“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-206-son)
23.09.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
“Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish, mavjud daraxtlarni muhofaza qilish va ekilgan koʻchatlarning yashovchanligini oshirish, koʻkalamzorlashtirish jarayonlarida ilm-fan, raqamli texnologiyalar hamda davlat, biznes va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har bir mahallada har bir odam uchun 3 ta daraxt, 30 foiz daraxt soyasi, 300 metr atrofida yashil hudud boʻlishini taʼminlashni nazarda tutuvchi “3 — 30 — 300” xalqaro standartini joriy qilish orqali mahallaning yashillik darajasini oshirish;
(b) yashil bogʻlar va yashil jamoat parklari sonini 2030-yilga qadar 1 023 taga yetkazish, shundan 2026-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuz mavsumida 257 ta yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini yaratish;
(v) 2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan umumiy uzunligi 10 kilometrdan kam boʻlmagan soyali sayr koʻchalarini tashkil qilish.
2. Quyidagilar:
(a) 2026-yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-yil kuz mavsumida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning prognoz koʻrsatkichlari 2a — 2p-ilovalarga muvofiq;
(v) 2026-yil kuz mavsumida mahallalar hududlarida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekishning prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2026-yil kuz mavsumida vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
(d) 2026-yil kuz mavsumida atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha yuqori va oʻrta darajadagi xavfli toifalarga mansub sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbogʻ”lar barpo etishning prognoz koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligini tashkil etish
3. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
(a) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab yashil hududlar joylashuvini aniqlash, yerlarni tayyorlash, koʻchat va butalar zaxirasini yaratish choralari koʻriladi;
(b) koʻchat va butalarni ekish mavsumi:
(i) 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida;
(ii) 2026-yil 5-noyabrdan boshlab Buxoro va Navoiy viloyatlarida;
(iii) 2026-yil 10-noyabrdan boshlab Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida;
(iv) 2026-yil 20-noyabrdan boshlab Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida boshlanadi;
(v) mazkur bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan muddatlarga Ekologiya qoʻmitasi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
4. Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov, Gʻ. Mirzayev) Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ekologiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligida kuchaytirilgan tartibda:
(a) ariqlar, zovurlar, kanallar va umumiy foydalanishdagi hududlarni chiqindilardan tozalash, zarur hollarda, ularni taʼmirlash va mavsumiy yogʻingarchiliklarga tayyorlash ishlarini amalga oshirsin;
(b) aholi punktlari, mahallalar, koʻp kvartirali uylar atrofi, ijtimoiy soha obyektlari, avtomobil yoʻllari va boshqa jamoat joylarida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish hamda sanitariya holatini yaxshilash ishlarini tashkil etsin;
(v) koʻcha, xiyobon, yoʻlak va aholi yashash joylari atrofida toʻplangan maishiy, qurilish va boshqa chiqindilarni toʻliq olib chiqib ketish choralarini koʻrsin;
(g) 2026-yil kuzgi koʻchat ekish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan yer maydonlarini tozalash, tekislash va ekishga tayyorlash, sugʻorish tizimlarini yaratish va sozlash, tuproqqa ishlov berish, mulcha tayyorlash hamda zarur agrotexnik tadbirlarni oldindan amalga oshirishni taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov, Gʻ. Mirzayev) tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligida aniqlangan obodonlashtirish, sanitariya-tozalash va koʻkalamzorlashtirish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish boʻyicha har bir hudud kesimida manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan masʼul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini belgilasin.
III. “Yashil makon” umummilliy loyihasini mahalla darajasida amalga oshirishning yangi mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish
6. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etiladi;
(b) “Mahalla — islohotlar buyurtmachisi” tamoyili asosida quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladigan mablagʻlar Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi taqsimotiga asosan har bir mahalla uchun Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasiga oʻtkazib beriladi:
(i) ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun Ekologiya qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan maʼmuriy va sud tartibida undiriladigan jarima mablagʻlarining 90 foiz qismi. Bunda ushbu mablagʻlarning 10 foizi mazkur jarimani qoʻllagan davlat tashkilotining oʻzida qoldiriladi;
(ii) atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarining respublika budjetiga yoʻnaltirilgan qismi;
(v) Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlarining kamida 30 foizi “Mahallani yashillashtirish” paketini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi;
(g) ushbu bandga muvofiq oʻtkazib beriladigan mablagʻlar Oʻzbekiston mahallalari uyushmasida yangi ochiladigan “Yashil mahalla” jamgʻarmasi orqali qayta taqsimlanadi hamda “Mahallani yashillashtirish” paketining quyidagi toʻrt turdagi yoʻnalishlari boʻyicha xizmatlarni oʻz ichiga oladi:
(i) daraxt va buta koʻchatlarini yetkazib berish;
(ii) daraxt va butalarni kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish;
(iii) organik oʻgʻitlar va mulcha bilan taʼminlash;
(iv) tejamkor sugʻorish vositalari bilan taʼminlash;
(d) ushbu bandda belgilangan xizmatlar va ularga yoʻnaltirilgan mablagʻlar faqat Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Oʻrmon agentligi) tomonidan mahalla buyurtmasi asosida koʻrsatiladi va oʻzlashtiriladi.
7. “Yashil mahalla” loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻrmon agentligi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Ekologiya qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yildan boshlab Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasidan (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) 100 milliard soʻm miqdorigacha mablagʻlar “Mahallani yashillashtirish” paketiga ajratilishini nazarda tutsin.
9. Belgilansinki, “Yashil mahalla” loyihasi doirasida mahallalarga Oʻrmon agentligi tomonidan oʻrmonchi-murabbiy xodim biriktiriladi. Bunda:
(a) “mahalla yettiligi” aʼzolari oʻrmonchi-murabbiy tomonidan har ekish mavsumi boshlanishidan oldin bir marotaba qisqa oʻquv kurslarida oʻqitiladi;
(b) “mahalla yettiligi” aʼzolari mahalladagi ekish uchun boʻsh maydonlar, suv manbalarini oʻrganib, “Mahallani yashillashtirish” paketi uchun buyurtmani shakllantiradi va koʻrsatilgan xizmatlar hisobini yuritadi, fuqarolarga ekish, sugʻorish, mulchalash, kompost tayyorlash, daraxtni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish usullari toʻgʻrisida maʼlumot berib boradi.
10. Belgilansinki, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ekologiya qoʻmitasi va Oʻrmon agentligi “Yashil mahalla” loyihasini barcha mahallalarda joriy qilishga masʼul boʻladi.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil kuz mavsumidan boshlab:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻrmon agentligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda yer maydoni cheklangan mahallalarda, koʻp kvartirali uylar oraligʻida, maktab va bogʻchalar hovlilarida mahalla mikrooʻrmonlarini tashkil etadi. Bunda 200 — 1 000 metr kvadrat maydonda har bir metr kvadratga kamida 2 ta daraxt va buta koʻchatini zich ekish usuli (qatlamlab) qoʻllanadi;
(b) yer ajratish imkoniyati boʻlmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda jamoatchilik kichik bogʻlari tashkil etiladi. Bunda:
(i) mahalliy hokimliklar va homiylar katta hajmli koʻchat tuvaklarini oʻrnatadi;
(ii) Oʻrmon agentligi sifatli koʻchat yetkazib beradi;
(iii) mahallalar qatnashish istagini bildirgan fuqarolar ishtirokida ekish va parvarishlash ishlarini tashkil etadi;
(iv) har bir bogʻ uchun suv taʼminoti, tuvaklarni saqlash va koʻchatlarni parvarishlashga masʼul belgilanadi.
12. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda har bir tuman (shahar) kesimida kamida 10 gektar yer maydonida mahalla mikrooʻrmonini tashkil qilish boʻyicha manzilli dasturni tasdiqlasin.
IV. “Yashil makon” umummilliy loyihasini tuman (shahar) darajasida amalga oshirish
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Ekologiya qoʻmitasi bilan kelishgan holda 2026-yil uchun 1-noyabrga qadar, 2027-yildan boshlab har yili 1-martga qadar hududlarning yashillik darajasini oshirishga qaratilgan tuman (shahar)larning yashil dasturlari ishlab chiqilishini taʼminlasin. Bunda:
(a) yashil dasturlarda yashil bogʻlar, soyali sayr koʻchalari, koʻllar va suv tejovchi, jumladan, yomgʻir, qor va oqova suvlarini toʻplaydigan va qayta ishlaydigan sugʻorish tizimlarini tashkil qilish, daraxtlarni parvarishlash va chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish boʻyicha aniq obyektlar, mablagʻlar miqdori, muddatlar, masʼullar va natija koʻrsatkichlari belgilanadi;
(b) yashil dasturlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan shakllantiriladi va xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarida muhokamadan oʻtkaziladi va tasdiqlanadi.
14. Ekologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Toshkent shahar, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobidan Olot, Urgut va Yangihayot tumanlarining yashil dasturlarini amalga oshirishni boshlasin.
15. Belgilab qoʻyilsinki, Ekologiya qoʻmitasi tomonidan har yili yashillik darajasi tabiiy ravishda eng past boʻlgan 14 ta tuman (shahar)ning yashil dasturlarini amalga oshirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 100 milliard soʻmgacha yoʻnaltiriladi.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Ekologiya qoʻmitasi va Oʻrmon agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda botanika va dendrologiya bogʻlari, oʻrmon xoʻjaliklari, yirik yashil hududlar va obodonlashtirish boshqarmalarining hududlarida kompostlash va mulchalash tizimini yoʻlga qoʻysin. Bunda:
(a) sanitariya va gidrogeologik sharoiti mos joylarda uzunligi 12 metr, eni 4 metr va chuqurligi kamida 1 metr boʻlgan xandaqlardan foydalaniladi;
(b) namlik har 15 kunda tekshirilib, 70 foiz atrofida saqlanadi;
(v) har bir tuman (shahar) obodonlashtirish tashkilotlarini kamida bitta shox-shabba maydalagichlar bilan taʼminlash maqsadida moliyalashtirish jadvali tasdiqlanadi hamda ularni xarid qilish jarayonida uskunaning texnik koʻrsatkichlari Ekologiya qoʻmitasi bilan kelishiladi;
(g) tayyor kompost va mulcha, birinchi navbatda, tegishli hududning ochiq tuproq maydonlarini qoplash va parvarishlash ishlariga yoʻnaltiriladi.
V. “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va ragʻbatlantirish
17. Aholining yashil bogʻlarni yaratish boʻyicha talab va takliflarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yashil lot” tizimi joriy etilsin:
(a) Ekologiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mavjud yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida nom berish orqali yashil bogʻ barpo etish uchun ajratish huquqi beriladi;
(b) yashil bogʻ yaratish uchun berilgan hududlardan faqat maqsadli foydalaniladi hamda jismoniy va yuridik shaxslarga mulk sifatida oʻtkazilmaydi, ularda qurilish, konstruksiyalar oʻrnatish va boshqa faoliyat turlarini olib borish taqiqlanadi, shuningdek, aholi tomonidan umumiy foydalanilishi cheklanmaydi.
18. Quyidagilar ikki oy muddatda “yashil lot”lar boʻyicha eʼlon bersin va shartnomalar tuzish ishlarini tashkillashtirsin:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — har bir tuman va shaharda kamida 10 tadan “yashil lot”lar;
(b) Ekologiya qoʻmitasi — oʻrmon xoʻjaligi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning bufer zonasida 10 gektardan.
19. Ekologiya qoʻmitasi ikki oy muddatda “yashil lot”lar orqali tashkil etiladigan yashil hududlarga jismoniy va yuridik shaxslarning nomini berish qoidalarini tasdiqlasin.
VI. Ilmiy taʼminot va koʻchatchilik
20. Ekologiya qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 2028-yil 1-sentabrga qadar:
(a) mintaqaning iqlim sharoitidan kelib chiqib, respublikaning har bir hududining iqlimiy-geografik zonalariga mos daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirishga ixtisoslashgan 1 tadan “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etsin;
(b) “in-vitro” laboratoriyalarida suvsizlik, shoʻrlanish, yuqori harorat, kasalliklarga chidamli va qum-chang koʻchishining oldini olishga xizmat qiluvchi daraxt va buta turlarini koʻpaytirish ishlarini amalga oshirsin;
(v) barcha hududlarda zamonaviy koʻchatxona hamda koʻchat savdosi boʻyicha tashrif markazlarini tashkil etsin.
21. Ekologiya qoʻmitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda har bir hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, koʻchatlarni ekish muddatlarini rayonlashtirish, shuningdek, hududlar kesimida tuproq sharoitiga mos, suvsizlik, shoʻrlanish, issiq va sovuqqa chidamli koʻchat turlarini tasdiqlasin.
22. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Ekologiya qoʻmitasi taklifiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kamida bittadan ilmiy-tajriba poligonini tashkil qilish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) tuzilmasidagi Choʻllanishga qarshi kurashish va choʻl iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga oʻtkazib bersin.
23. Ekologiya qoʻmitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda toʻrt oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini oʻrgangan holda faqat bezak vazifasini bajaradigan, koʻp suv va doimiy parvarish talab qiladigan gazon ekish amaliyotini qisqartirish (cheklash) hamda uning oʻrniga bosqichma-bosqich mahalliy sharoitga mos qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar ekish, mulchalash va suv tejovchi sugʻorishni birlashtiruvchi kseriskeyping (kapalakqoʻnmas (ayuga), toshguli, pechakgul (plyush), boʻrigul (barvinok), kaklikoʻt (timyan), sebarga) usuliga oʻtish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
VII. Raqamli hisob, sunʼiy intellekt va jamoatchilik nazorati
24. Raqamli texnologiyalar vazirligi Ekologiya qoʻmitasi, Kadastr agentligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan birgalikda olti oy muddatda tajriba tariqasida quyidagilarni oʻz ichiga olgan “Yashil AI” assistenti modulini ishga tushirsin:
(a) yer bonitet bali, tuproq turi, suv taʼminoti, iqlim, sunʼiy yoʻldosh va dala kuzatuvlari asosida koʻkalamzorlashtirish, oʻrmonlashtirish hamda yashil qoplamalar uchun maqbul maydonlarni aniqlash;
(b) har bir hududga mos daraxt va buta turlari, koʻchat soni, ekish sxemasi va muddati, sugʻorish va parvarishlash boʻyicha tavsiyalarni shakllantirish;
(v) suv tanqisligi, koʻchat qurishi, kasallik, zararkunanda va daraxtlarga zarar yetkazilishi xavfini xaritada koʻrsatish, masʼullarga ogohlantirish yuborish va tahliliy hisobot tayyorlash;
(g) maʼlumotlarni yagona xaritada yangilab borish, tezkor monitoring, prognoz, jamoatchilik murojaatlari va natijalarni ochiq kuzatish imkoniyatini yaratish.
25. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yil 31-dekabrga qadar mahallalarga kirish joyida yashil hududlarni barpo etish afzalliklari, hududning ekologik koʻrsatkichlarini koʻrsatib turuvchi bannerlar va elektron tablolar oʻrnatilishini taʼminlasin.
26. Vazirlar Mahkamasi (Gʻ. Mirzayev):
(a) 2026-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston mahallalari uyushmasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har bir mahallada tashkil etiladigan mahalla bogʻlarini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish maqsadida situatsion markaz tashkil qilsin;
(b) Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yil 31-dekabrga qadar “Raqamli mahalla” platformasi bilan “Obod maskan” platformasini integratsiya qilish orqali situatsion markazdan foydalanish imkoniyatini yaratsin.
VIII. Choʻllanishga qarshi kurashish va transchegaraviy loyihalar
27. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Ekologiya qoʻmitasi:
(a) Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda ikki oy muddatda koʻkalamzorlashtirish, himoya oʻrmonlari, choʻllanishga qarshi kurashish va yangi texnologiyalarni joriy etish uchun xalqaro grant mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha manzilli dastur loyihasini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
(b) 2027-yil 1-dekabrga qadar mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarning oʻrmonlashtirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va mahallalarni koʻkalamzorlashtirish loyihalari uchun 200 million AQSH dollari qiymatidagi xalqaro grantlarni jalb qilish ishlarini tashkil etsin. Bunda nodavlat notijorat tashkilotlarga loyiha operatori sifatida donor tanlash, arizani tayyorlash, mahalliy hamkor va maydonni aniqlashda amaliy koʻmak koʻrsatib borsin.
28. “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Barqaror oʻrmon xoʻjaligi asosida oʻrmonzorlashtirish va oʻrmon tiklash boʻyicha harakatlar dekadasi” rezolyutsiyasi asosida mamlakatimizda oʻrmonlashtirish va oʻrmonlarni tiklash boʻyicha 2027 — 2036-yillarga moʻljallangan harakatlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
29. Ekologiya qoʻmitasi Fanlar akademiyasi, Oʻrmon agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2027-yil 31-dekabrga qadar Arnasoy, Nukus, Qorakoʻl, Karmana, Muborak, Qiziriq va Yangiariq tumanlarida galofit oʻsimliklarini yetishtirish boʻyicha ilmiy-tajriba uchastkasini tashkil etsin. Bunda har bir uchastkada tuproq shoʻrlanishi va suv taʼminotiga mos turlarni sinash, urugʻ hamda koʻchat yetishtirish va amaliy tavsiyalar tayyorlanishi taʼminlansin.
IX. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
30. Belgilansinki, mazkur Farmonda belgilangan vazifalar masʼul vazirlik va idoralarning ushbu tadbirlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlari, Jamgʻarma mablagʻlari, homiylik va grant mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
31. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda mazkur Farmonda nazarda tutilgan, oʻzi tomonidan tasdiqlanadigan tartiblarni qabul qilish va moliyalashtirishning zarur tashkiliy choralarini koʻrsin.
32. Ekologiya qoʻmitasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
33. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari Gʻ.Gʻ. Mirzayev va A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
34. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 23-sentabr,
PF-206-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 1-ILOVA
2026-yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2a-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2b-ILOVA
Andijon viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2v-ILOVA
Buxoro viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2g-ILOVA
Jizzax viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2d-ILOVA
Qashqadaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2j-ILOVA
Navoiy viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2z-ILOVA
Namangan viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2i-ILOVA
Samarqand viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2k-ILOVA
Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2l-ILOVA
Sirdaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2m-ILOVA
Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2n-ILOVA
Fargʻona viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2o-ILOVA
Xorazm viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 2p-ILOVA
Toshkent shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 3-ILOVA
2026-yil kuz mavsumida mahallalar hududlarida manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 4-ILOVA
2026-yil kuz mavsumida vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 5-ILOVA
2026-yil kuz mavsumida atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha yuqori va oʻrta darajadagi xavfli toifalarga mansub sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbogʻ”lar barpo etishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 6-ILOVA
“Yashil mahalla” loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻrmon agentligi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar
ROʻYXATI
1. Mahallada koʻchat ekiladigan joylar asosida mahallaning koʻchatlarga boʻlgan ehtiyoji aniqlanadi va buyurtma shakllantiriladi.
2. Mahallaning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda koʻchat bazasida mavjud va asosan 7 turdagi (qayragʻoch, shumtol, goʻzal katalpa, yapon saforasi, tut, oʻrik, gilos va boshqa) koʻchatlar yetkazib beriladi.
3. Kanal, zovur yoki ariq boʻyiga ekish uchun mahalliy iqlim sharoitga mos tol, majnuntol va terak koʻchatlari yetkazib beriladi (2-3 yoshli, boʻyi 1 — 1,5 metr).
4. Mahallaga oʻrmonchi-murabbiy biriktiriladi, ular tomonidan koʻchatlarni ekish, parvarishlash, oʻstirish va saqlash boʻyicha koʻnikmalar shakllanishiga koʻmaklashiladi.
5. Mahallada kasallangan yoki zararlangan daraxtlar soni asosida mahalla daraxtlarini kasalliklar hamda zararkunandalardan himoya qilish boʻyicha buyurtma shakllantiriladi.
6. Mahalla hududida zararlangan daraxt va butalardagi kasallik va zararkunanda turlariga (un shudring, zang, poʻstloq nekrozi, ildiz chirishi, shira, qalqondor hasharotlar va h.k.) aniqlik kiritiladi.
7. Daraxt va butalarda aniqlangan kasalliklar hamda zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlari tashkillashtiriladi.
8. Daraxt va butalarni kasalliklar hamda zararkunandalardan himoya qilish tadbirlari amalga oshiriladi.
9. Mahallada bahor va kuz mavsumida ekilgan (yoki ekiladigan) koʻchatlar uchun talab etiladigan organik oʻgʻitlar va mulcha miqdori (hajmi) boʻyicha buyurtma shakllantiriladi.
10. Qabul qilingan buyurtma asosida Oʻrmon agentligi tizim tashkilotlari tomonidan 1 tup koʻchatga mos ravishda 5 kilogrammgacha biogomus va 4 kilogrammgacha mulcha yetkazib beriladi.
11. Qabul qilingan buyurtma asosida Oʻrmon agentligi tizim tashkilotlari tomonidan koʻchat ekish mavsumida bir mahallaga 1 tadan 3 — 5 tonna hajmli suv idishlar, IBC suv konteyneri, ariq, kanal yoki havzadan suv tortish uchun 1 ta koʻchma nasos (motopompa), 100 metrgacha shlang (25 — 50 mm), 10 ta chelak, leyka, xaskash, belkurak, ketmon, 1 ta arava yetkazib berish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoniga 7-ILOVA
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Barqaror oʻrmon xoʻjaligi asosida oʻrmonzorlashtirish va oʻrmon tiklash boʻyicha harakatlar dekadasi” rezolyutsiyasi asosida mamlakatimizda oʻrmonlashtirish va oʻrmonlarni tiklash boʻyicha 2027 — 2036-yillarga moʻljallangan
HARAKATLAR DASTURI
