Mobil telefonlardan foydalanishda sanitariya normalari va qoidalari (0189-05-son)
06.10.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
meʼyorlari
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur normalar va qoidalar quyidagilarni belgilaydi:
bevosita foydalanuvchilarning boshi yaqinida 300-2400 MGs chastota diapazonidagi mobil aloqa vositalari (uyali telefonlar) hosil qiladigan elektromagnit nurlanishlar (EMN) energiya oqimi zichligining yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalari;
elektromagnit nurlanishlar darajasini nazorat qilishga va oʻlchov asboblariga qoʻyiladigan umumiy talablar;
professional guruhlar va aholi tomonidan mobil aloqa vositalarini ishlatishga hamda ulardan foydalanishga qoʻyiladigan talablar.
1.2. Ushbu sanitariya qoidalarining talablari mobil aloqa vositalari hosil qiladigan elektromagnit nurlanishlarning (EMN) inson salomatligiga noxush taʼsirining oldini olishga qaratilgan.
1.3. Sanitariya qoidalari va meʼyorlarining amalga kiritilish muddatlari ular tasdiqlangan paytdan eʼtiboran belgilanadi.
2. OʻLCHOV BIRLIKLARI VA MEʼYORLANADIGAN PARAMETRLAR
2.1. Mobil aloqa vositalari hosil qiladigan elektromagnit nurlanishlarning ularning foydalanuvchilariga taʼsirini baholashda oʻlchov birligi sifatida 300-2400 MGs chastotalar diapazonida energiya oqimi zichligi (EOZ) qiymatlari mkVt/sm2 da olinadi.
2.2. Mobil aloqa vositalari tomonidan foydalanuvchining boshi yaqinida hosil qilinadigan elektromagnit nurlanishning yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalari 100 mkVt/sm2 dan oshmasligi kerak.
2.3. Mobil aloqa vositalarini ishlatishga faqatgina ularning sanitariya meʼyorlariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi.
2.4. Sanitariya-epidemiologiya xulosasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari (DSENM) tomonidan sanitariya-epidemiologiya ekspertizasi natijalariga asosan yoki “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilotlar, muassasalar, xususiy firmalar tomonidan beriladi.
3. ELEKTROMAGNIT NURLANISH DARAJALARINI NAZORAT QILISHGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
3.1. Mobil aloqa vositalari hosil qiladigan EMN darajalarini nazorat qilish uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan uslubiy koʻrsatmalarga muvofiq hisoblash va instrumental usullardan foydalaniladi.
3.2. Hisoblash usullari loyiha hujjatlari bosqichida, uzatuvchi stansiyalar turlari, antennalar turlari, ularning parametrlari va fazoviy joylashuvi, joy relyefi, aks ettiruvchi sirtlarning mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlgan taqdirda, tayanch stansiyalarning EMNini gigiyenik baholash uchun qoʻllaniladi.
3.3. Instrumental tadqiqotlar nurlantiruvchi obyektlarning maksimal rejimlari va quvvati doimiyligini taʼminlash sharoitida mobil aloqa vositalari hosil qiladigan EMN darajalarini nazorat qilishda oʻtkaziladi.
taʼmirlash ishlari va EMN darajasini pasaytirish boʻyicha chora-tadbirlar oʻtkazilgandan soʻng;
EMN darajalari har yili davriy nazorat qilinganda (yiliga kamida bir marta).
3.4. Mobil aloqa vositalari hosil qiladigan energiya oqimi zichligi boʻyicha EMN instrumental nazorati gigiyenik xulosa berish bosqichida amalga oshiriladi.
3.5. EMN energiya oqimi zichligini oʻlchash tadqiqotlarning ishonchli natijalarini olishga imkon beradigan, turli xil xalal beruvchi omillar taʼsirini istisno qiladigan sharoitlarda amalga oshirilishi kerak. Xalal beruvchi omillarga quyidagilar kiradi: metall konstruksiyalar, quvurlar, metall batareyalar va boshqalar.
3.6. Mobil aloqa vositalari tomonidan 300 MGs dan 2 GGs gacha boʻlgan chastota diapazonlarida hosil qilinadigan EMN darajalarini energiya oqimi zichligi boʻyicha oʻlchash nurlantiruvchi antennadan mikrofon va quloqchin tomonda 3-4 sm masofada amalga oshirilishi lozim.
4. OʻLCHASH APPARATLARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
4.1. EMN darajalarining instrumental nazorati OʻzR “Oʻzstandart” agentligi organlarida amaldagi davlat qiyoslovidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan oʻlchash vositalari yordamida amalga oshiriladi.
4.2. 300 MGs — 2 GGs chastota diapazonlaridagi EMNni oʻlchash uchun energiya oqimi zichligining oʻrtacha qiymatlarini baholashga moʻljallangan, oʻlchash xatoligi ±40% dan oshmaydigan asboblar (PZ-19, PZ-20, PZ-23) yoki belgilangan tartibda davlat sinovlari va davlat qiyoslovidan oʻtgan boshqa asboblar qoʻllaniladi. Bu holat tegishli hujjatlar (metrologik attestatsiya bayonnomasi va davlat qiyoslovidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma) bilan tasdiqlanishi kerak.
4.3. EMNni oʻlchash shartlari va ketma-ketligi oʻlchash asboblaridan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
5. MOBIL ALOQA VOSITALARI ELEKTROMAGNIT NURLANISHINING FOYDALANUVCHILAR ORGANIZMIGA NOXUSH TAʼSIRINING OLDINI OLISH CHORA-TADBIRLARI
5.1. Mobil aloqa vositalarining EMN taʼsiriga kasbi yuzasidan duch keladigan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2000-yil 6-iyundagi 300-sonli buyrugʻiga muvofiq ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtishlari shart.
5.2. Mobil aloqa vositalarining texnik hujjatlarida ular hosil qiladigan EMN darajalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
5.3. Foydalanuvchilarni mobil aloqa vositalarining EMN taʼsiridan himoya qilish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
radiotelefonlardan foydalanish vaqtini iloji boricha qisqartirish (3-4 daqiqagacha), 18 yoshga toʻlmagan shaxslar va homilador ayollarning undan foydalanishini cheklash;
avtomobil ichida radiotelefonlardan foydalanmaslik, chunki ekranlash sharoitida odamga taʼsir qiluvchi elektromagnit nurlanish oqimining zichligi bir necha barobar kuchayadi.
5.4. Shaxsiy himoya vositalari sifatida quyidagilar taklif etiladi:
“Bioelektronik” (Germaniya) firmasining “Protector” ekranlovchi gʻiloflari; ularning samaradorligi EMNni ekranlash hisobiga bosh sohasida “elektromagnit soya” hosil qilishga asoslangan;
MG-1 “Neytronnik” qurilmasi – radiotelefonlarni EMNdan himoya qiluvchi mikroelektron qurilma boʻlib, mahsulot yoʻriqnomasiga muvofiq radiotelefonning orqa paneliga yopishtiriladi hamda qalinligi 0,6 mm va oʻlchami 40x40 mm dan oshmaydigan shaffof asosdagi yassi generator koʻrinishida ishlangan.
Qurilma liniyasining materiallari qatʼiy belgilangan yoʻnalishga ega boʻlib, mis, kumush, palladiy, titan va alyuminiy folgalaridan yasalgan. Qurilma Rossiya Federatsiyasida patentlangan (1998-yil 23-dekabrdagi 2139579-sonli patent) hamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Latviya ilmiy tadqiqot muassasalari va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qoʻllash uchun maʼqullangan (OʻzR DSENM Departamentining 20.06.2001-yildagi 012/475-sonli xati).
