asosida yashashi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash taʼlimning kunduzgi shakli uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
(v) muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xoʻjaligi taʼlim sohalari boʻyicha dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini 2-kursdan boshlab davlat granti kvotalari doirasida davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
(i) davlat granti kvotalari muayyan oʻquv yili uchun tegishli taʼlim sohalariga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlariga nisbatan qoʻshimcha 25 foiz miqdorida (ushbu taʼlim sohalariga ajratilgan davlat buyurtmasining vakant qolgan qismi va davlat granti asosidagi qoʻshimcha kvotalar hisobidan) belgilanadi;
(ii) davlat granti kvotalarini taqdim etish va qayta taqsimlash dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning tugallangan oʻquv yili yakuni boʻyicha oʻzlashtirish (GPA) koʻrsatkichi hamda buyurtmachi korxona (tashkilot)ning baholash natijasiga koʻra Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
(iii) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun dual taʼlim shaklida oʻqish birinchi kursdan boshlab butun oʻqish davrida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(iv) davlat granti kvotalari ajratiladigan taʼlim sohalariga, istiqbolda oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojlardan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilishi mumkin;
(v) davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarga stipendiya toʻlovlari kunduzgi taʼlim shakli uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
(g) talabaning dual taʼlim shaklida tahsil olgan davri uning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.
4. Dual taʼlim shaklida taʼlim dasturining amaliy qismi natijadorligini oshirish maqsadida quyidagilarga ruxsat berilsin:
(a) korxona (tashkilot)larga oʻz mablagʻlari hisobidan hamkor taʼlim tashkilotlarida amaliyot bazalarini tashkil etishga;
(b) oliy taʼlim tashkilotlariga kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻygan korxona (tashkilot)lar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan shartnomaga muvofiq tekin foydalanish huquqi asosida boʻsh turgan bino-inshootlari va hududida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlariga mos ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish faoliyatini tashkil etishga;
(v) oliy taʼlim tashkilotlariga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan sohalar boʻyicha shartnoma asosida kasbga oʻrgatish kurslarini tashkil etishga.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxona (tashkilot)lar uchun talabalarga biriktiriladigan murabbiylarni tayyorlash maxsus kurslarini tashkil etsin. Bunda:
(i) maxsus kurslarga jalb etiladigan 30 nafar professor-oʻqituvchi va mentorlarning malakasini dual taʼlim rivojlangan xorijiy davlatlarda oshirish xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(ii) maxsus kurslarni yakunlagan bakalavr darajasiga ega murabbiylarni oliy taʼlim tashkilotlariga pedagog sifatida soatbay asosida (ilmiy darajaga ega boʻlmagan oʻqituvchiga tenglashtirilgan holda) jalb qilishga ruxsat beriladi;
(iii) bir nafar murabbiyga 15 nafardan koʻp boʻlmagan talaba biriktirilib, har bir talaba uchun bir oʻquv yiliga 30 soat ish hajmi hisoblanadi. Bunda murabbiy uchun toʻlov oliy taʼlim tashkilotining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi va oliy taʼlim tashkilotlarining soatbay ish haqi jamgʻarmasidan tashqari alohida rejalashtiriladi;
(iv) maxsus kursda murabbiylarni oʻqitish xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(b) 2027/2028 oʻquv yili yakunidan boshlab dual taʼlim shakli boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlari va buyurtmachi korxona (tashkilot)larning samaradorlik reytingi yuritilishini yoʻlga qoʻysin. Bunda:
(i) reyting yuritishda dual taʼlim bilan qamrab olingan talabalar ulushi, talabalarning oʻrtacha ish haqi miqdori va oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ustuvorlik beriladi;
(ii) eng yuqori natija koʻrsatgan 3 tadan oliy taʼlim tashkiloti va korxona (tashkilot) Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan reytingdagi oʻrniga mos ravishda 1, 2, 3 milliard soʻmdan ragʻbatlantiriladi;
(v) Kasbiy taʼlim agentligi bilan birgalikda 2027/2028 oʻquv yiliga qadar texnikumlarning tegishli mutaxassisliklari boʻyicha oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bilan integratsiyalashgan holda ishlab chiqilishini taʼminlasin;
(g) oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasi, jumladan, mavjud laboratoriya va ustaxonalaridan talaba (oʻquvchi), tadqiqotchi va pedagoglar tomonidan oʻzaro foydalanish tizimini yoʻlga qoʻysin.
6. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari va sohalari xususiyatidan kelib chiqib, dual taʼlim tizimi asosida amaliyotlar tashkil etilsin. Bunda:
(a) dual taʼlim tizimi asosida amaliyotlar kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari va sohalarning xususiyatlaridan kelib chiqib, 6 oygacha muddatga nazariy taʼlimdan ajralgan holda yoki haftalik oʻquv mashgʻulotlari shaklida (“4+2”, “5+1” “3+3”, “3+2”, “4+1” kabi) tashkil etiladi;
(b) har bir talaba uchun korxona (tashkilot) tomonidan amaliyot rahbari biriktiriladi hamda talaba tomonidan amaliyotni oʻtash jarayoni “CareerEdu” platformasida yuritiladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:
(a) har yili 1-avgustga qadar hududidagi korxona (tashkilot)lar tomonidan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash boʻyicha buyurtmalar berilishini tashkil qilsin;
(b) buyurtmachi korxona (tashkilot)larda talabalarning taʼlimning amaliy qismini oʻzlashtirishi uchun yetarli shart-sharoitlar, jumladan, alohida auditoriya tashkil etilishini taʼminlasin;
(v) har yili 1-oktabrga qadar talabalarning dual taʼlim asosidagi amaliyotlarini tashkil etish boʻyicha korxona (tashkilot)lar va oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar rasmiylashtirilishiga koʻmaklashsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga dual taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchi sifatida oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari 1-ilovaga muvofiq biriktirilsin.
9. Belgilansinki, biriktirilgan oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari tomonidan:
(a) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari asosida hududning drayver sohalarini belgilash va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi;
(b) hududning iqtisodiy, ijtimoiy holati va mavjud imkoniyatlari tahlil qilinib, dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash boʻyicha hududning istiqbolli strategiyasi va maqsadli koʻrsatkichlari loyihalari tayyorlanadi;
(v) hududdagi korxona (tashkilot)lar va oliy taʼlim tashkilotlarida mazkur Farmonning mazmun-mohiyati tushuntirish, buyurtmachilar, oliy taʼlim tashkilotlari va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar boʻyicha seminar-treninglar va uchrashuvlar tashkil qilinadi.
III. Dual taʼlimda kadrlar tayyorlagan korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
10. Oliy taʼlim tizimida dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashda korxona (tashkilot)larning faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) korxona (tashkilot)larga muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xoʻjaligi taʼlim sohalari va yoʻnalishlarida dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan har bir talaba uchun toʻlangan ish haqi xarajatlarining 50 foizi oʻquv yili yakunida subsidiya shaklida Davlat budjeti hisobidan qoplanadi;
(b) korxona (tashkilot)larga dual taʼlim shakliga qabul qilgan talabalar soniga mutanosib ravishda “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” platformasida quyidagi miqdorda qoʻshimcha ballar beriladi:
(i) 5 nafardan 25 nafargacha — 5 ball;
(ii) 25 nafardan 50 nafargacha — 8 ball;
(iii) 50 nafar va undan ortiq boʻlganda — 10 ball;
(v) davlat xaridlarida ishtirokchilar takliflarini baholashda korxona (tashkilot) tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat)larga dual taʼlim shakliga qabul qilgan talabalar soniga mutanosib ravishda quyidagicha:
(i) 25 nafargacha — 5 foiz;
(ii) 25 nafardan 50 nafargacha — 10 foiz;
(iii) 50 nafar va undan ortiq boʻlganda — 15 foiz miqdorida preferensiya beriladi;
(g) buyurtmachi korxona (tashkilot)lar tomonidan oliy taʼlim tashkiloti hududida dual taʼlim shakli uchun amaliyot bazasini tashkil etish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun olib kelingan jihozlar, uskunalar, laboratoriya jihozlari uchun bojxona boji stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi, amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan bojxona bojidan ozod qilish nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
(d) dual taʼlim dasturi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar uchun korxona (tashkilot)lar tomonidan xarid qilingan oʻquv uskunalari va jihozlarga nisbatan 3 yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qoʻllash huquqi beriladi.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) mazkur Farmon bilan tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyoz (preferensiya)lar notoʻgʻri qoʻllanganligi aniqlangan taqdirda, berilgan imtiyoz (preferensiya) miqdorida moliyaviy jarima qoʻllanadi;
(b) mazkur Farmon ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq budjet mablagʻlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish:
(i) 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
(ii) 2027-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Quyidagilar:
(a) 2027 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida dual taʼlimni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;
(b) 2027/2028 oʻquv yilida oliy taʼlim tashkilotlarida ustuvor soha yoʻnalishlari boʻyicha dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyishning prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari I.T. Siradjev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-sentabr,
PF-209-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-sentabrdagi PF-209-son Farmoniga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga dual taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchi sifatida biriktirilgan oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari
ROʻYXATI
Izoh: hudud rahbarlari, biriktirilgan rektorlar boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning oʻrniga mazkur lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxs kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-sentabrdagi PF-209-son Farmoniga 2-ILOVA
2027 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida dual taʼlimni rivojlantirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-sentabrdagi PF-209-son Farmoniga 3-ILOVA
2027/2028 oʻquv yilida oliy taʼlim tashkilotlarida ustuvor soha yoʻnalishlari boʻyicha dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Izoh. Ushbu roʻyxat ehtiyojlarni dastlabki oʻrganish asosida shakllantirilgan boʻlib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari va takliflariga asosan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
