6-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi ustidan davlat nazorati
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (826-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi, u:
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalari va mezonlarini ishlab chiqadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda gidrotexnika inshootlari texnik holatining puxtaligini va ular ishining xavfsizligini ekspertizadan oʻtkazadi;
gidrotexnika inshootlarini joylashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish topshiriqlarini, ularni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olishda, gidrotexnika inshootlarining qurilishi sifatini nazorat qilishda, ularni foydalanishga qabul qilishda, shuningdek gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalarini kelishib olishda qatnashadi;
gidrotexnika inshootlarining holatini hamda ular holatining gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi deklaratsiyalariga muvofiqligini tekshirishni tashkil etadi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi, shuningdek gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi normalari va qoidalari qoʻpol ravishda buzilgan hollarda xavflilik darajasi yuqori boʻlgan obyektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish haqida takliflar kiritadi
gidrotexnika inshootlari hududlaridan, daryolar oʻzanlari va toʻgʻonning ularga tutash boʻlgan quyi hamda yuqori hududlaridan xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishga (suvni muhofaza qilish zonalarida yer uchastkalari berish bundan mustasno) rozilik beradi;
daryolarning oʻzanlarida va toʻgʻonning ularga tutash quyi va yuqori hududlarida suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yoxud xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyat yurituvchi tashkilotlarning faoliyatini, agar bunday faoliyat gidrotexnika inshootlarining xavfsizligiga yomon taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, taqiqlaydi yoki cheklab qoʻyadi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini taqiqlash va cheklash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash hollari mustasno;
