Xiva shahrida Oʻzbekiston-Belarus parlamentlararo forumini oʻtkazish toʻgʻrisida (KQ-394-V-son)
10.09.2026
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, parlament diplomatiyasining imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, ijtimoiy-gumanitar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumi (bundan buyon matnda Forum deb yuritiladi) 2026-yilning 29-30-sentabr kunlari Xiva shahridagi “Kongress markaz”da oʻtkazilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (bundan buyon matnda Tashkiliy qoʻmita deb yuritiladi) tarkibi 1-ilovaga;
Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga;
Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumini keng yoritish boʻyicha media-reja 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ushbu Qarorning 2- va 3-ilovalarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirib borish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasiga hamda Senat devonining Axborot xizmatiga yuklatilsin.
4. Tashkiliy qoʻmita:
Ushbu Qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Forumni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston va Belarus parlamentlari oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlarni yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni faollashtirish, parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashga qaratilgan Forum dasturini shakllantirish va uni yuqori saviyada oʻtkazish;
Oʻzbekiston va Belarus respublikalari parlamentlari rahbariyati, parlamentlararo komissiya, yoshlar parlamentlari, davlat organlari vakillari, tadbirkorlik subyektlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida ikki tomonlama uchrashuvlar, muayyan mavzuga doir sessiyalar, biznes muloqotlar va boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish;
ikki mamlakat oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kuchaytirish, ularni qonunchilik va parlament nazorati vositalari orqali qoʻllab-quvvatlash;
anjuman doirasida oʻtkaziladigan Biznes-forum, B2B, G2G va G2B uchrashuvlari, taqdimotlar, investitsiya loyihalari va kooperatsiya takliflarini muhokama qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish, ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va yangi hamkorlik loyihalarini shakllantirishga koʻmaklashish;
Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi N. Kochanova boshchiligidagi Belarus delegatsiyasining kelib-ketishi, transport bilan taʼminlanishi, joylashtirilishi, ovqatlanishi va ularga tibbiy xizmat koʻrsatilishi masalalarini muvofiqlashtirish;
tadbir oʻtkaziladigan joylarni texnik va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlash, xavfsizlik choralarini taʼminlash, obodonlashtirish va yoʻl-taʼmirlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, Xiva shahrida zarur mehmonxonalarning tayyor boʻlishi va band qilinishini taʼminlash;
Belarus Respublikasi delegatsiyasi aʼzolari va tadbir ishtirokchilarini protokol talablari asosida kutib olish va kuzatib qoʻyish, ularga zarur tashkiliy va axborot xizmatlarini koʻrsatish;
Forumni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo munosabatlarining rivojlanishi, strategik sheriklik mustahkamlanishida parlament diplomatiyasining oʻrni hamda anjumanning amaliy natijalarini milliy va xorijiy auditoriyaga yetkazish ishlarini muvofiqlashtirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi quyidagi vazifalarni amalga oshirish choralarini koʻrsin:
Oʻzbekiston fermerlari kengashi bilan birgalikda Palata va Kengashga aʼzo tadbirkorlar, fermer va dehqon xoʻjaliklarining Belarus Respublikasi tadbirkorlari va fermer xoʻjaliklari bilan Biznes-forumga qadar savdo kelishuvlari amalga oshirilishini tashkil etish;
Biznes-forumni tashkil etish va oʻtkazishda davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va hamkor tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni taʼminlash;
Belarus Respublikasidan tadbirkor ayollarni va boshqa tadbirkorlik subyektlarini, tashkilot va kompaniyalarni forumda ishtirok etishga jalb qilish, tadbir doirasida oʻtkaziladigan koʻrgazmalarni tashkil qilish, mahsulot va xizmatlarni namoyish qilish;
anjuman doirasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida G2G, G2B va B2B formatlaridagi ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda anjuman davomida imzolanadigan savdo kelishuvlari, hamkorlik shartnomalari va anglashuv memorandumlarini tayyorlash va rasmiylashtirish ishlarini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda anjuman boʻlib oʻtadigan joyni zarur texnik vositalar va audiovizual uskunalar bilan taʼminlash.
Amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har besh kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Biznes-forumda tadbirkor ayollarning muvaffaqiyatli loyihalari va yutuqlari taqdimotini tashkil etish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Biznes-forumga qadar ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida yangi investitsiyaviy loyihalarni taklif etish va muhokama qilish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi Biznes-forum doirasida koʻrgazma tashkil etish uchun Belarus Respublikasidan keltiriladigan tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlari, texnikalari va boshqa asbob-uskunalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish, ularning belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi va tadbir yakunlanganidan soʻng olib chiqib ketilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi:
bir hafta muddatda Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi N. Kochanova boshchiligidagi Belarus delegatsiyasi aʼzolari uchun mamlakatimizning boy turistik salohiyatini, xususan, uning tarixi va madaniy merosini aks ettiruvchi tarqatma materiallarni tayyorlash va tarqatish, shuningdek, anjuman doirasida turizm yoʻnalishida alohida koʻrgazma tashkil etish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda anjuman ishtirokchilarining tarixiy-madaniy meros obyektlariga bepul kirishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Biznes-forumning ochilish marosimida, tanaffus va tushlik, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati nomidan anjuman ishtirokchilari uchun tashkil etiladigan rasmiy kechki qabul davomida konsert dasturi taqdimotini tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Urganch va Xiva shaharlarida, tadbir oʻtkaziladigan joylarda delegatsiya aʼzolari xavfsizligini, shuningdek, Forum ishtirokchilari uchun ajratilgan transport vositalarining harakatlanishi xavfsizligini taʼminlasin.
12. “Uzbekistan airways”, “Uzbekistan airports” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatlari tegishincha Islom Karimov nomidagi Toshkent va Urganch xalqaro aeroportlarini, Toshkent va Urganch temir yoʻl vokzallarini, ulardagi VIP va SIP zallarini anjuman ishtirokchilarini kutib olish, kuzatish va ularga xizmat koʻrsatish uchun tayyorlash choralarini koʻrsin hamda ushbu zallardan yigʻim va bojlar, shuningdek, zal xizmati uchun toʻlovlar undirilmay foydalanilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Axborot xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan birgalikda joriy yil 25-sentabrga qadar Forum doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlarni keng yoritish boʻyicha davlat organlarining axborot xizmatlari rahbarlari, faol jurnalist va blogerlardan iborat Matbuot-shtabini tashkil etsin.
14. Matbuot-shtabining asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilansin:
Forumga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish va yakunlari boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarni ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻida tizimli, tezkor va keng yoritib borish choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi parlamentlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, parlamentlararo muloqot va hamkorlikning bugungi holati, istiqbollari hamda Forumning mazkur aloqalarni yanada rivojlantirishdagi ahamiyatini milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va Internet jahon axborot tarmogʻida oʻzbek, rus va boshqa xorijiy tillarda keng yoritib borish;
Forumni ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, oʻzaro tajriba va ilgʻor parlament amaliyotini almashish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni sifatida keng targʻib qilish;
Forumning ochilish va yalpi majlislarini ommaviy axborot vositalari orqali jonli namoyish etish, tadbirning ish jarayoni, muzokaralar, mazvuga doir sessiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tezkor hamda mazmunli yoritishni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi parlamentlari rahbariyati va aʼzolari, parlamentlararo komissiyalar, doʻstlik hamda hamkorlik guruhlari aʼzolari, Belarus Respublikasi delegatsiyasi, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar vakillari, tadbirkorlar, ekspertlar va olimlar ishtirokida intervyular, maxsus reportajlar, brifinglar va boshqa media tadbirlarni tashkil etish;
Forum doirasida bildirilgan tashabbuslar, takliflar va kelishuvlarni, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni parlament mexanizmlari orqali qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;
ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikning amaliy natijalarini, jumladan, parlamentlararo muloqotning yangi formatlari, qoʻshma tashabbuslar va kelishuvlarni jamoatchilikka yetkazish hamda Forum yakuni boʻyicha erishilgan natijalarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahamiyatini ochib berish;
Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda parlament diplomatiyasining oʻrni, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi ishonch va oʻzaro anglashuvni yanada kuchaytirish, hududlararo va tarmoqlararo parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan axborot materiallarini tayyorlash;
mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlik va investitsiyaviy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mazkur yoʻnalishlarda parlament tomonidan amalga oshirilayotgan qonunchilik va parlament nazorati ishlari toʻgʻrisida xolis, toʻliq va tezkor axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazish;
Forum yakuni boʻyicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan materiallar, bildirilgan munosabatlar va jamoatchilik fikrini monitoring qilish, ularni tahlil qilish hamda natijalari toʻgʻrisida Tashkiliy qoʻmitaga axborot kiritib borish.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi joriy yil 20-sentabrga qadar Forum yakuni boʻyicha qabul qilinadigan Xiva deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqib, Belarus tomoni bilan kelishsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilning 25-sentabriga qadar Oliy Majlis Senati takliflariga muvofiq Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi N. Kochanova boshchiligidagi Belarus delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi dasturi hamda tashrif doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar xarajatlari smetasi aks etgan hukumat farmoyishi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
18. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 10-sentabr,
KQ-394-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 10-sentabrdagi KQ-394-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 10-sentabrdagi KQ-394-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 10-sentabrdagi KQ-394-V-sonli qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston — Belarus parlamentlararo forumini keng yoritish boʻyicha
MEDIA-REJA
