Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-347-son)
21.09.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Mamlakatimizda tennis sport turini yanada ommalashtirish, sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, ushbu sport turi boʻyicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda nufuzli sport musobaqalarida natijadorlikni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) aholi oʻrtasida tennis sport turining ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
(b) tennis sport turi boʻyicha professional trenerlar va boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;
(v) tennis sport turi boʻyicha zamonaviy sport infratuzilmasini barpo etish va mavjud sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash;
(g) tennis sport turi boʻyicha professional sportchilarni tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish;
(d) tennis boʻyicha musobaqalarni tizimli tashkil etib borish.
2. Quyidagilar tennis sport turini 2030-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) tennis bilan doimiy shugʻullanuvchilar sonini 3 000 nafargacha yetkazish;
(b) tennis boʻyicha trenerlar sonini 200 nafarga yetkazish;
(v) tennis sport turi boʻyicha Osiyoda top-5 talikka kirish;
(g) tennis sport turini istiqbolli sport turlari qatoriga kiritish choralarini koʻrish.
II. Tennis sport turini ommalashtirish
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab anʼanaviy tarzda tennis boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi musobaqalarni oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi:
(a) Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) va Ayollar tennisi assotsiatsiyasi (WTA) hamda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) shafeligi ostida boʻlib oʻtadigan xalqaro tennis musobaqalari. Bunda ushbu musobaqalarni oʻtkazish hamda gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) yoshlar va kattalar oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi;
(v) yoshlar, oʻsmirlar va kattalar oʻrtasida Respublika chempionati;
(g) kattalar oʻrtasida “Uzbekistan open” xalqaro turniri;
(d) erkaklar oʻrtasida “ATP Challenger” xalqaro musobaqasi.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston tennis federatsiyasining 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturini joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin. Bunda dastur doirasida:
(a) 1 — 4-sinf oʻquvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantirish boʻyicha boshlangʻich mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyiladi;
(b) oʻquvchilarning tennisga qiziqishi hamda sport infratuzilmasi mavjudligiga qarab tennis rivojlantiriladigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari tanlab olinadi;
(v) tanlab olingan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tennis boʻyicha sport seksiyalari tashkil etiladi hamda ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, sport inventarlari, shu jumladan, “tennis wall” moslamalari bilan Oʻzbekiston tennis federatsiyasi mablagʻlari hisobidan jihozlanadi;
(g) mashgʻulotlar tanlab olingan umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar tomonidan olib boriladi.
5. Sport vazirligining Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabini (keyingi oʻrinlarda — Maktab) boshqarish funksiyasi amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlagan holda Oʻzbekiston tennis federatsiyasiga berilsin.
6. Belgilansinki, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi:
(a) Maktab faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilaydi, uning rahbar kadrlarini lavozimiga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
(b) Maktabning moliyaviy va strategik faoliyatini rivojlantirish boʻyicha dastur va uzoq muddatli rejalarni tasdiqlaydi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
(v) Maktab tomonidan koʻrsatiladigan pulli xizmatlar uchun toʻlovlar miqdori hamda uning budjetdan tashqari mablagʻlarini sarflash yoʻnalishlarini mustaqil belgilaydi.
7. Oʻzbekiston tennis federatsiyasi:
(a) Maktab faoliyatini zamonaviy boshqaruv modellari asosida samarali tashkil etsin;
(b) ikki oy muddatda Maktabga yuqori malakali xorijiy ekspert va trenerlarni jalb qilsin hamda ilgʻor tajribalar asosida professional sportchilar, murabbiylar va hakamlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish boʻyicha zamonaviy metodikalarni ishlab chiqib, joriy qilsin;
(v) 2027-yil 1-iyunga qadar homiylik mablagʻlarini jalb qilgan holda Maktab moddiy-texnika bazasini mustahkamlasin;
(g) 2027-yildan boshlab Maktab bazasida Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) shafeligi ostida boʻlib oʻtadigan xalqaro tennis musobaqalarini oʻtkazish choralarini koʻrsin.
III. Tennis sport turini moliyalashtirishni tashkil etish
8. Sport vazirligi tizimidagi sport-taʼlim tashkilotlarining tennis kortlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab pulli xizmatlarni koʻrsatish uchun yetarli imkoniyatlarga ega tennis kortlari oʻzini oʻzi moliyalashtirish tartibiga oʻtkaziladi. Bunda:
(i) sport-taʼlim tashkilotiga tennis kortlarida joriy etiladigan pulli xizmatlar uchun toʻlovlar miqdorini mustaqil belgilash huquqi beriladi;
(ii) pulli xizmatlardan tushadigan tushumlar, birinchi navbatda, kommunal toʻlovlar xarajatlariga yoʻnaltiriladi hamda sport-taʼlim tashkilotlariga mablagʻlarning qolgan qismidan mustaqil foydalanish huquqi beriladi;
(iii) sport-taʼlim tashkilotlarining oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazilgan tennis kortlarida tennis boʻyicha mavjud guruhlar bilan shugʻullanayotgan trenerlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(b) daromadlari xarajatlarini qoplamaydigan va rekonstruksiyaga muhtoj tennis kortlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorlarga beriladi. Bunda:
(i) sport-taʼlim tashkilotlarining davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy investorlarga berilgan tennis kortlarida tennis boʻyicha mavjud guruhlarning mashgʻulotlarini begʻaraz asosda oʻtkazib borish taʼminlanadi;
(ii) ushbu talab tegishli davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarda nazarda tutiladi;
(v) tennis kortlarini oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish natijasida tejab qolinadigan budjet mablagʻlari tennis boʻyicha sportchilarni vitaminlar, asbob-uskunalar, ekipirovka va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlashga maqsadli yoʻnaltiriladi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Sport vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi bilan birgalikda:
(a) 2027-yil 1-yanvarga qadar:
(i) Sport vazirligi tizimida hamda davlat mulkida boʻlgan tennis kortlarini xatlovdan oʻtkazsin;
(ii) davlat mulkida boʻlgan tennis kortlarini oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(iii) davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorga beriladigan tennis kortlari roʻyxatini shakllantirsin hamda oʻzining rasmiy veb-saytida tegishli eʼlonlar joylashtirilishini taʼminlasin;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkaziladigan tennis kortlari faoliyatini mazkur qaror asosida tashkil etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
10. Tennis sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-son qaroriga 7-ilovaning 9 va 10-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari gʻoliblari hamda sovrindorlari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
oltin medal uchun — 25 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun — 12 500 AQSH dollari;
bronza medal uchun — 6 250 AQSH dollari.
10. Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni tayyorlagan trenerlar quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
oltin medal uchun — 10 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun — 5 000 AQSH dollari;
bronza medal uchun — 2 500 AQSH dollari”.
12. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov belgilansin.
14. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-sentabr,
PQ-347-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi PQ-347-son qaroriga ILOVA
Tennis sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari
DASTURI
