3-modda. Asosiy tushunchalar
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (826-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gidrotexnika inshootlari — toʻgʻonlar (plotinalar), gidroelektr stansiyalar binolari, suv tashlash, suv boʻshatish, suv oʻtkazish va suv chiqarish inshootlari, tunnellar, kanallar, nasos stansiyalari, suv omborlari qirgʻoqlarini, daryolar va kanallar oʻzanlarining qirgʻoqlari va tubini toshqin hamda yemirilishlardan muhofaza qilish uchun moʻljallangan inshootlar, sanoat va qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining suyuq chiqindilar saqlanadigan joylarini oʻrab turuvchi inshootlar (koʻtarmalar);
foydalanuvchi tashkilot — tasarrufida (balansida) gidrotexnika inshooti boʻlgan korxona, muassasa va tashkilot;
favqulodda vaziyat — muayyan hududdagi avariyaga olib kelishi mumkin boʻlgan, shuningdek gidrotexnika inshootining avariyasi natijasida vujudga kelgan boʻlib, odamlar qurbon boʻlishiga, odamlar sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetkazilishiga, jiddiy moddiy talafotlarga va odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan vaziyat;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi — gidrotexnika inshootlarining odamlar hayoti, sogʻligʻi va qonuniy manfaatlarini, atrof tabiiy muhit va xoʻjalik obyektlarini muhofaza qilishni taʼminlash imkonini beruvchi holati;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasi — gidrotexnika inshootining xavfsizligi asoslab beriladigan hujjat;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi mezonlari — gidrotexnika inshooti holatining va undan foydalanish shartlarining gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining yoʻl qoʻyiladigan darajasiga muvofiq miqdor va sifat koʻrsatkichlarining cheklangan qiymatlari;
gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining yoʻl qoʻyiladigan darajasi — gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining normativ hujjatlar bilan belgilangan qiymati.
