Qimmatli qogʻozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3941-son)
17.09.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ISTIQBOLLI LOYIHALAR MILLIY AGENTLIGI DIREKTORINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 17-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3941]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Qimmatli qogʻozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Direktor D. Li
Toshkent sh.,
2026-yil 25-avgust,
26-son
Kelishildi:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 21-avgust
Savdo sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 21-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 25-avgustdagi 26-son buyrugʻiga ILOVA
Qimmatli qogʻozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom qimmatli qogʻozlar emitentlarining qimmatli qogʻozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi ularning shaffofligi va qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini baholashni nazarda tutuvchi reytingini yuritish hamda ushbu reyting asosida tegishli taʼsir choralarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
qimmatli qogʻozlar emitenti (bundan buyon matnda emitent deb yuritiladi) — emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida majburiyatlari boʻlgan yuridik shaxs;
axborot tizimi — Korporativ axborot yagona portalining emitentlar reytingini aks ettiruvchi moduli;
emitentlar reytingi — emitentlarning qimmatli qogʻozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi ularning shaffofligi va qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini baholash natijalari boʻyicha shakllantirilgan reyting bahosi;
shaxsiy kabinet — Korporativ axborot yagona portalining vakolatli davlat organi va emitent oʻrtasida xabar yuborish, maʼlumotlarni koʻrish va yuklab olish uchun moʻljallangan sahifasi.
2. Emitentlar reytingi vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi hamda axborot tizimida ochiq tarzda aks ettiriladi.
3. Emitentlar reytingi vakolatli davlat organi tomonidan axborot tizimida hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning dastlabki 10 kunligida eʼlon qilinadi hamda emitentlarga bu haqida shaxsiy kabinet orqali xabar yuboriladi.
2-bob. Emitentlar reytingini yuritish va uning mezonlari
4. Emitentlar reytingini yuritish hisobotlar va muhim faktlarni eʼlon qilish orqali Korporativ axborotning yagona portalida maʼlumotlarning oʻz vaqtida, ishonchli va toʻliq oshkor etilishi, shuningdek, qimmatli qogʻozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini baholash orqali amalga oshiriladi.
5. Emitentlar reytingi axborot tizimi orqali mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq quyidagi 7 ta mezon boʻyicha emitentlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun berilgan ballar yigʻindisiga koʻra aniqlanadi:
1-mezon — choraklik va yillik hisobotlarni Korporativ axborotning yagona portalida belgilangan muddatlarda eʼlon qilmaslik;
2-mezon — muhim faktlarni Korporativ axborotning yagona portalida eʼlon qilmaslik;
3-mezon — qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarni toʻlash majburiyatlarini bajarmaslik;
4-mezon — notoʻgʻri yoki chalgʻituvchi maʼlumot taqdim etish;
5-mezon — korporativ qonunchilik talablarini buzish (masalan, yuqori boshqaruv organlarining yigʻilishini chaqirish va oʻtkazishning belgilangan tartibini buzish);
6-mezon — vakolatli davlat organi tomonidan koʻrib chiqilib, emitent tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik talablari buzilgan deb topilgan murojaatlarning mavjudligi;
7-mezon — vakolatli davlat organining koʻrsatma yoki qarorlarini bajarmaslik.
6. Yil yakunlari boʻyicha hisobotlarni topshirish natijalari keyingi yilning 2-choragi uchun emitentlar reytingini hisoblashda inobatga olinadi hamda har bir hisobot uchun alohida ball belgilanadi.
Bunda, har ikki hisobotni (choraklik va yillik) eʼlon qilmaganlik uchun alohida ball hisoblanganda umumiy reyting ballari yigʻindisi 100 balldan oshmasligi lozim.
7. Emintlar reytingi maʼlumotlari hisobot choragining oxirgi sanasidagi holat boʻyicha hisobot choragining yakuniy natijalariga asosan shakllantiriladi.
Bunda, 1 va 2-mezonlar maʼlumotlari hisobot va muhim faktlarni eʼlon qilish muddatlarining oxirgi sanasidagi holat boʻyicha shakllantiriladi.
3-bob. Emitentlar reytingi shkalasi
8. Har chorak natijalari boʻyicha amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga koʻra, emitentga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq quyidagi toifalardan biri beriladi:
“A” toifa;
“B” toifa;
“C” toifa;
“D” toifa.
9. Emitentlar reytingi natijalarini tasdiqlash hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning dastlabki 10 kunligida:
“A” va “B” toifalar uchun axborot tizimi orqali avtomatik ravishda;
“C” va “D” toifalar uchun vakolatli davlat organi tomonidan tegishli maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirish orqali amalga oshiriladi.
10. Emitentlar reytingini yuritishda barcha xatti-harakatlar tarixi, jumladan, maʼlumotlar xronologiyasi, vakolatli davlat organi masʼul xodimining identifikatsiya raqami (ID), emitentga xabarnoma yuborilgan sana axborot tizimida qayd etiladi va saqlanadi.
4-bob. Taʼsir choralari
11. Taʼsir choralarini qoʻllash emitentlar reytingi natijalariga koʻra Korporativ axborotning yagona portalida avtomatik ravishda yoki vakolatli davlat organining qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
12. Taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror reyting natijalari eʼlon qilingan sanadan boshlab bir oy ichida qabul qilinadi.
Bunda, mazkur qarorda taʼsir choralarining amal qilish muddati uch oy etib belgilanadi.
13. Taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror vakolatli davlat organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
14. Emitent taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida shaxsiy kabinet orqali xabardor qilinadi.
15. Emitentlar reytingini baholash shkalasidagi toifalarga mutanosib ravishda aniqlangan kamchiliklarning xususiyati, muntazamligi va investorlar uchun potensial zarar darajasini hisobga olgan holda vakolatli davlat organi tomonidan emitentlarga nisbatan quyidagi taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin:
1) “B” toifadagi emitentlar uchun shaxsiy kabinet orqali ogohlantirish xati yuborish asosida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
2) “C” toifadagi emitentlar uchun:
Korporativ axborotning yagona portalida korporativ harakatlarni (hisobot va muhim faktlarni topshirish, eʼlon qilish) amalga oshirishni kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar cheklash (1 va (yoki) 2-mezonlar boʻyicha huquqbuzarliklar sodir etgan emitentlar uchun), bunda faqatgina kamchilik sifatida eʼtirof etilayotgan va eʼlon qilinmagan axborotni oshkor qilish imkoniyati saqlanib qolinadi;
qimmatli qogʻozlar chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish;
3) “D” toifadagi emitentlar uchun mazkur bandning 2-kichik bandidagi taʼsir choralariga qoʻshimcha ravishda:
korporativ obligatsiyalarni oʻttiz kun ichida muddatidan oldin soʻndirishni va ular boʻyicha foizlar (kuponlar) toʻlashni talab qilish;
emitentning qimmatli qogʻozlari muomalasini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turish, bunda repo bitimlarining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
5-bob. Emitent huquqlarining kafolatlari
16. Emitent reyting natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida shaxsiy kabinet orqali vakolatli davlat organiga shikoyat qilishga haqli.
Bunda, bildirilgan eʼtirozlar vakolatli davlat organi tomonidan 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Eʻtirozlar asosli deb topilgan taqdirda reyting ballari qayta koʻrib chiqiladi, aks holda reyting ballari oʻzgarishsiz qoldiriladi.
17. Emitent vakolatli davlat organi tomonidan eʼlon qilingan reyting natijalari va taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
6-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Qimmatli qogʻozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qimmatli qogʻozlar emitentlari reytingini aniqlash
MEZONLARI
* Izoh: koʻrsatmalar qolgan 6 ta mezonlardan birida yoki bir nechtasida nazarda tutilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan berilgan boʻlsa, reyting ballari faqat 7-mezon uchun belgilangan miqdorda hisoblanadi.
Qimmatli qogʻozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Qimmatli qogʻozlar emitentlari reytingini baholash
ShKALASI
