Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (KQ-393-V-son)
10.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 12-martdagi KQ-325-V-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 10-sentabr,
KQ-393-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 10-sentabrdagi KQ-393-V-sonli qaroriga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 12-martdagi KQ-325-V-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-bandi:
toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlarining elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqini elektron onlayn auksion savdolari orqali sotishdan tushgan mablagʻlari”;
beshinchi xatboshisidagi “tushumlar” degan soʻz “mablagʻlar” degan soʻz bilan almashtirilsin.
2) 10-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻlar yoʻnaltirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar Kengashlari qarorlarining namunaviy shakli 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻlar yoʻnaltirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar Kengashlari qarorlarida quyidagilar koʻrsatiladi:
qarorning nomi;
muqaddima (qarorning Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va xalq deputatlari mahalliy Kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining ushbu Qaroridan kelib chiqib qabul qilgan qaroriga (qaror sanasi, nomi va raqami koʻrsatiladi) muvofiq qabul qilinayotganligi);
mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklif jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan muddat va uning ID raqami;
mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklif yuzasidan umumlashtiruvchi komissiyaning xulosasi (xulosa raqami, qabul qilingan sanasi va qisqacha mazmuni);
qaror qismida:
tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining tegishli budjet qoʻshimcha manbalaridan mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklifi;
mahalliy budjetning qoʻshimcha manbasi turi yoki turlari (bunda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalarining har bir turidan ajratiladigan mablagʻlarni oluvchilar, tadbirlar nomi, asosi va ajratiladigan mablagʻ miqdori qarorga ilovalarda koʻrsatiladi);
qaror bilan mablagʻ yoʻnaltirilayotgan masʼul tashkilotlarga ajratilgan mablagʻlar doirasida belgilangan tartibda toʻlovlarni amalga oshirish, ushbu mablagʻlardan toʻgʻri, maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan vazifa;
iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga (boʻlimiga) budjet xarajatlariga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritish (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 143-moddasi uchinchi qismiga muvofiq budjet xarajatlariga oʻzgartirish kiritilmaydigan hollar mustasno) yuzasidan, gʻaznachilik organlariga toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan vazifa;
qarorning ijrosini nazorat qilish uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashining masʼul boʻlgan doimiy komissiyasi”;
3) 5-ilovaning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur qaror ijrosining nazorati xalq deputatlari __________ Kengashining Mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin”.
