Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibini belgilash toʻgʻrisida (503-son)
18.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Diniy-maʼrifiy sohada ilgʻor bilim va koʻnikmalarga ega yuqori malakali va istiqbolli kadrlarni tayyorlash, ularni diniy-maʼrifiy faoliyatga samarali jalb etish, shuningdek, ilmiy va innovatsion faoliyatni tizimli tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) diniy-maʼrifiy sohada boshqaruv kadrlarini tayyorlash maqsadida “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligi boʻyicha qabulni diniy-maʼrifiy sohada kamida ikki yillik ish tajribasiga ega boʻlgan talabgorlar orasidan suhbat asosida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqish kunduzgi taʼlim shaklida amalga oshirilsin hamda oʻqish davomiyligi bir yil etib belgilansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
magistraturaga qabulni belgilangan tartibda tasdiqlangan qabul parametrlari asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan taqdim etilgan nomzodlar oʻrtasida suhbat asosida amalga oshirish;
bunda, magistraturaga nomzodlar — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining tavsiyasiga asosan diniy-maʼrifiy sohada kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan xodimlar hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga 2026/2027 oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlari doirasida vakant qolgan oʻrinlar hisobidan 10 ta davlat granti oʻrni ajratilsin.
5. Din ishlari boʻyicha qoʻmita:
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga 2026/2027 oʻquv yili uchun qabul istisno tariqasida 2026-yil 1-oktabrga qadar, 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligi boʻyicha davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlarini ajratish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi S.D. Toshboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 18-sentabr,
503-son
Vazirlar Mahkamasining2026-yil 18-sentabrdagi 503-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya)ning “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga (keyingi oʻrinlarda — magistratura) qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Diniy-maʼrifiy sohada yuqori malakali boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni tayyorlash diniy-maʼrifiy sohada kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan talabgorlar orasida amalga oshiriladi.
3. Magistraturaga qabul belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻqishga qabul qilish parametrlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan taqdim etilgan nomzodlar oʻrtasida suhbat natijalariga muvofiq tanlov oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
4. Magistraturaga qabul qonuniylik, xolislik, shaffoflik, kollegiallik va teng huquqlilik tamoyillari asosida tashkil etiladi.
5. Magistraturaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining tavsiyasiga asosan oliy maʼlumotli va diniy-maʼrifiy sohada kamida ikki yillik ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlari orasidan suhbat natijalariga koʻra eng yuqori ball olgan nomzodlar qabul qilinadi.
6. Magistraturaga qabul ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Magistraturaga qabul qilingan shaxslarning mehnat faoliyati bilan bogʻliq masalalar Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
2-bob. Nomzodlarni saralab olish tartibi
8. Magistraturaga qabulni tashkil etish va oʻtkazish uchun har yili 1-fevralga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosarlari raisligida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan kelishilgan holda nomzodlarni dastlabki saralab olish boʻyicha idoraviy komissiya (keyingi oʻrinlarda — Idoraviy komissiya) tuziladi.
9. Nomzodlarni tanlashda quyidagi mezonlarga eʼtibor qaratiladi:
hududning boshqaruv kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi talab va ehtiyojlariga mos boʻlishi;
respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va siyosiy-huquqiy jarayonlardan xabardorligi, qonunchilik hujjatlari boʻyicha zarur bilimlarga ega boʻlishi;
oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishi, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy saviyasi darajasini oshirib borishi, oʻz ustida muntazam ishlaydigan, muomala madaniyati va aholi bilan muloqot qilish koʻnikmasining shakllangani;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olishi hamda xorijiy tillardan birini (ingliz tili, arab tili va shu kabilar) bilishi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan mezonlarni baholash uchun Idoraviy komissiya tomonidan soha boʻyicha mutaxassislar, mustaqil ekspertlar jalb qilinishi hamda suhbat, test va boshqa turdagi baholash usullari qoʻllanilishi mumkin. Bunda har bir qoʻllaniladigan usul va natijalar Idoraviy komissiyaning qarori bilan qabul qilinadi.
10. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzod Idoraviy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (yoki diplomdan koʻchirma nusxa — oliy taʼlim tashkilotlarini davlat granti boʻyicha oʻqib tugatganlar uchun) hamda unga ilova nusxasi;
nomzodning oxirgi ikki yil mobaynidagi faoliyati davomida amalga oshirgan ijobiy ishlari haqidagi maʼlumot (1-2 varaqda, tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda);
maʼlumotnoma-obyektivka (maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda);
nomzodning qoʻshimcha erishgan yutuqlari, xususan ilmiy darajasi, ilmiy unvoni (agar mavjud boʻlsa);
xorijiy tilni bilish boʻyicha belgilangan darajadagi sertifikat nusxasi.
11. Idoraviy komissiya nomzodlarning hujjatlarini belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganib chiqadi va nomzodlarni saralab olish yakuni boʻyicha qaror qabul qiladi.
Tavsiya etilgan nomzodlar haqidagi maʼlumotlarning haqqoniyligini taʼminlash Idoraviy komissiya zimmasiga yuklatiladi.
3-bob. Magistraturaga qabul qilish uchun nomzodlarni tavsiya etish
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi har yili 1-mayga qadar nomzodlar roʻyxati, ularning har biriga alohida tavsiyanoma hamda hujjatlari toʻplamini Qoʻmitaga taqdim etadi.
13. Tavsiya etilgan nomzodlar mazkur Nizomda belgilangan talablarga mosligiga qarab Qoʻmita tomonidan saralab olinadi.
14. Nomzodlarni saralab olishni tashkil etish Qoʻmita tomonidan tasdiqlanadigan Ishchi komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Qoʻmita har yili 1-iyunga qadar saralash natijalari asosida nomzodlarni hamda ularning hujjatlarini Akademiyaga taqdim etadi.
4-bob. Magistraturaga hujjatlarni qabul qilish va nomzodlarni suhbatdan oʻtkazish tartibi
15. Magistraturaga qabulni tashkillashtirish va hujjatlarni qabul qilish uchun har yili 20-mayga qadar Akademiya rektorining buyrugʻi bilan uning raisligida qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Qabul komissiyasi) tuziladi. Qabul komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi Akademiya kengashi tomonidan belgilanadi.
Qabul komissiyasi magistraturaga qabul boshlangani toʻgʻrisida Akademiyaning rasmiy veb-sayti, shuningdek, elektron platformalardagi rasmiy kanallariga eʼlon beradi.
16. Nomzodlar bilan suhbat oʻtkazish uchun har yili 1-iyunga qadar Akademiya rektorining buyrugʻiga asosan Qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Akademiya vakillari va mustaqil ekspertlardan (kamida 5 kishidan) iborat tarkibda Maxsus komissiya tuziladi.
Maxsus komissiya tomonidan har yili iyun-iyul oylarida nomzodlar bilan suhbat oʻtkaziladi.
17. Suhbat davomida nomzodlarning diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi bilimlari va huquqiy savodxonligi, shuningdek, boshqaruv va liderlik xususiyatlari, jamoa bilan ishlash, strategik va tahliliy fikrlash qobiliyatlari, moslashuvchanligi, tashabbuskorligi va innovatsion yondashuvi va notiqlik mahorati boʻyicha koʻnikmalari baholanadi.
18. Suhbat oʻtkazish dasturi va baholash mezoni Akademiya kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda suhbat natijalari 100 ballik tizimda baholanadi.
19. Qabul komissiyasi tomonidan suhbat dasturi qabul jarayonlari boshlanishidan kamida bir oy oldin, Maxsus komissiya suhbatini oʻtkazish sanasi toʻgʻrisidagi xabarnoma esa u boshlanishidan kamida yetti kun oldin Akademiyaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
20. Suhbat jarayoni videotasvirga yozib olinadi va kamida bir yil davomida Akademiyada saqlanadi.
21. Suhbat Maxsus komissiya tomonidan yakka tartibda, har bir nomzod bilan alohida oʻtkaziladi. Bunda nomzodning bilim va kompetensiyalari quyidagicha baholanadi:
diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi bilimlari va huquqiy savodxonligi — 20 ball;
boshqaruv va liderlik xususiyatlari hamda jamoa bilan ishlash koʻnikmalari — 20 ball;
strategik va tahliliy fikrlash qobiliyati — 20 ball;
moslashuvchanligi, tashabbuskorligi va innovatsion yondashuvi — 20 ball;
notiqlik mahorati va muloqot koʻnikmalari — 20 ball.
22. Suhbat boʻyicha nomzodlarning yakuniy natijalari Maxsus komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan qoʻyilgan ballarni qoʻshgan holdagi oʻrtachasidan kelib chiqib aniqlanadi.
Suhbat yakuniga koʻra Maxsus komissiya nomzodlarning ballarini koʻrsatgan holda, tegishli bayonnomani tuzadi va belgilangan tartibda Qabul komissiyasiga taqdim etadi.
23. Nomzodlarning suhbatdan takroran oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Nomzodlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi
24. Akademiya rektorining buyrugʻi bilan Maxsus komissiya ishida ishtirok etmagan shaxslardan iborat tarkibda apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
25. Suhbat natijalari boʻyicha nomzodlarning shikoyatlari, ular eʼlon qilingan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida Qabul komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
26. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni shikoyat berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra shikoyatni qanoatlantirish yoki shikoyatni qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarorlardan birini qabul qiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qaror qabul qilingan kuni nomzod yozma ravishda xabardor qilinadi.
27. Nomzod murojaatni koʻrib chiqishda shaxsan ishtirok etishi mumkin.
6-bob. Nomzodlarni qabul qilish tartibi
28. Qabul komissiyasi tomonidan suhbat natijalariga koʻra toʻplagan bali hamda bakalavriat diplomi oʻrtacha bali qoʻshilgan holda, reyting ketma-ketligida qabul natijasi qaydnomasi shakllantiradi.
29. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul natijasi qaydnomasi Qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga kiritiladi.
30. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining qarori asosida bir hafta muddatda abituriyentlarni talabalar safiga qabul qilish haqidagi Akademiya rektorining buyrugʻi rasmiylashtiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
31. Mazkur Nizomning talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-maʼrifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga davlat buyurtmasi boʻyicha davlat granti asosida qabul qilish
SXEMASI
