Bolalar uylarining tuzilishi va saqlanishiga doir sanitariya qoidalari (0199-06-son)
29.07.2002
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SANITARIYA QOIDALARI VA MEʼYORLARI, GIGIYENA NORMATIVLARI
1. UMUMIY QOIDALAR
Mazkur sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi 657-XII-sonli Qonuni asosida ishlab chiqilgan.
Sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlarini buzish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.
Idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va alohida shaxslar tomonidan mazkur sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari zimmasiga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va “Oʻrta Osiyo temir yoʻllari” AJ obyektlarida idoraviy sanitariya nazorati tegishli vazirliklar va idoralarning Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
1.1. Mazkur sanitariya qoidalari shahar va qishloq joylaridagi Bolalar uylarini rejalashtirish, qurish, jihozlash, ularda ovqatlanishni tashkil etish va saqlashga nisbatan tatbiq etiladi.
Bolalar uylarida 0 yoshdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalar tarbiyalanadi.
1.2. Bolalar uylarini loyihalash loyihalash topshiriqlari asosida amalga oshiriladi.
1.3. Bolalar uylarining sigʻimi asosan 100 va 150 oʻrinli boʻlishi lozim.
1.4. Bolalar uylarida tarbiya guruhlarining sigʻimi quyidagicha belgilanadi:
tugʻilgandan 1,5 yoshgacha — 10 nafar bola;
1,5 yoshdan 2 yoshgacha — 13 nafar bola;
2 yoshdan 4 yoshgacha — 15 nafar bola.
Markaziy asab tizimi shikastlangan bolalar uchun moʻljallangan guruhlarda, yoshidan qatʼi nazar, bolalar soni 10 nafardan oshmasligi kerak.
1.5. Bolalar uylarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bolalar muassasalariga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologik xulosaga ega boʻlgan qurilish va pardozlash materiallaridan foydalanish zarur.
Qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan Bolalar uylarini foydalanishga topshirishga, shuningdek, faoliyat yuritayotgan Bolalar uylarining ishlashiga, agar ularning sanitariya qoidalari va normalariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologik xulosa mavjud boʻlsa, ruxsat etiladi.
1.6. Yer uchastkasidagi va binodagi oʻyin, sport anjomlari, mebel, oʻyinlar, oʻyinchoqlar, nashriyot mahsulotlari, bolalar gigiyenasi va parvarishi uchun buyumlar, yuvish hamda dezinfeksiyalash vositalari sanitariya normalariga muvofiqligi haqida sanitariya-epidemiologik xulosaga, shuningdek, respublika hududida amalda boʻlgan GOSTlarga muvofiqlik sertifikatlariga ega boʻlishi shart.
2. YER UCHASTKASIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
2.1. Qurilish uchun yer uchastkalarini tanlashga, bino loyihalariga sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi.
2.2. Bolalar uylari shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi punktlarini rejalashtirish hamda qurishga qoʻyiladigan talablarga muvofiq yashil hududlarda, shahar atrofida, qishloq joylarda; sanoat, kommunal korxonalar va qishloq xoʻjaligi obyektlaridan uzoqroq tumanlarda joylashtirilishi lozim.
2.3. Har bir Bolalar uyi magistral yoʻllardan kamida 30 m masofada joylashgan alohida uchastkaga ega boʻlishi kerak.
2.4. Har bir uchastkaning oʻlchami barcha zarur bino va inshootlarni toʻgʻri joylashtirishga imkon berishi, shuningdek, bolalarning meʼyorda rivojlanishi va hayot faoliyati uchun maksimal darajada qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratishi lozim. Umumiy maydon bir nafar tarbiyalanuvchiga 100 — 300 m2 hisobidan kelib chiqib belgilanadi. Qishloq joylarda uchastka maksimal meʼyor boʻyicha ajratiladi.
Yer uchastkasi balandligi 1,6 metrdan kam boʻlmagan toʻsiq bilan oʻraladi. Yer uchastkasining perimetri boʻylab eni 5 metr boʻlgan daraxt va butalar qatori joylashishi kerak.
Yer uchastkasi quruq, toza, yaxshi shamollatiladigan va oftob tushadigan, kamida ikkita — asosiy va xoʻjalik kirish-chiqish yoʻlagiga, qulay oʻtish yoʻllariga ega boʻlishi, shuningdek, oqova suvlarni chiqarib yuborish va tozalash inshootlarini qurish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
2.5. Yer uchastkasida asosiy zonalar aniq ajratilgan boʻlishi kerak:
dam olish zonasi;
sport zonasi;
xoʻjalik zonasi.
2.6. Dam olish hududi harakatli va sokin oʻyinlarni, shuningdek, tarbiyalanuvchilarning ochiq havodagi yakka tartibdagi mashgʻulotlarini tashkil etish uchun moʻljallangan.
2-jadvalda turli yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan guruh maydonchalarining oʻlchamlari keltirilgan.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun guruh maydonchalari hudud perimetri boʻylab eni 1,5 m boʻlgan halqasimon yoʻlak bilan oʻzaro tutashtiriladi.
Barcha maydonchalarni bir-biridan koʻkalamzorlashtirilgan toʻsiqlar (butalar) yordamida ajratish lozim.
Hududning koʻkalamzorlashtirilgan maydoni kamida 50 % ni tashkil etishi lozim. Koʻkalamzorlashtirilgan toʻsiqlar quyosh nurlarining binoga tushishiga toʻsqinlik qilmasligi hamda bino va guruh maydonchalarini qizib ketishdan himoyalashi kerak; butalar binodan kamida 5 m, daraxtlar esa kamida 10 m masofada ekilishi lozim. Ekiladigan oʻsimlik turlari yil davomida yashillikni taʼminlaydigan qilib tanlanishi kerak. Hududni koʻkalamzorlashtirish uchun zaharli mevali va tikanli daraxt hamda butalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bolalar maydonchalari tegishli guruh xonalaridan chiqish yoʻllari bilan qulay bogʻlangan boʻlishi lozim. Yasli yoshidagi bolalar uchun moʻljallangan maydonchalar ushbu guruhlarning chiqish eshiklariga bevosita yaqin joyda joylashtirilishi, ochiq, oftob tushadigan qismdan tashqari, soyabonlar bilan taʼminlangan soyali joyga ham ega boʻlishi kerak. Soyabon maydoni 40 m2, balandligi 2,5 m boʻladi. Soyabon uch tomondan balandligi 1,6 m boʻlgan toʻsiq bilan oʻraladi, poli yogʻochdan yasalib, yer sathidan 10 sm balandlikka koʻtariladi. Pollarni asfalt yoki beton bilan qoplash taqiqlanadi. 1,5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun soyabonlarni binoga tutashtirib qurish maqsadga muvofiqdir. Soyabon ostiga koʻchma yoki oʻrnatilgan mebel va jihozlar — bolalar stulchalari, stollar, oʻyinchoqlar uchun shkaf va javonlar joylashtiriladi.
Kichik guruh bolalari uchun moʻljallangan maydonchaning bu hududiga 4 boʻlmadan iborat toʻsiq, stol-toʻsiq, daraxtlar ostiga esa manej oʻrnatiladi. Bir yoshdan oshgan bolalar uchun qumdon yoki ochiladigan yonbortli qum stoli majburiy jihoz hisoblanadi. Qumdonning balandligi 40 — 45 sm, yonbortining kengligi 25 — 30 sm boʻlishi, oʻyin yuzasi esa yogʻochdan yasalishi kerak. Maydonchalarning qoplamasi aralash boʻlishi lozim: maysazor, qumdonlar atrofi va soyabonlarga oʻtish yoʻlaklari esa zichlangan tuproqdan iborat boʻlishi kerak. Yasli yoshidagi 1 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun oʻyin maydonchalari manej (2,5x2,5 m) va taxtasupa (5x6 m) bilan jihozlanadi. Yasli yoshidagi 1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar maydonchalariga oʻyin jihozlari oʻrnatiladi (1-ilova).
Yasli yoshidagi bolalar uchun guruh maydonchalari maysazor qoplamali boʻlishi lozim; katta yoshdagi bolalar uchun esa maysazor qoplamadan tashqari, oʻyin hududida tuprogʻi shibbalangan maydoncha ham boʻlishi kerak.
Har yili bahorda qumloqlardagi qum sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgan yangisiga toʻliq almashtiriladi. Kechasi qumloqlarning usti qopqoq bilan yopib qoʻyiladi. Yilning issiq faslida oyiga bir marta qumning bakteriologik ifloslanish darajasi tekshiruvdan oʻtkaziladi. Ichak infeksiyalari, gelmintozlar qoʻzgʻatuvchilari va bolalar salomatligi uchun xavfli boʻlgan boshqa aralashmalar aniqlansa, ifloslangan qum hududdan tashqariga olib chiqilib, yangisiga almashtiriladi.
2.7. Yer uchastkalarida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish uchun 150 m2 maydonli maydoncha ajratish lozim. Maydoncha qoplamasi maysazorli boʻlishi, shuningdek, tuprogʻi shibbalangan boʻlishi ham mumkin.
Bolalar soni 100 nafar va undan koʻp boʻlganda oqar suvli basseynlar, sigʻimi kamroq boʻlganda esa bolalarni suvda oʻynashga va suzishga oʻrgatish uchun chayqaladigan basseynlar koʻzda tutilishi kerak. Suzish basseynlari 4x8 m yoki 6x10 m maydonga ega, chuqurligi esa 0,4 metrdan 0,8 metrgacha oʻzgaruvchan qilib loyihalashtirilishi lozim. Chayqaladigan basseynlar erkin shaklda, 21 m2 maydonga ega boʻlib, chuqurligi 0,1 metrdan 0,5 metrgacha oʻzgaruvchan boʻlishi kerak. Basseyn perimetri boʻylab eni kamida 0,75 m, dushxonalardan chiqish tomonida esa 1,5 m boʻlgan aylanma yoʻlaklar bilan jihozlanishi zarur. Dushxonadan aylanma yoʻlakka chiqish joylariga uzunligi va eni kamida 0,8 m, chuqurligi esa 0,1 m boʻlgan oyoq vannalari oʻrnatiladi.
Basseyn xonalari tarkibiga quyidagilar kiradi: vannali zal, dush va hojatxonali ikkita kiyinish xonasi, murabbiy xonasi, hamshira xonasi, suv tahlili laboratoriyasi, boshqaruv tuguni, basseynga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq texnik xonalar (QMQ 2.06.02-96).
Yopiq basseynlarni saqlash va ulardan foydalanish (bolalarni suzishga oʻrgatish uchun) basseynlarning tuzilishi, ulardan foydalanish (QMQ 2.08.02-96, QMQ 2.07.02.94) va suv sifatiga (OʻzDSt 950-2000 “Ichimlik suvi”) oid gigiyenik talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
2.8. Xoʻjalik hududining maydoni Bolalar uyining sigʻimiga bogʻliq. Sigʻimi 150 oʻringacha boʻlganda, xoʻjalik hududining maydoni 500 m2; 150 oʻrin va undan ortiq boʻlganda esa 1000 m2 ni tashkil etishi lozim.
Xoʻjalik hududi yer uchastkasi chegarasida joylashtirilib, qolgan maydondan koʻkalamzorlashtirilgan hudud va toʻsiqlar bilan ajratiladi hamda oziq-ovqat bloki va kir yuvish xonasi bilan qulay bogʻlanadigan alohida chiqish yoʻliga ega boʻladi. Xoʻjalik hovlisi hamda unga olib boruvchi yoʻllar qattiq qoplamaga (asfalt, beton) ega boʻlishi kerak. Bu hududda omborxonalar, axlat yigʻgichlar va sabzavot saqlash ombori joylashtiriladi. Axlat yigʻgichlardan tashqari barcha inshootlar perimetr boʻylab quriladi.
Chiqindi yigʻgichlar — bular qopqoqli metall idishlar boʻlib, ular binodan kamida 35 m masofada, sement, asfalt yoki gʻisht qoplamali va balandligi 1,5 m boʻlgan oʻralgan maydonchaga qoʻyiladi. Bunda maydonchaning oʻlchami har tomondan chiqindi yigʻgichlar egallagan maydondan 1,5 m ga katta boʻlishi lozim. Chiqindi yigʻgichlar hajmining 2/3 qismi toʻlganda tozalanadi. Boʻshatilgandan soʻng chiqindi yigʻgichlar tozalanadi va dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida ishlov beriladi.
Xoʻjalik hududida sabzavot va meva zaxiralarini saqlash uchun maydoni kamida 50 m2 boʻlgan sabzavot ombori jihozlanadi.
Boʻsh hududda kiyim-kechak va koʻrpa-toʻshaklarni quritish, gilamlarni tozalash uchun moslamalar joylashtiriladi. Bolalar uyi hududi kechki payt yaxshi yoritilishi kerak. Yoritish uskunalari oʻrnatilgan ustunlar maydonchalar va oʻtish yoʻlaklari yaqiniga qoʻyiladi. Binoga kirish joylarini yoritish uchun bino devoriga mahkamlanadigan maxsus yoritish uskunasidan foydalaniladi. Yer sathidagi yoritilganlik darajasi 40 — 50 lk ni tashkil etishi lozim.
2.9. Hududni yigʻishtirish har kuni: ertalab bolalar sayrga chiqishidan 1-2 soat oldin va hududning ifloslanishiga qarab oʻtkazilishi kerak. Quruq va issiq ob-havoda hududni sugʻorish kuniga kamida 2 marta, yigʻishtirish esa shundan soʻng amalga oshirilishi lozim. Qish mavsumida hududning qoplama yotqizilgan qismlari va yoʻlaklar har kuni qor va muzdan tozalanadi. Bolalar uyi hududida axlatni yoqishga yoʻl qoʻyilmaydi va pashshalar paydo boʻlishining oldini olish maqsadida chiqindilar yigʻiladigan joylarga har 5 — 10 kunda bir marta dezinfeksiyalovchi vositalardan biri bilan ishlov beriladi.
3. BINOGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
3.1. Bolalar uylari alohida turgan binolarda joylashtirilishi lozim:
bir qavatli;
ikki qavatli.
Bolalar uyi binosining hajmiy-rejaviy yechimi quyidagilarni taʼminlashi kerak:
binoning turli funksional qismlarini aniq zonalarga ajratishni;
alohida funksional boʻlinmalar oʻrtasidagi aloqaning maksimal darajada qulay boʻlishini;
bolalarning yashashi va rivojlanishi, shuningdek, ularni tarbiyalash va parvarishlash uchun optimal sharoitlar yaratishni;
guruh boʻyicha ajratish (izolyatsiya) tamoyiliga rioya etilishini.
Funksional vazifasiga koʻra Bolalar uyi binosida quyidagi qismlar ajratiladi: guruh xonalari, umumiy tarbiya xonalari, shu jumladan musiqiy-gimnastika mashgʻulotlari zali, tibbiyot xonalari, maʼmuriy-xoʻjalik xonalari, oziq-ovqat bloki.
I. Guruh xonasi — Bolalar uyining asosiy funksional elementi boʻlib, bolalar koʻp vaqtini shu yerda oʻtkazadi. Guruh xonasining tuzilishi pedagogik va gigiyenik talablar hisobga olingan holda, bolalarning yoshi va salomatligiga qarab belgilanadi. 1 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun guruh xonasi tarkibiga quyidagilar kiradi: kiyim almashtirish xonasi, oʻyin xonasi, bufetxona, yotoqxona, kunduzgi uyqu uchun ayvon, massaj xonasi, yuvinish xonasi boʻlgan hojatxona, bolalarni koʻkrak suti bilan oziqlantirish uchun ham foydalanish mumkin boʻlgan ota-onalar bilan uchrashuv xonasi. Bir yoshdan oshgan bolalar uchun guruh xonalarida massaj xonasi oʻrniga bolalar bilan yakka tartibda mashgʻulotlar oʻtkazish uchun xona tashkil etiladi.
II. Umumiy tarbiyaviy xonalar — musiqa va gimnastika mashgʻulotlari zali. Tarbiyalanuvchilar soni 150 nafargacha boʻlgan muassasalarni loyihalashda zalning maydoni 75 m2 boʻlishi kerak; bolalar soni bundan koʻp boʻlganda zal maydoni 100 m2 gacha oshiriladi.
Maydoni kamida 75 m2 boʻlgan musiqa zali koʻzda tutilishi lozim. Zallardagi mashgʻulotlar va tadbirlar koʻpi bilan ikkita guruh bolalari uchun tashkil etiladi. Zallar oʻtish yoʻlagi boʻlmasligi kerak. Zallar yonida jismoniy tarbiya va musiqa anjomlarini saqlash uchun maydoni kamida 6 m2 boʻlgan omborxonalar jihozlanadi.
Bu toifadagi xonalar guruhiga 1,5 yoshdan katta bolalar uchun moʻljallangan va ota-onalar bilan uchrashuv joyi hisoblanadigan mehmonxona kiradi.
III. Tibbiy xonalar bloki. Bolalar uylarining oʻziga xos xususiyati karantin guruhi xonalarining mavjudligidir. Bolalar uyining sigʻimi 60 nafardan 100 nafargacha bolaga moʻljallangan boʻlsa, karantin boʻlimi Bolalar uyidagi oʻrinlar umumiy sonining 10 foizi hisobidan rejalashtiriladi; bolalar soni 100 nafardan oshsa, karantin boʻlimi vazifasini guruhlardan biri bajaradi. Karantin boʻlimining asosiy maqsadi — yangi qabul qilingan bolani boshqa bolalardan vaqtincha ajratib turish va shu davrda uning barcha hayotiy faoliyatini taʼminlashdir. Shu maqsadda karantin boʻlimida guruh xonalarining asosiy toʻplami: qabulxona, oʻyin xonasi, yotoqxona, ayvon, dushli hojatxona koʻzda tutilgan. Karantin boʻlimi xonalarining maydoni undagi bolalar soniga bogʻliq. 1 nafar bola uchun maydon normasi: oʻyin xonasida — 2,5 m2, yotoqxonada — 1,8 m2, hojatxonada — 0,8 m2 ni tashkil etadi.
Kasalga chalingan bolalarni ajratib qoʻyish uchun tibbiy blokda izolyator jihozlanadi. Izolyatordagi koykalar soni Bolalar uyi sigʻimining 10 foizini tashkil etadi, biroq 6 tadan kam boʻlmasligi kerak. Izolyator hovli tomonidan alohida kirish yoʻlagiga ega boʻladi. Uning tarkibiga 1-2-3 nafar bolaga moʻljallangan bir nechta boks kiradi. Bokslar maydoni har bir bolaga 3 m2 hisobidan kelib chiqib hisoblanadi. Shuningdek, bu yerda shifokor xonasi (8 m2), katta hamshira xonasi (10 m2), navbatchi hamshira xonasi (6 m2), sterillash xonasi bilan birga muolaja xonasi (18 m2) va fizioterapiya xonasi (24 m2) joylashgan boʻladi.
Muolaja xonasi, sterillash xonasi va xodimlar xonasi Bolalar uyining karantin boʻlimi hamda izolyatori xonalari bilan oʻzaro bogʻlangan boʻlishi lozim.
3.3. Maʼmuriy-xoʻjalik xonalarining tarkibi va maydoni 2-ilovaga muvofiq qabul qilinishi lozim. Oshxona va uning qoshidagi ishlab chiqarish xonalari, qoida tariqasida, alohida kirish eshigiga ega boʻlgan holda birinchi qavatda joylashtirilishi kerak. Ushbu xonalarni yoʻlakcha yoki bino oʻramasi sathidan 1,5 m dan koʻp boʻlmagan chuqurlikdagi sokol qavatlarida, agar ular talablarga muvofiq tabiiy yorugʻlik bilan taʼminlansa va pol sathi yerosti suvlarining eng yuqori darajasidan kamida 1 m balandda boʻlsa, joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Oshxonalarning omborxonalari, shuningdek, xodimlar uchun maishiy xonalar ventilyatsiya bilan taʼminlangan taqdirda, pol sathi yerosti suvlarining eng yuqori darajasidan kamida 1 m balandda boʻlgan yertoʻla qavatlarida joylashtirilishiga ruxsat etiladi. Yertoʻladan tashqariga alohida chiqish yoʻli nazarda tutilishi kerak.
Omborxonalarni oʻtish xonasi sifatida ishlatishga yoki ularga oshxona orqali oʻtishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oziq-ovqat bloklarining sovutish qurilmalari mashina boʻlinmalari, qoida tariqasida, binoning tashqi devorlari yaqinida joylashtirilishi lozim. Oshxonalarning ishlab chiqarish xonalari ularga elektr energiyasida ishlaydigan savdo-texnologik uskunalar toʻplamini joylashtirishni hisobga olgan holda loyihalashtiriladi.
Oshxonada elektr energiyasida ishlaydigan uskunalarni oʻrnatish nazarda tutilishi kerak. Tegishli asoslar mavjud boʻlganda, qattiq yoqilgʻida ishlaydigan oshxona plitalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday hollarda plitalarning oʻt yoqish qismi alohida xonada joylashtirilishi lozim. Bolalar uyi uchun oziq-ovqat bloki xonalarining toʻplami va maydonlari quyida keltirilgan:
Oshxonalardagi yuvinish jihozlari (umivalniklar) har 20 oʻringa 1 ta joʻmrak hisobidan oʻrnatilishi lozim.
Bolalar uylarida tarqatish xonasi boʻlishi shart. Oziq-ovqatni vertikal tashish uchun yuk liftlarini koʻzda tutish maqsadga muvofiqdir. Oshxona derazalari oʻyin va yotoq xonalari derazalarining tagida joylashmasligi kerak.
3.4. Kir yuvish xonalarining tarkibi va maydoni 2-ilovaga muvofiq qabul qilinishi lozim. Iflos kiyimlarni topshirish va toza kiyimlarni olish uchun kirish joylari (derazalar) alohida boʻlishi kerak. Iflos kiyimlarni topshirish uchun darchali shlyuz kir yuvish xonasi tomonga ochilishi lozim. Kir yuvish xonasiga kirish yoʻlagini guruh xonalari va oziq-ovqat bloki xonalariga kirish yoʻlaklari qarshisida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi; kir yuvish xonasining derazalari guruh xonalari: oʻyin xonalari, ayvonlar, yotoqxonalarning derazalari ostida joylashmasligi kerak. Muassasada kichik yoshdagi bolalardan iborat bitta guruh mavjud boʻlsa, bolalar kiyimlariga dastlabki ishlov berish uchun maydoni 9 m2 boʻlgan alohida xona ajratilishi zarur.
3.5. Yangi va eski kiyim-kechak, poyabzal, qattiq inventar zaxiralarini saqlash uchun yaslilarga qaraganda kattaroq omborxonalar talab etiladi. Ularning har birining maydoni 20 — 25 m2 ni tashkil etishi lozim.
3.6. Bolalar uyidagi barcha xonalarning devor va pol qoplamalari namlikka hamda dezinfeksiya vositalariga chidamli boʻlishi lozim. Oziq-ovqat bloki, kir yuvish, dazmollash va hojatxona xonalarining devorlari 1,8 m balandlikkacha sirlangan plitkalar bilan qoplanadi. Ushbu xonalarning poli keramik yoki sayqallangan mozaikali plitkalar, hojatxonalarning poli esa linoleum bilan qoplanadi. Bolalar turadigan xonalarning poli taxtadan yoki parketdan boʻlishi kerak. Bolalar uyi xonalarini pardozlash uchun polimer materiallarni tanlashda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sertifikatlangan va qurilishda foydalanishga ruxsat etilgan polimer materiallar hamda buyumlar roʻyxatiga amal qilish kerak.
4. TABIIY VA SUNʼIY YORITISH
4.1. Bolalar uyining barcha asosiy xonalari bevosita toʻgʻridan-toʻgʻri tabiiy yoritish manbayiga ega boʻlishi shart.
Xonalarning joylashuvini tanlashda quyosh radiatsiyasi sharoitlaridan kelib chiqish lozim. Oʻyin xonalarini janub tomonga, yotoqxonalarni esa sharq tomonga yoʻnaltirish eng maqbul hisoblanadi.
Tabiiy yoritishning eng yaxshi tizimi — bu quyoshdan himoyalovchi vositalarni majburiy qoʻllagan holda, yon tomondan chapga tushadigan va lentasimon yoritishdir.
Xona chuqurligi 6 metrdan oshganda, oʻng tomondan yoritishni oʻrnatish majburiydir. Agar devor yaxlit boʻlsa, oʻng tomondan yoritishning balandligi (xona balandligi 3,0 m boʻlganda) shiftdan kamida 2,2 m va poldan kamida 0,8 m boʻlishi kerak.
4.2. Yoʻlaklarni va yuvinish xonalarini ikkinchi darajali yorugʻlik bilan yoritishga yoʻl qoʻyiladi.
Omborxonalar, maishiy xonalar, yoʻlaklar, xoʻjalik xonalari va sandiqxonalarda, xodimlar uchun hojatxonalarda faqat sunʼiy yorugʻlikdan foydalanishga ruxsat etiladi.
4.3. Bolalar uylarining asosiy xonalaridagi tabiiy yoritilganlik koeffitsiyenti (TYoK) amaldagi “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalash meʼyorlari” nomli QMQga (SNiP) muvofiq boʻlishi kerak.
Xonaga bir tomondan tabiiy yorugʻlik tushganda, TYoKning eng kam qiymatlari xonaning oʻziga xos kesimi vertikal tekisligi va shartli ishchi sirt (yoki pol) kesishgan joyda, yorugʻlik tushadigan tirqishlardan eng uzoqdagi devordan 1 m masofada joylashgan nuqtada meʼyorlashtiriladi.
Xonaga ikki tomondan yorugʻlik tushganda, TYoKning eng kam qiymati xonaning oʻrtasida, uning oʻziga xos kesimi vertikal tekisligi va shartli ishchi sirt (yoki pol) kesishgan nuqtada meʼyorlashtiriladi.
Yoritilganlik bir tekis boʻlishi kerak. Yoritilganlikning bir tekisligi eng kam yoritilganlikning eng koʻp yoritilganlikka nisbati bilan aniqlanadi (lyukslarda (lk)) va kamida 0,3 ga teng boʻlishi lozim.
4.4. Deraza oynalari tashqi tomondan yiliga kamida 3-4 marta va ichki tomondan oyiga kamida 1-2 marta, yoritish armaturalari va chiroqlar esa yiliga kamida 2 marta tozalanishi kerak.
Shift, devorlarning yuqori qismlari va deraza yonbagʻirlari zaruratga qarab oqlanadi. Eshiklar, deraza romlari va tavaqalari oq rangli moyboʻyoq bilan boʻyaladi.
Asosiy xonalarda tabiiy yorugʻlik darajasi pasayishining oldini olish uchun deraza tokchalarida tabiiy yorugʻlikni kamaytiradigan baland va keng bargli gullar boʻlmasligi kerak. Gullarni deraza tokchalariga qoʻyganda, ularning balandligi (tokchadan) 15 sm dan oshmasligi lozim. Har bir derazada 2-3 tadan ortiq gul boʻlmasligi kerak. Shuningdek, gullarni pol sathidan 65 — 70 sm balandlikdagi osma (devoriy) yoki koʻchma guldonlarga va tabiat burchaklariga joylashtirish tavsiya etiladi.
Daraxtlarni binodan kamida 10 m masofada ekish kerak, bino yaqinida oʻsadigan daraxtlarning shoxlari esa har bahorda kalta qilib kesilishi lozim.
Sunʼiy yoritish manbalari barcha xonalarning yetarli darajada va bir tekisda yoritilishini taʼminlashi kerak. Asosiy xonalardagi sunʼiy yoritishning meʼyoriy darajalari 4-jadvalda keltirilgan.
Asosan lyuminessent yoritishdan foydalanish lozim.
Xonalarni umumiy yoritish uchun tarqoq yoki asosan toʻgʻri nur sochadigan, yaʼni yuqori yarim sferaga yorugʻlik oqimining 60 — 80 foizini yoʻnaltiradigan shiftga oʻrnatiladigan yoki osma chiroqlardan foydalanish kerak.
4.6. Yoritish armaturasi bir tekis tarqaladigan yorugʻlikni taʼminlashi lozim. Chiroqlar va yoritgichlarni tanlash hamda joylashtirish 5-jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.
4.7. Choʻgʻlanma lampalardan foydalanilganda yoritilganlik darajasi kamida 150 lk ni tashkil etishi kerak. Choʻgʻlanma lampalar himoya armaturasiga (yoritgichga) ega boʻlishi lozim.
4.8. Bir xonada bir vaqtning oʻzida lyuminessent lampalar va choʻgʻlanma lampalardan foydalanish tavsiya etilmaydi. Yangi turdagi lampalar yoki yoritgichlardan foydalanishga sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgandagina ruxsat etiladi.
4.9. Bolalar doimiy boʻladigan xonalardagi yopiladigan shtepsel rozetkalari va oʻchirgichlar poldan 1,8 m balandlikda oʻrnatilishi lozim.
4.10. Izolyator palatalarida yoki fotariylarda kun davomida 240 daqiqa ekspozitsiyada 5 m2 maydon hisobidan yoki 480 daqiqa ekspozitsiyada 10 m2 maydon hisobidan 1 dona ultrabinafsha nurlanish chirogʻi oʻrnatiladi (osilish balandligi — 2,5 m).
4.11. Barcha sunʼiy yoritish manbalari soz holatda saqlanishi shart. Shovqin chiqaradigan lyuminestsent chiroqlar zudlik bilan almashtirilishi kerak. Nosoz va kuygan lyuminestsent chiroqlar maxsus ajratilgan xonaga yigʻiladi va binodan olib chiqib ketiladi. Ularni Bolalar uyi binolari va hududida saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
4.12. Oshxonaning ishlab chiqarish xonalarida yoritish asboblari plitalar, texnologik uskunalar va mahsulot kesish stollari ustiga joylashtirilmaydi. Yoritish asboblari himoya armaturasiga ega boʻlishi kerak.
5. SUV TAʼMINOTI VA KANALIZATSIYAGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
5.1. Bolalar uyi binolari shahar va qishloq aholi punktlarini rejalashtirish va qurishga oid gigiyenik talablarga muvofiq xoʻjalik-ichimlik suvi, yongʻinga qarshi va issiq suv taʼminoti, kanalizatsiya va suv oqova tizimlari bilan jihozlanadi.
5.2. Bolalar uylari har bir bolaga sutkasiga 250 litr hisobidan sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlanishi kerak.
Suv sifati OʻzDSt 950-2000 “Ichimlik suvi” amaldagi standartida belgilangan sanitariya talablariga javob berishi kerak.
5.3. Markazlashtirilgan suv quvuri va kanalizatsiya tarmoqlari mavjud boʻlmaganda, sanitariya-epidemiologiya xulosasi boʻlgan taqdirda mahalliy suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
5.4. Kanalizatsiya oʻtkazilmagan hududlarda Bolalar uylari ichki kanalizatsiya bilan jihozlanadi, bunda oqova suvlar keyinchalik tozalash inshootlariga chiqarib yuborilishi yoki mahalliy tozalash inshootlari oʻrnatilishi sharti bilan mahalliy oqova chuquri quriladi.
Mahalliy suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini tanlash va oʻrnatish masalalari DSENM bilan kelishilgan holda hal etiladi.
Axlat oʻralari chuqurlik va qattiq chiqindilarni ajratish uchun qopqoq va panjarali yer usti qismidan iborat boʻlishi kerak. Oʻraning yer sathidan chuqurligi yer osti suvlari darajasiga qarab hisoblanishi, lekin uch metrdan oshmasligi kerak. Oʻralar tosh, gʻisht, temir-betondan yasalishi lozim. Oʻrani tozalash uchun moʻljallangan lyuklar qulf ostida zich yopiladigan qoʻsh qopqoqlar bilan jihozlanishi kerak. Oʻraning tubi lyuk tomonga nishab boʻlishi lozim.
5.5. Oʻrta va katta yasli guruhlarining hojatxonalariga ikkita yuz-qoʻl yuvgich, bitta bolalar unitazi, suv oqizgich (trap), dush poddoni, tuvaklar uchun markirovka qilingan uyachalari bor shkaf-stellaj joylashtiriladi.
Sanitariya jihozlarini oʻrnatish balandligi xona polidan jihozning chetigacha hisoblanganda quyidagicha boʻlishi kerak:
yasli yoshidagi bolalar uchun yuz-qoʻl yuvgichlar — 0,4 m;
ilk yoshdagi ikkinchi guruh va birinchi kichik guruh bolalari uchun chuqur dush poddoni (dush toʻri poddon tubidan 1,5 m balandlikda joylashganda) — 0,6 m.
5.6. Bufetxonalar, bolalar va xodimlar hojatxonalari, kir yuvish xonalari, izolyator va boshqa tibbiy maqsadlardagi xonalar, yuvinish xonalari hamda xoʻjalik ehtiyojlari uchun moʻljallangan suv taqsimlash joʻmraklari aralashtirgichlar bilan birga issiq va sovuq suv bilan taʼminlanishi kerak.
5.7. Markazlashgan suv taʼminoti mavjud boʻlmagan hollarda oshxona, izolyator va boshqa tibbiy maqsadlardagi xonalar, kir yuvish xonasi va hojatxonalarga suv mexanizatsiyalashgan usulda yetkazib berilishi lozim. Qoʻlyuvgichlar va dushlarga beriladigan suv harorati 37 °C dan past va 60 °C dan yuqori boʻlmasligi kerak.
6. ISITISH VA SHAMOLLATISH TIZIMLARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
6.1. Bolalar uyi binolari jamoat binolari va inshootlarida isitish, shamollatish va havoni moʻtadillashtirishga qoʻyiladigan talablarga muvofiq markaziy isitish va shamollatish tizimlari bilan jihozlanadi.
6.2. Binolarni issiqlik bilan taʼminlash IEM, tuman va mahalliy qozonxonalarning issiqlik tarmoqlaridan zaxira ulanish orqali amalga oshirilishi kerak. Avtonom yoki gazli isitish tizimlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
6.3. Isitish moslamalari sifatida birinchi qavatlardagi beton pol panellariga oʻrnatilgan radiatorlar, quvursimon isitish elementlaridan foydalanish mumkin.
6.4. Isitish moslamalari yuzasining harorati 80 °C dan oshmasligi kerak. Bolalarning kuyishi va jarohatlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun isitish moslamalari olinadigan yogʻoch panjaralar bilan toʻsilishi lozim. Yogʻoch-qirindili plitalar (DSP) va boshqa polimer materiallardan yasalgan toʻsiqlardan foydalanish tavsiya etilmaydi. Burchakdagi xonalarda havo harorati 2 °C ga yuqoriroq boʻlishi kerak.
6.5. Qishki davrda binoning birinchi qavatida joylashgan guruh xonalarida polning harorati kamida 22 °С boʻlishi kerak.
6.6. Bolalar boʻladigan xonalarda havoning nisbiy namligi 40 — 60%, oshxona va kir yuvish xonasida esa 60 — 70% boʻlishi kerak.
6.7. Barcha xonalar har kuni bolalar yoʻqligida bir necha marta shamollatiladi. Eng samarali usul — yelvizak va burchaklama shamollatishdir.
Shamollatish davomiyligi tashqi havo harorati, shamol yoʻnalishi va isitish tizimining samaradorligiga bogʻliq.
Yelvizakli shamollatish har 1,5 soatda kamida 10 daqiqa davomida oʻtkaziladi. Shamollatish bolalar yoʻqligida oʻtkazilib, ular sayrdan yoki mashgʻulotdan qaytishidan 30 daqiqa oldin yakunlanadi. Shamollatish vaqtida xonadagi havo haroratining qisqa muddatga, lekin koʻpi bilan 2 — 4 °С ga pasayishiga yoʻl qoʻyiladi.
Yilning iliq vaqtida barcha xonalarni bir tomonlama keng aeratsiya qilishga bolalar ishtirokida yoʻl qoʻyiladi.
Hojatxonalar orqali shamollatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6.8. Yotoqxonalarda bolalarni yotqizishdan oldin yelvizakli shamollatish oʻtkaziladi. Yilning sovuq vaqtida framuga va darcha (fortochka)lar bolalar uxlashga yotishidan 10 daqiqa oldin yopiladi; uyqu paytida bir tomondan ochiladi va bolalar uygʻonishidan 30 daqiqa oldin yopiladi.
6.9. Havo harorati xonaning vazifasi va bolalarning yoshiga qarab tabaqalashtirilishi kerak.
6.10. Bolalarning jismoniy faolligi oʻrtacha boʻlganda, ularni xonadagi havo haroratiga mos ravishda kiyintirish kerak.
6.11. Bolalar boʻladigan barcha asosiy xonalardagi havo harorati ichki devorga 0,8 — 1,0 m balandlikda mahkamlangan maishiy termometr yordamida nazorat qilib boriladi.
7. XONALARNING SANITARIYA HOLATIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR VA DEZINFEKSIYA TADBIRLARI
7.1. Barcha xonalar kuniga 2 marta yuvish vositalaridan foydalangan holda nam usulda tozalanadi. Xonalarni tozalash vaqtida deraza yoki tuynuklar ochiq boʻlishi kerak. Ayniqsa, tez ifloslanadigan yuzalar (eshik va shkaf tutqichlari, deraza tokchalari, oʻchirgichlar, qattiq mebellar va b.) hamda chang toʻplanadigan joylar (plintuslar yoni va mebel ostidagi pollar, radiatorlar, yoritish moslamalarining armaturalari, ventilyatsiya panjaralari va b.) yaxshilab yuviladi.
“Yotoqxonalar”da nam tozalash ishlari tungi va kunduzgi uyqudan soʻng, “Guruh xonalari”da esa har bir ovqatlanishdan keyin amalga oshiriladi.
Guruh xonalaridagi stollar har bir ovqatlanishdan oldin va keyin maxsus latta bilan issiq suv va sovun yordamida yuviladi. Bu latta yuvilib, quritiladi va qopqoqli, maxsus markirovka qilingan idishda quruq holda saqlanadi. Stullar, yoʻrgaklash stollari, manejlar va boshqa jihozlar, shuningdek, taglik kleyonkalar va kleyonkali koʻkrakchalar har kuni issiq suv va sovun bilan artiladi.
Texnik maqsadlar uchun (guruh xonasini, hojatxonani tozalash va h.k.) suv faqat maxsus joʻmrakdan olinishi lozim. Ishlatilgan suv unitazga quyilib, soʻngra ruxsat etilgan preparatlardan biri bilan dezinfeksiya qilinadi (3-ilova).
7.2. Gilamlar har kuni changyutgich bilan tozalanadi va nam choʻtka bilan artiladi yoki buning uchun maxsus ajratilgan maydonchalarda qoqiladi, soʻng nam choʻtka bilan tozalanadi. Yiliga bir marta kimyoviy usulda quruq tozalanadi.
Jonli tabiat burchaklari jihozlangan xonalarda har kuni nam tozalash ishlari oʻtkaziladi, qafaslar, oxurlar tozalanadi, toʻshamalar almashtiriladi, suv idishlari yuvilib, ulardagi suv yangilanadi. Ikki haftada bir marta qafaslar, oxurlar, suv idishlari dezinfeksiya qilinishi, soʻngra oqar suv bilan yuvilib, quritilishi zarur. Dezinfeksiyadan keyin qafasga toza toʻshama solinadi va yem qoʻyiladi.
7.3. Sanitariya-texnika uskunalari epidemiologik vaziyatdan qatʼi nazar zararsizlantirilishi shart. Tuvaklar har foydalanishdan soʻng choʻtkalar va yuvish vositalari yordamida yuviladi. Vannalar, chanoqlar, unitazlar kuniga ikki marta dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida choʻtkalar bilan tozalanadi.
7.4. Hojatxona tozalash anjomlari (lattalar, chelaklar, choʻtkalar) yaqqol koʻrinadigan rang bilan belgilanadi va hojatxonadagi maxsus shkafda saqlanadi. Barcha tozalash anjomlari ishlatilgandan soʻng yuvish vositalari bilan issiq suvda yuviladi va quritiladi.
7.5. Dezinfeksiyalovchi eritmalar (toʻq rangli idishlarda) va yuvish vositalari bolalar qoʻli yetmaydigan joylarda saqlanadi.
7.6. Barcha xonalarda umumiy tozalash ishlari oyiga bir marta yuvish va dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda oʻtkaziladi. Derazalar ichki va tashqi tomonidan ifloslanishiga qarab, lekin yiliga kamida 2 marta (bahorda va kuzda) yuviladi.
7.7. Epidemiologik vaziyat murakkablashganda, infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati talablariga muvofiq qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻriladi.
7.8. Yilning issiq vaqtida hasharotlar uchib kirishining oldini olish uchun deraza va eshiklarga koʻzlarining oʻlchami 2 — 2,2 mm dan oshmaydigan metall toʻr yoki sintetik mato tutilishi kerak. Xonalar ichidagi pashshalarga qarshi kurashish uchun bolalarning qoʻli yetmaydigan joylarda yopishqoq lentalar va pashshaqopqonlardan foydalanish mumkin.
7.9. Soʻrma shamollatish tizimlarining jalyuzali panjaralari ochiq turishi kerak; ularni faqat xona va tashqi havo harorati keskin farq qilgandagina yopish lozim. Ular ifloslanishiga qarab changdan tozalanadi. Soʻrma shamollatish shaxtalarini tozalash yiliga kamida 2-marta oʻtkaziladi.
7.10. Guruh xonalari ishlab turgan vaqtda hech qanday taʼmirlash ishlarini olib borishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7.11. Sotib olingan oʻyinchoqlar (ichiga yumshoq narsa tiqilganlaridan tashqari) guruhga olib kirilishidan oldin 15 daqiqa davomida oqar suvda (harorati 37 °C) sovun bilan yuviladi va soʻngra ochiq havoda quritiladi. Rezina, koʻpikli poliuretan, koʻpikli lateks, plastizol oʻyinchoqlarni yuvish paytida ularni yaxshilab siqib, suvidan xalos qilish zarur.
7.12. Oʻyinchoqlar har kuni ikki mahal yuviladi. Qoʻgʻirchoq kiyimlari kirlanishiga qarab bolalar sovuni bilan yuviladi va dazmollanadi. 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻyinlari uchun ichiga yumshoq narsa tiqilgan oʻyinchoqlardan foydalanish taqiqlanadi.
7.13. Tukli koʻpikli lateks oʻyinchoqlarga ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomasiga muvofiq ishlov beriladi.
7.14. Koʻp marotaba qoʻllaniladigan tibbiy asboblar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining amaldagi meʼyoriy hujjatlariga muvofiq dezinfeksiya qilinishi lozim.
Bir martalik steril asboblardan foydalanib, soʻng ularni zararsizlantirish va utilizatsiya qilish afzalroqdir.
7.15. Choyshab va sochiqlar kirlanishiga qarab, lekin haftada kamida bir marta almashtiriladi. Barcha jildlar markalanadi. Yostiq jildlaridan tashqari barcha choyshablar oyoq tomoniga markalanadi. Har bir bola uchun yuz va oyoq sochiqlarini qoʻshib hisoblaganda uchta choyshablar toʻplami va ikki smena matras gʻilofi boʻlishi kerak. Toza choyshablar qoplarda olib kelinadi va shkaflarda saqlanadi.
7.16. Ishlatilgan choyshablar maxsus bakka, qopqoqli chelakka, kleyonkali, plastmassali yoki ikki qavat matodan tikilgan qopga solinadi. Kir choyshablar kir yuvish xonasiga (yoki maxsus xonaga) olib boriladi. Mato qoplar kirga topshiriladi, kleyonkali va plastmassali qoplar esa issiq sovunli yoki sodali eritma bilan ishlovdan oʻtkaziladi.
7.17. Toʻshak anjomlari: matraslar, yostiqlar, uyqu xaltalari har bir umumiy tozalash vaqtida derazalar ochiq holda toʻgʻridan-toʻgʻri yotoqxonalarda shamollatilishi, vaqti-vaqti bilan ochiq havoga olib chiqilishi kerak. Yilda bir marta toʻshak anjomlari kimyoviy tozalanadi yoki dezinfeksiya kamerasida ishlovdan oʻtkaziladi.
7.18. Bolalarni yuvintirish uchun mochalkalar ishlatilgandan soʻng 15 daqiqa davomida dezinfeksiyalovchi eritmaga ivitib qoʻyiladi, oqar suvda chayiladi, quritiladi va toza mato qoplarda saqlanadi.
7.19. Zaruratga koʻra, Bolalar uyida dezinseksiya va deratizatsiya oʻtkazilishi kerak.
8. XONALARNI JIHOZLASHGA DOIR TALABLAR
8.1. Asosiy xonalarning jihozlari gigiyenik va pedagogik talablarni inobatga olgan holda bolalarning boʻyi va yoshiga mos boʻlishi lozim. Nosozlik yoki nuqsonlari boʻlgan jihoz va mebellardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8.2. Bolalar uylarining asosiy xonalari uchun zarur jihozlar roʻyxati 7-jadvalda keltirilgan.
GOST 26682-85 “Maktabgacha taʼlim muassasalari uchun mebel. Funksional oʻlchamlar”.
GOST 16371-93 “Mebel. Umumiy texnik shartlar”.
Stollar, stullar va karavotlarning oʻlchamlari GOST talablariga mos boʻlishi kerak
19301.1-94 “Maktabgacha yoshdagi bolalar mebeli. Stollarning funksional oʻlchamlari.”, GOST 19301.2-94 “Maktabgacha yoshdagi bolalar mebeli.
Stullarning funksional oʻlchamlari.”, 19301.3-94 “Maktabgacha yoshdagi bolalar mebeli. Karavotlarning funksional oʻlchamlari.”
Stullar stol bilan bir toʻplamda boʻlishi — bir mebel guruhiga tegishli boʻlib, markirovka qilinishi lozim. Bolalar uchun mebel tanlash antropometrik koʻrsatkichlar hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak (8-jadval).
Bolalar karavotlari ikki turda ishlab chiqariladi:
I — 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun panjarali va yotogʻining balandligi oʻzgaruvchan bolalar karavoti;
II — 3 yoshdan oshgan bolalar uchun bolalar karavoti.
Bolalar kiyimlari toʻplamlarini saqlash uchun surma seksiyali yoʻrgaklash-uqalash stoli
2-chizma. Yoʻrgaklash-uqalash stolining saqlash uchun moʻljallangan surma qismi
Servirovka stoli.
Eslatma: servirovka stolining yon tomonida poldan kamida 450 va 700 mm balandlikda tutqichlari boʻlishi kerak.
7-chizma Vertikal va gorizontal toʻsinlarning diametri 10 — 15 mm ga teng boʻlishi lozim.
Boshqa bolalar mebellarining funksional oʻlchamlari GOST 26682-85 va “MTTlarda bolalar maktabgacha mebellaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi uslubiy tavsiyalarda keltirilgan.
Guruh xonalarida jihozlarni joylashtirish xonani zonalarga ajratishni (ovqatlanish, mashgʻulotlar, sokin va harakatli oʻyinlar zonalari va h.k.) hisobga olgan holda, harakatli oʻyinlar uchun koʻproq joy qoldirib amalga oshirilishi kerak.
Guruh xonalarida stollarni joylashtirishda quyidagi talablarga rioya qilish zarur:
stollar yorugʻlik tushadigan devor yoniga, yorugʻlik albatta chap tomondan tushadigan qilib oʻrnatiladi;
chapaqay bolalar uchun individual ish joylari yorugʻlik oʻng tomondan tushadigan qilib tashkil etiladi;
ikki oʻrinli stollar koʻpi bilan uch qator qilib oʻrnatiladi;
toʻrt oʻrinli stollar koʻpi bilan ikki qator qilib oʻrnatiladi;
stollar qatorlari orasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishi kerak;
birinchi qator stollaridan yorugʻlik tushadigan devorgacha boʻlgan masofa — 1 m;
birinchi stollardan doskagacha boʻlgan masofa — 2,5 — 3 m (qarash burchagi kamida 45° ni tashkil etishi lozim);
doskaning oʻlchami — 0,75 — 1,5 m;
doskaning pastki chetidan polgacha boʻlgan balandlik — 0,7-0,8 m.
Mashgʻulotlarda bolalar sogʻligʻi, koʻrish va eshitish qobiliyati hisobga olingan holda oʻtqaziladi. Tez-tez shamollaydigan bolalarni deraza va eshiklardan uzoqroqqa, eshitishi past va yaqinni yomon koʻradigan bolalarni esa boʻylariga mos keladigan birinchi stollarga oʻtqazish lozim.
8.3. Ilk yasli yoshidagi bolalar uchun guruh xonalarining yorugʻ qismiga, derazalarga parallel ravishda va ulardan kamida 1,0 m masofada uzun tomoni bilan manejlar oʻrnatiladi. Bolalarning emaklashi uchun polga toʻsiq bilan chegaralangan joy ajratiladi, balandligi 0,8 metrdan oshmaydigan va sirpanchiq qismining uzunligi 0,9 m boʻlgan narvonli tepaliklar, uzunligi 1,5 m, eni 0,4 m va tutqichlarining balandligi 0,45 m boʻlgan koʻprikchalar oʻrnatiladi.
Bufetxona yaqinida 8 — 12 oylik bolalarni ovqatlantirish uchun tortib chiqariladigan oʻrindiqli maxsus stollar oʻrnatiladi (stolning balandligi
0,7 — 0,75 m, oʻrindiqning stol ustki qismidan balandligi — 0,2 m). Yoʻrgaklash stoli qoʻlyuvgich yoniga joylashtiriladi, uning ustiga esa sochiqlar uchun ilgich oʻrnatiladi. Yoʻrgaklash stoli yoniga iflos kiyimlar uchun qopqoqli idish qoʻyiladi.
8.4. 1,5 yosh va undan katta bolalar uchun guruh xonalarida stol va stullar guruhdagi bolalar soniga muvofiq oʻrnatiladi: kichik va oʻrta guruh bolalari uchun — 4 oʻrinli stollar; katta va tayyorlov guruhlari bolalari uchun esa ustki qismining qiyaligi 30° gacha oʻzgaradigan 2 oʻrinli stollar.
8.5. Guruh xonalarida 1,5 — 3 yoshli bolalar uchun quyidagi jismoniy tarbiya anjomlari koʻzda tutilishi lozim: narvon-zinapoya (balandligi — 1,0 m, eni — 0,9 m, toʻsinlari orasidagi masofa — 0,13 m), gimnastika devori (balandligi — 1,5 m, eni — 1,3 m, toʻsinlari orasidagi masofa — 0,15 m), emaklab oʻtish uchun snaryadlar, qirrali taxtalar, gimnastika oʻrindiqlari va shu kabilar.
Jismoniy tarbiya uskunalari va anjomlarini sport burchagi shaklida guruhlarga ajratish lozim.
8.6. Qabul va yechinish xonalari bolalar hamda xodimlarning ustki kiyimlari uchun shkaflar bilan jihozlanadi.
Bolalarning kiyim-kechaklari va poyabzallari uchun moʻljallangan shkaflar mahkamlanishi hamda bosh kiyimlar uchun alohida yacheyka-tokchalar va ustki kiyimlar uchun ilgaklar bilan jihozlanishi lozim. Har bir shaxsiy shkaf markirovka qilinadi.
Ilk yasli yoshidagi bolalarni koʻzdan kechirish va kiyimlarini almashtirish uchun qabulxona yoʻrgaklash stollari, ish stollari va stullar, yuz-qoʻl yuvgich bilan jihozlanadi.
Yechinish xonasida sayr paytida foydalaniladigan oʻyinchoqlar uchun maxsus stellaj oʻrnatiladi.
8.7. Yumshoq toʻldirilgan va penolateks tukli oʻyinchoqlardan faqat didaktik qoʻllanma sifatida foydalanish lozim.
8.8. Telekoʻrsatuvlar va videofilmlarni tomosha qilish uchun diagonali 59 — 69 sm boʻlgan televizorlardan foydalaniladi. Ularni oʻrnatish balandligi — 1 — 1,3 m. Koʻrsatuvlarni tomosha qilish paytida bolalar ekrandan 2-3 m dan yaqin va 5 — 5,5 m dan uzoq boʻlmagan masofaga joylashtiriladi. Stullar (bir guruhga moʻljallab) 4-5 qator qilib qoʻyiladi; stullar qatorlari orasidagi masofa — 0,5-0,6 m; bolalar boʻylariga qarab oʻtqaziladi.
8.9. Ekologik makonlarni (guruh tabiat burchaklari, tabiat xonalari, fitobogʻ, fitobar va boshqalar) tashkil etishda quyidagi talablarga rioya qilinadi:
hayvonlar va oʻsimliklar bolalar hamda kattalar uchun xavfsiz boʻlishi, saqlash va parvarishlashda ortiqcha talab qilmasligi kerak;
akvarium, qafas va gullarni joylashtirish xonadagi tabiiy yoritilganlik darajasini pasaytirmasligi kerak;
hayvonlar veterinariya nazoratining ruxsati bilan qabul qilinadi (hisobga qoʻyish, oʻz vaqtida emlash, gigiyenik muolajalar);
daydi hayvonlarni qabul qilish mumkin emas;
hayvonlar bolalarning yoshi va sogʻligʻi holatini hisobga olgan holda tanlanadi;
havoni chang va bakteriyalardan tozalaydigan, zararli moddalarni yutadigan va xonadagi allergenlarni bartaraf etadigan oʻsimliklarga afzallik berish lozim;
tozalikni saqlash uchun hayvonlar va oʻsimliklar har kuni parvarish qilinadi.
Tabiat xonasi issiq va sovuq suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimiga ulanadi, shuningdek, anjomlar va ozuqa saqlash uchun stellajlar bilan jihozlanadi.
8.10. Yotoqxonalar statsionar karavotlar bilan jihozlanadi. 3 yoshgacha boʻlgan bolalar karavotlari quyidagi oʻlchamlarga ega boʻlishi kerak:
uzunligi — 120 sm;
eni — 60 sm;
panjarasining poldan balandligi — 95 sm;
yotadigan joyining poldan oʻzgaruvchan balandligi — 30 — 50 sm oraligʻida.
Yon panjarasining balandligini kamida 15 sm ga pasaytirish imkoniyati nazarda tutilishi lozim.
Yengillashtirilgan, transformatsiya qilinadigan bir sathli karavotlarning yangi turlaridan foydalanishga, agar ularning sanitariya qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
8.11. 3-4 yoshli bolalar uchun karavotning uzunligi 140 sm, eni — 60 sm va balandligi — 30 sm ni tashkil etadi. Bolalarning jarohatlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida statsionar ikki yarusli karavotlardan foydalanilmaydi.
8.12. Karavotlar quyidagi minimal oraliq masofalarga rioya qilingan holda joylashtiriladi: karavotlarning uzun tomonlari oʻrtasida — 0,65 m, tashqi devorlardan — 0,6 m, isitish moslamalaridan — 0,2 m, ikkita karavotning bosh qismlari oʻrtasida — 0,3 m.
8.13. Oʻrnatma mebellardan foydalanishga sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgandagina ruxsat etiladi.
8.14. Bolalar individual choyshablar, sochiqlar va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlanishi kerak. Kichik yoshdagi bolalar uchun bir martalik tagliklardan foydalanishga sanitariya qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi.
8.15. Hojatxonalarga bolalar sochiqlari va shaxsiy gigiyena vositalari uchun alohida katakchali devorga oʻrnatiladigan yoki osma ilgaklar, xoʻjalik javonlari, tozalash anjomlari uchun javon oʻrnatiladi. Barcha statsionar uskunalar ishonchli tarzda mahkamlangan boʻlishi shart.
1,5 yoshgacha boʻlgan yasli yoshidagi bolalar hojatxonalariga tuvaklarni saqlash uchun katakchali javonlar (stellajlar) oʻrnatiladi. Tuvaklar markirovka qilingan boʻlishi lozim.
Bir martalik tagliklarni havo namligi yuqori boʻlgan xonalarda saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. OSHXONA USKUNALARI, MAHSULOTLARNI YETKAZIB BERISH VA SAQLASHGA DOIR TALABLAR
9.1. Oshxonaning tuzilishi, jihozlanishi va saqlanishiga qoʻyiladigan talablar umumiy ovqatlanishni tashkil etish, ularda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini tayyorlash hamda muomalada boʻlishiga oid sanitariya qoidalari va meʼyorlariga, shuningdek, oshxonalarda ishlash chogʻida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha namunaviy yoʻriqnomaga muvofiq boʻlishi kerak.
9.2. Texnologik uskunalar, anjomlar, idish-tovoqlar va tara idishlari sanitariya qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologiya xulosasiga ega boʻlgan materiallardan tayyorlanadi hamda xom va tayyor mahsulotlar uchun markirovka qilinadi.
9.3. Ovqat tayyorlash uchun elektr asbob-uskunalar (sharbat chiqargichlar, mikserlar, artish mashinalari va h.k.) va elektr plitalardan foydalaniladi. Gazlashtirilgan hududlarda gaz plitalarini oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan muassasalarda koʻmir, oʻtin, qattiq yoqilgʻida ishlaydigan plitalarni oʻrnatish taqiqlanadi. Oshxona binosi soʻrma ventilyatsiya bilan jihozlanadi.
9.4. Yuvish va zararsizlantiruvchi vositalarni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma ushbu vositadan foydalanadigan barcha xodimlarga (amalga oshirilayotgan ishlov berishning aniq tartibini hisobga olgan holda) yetkazilishi shart.
Bufetxonalarda, oshxona va idish-tovoqlarni yuvish xonalarida, shuningdek anjomlarga ishlov berish uchun foydalaniladigan barcha vannalar yoniga idish-tovoqlarni yuvish va anjomlarga ishlov berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalar osib qoʻyiladi. Ularda ayni paytda qoʻllanilayotgan yuvish va zararsizlantiruvchi vositalarning konsentratsiyasi hamda ishchi eritmalarni tayyorlash qoidalari koʻrsatiladi.
Yuvish va zararsizlantiruvchi vositalar quruq, yaxshi shamollatiladigan binoda saqlanadi. Eritmalar qopqogʻi zich yopiladigan toʻq rangli shisha idishlarda, yorugʻlik va namlik taʼsiridan himoyalangan holda, koʻpi bilan 5 kun saqlanadi.
9.5. Oshxona idishlarini yuvish uchun VM-1, VM-2, VM-1A, VM-2A turidagi (zanglamaydigan poʻlat, alyuminiy, dyuralyuminiy va boshqa materiallardan yasalgan kamida 2 dona) metall vannalardan foydalaniladi. Ularga smesitellar oʻrnatilib, issiq va sovuq suv tortiladi. Suv olinadigan nuqtada issiq suv harorati kamida 65 °C boʻlishi kerak.
Suvli isitish tizimidagi issiq suvdan texnologik, xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanilmaydi.
Vanna kanalizatsiyaga ulanadigan joyda qabul qilish voronkasining yuqori qismidan kamida 20 mm havo oraligʻi qoldirilishi kerak.
9.6. Qozonlar ovqat qoldiqlaridan tozalangach, yuvish vositalari qoʻshilgan, harorati 40 °C dan past boʻlmagan issiq suvda yuviladi, dush moslamali shlang yordamida issiq suv bilan chayiladi va panjarali javonlarda yoki stellajlarda toʻntarilgan holda quritiladi. Toza oshxona idishlari poldan kamida 0,5 m balandlikdagi javonlarda saqlanadi.
9.7. Goʻsht maydalash taxtalari va mayda yogʻoch anjomlar (kurakchalar, aralashtirgichlar va b.) avval yuvish vositalari qoʻshilgan issiq suvli (50 °C) birinchi vannada yuviladi, soʻngra ikkinchi vannada harorati 65 °C dan past boʻlmagan issiq suvda chayiladi, ustidan qaynoq suv quyiladi va yaxshilab quritiladi.
Metall anjomlar yuvilgandan soʻng duxovkada qizdirib olinadi; goʻshtqiymalagichlar ishlatib boʻlingach, qismlarga ajratiladi, yuviladi, ustidan qaynoq suv quyiladi va puxta quritiladi.
9.8. Har bir guruh uchun ovqatlanish va choy idishlari alohida ajratiladi. Idishlar fayans yoki chinnidan (likop, likopcha, piyola), oshxona anjomlari esa (qoshiq, sanchqi, pichoq) zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan boʻlishi mumkin. Qirrasi uchgan, darz ketgan, singan, shakli oʻzgargan, siri koʻchgan idishlardan, shuningdek, plastmassa va alyuminiydan yasalgan anjomlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bir vaqtda foydalaniladigan oshxona idishlari va anjomlari soni guruhdagi bolalarning roʻyxat boʻyicha soniga mos kelishi shart. Xodimlar uchun alohida idish-tovoq boʻlishi lozim.
Idish-tovoqlar bufetda saqlanadi.
Idish-tovoqlar va oshxona anjomlari har bir guruh xonasining bufetiga oʻrnatilgan 2 yoki 3 boʻlmali vannalarda yuviladi.
Oshxona idishlari oziq-ovqat qoldiqlaridan mexanik tozalanib, yuvish vositalari yordamida harorati 45 °C dan past boʻlmagan suvda (birinchi vanna) yuviladi, soʻngra dush nasadkali egiluvchan shlang bilan harorati 65 °C dan past boʻlmagan issiq oqar suvda (ikkinchi vanna) chayiladi va maxsus panjaralarda quritiladi.
Piyolalar birinchi vannada yuvish vositalari bilan issiq suvda yuviladi, ikkinchi vannada issiq oqar suvda chayiladi va quritiladi.
Oshxona anjomlari mexanik tozalangach va yuvish vositalari bilan yuvilgach (birinchi vanna), issiq oqar suvda (ikkinchi vanna) chayiladi. Toza oshxona anjomlari oldindan yuvilgan metall kassetalarda dastalari yuqoriga qaratilgan holda tik saqlanadi.
Yuqumli kasallik holatlari yuzaga kelganda, idish-tovoqlar belgilangan tartibda zararsizlantiriladi (dezinfeksiya qilinadi). Idishlarni zararsizlantirish uchun har bir guruh xonasiga oʻrnatiladigan quritish shkafidan foydalanish tavsiya etiladi. U mavjud boʻlmagan taqdirda, idishlarni dezinfeksiyalovchi eritmaga ivitib qoʻyish uchun har bir guruhda qopqoqli maxsus idish boʻlishi lozim.
9.9. Yasli guruhlarida sutli aralashmalardan keyin shishachalar choʻtka (yorsh) va yuvish vositalari yordamida iliq oqar suvda yuviladi, soʻngra avtoklavda 120 °C haroratda 45 daqiqa davomida sterillanadi yoki 15 daqiqa suvda qaynatilib, markirovkalangan va qopqogʻi yopiq sirlangan idishda saqlanadi. Choʻtkalar ishlatilganidan keyin oqar suvda yuviladi va 30 daqiqa qaynatiladi, quritilib, quruq holda saqlanadi.
Emziklar (soʻrgʻichlar) ishlatilganidan soʻng yuviladi, 15 — 20 daqiqaga 2 foizli ichimlik sodasi eritmasiga ivitib qoʻyiladi, keyin suvda chayiladi, 30 daqiqa suvda qaynatiladi va qopqogʻi yopiq, markirovkalangan idishda saqlanadi.
9.10. Oshxonadagi ishchi stollar va guruh xonalaridagi stollar har bir ovqatlanishdan soʻng maxsus latta bilan, yuvish vositalari qoʻshilgan issiq suvda yuviladi.
Epidemiologik vaziyat murakkablashganda idish yuvish mochalkalari, choʻtkalari va stollarni artishga moʻljallangan lattalar 15 daqiqa davomida kalsinatsiyalangan soda qoʻshilgan suvda qaynatiladi yoki dezinfeksiyalovchi eritmaga ivitib qoʻyiladi, soʻngra kun oxirida yuvish vositasi bilan yuvib-chayiladi, quritiladi va maxsus markirovkalangan idishda saqlanadi.
9.11. Oshxona va guruh xonalaridagi oziq-ovqat chiqindilari qopqoqli, markirovkalangan metall chelaklarga yoki pedalli idishlarga yigʻiladi. Ular hajmining 2/3 qismidan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlishiga qarab tozalanadi. Har kuni kun oxirida chelaklar va idishlar toʻlgan-toʻlmaganidan qatʼi nazar, kanalizatsiya traplari ustida shlanglar yordamida tozalanadi, 2 foizli kalsinatsiyalangan soda eritmasi bilan yuviladi, soʻngra issiq suv bilan chayilib, quritiladi.
9.12. Oshxona binolarida har kuni tozalash ishlari amalga oshiriladi: pollar yuviladi, chang va oʻrgimchak toʻrlari artiladi, radiatorlar, deraza tokchalari tozalanadi; har hafta yuvish vositalaridan foydalangan holda devorlar, yoritish moslamalari yuviladi, oynalar chang va qurumdan tozalanadi va hokazo. Oyda bir marta barcha binolar, uskunalar va anjomlarni dezinfeksiya qilish bilan birga umumiy tozalash ishlarini oʻtkazish zarur.
9.13. Oshxona binolarida chivinlar, suvaraklar va kemiruvchilarga qarshi sanitariya-profilaktika chora-tadbirlari, ular paydo boʻlganda esa Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda (5-ilova) ruxsat etilgan kimyoviy preparatlardan foydalangan holda qirish tadbirlari oʻtkaziladi.
9.14. Oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish uchun moʻljallangan stollar zanglamaydigan poʻlat yoki duraluminiydan yasalgan yaxlit metall boʻlishi kerak. Xom goʻsht va baliqqa ishlov berish uchun moʻljallangan stollarning usti (burchaklari yumaloqlangan) ruxlangan temir bilan qoplanadi.
9.15. Xom va tayyor mahsulotlarni boʻlish uchun alohida kesish stollari, pichoqlar hamda yoriqlari va tirqishlari boʻlmagan, silliq qilib randalangan qattiq navli yogʻochdan yasalgan taxtalar boʻlishi lozim. Plastmassa, yogʻoch-qirindili plita (DSP), yogʻoch-tolali plita (DVP), presslangan fanerdan yasalgan kesish taxtalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9.16. Kesish taxtalari va pichoqlar quyidagicha markirovka qilinishi kerak: “XGʻ” — xom goʻsht, “XT” — xom tovuq, “XB” — xom baliq, “XS” — xom sabzavotlar, “QGʻ” — qaynatilgan goʻsht, “QB” — qaynatilgan baliq, “QS” — qaynatilgan sabzavotlar, “Gastronomiya”, “Seld baligʻi”, “N” — non, “Koʻkatlar”, “S.Y.” — sariyogʻ.
9.17. Tayyor ovqatni pishirish va saqlash uchun zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan idishlardan foydalanish kerak. Alyuminiy va dyuralyuminiy idishlar faqat ovqat pishirish va uni qisqa muddat saqlash uchungina ishlatiladi. Kompotlar zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan idishlarda tayyorlanadi. Sut qaynatish uchun alohida idish ajratiladi.
9.18. Oshxona va choy idishlari toʻplamlarining soni ovqatlanish paytida idish va anjomlarga qoʻshimcha ishlov bermagan holda bolalarning bir vaqtning oʻzida ovqatlanishini toʻliq taʼminlashi lozim.
9.19. Oziq-ovqat mahsulotlarini tashish ularning saqlanishini taʼminlaydigan va ifloslanishdan himoya qiladigan sharoitlarda amalga oshirilishi zarur.
9.20. Tez ayniydigan mahsulotlar yopiq, markirovka qilingan idishlarda tashiladi. Yilning issiq faslida tez ayniydigan va oʻta tez ayniydigan mahsulotlar tashish harorati rejimini saqlashni taʼminlaydigan sovitiladigan yoki izotermik transportda (muzsiz 1 soat va muz bilan 3 soat) olib boriladi. Mahsulotlarni tashish uchun ajratilgan transport vositasi sanitariya pasportiga ega boʻlishi shart. Avtotransport kuzovining ichki qismi sanitariya ishlovi berish oson boʻlgan material bilan qoplanadi va javonlar bilan jihozlanadi.
9.21. Oziq-ovqat xomashyosi va mahsulotlariga yoʻlda hamrohlik qiluvchi hamda ularni ortish va tushirish ishlarini bajaruvchi shaxslar sanitariya kiyimidan (xalat, qoʻlqop) foydalanadi, shuningdek, belgilangan namunadagi tibbiy koʻrikdan, laboratoriya tahlillaridan, kasbiy gigiyenik tayyorgarlikdan va attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida qaydlari bor shaxsiy tibbiy daftarchaga ega boʻlishi shart.
9.22. Mahsulotlarni tashishga moʻljallangan transport vositalari toza saqlanishi kerak. Ulardan odamlarni va boshqa turdagi yuklarni tashish uchun foydalanish taqiqlanadi.
9.23. Mahsulot tashuvchi transport vositasiga har kuni haydovchi tomonidan sanitariya ishlovi beriladi, dezinfeksiya esa 10 kunda bir marta oʻtkaziladi.
9.24. Bazadan mahsulotlar olib kelinadigan idishlar markirovkalangan boʻlishi va faqat belgilangan maqsadda ishlatilishi lozim. Kleyonka va boshqa turdagi qoplar, metall va yogʻoch yashiklar, bidonlar, flyagalar ishlatib boʻlingach tozalanishi, 2 foizli kalsinatsiyalangan soda eritmasi (1 litr suvga 20 g preparat) qoʻshilgan suvda yuvilishi, qaynoq suv bilan chayilishi, quritilishi va ifloslanishdan himoyalangan joylarda saqlanishi kerak. Ularga ishlov berish maxsus ajratilgan xonada amalga oshiriladi. Mahsulotlarni tashish uchun oshxona anjomlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9.25. Bolalar uyiga keltiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ularning sanitariya talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologiya xulosasiga hamda respublikada amaldagi oziq-ovqat mahsulotlariga oid sanitariya qoidalari va meʼyorlari asosidagi muvofiqlik sertifikatlariga ega boʻlishi shart.
Mahsulotlar sifatini omborchi va tibbiyot xodimi (xom mahsulotlar brakeraji) tekshiradi, tibbiyot xodimi maxsus jurnalga qayd etib boradi. Kuzatuv hujjatlarisiz, saqlash muddati oʻtgan va aynish belgilari boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini Bolalar uyiga qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bolalar uyi hududidan yigʻib olingan sabzavot va meva hosilidan bolalar ovqatlanishida faqat sanitariya-epidemiologiya xulosasi mavjud boʻlgandagina foydalanishga ruxsat etiladi.
9.26. Tez ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlari amaldagi sanitariya qoidalari talablariga muvofiq sovutish kameralari yoki muzlatkichlarda +2 dan +6 °С gacha haroratda saqlanadi. Muzlatkich va sovutish kameralaridagi haroratni nazorat qilish uchun termometrlar oʻrnatiladi. Agar faqat bitta sovutish kamerasi mavjud boʻlsa, goʻsht, baliq va sut mahsulotlarini saqlash joylari bir-biridan qatʼiy ajratilishi hamda yuvish va ishlov berish uchun qulay boʻlgan maxsus javonlar bilan jihozlanishi shart.
9.27. Muzlatilgan parranda goʻshti va baliq yetkazib beruvchining idishida, stellajlar yoki tagliklarda saqlanadi.
9.28. Flyaga yoki shishadagi sut qanday idishda kelgan boʻlsa, oʻsha idishda saqlanishi kerak.
9.29. Sariyogʻ javonlarda zavod oʻramida yoki pergamentga oʻralgan boʻlaklar holida patnislarda saqlanadi. Yirik pishloqlar toza stellajlarda saqlanadi (pishloqlarni ustma-ust taxlaganda, ularning orasiga
karton yoki fanera qatlamlar), mayda pishloqlar isteʼmol idishlarida javonlarda saqlanadi. Smetana va tvorog qopqoqli idishlarda saqlanadi. Smetana va tvorog solingan idishlarda qoshiq yoki kurakchalarni qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Qutilardagi tuxumlar quruq va salqin xonalarda tagliklarda saqlanadi.
9.30. Yorma, un, makaron mahsulotlari quruq xonada, qoplarda yoki karton qutilarda, poldan kamida 15 sm balandlikdagi tagliklarda yoxud javonlarda saqlanadi. Devor bilan mahsulotlar orasidagi masofa kamida 20 sm boʻlishi kerak.
9.31. Non javonlar va shkaflarda saqlanadi, bunda pastki javon poldan kamida 35 sm balandlikda boʻlishi lozim. Shkaf eshikchalarida shamollatish uchun teshiklar boʻlishi kerak. Non saqlanadigan joylar tozalanayotganda ushoqlar maxsus choʻtkalar bilan supurib olinadi, javonlar esa oshxona sirkasining 1 foizli eritmasiga namlangan latta bilan artiladi.
9.32. Kartoshka va ildizmevalar quruq, qorongʻi xonada, karam esa alohida javonlar va sandiqlarda saqlanadi. Koʻkatlar va mevalar yashiklarda, salqin joyda, harorat +12 °С dan oshmagan sharoitda saqlanadi.
Oʻziga xos hidga ega boʻlgan mahsulotlar hidni oʻziga singdiruvchi mahsulotlardan (sariyogʻ, shakar, tuz, tuxum, choy, pishloq) alohida saqlanishi kerak.
9.33. Flyagadagi pasterizatsiya qilinmagan sut isteʼmol qilishdan oldin, qaynab chiqqan paytdan boshlab 2-3 daqiqadan koʻp boʻlmagan vaqt davomida majburiy qaynatilishi lozim. Qaynatilgandan soʻng u sovitiladi va qopqogʻi yopiq idishda saqlanadi. Agar sutni olgandan keyin darhol ishlatish imkoni boʻlmasa, u +4...+6 °С haroratda muzlatkichda saqlanadi.
9.34. Ovqat tayyorlashda quyidagi qoidalarga rioya qilinadi:
Bolalar uyi sharoitida achitilgan sutli aralashmalar va tvorog tayyorlashga faqat hududiy DSENM bilan kelishilgan holdagina ruxsat etiladi.
xom va pishirilgan mahsulotlarga ishlov berish tegishli tamgʻa (markirovka)ga ega boʻlgan kesish taxtalari va pichoqlardan foydalanilgan holda alohida stollarda amalga oshiriladi;
texnologik uskunalar roʻyxatiga xom va tayyor mahsulotlarni alohida tayyorlash uchun kamida 2 ta goʻshtqiymalagich kiritilishi lozim.
9.35. Oziq-ovqat mahsulotlariga pazandalik ishlovi berishda taomlarni tayyorlashning texnologik jarayonlarida gigiyena talablariga rioya qilish zarur:
goʻsht yoki baliq qiymasidan tayyorlangan kotletlar, bitochkilar, shuningdek, boʻlaklarga boʻlingan baliq, qaynab turgan yogʻda har ikki tomoni kamida 5 daqiqadan qovuriladi, shundan soʻng ular 250 — 280 °C haroratli duxovka yoki pishirish shkafida 5 — 7 daqiqa davomida tayyor holatga keltiriladi;
qaynatilgan goʻsht (tovuq goʻshti)dan tayyorlangan ikkinchi taomlar, shuningdek, birinchi taomga qoʻshiladigan maydalangan goʻsht ikkilamchi termik ishlovdan oʻtkaziladi — bulonda 5 — 7 daqiqa davomida qaynatiladi va tarqatilgunga qadar +75 °C haroratda 1 soatdan ortiq boʻlmagan muddatda saqlanadi;
omletlar pishirish shkafida 180 — 200 °C haroratda 2,5 — 3 sm qalinlikda 8 — 10 daqiqa davomida tayyorlanadi; tuxum suv qaynagandan soʻng 10 daqiqa davomida pishiriladi; tuxum har qanday taomda ishlatilishidan oldin sanitariya qoidalari talablariga muvofiq oldindan ishlovdan oʻtkaziladi (yaxshilab yuviladi); tuxumni Bolalar uyi oshxonasining ishlab chiqarish sexlarida yetkazib beruvchining kassetnitsalarida (gʻiloflarida) saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi;
sosiskalar, qaynatma kolbasalar albatta qaynatib pishiriladi (issiq ishlov berish qaynash boshlanganidan soʻng 5 daqiqa oʻtgach yakunlanadi);
garnir uchun makaron mahsulotlari va guruch koʻp miqdordagi suvda (kamida 1:6 nisbatda), keyin chayıb olinmasdan qaynatiladi;
tvorogli zapekankalar pishiriq shkafida 220 — 280 °С haroratda 20 — 30 daqiqa davomida tayyorlanadi, tayyor taom qatlamining balandligi 3-4 sm dan oshmasligi kerak.
9.36. Sabzavotlarga oshpazlik ishlovi berishda vitaminlarni saqlab qolish uchun quyidagi qoidalarga rioya qilish lozim: sabzavotlarning poʻsti yupqa qilib archiladi va bevosita pishirishdan oldin tozalanadi; iyersinioz va psevdotuberkulyozning oldini olish maqsadida sabzavotlarni oldindan ivitib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi. Birinchi taomlarni tayyorlashda sabzavotlarni pishirishdan oldin toʻgʻrab, faqat qaynab turgan suvga solish kerak. Koʻkatlar esa tayyor taomlarga dasturxonga tortish vaqtida qoʻshiladi.
Mevalar isteʼmol qilishdan oldin albatta yuvilishi shart.
Xom sabzavotlardan salat tayyorlash uchun oʻtgan yilgi hosil sabzavotlaridan faqat mart oyigacha foydalanishga ruxsat etiladi.
Vinegret va salatlar uchun moʻljallangan sabzavotlar poʻsti bilan qaynatiladi, sovitiladi; qaynatilgan sabzavotlar sovuq sexda yoki pishirish sexidagi qaynatilgan mahsulotlar uchun moʻljallangan stolda tozalanadi va toʻgʻraladi. Taom tayyorlash uchun sabzavotlarni bir kun oldin qaynatib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9.37. Tayyorlangan vaqtdan boshlab dasturxonga tortilgunga qadar birinchi va ikkinchi taomlar issiq plita ustida koʻpi bilan 2-3 soat turishi mumkin.
Kefir, ryajenka, qatiq va boshqa achitilgan sut mahsulotlari tarqatishdan oldin bevosita shishalardan chashkalarga quyib beriladi.
Achigan sutdan faqat xamir tayyorlash uchun foydalanish mumkin.
9.38. Taomlarni tayyorlashda faqat davlat standartlari talablariga mos keladigan yodlangan osh tuzi ishlatiladi.
9.39. Oziq-ovqat toksikoinfeksiyalari paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olish maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
avvalgi ovqatlanishdan qolgan oziq-ovqat qoldiqlarini va bir kun oldin tayyorlangan taomni ishlatish;
oʻz-oʻzidan ivitilgan qatiq (samokvas), pasterizatsiya qilinmagan sutdan goʻshtli yoki tvorogli quymoqlar, maydalangan tuxumli makaron, flotcha makaron, qovurilgan tuxum (glazunya), kremli qandolat mahsulotlari, kremlar, morslar, pashtetlar tayyorlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bolalar ovqatlanishida quyidagilardan foydalanish qatʼiyan man etiladi: qoʻziqorinlar; qaynatilmagan flyagadagi sut, flyagadagi tvorog va smetana; issiqlik ishlovi berilmagan konservalangan yashil noʻxat; ichi aynigan (mirajli) va havo qatlami katta boʻlgan tuxumlar, qaqshagan va singan tuxumlar; suvda suzuvchi parrandalar tuxumi va goʻshti; veterinariya nazoratidan oʻtmagan baliq va goʻsht, ichi tozalanmagan va yarim tozalanmagan parrandalarni qabul qilish; germetik oʻramdagi uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari; germetikligi buzilgan, qopqogʻi qappaygan (bombaj), zang bosgan bankadagi konservalar; turli aralashmalar bilan ifloslangan va ombor zararkunandalari bilan zararlangan yorma, un, quruq mevalar; mogʻor bosgan va chirish alomatlari boʻlgan sabzavot va mevalar.
Bolalar taomnomasida ziravorlar, achchiq taomlar, sunʼiy oziq-ovqat qoʻshimchalaridan foydalanish tavsiya etilmaydi:
tarkibida sunʼiy oziq-ovqat qoʻshimchalari (sintetik xushboʻylagichlar, boʻyoqlar) boʻlgan mahsulotlar, jumladan, alkogolsiz gazlangan ichimliklar, qandolat mahsulotlari, saqich, chipslar va boshqalar;
tuzlangan sabzavot va mevalar (bodring, pomidor, olxoʻri, olma);
pazandalik yogʻlari;
yogʻliligi 72% dan past boʻlgan sariyogʻ;
dudlangan mahsulotlar;
mayonez, murch, xantal, yerqalampir, sirka, tabiiy qahva.
9.40. Har hafta yoki 10 kunda bir marta tibbiyot xodimi har bir bolaga beriladigan mahsulotlarning oʻrtacha kunlik meʼyori bajarilishini nazorat qiladi va zarur hollarda, keyingi oʻn kunlikda taomnomaga tuzatish kiritadi. Tibbiyot hamshirasi oyiga bir marta jamlanma qaydnomasi yakunlari boʻyicha asosiy oziq-ovqat moddalarini (kaloriya miqdori, oqsillar, yogʻlar va uglevodlar sonini) hisoblab chiqadi. Mahsulotlar toʻplami nomlari boʻyicha alohida-alohida, toʻliq assortimentda taqdim etilishi lozim. Jamlanma qaydnomasidagi har bir mahsulot boʻyicha bir oylik maʼlumotlar yosh guruhlari boʻyicha bolakunoʻrin soniga boʻlinadi, natijada oʻtgan oyda bir bola bir kunda oʻrtacha olgan har bir mahsulotning oʻrtacha vaznli miqdori aniqlanadi.
Yangi uzilgan sabzavotlar, mevalar va ularning sharbatlari boʻlmaganda, bolaning yoshiga qarab uchinchi taomlarni askorbin kislotasi bilan vitaminlashtirish tavsiya etiladi (10-jadval).
Vitaminlashtirilgan taomlar qayta isitilmaydi.
9.41. Tayyor ovqatni tarqatishga faqat tibbiyot xodimi namuna olib, taomlarning taʼm sifatini, tayyorligini baholab, tayyor taomlar brakeraji jurnaliga tegishli yozuv kiritganidan keyingina ruxsat beriladi. Porsiyali taomlarning vazni menyu-taqsimotda koʻrsatilgan taom chiqimiga mos kelishi shart. Taom tayyorlash texnologiyasi buzilgan hollarda, shuningdek, taom tayyor boʻlmaganda, faqat aniqlangan pazandalik kamchiliklari bartaraf etilganidan soʻng uni tarqatishga ruxsat etiladi.
9.42. Har kuni tayyor mahsulotdan sutkalik namuna qoldirilishi lozim. Epidemiologik vaziyat noqulay boʻlganida mikrobiologik tahlil oʻtkazish imkoniyati boʻlishi uchun sutkalik namuna toʻliq hajmda olinadi: porsiyali taomlar — toʻliq porsiyasi bilan, birinchi taom va garnirlar — kamida 100 grammdan. Namuna qopqoqli steril shisha idishga olinadi (garnirlar va salatlar alohida idishlarga solinadi) va 24 soat davomida maxsus muzlatkichda yoki sut-qatiq mahsulotlarini saqlash uchun moʻljallangan muzlatkichdagi maxsus ajratilgan joyda +2...+6 °C haroratda saqlanadi. Sutkalik namunaning toʻgʻri olinishi va saqlanishini tibbiyot xodimi nazorat qiladi.
10. OVQATLANISHNI TASHKIL ETISH
Bolalar uyida oʻsayotgan organizmning fiziologik ehtiyojlariga sifat va miqdor jihatdan mos keladigan oqilona ovqatlanishni tashkil etish alohida ahamiyatga ega, chunki bu yerga bolalar koʻpincha hayotining ilk kunlaridanoq, zaiflashgan holda, ijtimoiy nochor oilalardan yoki sogʻligʻida nuqsonlar bilan shifoxonalardan kelib tushadi.
10.1. Soʻnggi yillarda Bolalar uylariga markaziy asab tizimining turli shikastlanishlariga (genetik kasalliklar, tugʻma nuqsonlar, tugʻuruq jarohatlari va boshqalar) ega boʻlgan bolalar koʻproq kelib tushmoqda. Ularning ovqatlanishini tashkil etish katta eʼtibor va individual yondashuvni talab qiladi.
10.2. Bolalar uylarida bolalarni emizish va ovqatlantirish, birinchi navbatda, ularning ozuqa moddalariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, har bir bolaning individual rivojlanish xususiyatlari va jamoada tarbiyalanish sharoitlarini hisobga olgan holda tashkil etilishi kerak. Ovqatlanishni tashkil etishda asosiy ozuqa moddalariga boʻlgan sutkalik ehtiyojning yoshga oid fiziologik meʼyorlariga rioya qilish lozim.
Izoh: Bir yoshgacha boʻlgan bolalarning oqsil, yogʻ, uglevod va energiyaga boʻlgan ehtiyoji 1 kg tana vazniga nisbatan hisoblanadi.
3 oylikkacha boʻlgan bolalarning oqsilga boʻlgan ehtiyoji, ular biologik qiymati (BQ) 80% dan yuqori boʻlgan ona suti yoki ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan oziqlantirilganda koʻrsatilgan. Biologik qiymati 80% dan past boʻlgan sut mahsulotlari bilan oziqlantirilganda esa bu koʻrsatkichni 20 — 25% ga oshirish lozim.
Bolalar uyida bolalar doimiy ravishda jamoa ichida boʻladilar, bu esa ularning asab-ruhiy faoliyatida oʻziga xos holatni yuzaga keltiradi.
Kattalar bilan muloqotning yetishmasligi, boshqa bolalar bilan doimiy muloqotda boʻlish, ziddiyatli va stressli vaziyatlarning tez-tez yuzaga kelishi, shovqin taʼsiri shular jumlasidandir. Maxsus tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, bola bu salbiy taʼsirlarni yengib oʻtish uchun maʼlum miqdorda energiya sarflaydi — bu miqdor qulay uy sharoitida tarbiyalanayotgan bolanikiga qaraganda taxminan 10% koʻproqdir.
10.3. Shunga muvofiq, bolaning asosiy ozuqa moddalariga boʻlgan ehtiyoji ham ortadi. Shu sababli, Bolalar uyida bolalar uchun taomnomani belgilash va unga tuzatish kiritishda fiziologik meʼyorlarning yuqori chegarasiga (oziq-ovqatni oʻzlashtira olishini hisobga olgan holda) amal qilish kerak.
10.4. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar va hayotining ilk oylaridagi goʻdaklarni oziqlantirish uchun quruq sutli aralashmalardan foydalaniladi.
Quruq adaptatsiyalangan sutli aralashmalardan foydalanishda ularni tayyorlashning toʻgʻri uslubiga eʼtibor qaratish muhim. Bunda yorliqda koʻrsatilgan maʼlumotlar va aralashmaga muhtoj boʻlgan bolalar soni hisobga olinishi zarur.
10.5. Quruq kukun miqdori boʻyicha yoʻriqnomaga aniq rioya qilish kerak, chunki haddan tashqari quyuq yoki suyuq qilib tayyorlangan aralashmadan foydalanish birdek nomaqbuldir.
Bolalar uyida goʻdaklarni oziqlantirishni toʻgʻri tashkil etish shifokordan katta eʼtibor va muayyan tajribani talab qiladi. Shifokor goʻdakka, ayniqsa, ilk yoshdagi, gipotrofiya holatida kelgan chaqaloqqa yoki chala tugʻilgan bolaga birinchi marta ozuqa tayinlayotganda ehtiyotkorona yoʻl tutishi lozim. Har bir holatda bolaning salomatligi, jismoniy rivojlanish darajasi, Bolalar uyiga kelgunicha boʻlgan sharoiti hamda tugʻuruqxonada, shifoxonada yoki oilada olgan ozuqasini hisobga olgan holda individual yondashish talab etiladi.
10.6. Ilk yoshdagi goʻdaklarga (hayotining birinchi haftalarida) avval qanday oziqlangan boʻlsa, oʻsha ozuqani qoldirib, soʻngra asta-sekin bolaning yoshi va salomatligiga mos ratsionga oʻtkazish lozim. Agar bola nima bilan oziqlangani haqida maʼlumot boʻlmasa, unga yoshiga mos yoki biroz kamroq miqdorda moslashtirilgan sutli aralashma berib koʻrish kerak. Oradan 1 — 3 kun oʻtgach, bolaning ahvoli qoniqarli boʻlsa, uni yoshiga mos oziqlantirish tartibiga oʻtkazish mumkin.
10.7. Bola uchun zarur boʻlgan ozuqa hajmi uning yoshi va tana vazniga qarab belgilanadi. Hayotining ilk 10 kunidagi bolalar uchun sutkalik ozuqa miqdori quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi: bolaning tana vaznining 2%i uning yashagan kunlari soniga koʻpaytiriladi. Masalan, tana vazni 3500 g boʻlgan bola hayotining 5-kunida 350 ml sut yoki aralashma (70x5), 7-kunida esa 490 ml (70x7) oladi. Hayotining 10-kuniga kelib, u isteʼmol qiladigan ozuqa miqdori 20% ga (2%x10) yoki tana vaznining 1/5 qismiga yetadi. Bola 2 oylik boʻlgunicha shu hajmdagi ozuqani olishi kerak. 2 oydan 4 oygacha boʻlgan davrda sutkalik ozuqa hajmi tana vaznining 1/6 qismini, 4 oydan 6 oygacha — 1/7, 6 oydan oshganda — 1/8 qismini tashkil etadi va 1 yoshgacha 1 litrga yetkaziladi.
10.8. Ushbu ozuqa hajmlari dastlabki taomnomani belgilashda taxminiy meʼyor sifatida qaralishi lozim. Keyinchalik bolaning ishtahasiga qarab, tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Bola uchun zarur boʻlgan ozuqani uning 1 kg tana vazniga toʻgʻri keladigan asosiy oziq moddalarga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib hisoblash eng toʻgʻri usuldir. Bolaning vazni, agar u 3000 g dan kam vazn bilan tugʻilgan boʻlsa ham, tugʻilishdagi tana vazniga oʻtgan oylar davomida qoʻshilishi kerak boʻlgan vaznni qoʻshish orqali aniqlanadi. Tugʻilganda bolaning vazni 3000 g dan 2500 g gacha boʻlishi (homiladorlikning 38 — 40-haftasida) — bachadon ichi gipotrofiyasi hisoblanadi. Bolalar uyida hisob-kitoblar bir yoshgacha boʻlgan barcha bolalarga dastlabki taomnoma tayinlanayotganda, soʻngra oyiga kamida bir marta, gipotrofiya belgilari boʻlgan va chala tugʻilgan bolalar uchun esa 10 — 15 kunda kamida bir marta amalga oshiriladi.
10.9. Sogʻlom bolalar uchun ovqatlanish hisob-kitobi, bola normal rivojlanganda uning haqiqiy vazniga mos keladigan kerakli tana vaznining har 1 kg uchun amalda isteʼmol qilgan ozuqasi asosida amalga oshiriladi. Kerakli vazn hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi: tugʻilgandagi tana vazniga (agar u 3000 g dan kam boʻlmasa) hayotining 1-oyida 600 g, 2- va 3-oylarida 800 g dan qoʻshiladi, keyingi har bir oyda esa avvalgisidan 50 g kam qoʻshib boriladi. Agar bola 3000 g dan kam tana vazni bilan tugʻilgan boʻlsa, uning kerakli tana vaznini aniqlashda u tugʻilgan vazn boshlangʻich vazn sifatida olinadi. Bunda hayotning 1-yilidagi tana vazni ortishi jadvalidan foydalanish zarur, unda har qanday yashagan davr uchun tana vaznining ortishi koʻrsatilgan. Ovqatlantirish sxemasi (11-jadval) va bolalarning ozuqaviy qoʻshimchalarga boʻlgan ehtiyojiga qarab, ratsionga asosiy boʻlmagan qoʻshimcha ovqatlar (sharbatlar, mevali pyure, tuxum sarigʻi, tvorog, oʻsimlik va sariyogʻ) va asosiy qoʻshimcha ovqat mahsulotlarini (sabzavotli pyure, boʻtqalar, goʻshtli pyure, shoʻrva, achitilgan sutli aralashmalar) oʻz vaqtida kiritish zarur.
Eslatma: 11-12 oylik, allergiyasi yoʻq bolalarga haftasiga 1-2 marta goʻshtli pyure oʻrniga baliqli pyure berish mumkin.
10.10. Emizikli bolalar guruhlarida bola haqiqatda qancha ozuqa olayotganini hisobga olish uchun har bir bolaga ozuqasini yozib borish uchun individual karta (124/U-sonli hisobga olish shakli) ochiladi. Bu kartada shifokor ovqatlantirish soatlarini belgilaydi, har bir ozuqa turining miqdorini koʻrsatadi, hamshira esa bola har bir ovqatlantirishda (har bir ozuqa turi boʻyicha) aslida qancha yeganini har kuni qayd etib boradi. Shu kartada, shuningdek, bolaning axlati, kekirishi, qusishi bor-yoʻqligi har kuni qayd etiladi, vaqti-vaqti bilan tana vaznining oʻzgarishi ham belgilanadi. Shifokor ushbu maʼlumotlar asosida ozuqa miqdorini hisoblab chiqadi va zarur boʻlsa, ozuqaning sifat tarkibiga tuzatishlar kiritadi.
Shifokor oy boshida bolaga ozuqa tayinlab, bola haqiqatda olayotgan ozuqasi boʻyicha, uning haqiqiy tana vazniga nisbatan oʻrtacha 7 kunlik hisob-kitobni amalga oshiradi: 3000 g (tugʻilgandagi tana vazni) + 3200 g (4 oy 10 kun ichida vazn ortishi) = 6200 g.
Ozuqa kartalari odatda 15 kunga toʻldiriladi. Ratsion oʻzgarganda (yangi qoʻshimcha ozuqa kiritilsa yoki taomlar almashtirilsa), yangi ozuqa kartasi ochiladi. Bola haqiqatda olgan ozuqa miqdorini (har bir ovqatlantirishda va tayinlangan har bir mahsulot boʻyicha) toʻgʻri qayd etilishini nazorat qilib borish juda muhim.
Shaxsiy kartalardan tashqari, har bir bola uchun ovqatlantirish soatlari va tayinlangan taomnoma koʻrsatilgan guruhning umumiy ovqatlanish qaydnomasi boʻlishi tavsiya etiladi. Bu ovqatlantirish jarayonini toʻgʻri tashkil etishga va shifokor koʻrsatmalarini aniq bajarishga yordam beradi.
10.11. Ovqatlanish tartibi har bir bola uchun uning yoshi, sogʻligʻi va ishtahasiga qarab alohida belgilanadi. Bunda bolaning holati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bolalar uyiga kelgan yangi tugʻilgan, chala tugʻilgan va zaiflashgan bolalar odatda hayotining dastlabki 5-6 oyida kuniga 7 mahal ovqatlantiriladi, zarurat boʻlganda esa dastlabki uch oyda bundan ham tez-tez ovqatlantirilishi mumkin. Ayrim sogʻlom, oʻz vaqtida tugʻilgan bolalar hatto goʻdaklik davrida ham 6,5 soatlik tungi tanaffus bilan har 3,5 soatda 6 mahal ovqatlanishi mumkin. Bunday tartib odatda qoʻshimcha ovqat berish boshlanguniga qadar saqlanadi, shundan soʻng 6 oylik bolalar 8 soatlik tungi tanaffus bilan har 4 soatda 5 mahal ovqatlantirishga oʻtkaziladi. Bir yoshga toʻlganda yaxshi rivojlanayotgan bolalarni kuniga 4 mahal ovqatlantirishga oʻtkazish mumkin.
Bir yoshdan oshgan bolalarning ovqatlanishi
10.12. Bir yoshga toʻlgan bolalar odatda “polzunkoviy” (2 “D”) deb ataluvchi stolga oʻtkaziladi, bu ovqat hazm qilish jarayonlarining takomillashgani va chaynash apparatining rivojlanganligi bilan izohlanadi. Biroq Bolalar uyida bir yoshdan oshgan bolalar ham koʻpincha individual ovqatlanishga, ratsionni muntazam hisoblab borish va unga tuzatish kiritishga muhtoj boʻladi (chala tugʻilgan, gipotrofiyadan aziyat chekuvchi, zaiflashgan, shifoxonadan oʻtkazilgan bolalar). Umumiy stolga oʻtkazishda nafaqat yoshni, balki birinchi navbatda har bir bolaning salomatligi va jismoniy rivojlanishini hisobga olish lozim.
10.13. 1 — 3 yoshli bolalar ovqatlanishining oʻziga xosliklari ularning oshqozon-ichak yoʻllari va bezlarining funksiyasi hamda tuzilishi asta-sekin kattalar organizmining tegishli koʻrsatkichlariga yaqinlashib borishi bilan bogʻliq. 1,5 — 2 yoshgacha ezilgan yoki maydalangan taomlardan foydalaniladi. 3 yoshga kelib, taomlarga pazandalik ishlovi berish usullari deyarli kattalarnikiga oʻxshab qoladi. Mahsulotlar toʻplami oʻsha asosiy guruhlarni oʻz ichiga oladi. Ratsiondagi oqsillar, yogʻlar va uglevodlarning tavsiya etilgan nisbati 1:1:4 ni tashkil etadi. Hayvonot oqsillarining miqdori umumiy miqdorning 60 — 70 foizigacha kamayadi. Oʻsimlik yogʻlarining ulushi esa yogʻga boʻlgan sutkalik ehtiyojning 20 foizigacha (6 g) oshiriladi.
10.14. Ratsionning sabzavotli qismida turli xil sabzavotlardan, jumladan gulkaram, koʻk noʻxat, qovoqcha, oshqovoq va boshqalardan kengroq foydalanish kerak. Salatlar, shoʻrvalar va garnirlarga qoʻshish orqali bolalarni koʻkatlarga oʻrgatib borish lozim. Sarimsoqdan, ayniqsa, OʻRK avj olgan davrlarda foydalanish zarur.
Bolalar uyida bolalarni tarbiyalash va ovqatlantirishning oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda, agar qarshi koʻrsatmalar boʻlmasa, bolalarga vaqti-vaqti bilan shokoladli konfetlar berish mumkin.
10.15. 1 — 3 yoshda kuniga 4 mahal ovqatlanish tartibi eng fiziologik hisoblanadi. Oshqozonning yoshga bogʻliq hajmiga qarab belgilanadigan bir martalik va sutkalik taom porsiyalarining tavsiya etilgan miqdori 12-jadvalda keltirilgan. Bir yoshdan oshgan bolalarning sutkalik taom miqdori quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi: 1000 ml + bir yoshdan keyingi har bir yil uchun 100 — 150 ml.
10.16. Chaynash apparatining bosqichma-bosqich rivojlanishi ratsionga chaynashni talab qiladigan taomlarni kiritish imkonini beradi. Bolani bu jarayonga oʻrgatish uchun uning taomnomasiga asta-sekin va qatʼiyat bilan quyuq taomlar — kotlet, teftel koʻrinishidagi goʻshtli yoki baliqli taomlar va mayda toʻgʻralgan qaynatilgan goʻsht, qirgʻichdan oʻtkazilgan xom sabzavotli salatlarni kiritish lozim. Tvorogdan puding va zapekankalar tayyorlanadi. Ikki yoshda goʻshtni bugʻda pishirilgan kotlet yoki bitochki koʻrinishida, baliqni esa suyaklaridan tozalab, bir boʻlak holida berish mumkin.
10.17. 1 — 1,5 va 1,5 — 3 yoshli bolalar ovqatlanishining sanab oʻtilgan barcha xususiyatlarini hisobga olgan holda, ular uchun mahsulotlarga oshpazlik ishlovi berish usullari va taomlar miqdori boʻyicha tabaqalashtirilgan taomnomalar ishlab chiqiladi.
10.18. Bir yoshdan oshgan bolalar uchun, xuddi 1 yoshgacha boʻlgan bolalardagi kabi, taomnoma tuzishda ularning yoshi, jismoniy rivojlanish darajasi va asosiy ozuqa moddalariga boʻlgan ehtiyoji hisobga olinadi. 1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning oqsilga boʻlgan ehtiyoji tana vaznining har bir kilogrammiga 3,5 — 4 g ni tashkil etadi, bunda oqsillarning 75 foizi hayvon mahsulotlari hissasiga toʻgʻri kelishi kerak. Yogʻlarga boʻlgan ehtiyoj ham tana vaznining har bir kilogrammiga 3,5 — 4 g ni tashkil qiladi. Bolalarning harakatchanligi yuqori boʻlgani sababli, ularning uglevodlarga boʻlgan ehtiyoji asta-sekin tana vaznining har bir kilogrammiga 12 — 14 g gacha ortadi. Shunday qilib, bu yoshdagi bolalarda oqsillar, yogʻlar va uglevodlar oʻrtasidagi nisbat 1:1:4 ni tashkil etadi.
10.19. Bolalar ovqatlanishini toʻgʻri tashkil etishda ovqatlanish tartibiga rioya qilish katta ahamiyatga ega. Bir yoshdan oshgan bolalar odatda kuniga 4 mahal ovqatlantiriladi. Biroq Mehribonlik uylarida 1,5 — 2 yoshgacha boʻlgan koʻplab bolalar beshinchi (tungi) ovqatlanish sifatida kefir yoki sut ichishda davom etadi. Bu, ayniqsa, jismoniy rivojlanishdan orqada qolayotgan, nimjon va ishtahasi past bolalar uchun tavsiya etiladi.
Bir yoshdan oshgan bolalarda sutkalik ozuqa hajmi asta-sekin 1100 — 1200 ml (g) dan 1500 ml (g) gacha ortadi. 1,5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bir martalik ozuqa miqdori taxminan 300 ml (g) ni, yoshi kattaroq bolalar uchun esa 350 — 400 ml (g) gacha (tushlikda 450 ml (g)) oshiriladi.
Kaloriyasi boʻyicha nonushta kunlik kaloriyaning 25 foizini, tushlik — 35 foizini, ikkinchi tushlik — 15 foizini va kechki ovqat — 25 foizini tashkil etishi kerak. Nonushta va tushlikda oqsil hamda yogʻga boy mahsulotlar (goʻsht, baliq, tuxum), ikkinchi tushlikda — sut-qatiq mahsulotlari va mevalar, kechki ovqatda esa yengil hazm boʻladigan sutli-oʻsimlikli taomlar tavsiya etiladi, chunki tungi uyqu vaqtida ovqat hazm qilish jarayonlari sekinlashadi. Kechki ovqatda chanqoqni va markaziy asab tizimini qoʻzgʻatuvchi ozuqalarni berish mumkin emas.
Oqilona tuzilgan menyudagi taomlar toʻplami bolalarning asosiy oziq moddalar va energiyaga boʻlgan bir kunlik ehtiyojini taʼminlaydi.
Taomnoma qanchalik xilma-xil boʻlsa, bolalarning barcha zarur ozuqa moddalarini, ayniqsa, vitaminlar, minerallar va mikroelementlarni olish kafolati shunchalik yuqori boʻladi. Bir xil ovqatlanishda, bir turdagi mahsulotlarni tez-tez isteʼmol qilishda ratsionning oqsil, mineral yoki vitaminli qismida tanqislik yuzaga keladi. Bolalar uyida menyu tuzishda har bir mavsum uchun ishlab chiqilgan 10 kunlik istiqbolli taomnomalardan foydalanish lozim. Taomnomada asosiy oziq moddalariga boʻlgan ehtiyoj, taomlarning toʻgʻri almashtirilishi va ratsionni vitaminlar bilan boyitish hisobga olinadi. Menyuni tuzishda baʼzi mahsulotlar (sut, sariyogʻ, goʻsht, non, shakar, sabzavotlar, mevalar, sharbatlar) ratsionga har kuni kiritiladi, baʼzi mahsulotlarni (tvorog, smetana, pishloq, baliq, tuxum) esa haftasiga 2 — 4 marta berish mumkin, biroq bunda u yoki bu mahsulotning haftalik meʼyori toʻliq sarflanishi shart. Kunlik taomnoma tuzishda istiqbolli taomnomaning tegishli kuni asos qilib olinadi. Biror mahsulot boʻlmagan taqdirda, u teng qiymatli boshqasi bilan almashtiriladi. Shu maqsadda mahsulotlarni almashtirish jadvalidan foydalanish qulay boʻlib, unda yetishmayotgan mahsulotdagi asosiy ozuqa moddalari miqdorini toʻldirish uchun oʻrnini bosuvchi mahsulotdan qancha olish kerakligi koʻrsatilgan. Jadval har bir mahsulotning oqsil miqdoriga koʻra tuzilgan; unda, shuningdek, ratsionga qancha yogʻ va shakar qoʻshish yoki undan chiqarib tashlash zarurligi ham koʻrsatib oʻtilgan.
Har kunga moʻljallangan menyu-jadvalda har bir ovqatlanish uchun taomlar roʻyxati, taomning porsiyasi (miqdori), uning tarkibiga kiruvchi mahsulotlar miqdori (1 bola va butun yosh guruhi hisobida) koʻrsatiladi. Taomlar hajmi va ularni tayyorlash usullari turlicha ekanini inobatga olib, 1,5 yoshgacha va undan katta yoshdagi bolalar uchun alohida taomnoma tuzish tavsiya etiladi. Bunda u yoki bu guruhga salomatligi va rivojlanish darajasiga qarab yoshi yaqin bolalar kiritilishi mumkin. Odatda, har bir muassasada individual ovqatlanishga muhtoj bolalar boʻladi. Ular uchun qoʻshimcha taomlar yoki ayrim mahsulotlarning boshqalari bilan almashtirilishi menyu-jadvalning alohida ustunida qayd etilishi kerak.
11. BOLALARNING TIBBIY TAʼMINOTI VA SALOMATLIGI HOLATINI BAHOLASHGA DOIR TALABLAR
11.1. Bolalarning tibbiy taʼminoti Bolalar uyi shtatidagi tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari davolash-profilaktika va sogʻlomlashtirish tadbirlarini oʻtkazadi. Tibbiyot xodimlari maʼmuriyat bilan bir qatorda ovqatlanish rejimi va sifatini, sanitariya-epidemiologiya qoidalari hamda meʼyorlari talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Tibbiyot xodimlari profilaktik va joriy dezinfeksiyani tashkil etadi va nazorat qiladi.
11.2. Tibbiyot xonasi uskunalar va anjomlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak (6-ilova). Tibbiyot blokida yetarli maydon boʻlsa, fizioterapiya xonasi jihozlanadi (7-ilova).
11.3. Bolalar salomatligi holatining yaxshilanishi davolash-sogʻlomlashtirish ishlarining samaradorlik mezoni hisoblanadi. Bolalar salomatligining holati joriy kuzatuvlar asosida va profilaktik koʻriklar yakunlari boʻyicha baholanadi.
11.4. Bolalarning jismoniy rivojlanishini baholash hayotining birinchi yilida har oy, ikkinchi yilida — har chorakda, keyinchalik esa yiliga 2 marta (kuz, bahor) antropometrik koʻrsatkichlar (tana uzunligi va vazni) maʼlumotlariga koʻra oʻtkaziladi va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun jismoniy tayyorgarlikni sinash natijalari bilan toʻldiriladi.
11.5. Har bir bolaning salomatlik holati erishilgan jismoniy va asab-ruhiy rivojlanish darajasi, koʻrikdan oldingi yil davomidagi oʻtkir kasallanishlar, tekshiruv paytida surunkali kasalliklarning mavjudligi yoki yoʻqligi va ularning qaytalanish chastotasi, organizm asosiy tizimlarining funksional holati darajasini inobatga olgan holda kompleks baholanadi.
11.6. Jamoaning salomatlik holatini baholash quyidagi koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi:
umumiy kasallanish (darajasi va tuzilishi);
oʻtkir kasallanish (darajasi va tuzilishi);
bir bolaga toʻgʻri keladigan kasallanish holatlari va kunlari soni;
tez-tez kasallanadigan bolalar (TKB) foizi;
salomatlik indeksi;
morfofunksional nuqsonlari bor bolalar foizi;
surunkali kasalliklarga chalingan bolalar foizi;
bolalar uyiga moslashish natijasida salomatligida buzilishlar yuzaga kelgan bolalar foizi;
bolalarni jismoniy rivojlanish guruhlari boʻyicha taqsimlash;
bolalarni salomatlik guruhlari boʻyicha taqsimlash;
sogʻlomlashtirish tadbirlariga muhtoj bolalarni taqsimlash.
11.7. Bolalarning har bir yosh guruhi uchun kasallanishni kamaytirish va salomatligini mustahkamlashga qaratilgan kompleks sogʻlomlashtirish tadbirlari rejasi tuziladi.
11.8. Bolalar Mehribonlik uyiga oʻtkazilishidan bir yil oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, takroriy tibbiy koʻrik esa bevosita oʻtkazilishidan oldin amalga oshiriladi.
12. KUN TARTIBINI TASHKIL ETISHGA DOIR TALABLAR
0 yoshdan 2 yoshgacha boʻlgan goʻdak yoshdagi bolalarning kun tartibi.
Yoshga mos keladigan kun tartibi bolaning muvozanatli va tetik holatini taʼminlaydi, asab tizimini toliqishdan asraydi hamda jismoniy va ruhiy rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi.
12.1. Hayotining birinchi yilida bolalarning jadal rivojlanish surʼatini hisobga olish va tarbiya jarayonida quyidagi yosh davrlariga mos keluvchi dasturiy talablarni oʻz vaqtida amalga oshirishga oʻtish muhim: tugʻilgandan 2,5 — 3 oylikkacha, 3 oydan 5-6 oylikkacha, 5-6 oydan 9-10 oylikkacha, 9-10 oydan 1 yoshgacha.
Agar bola fiziologik jihatdan tayyor boʻlsa, uni keyingi yoshga mos tartibga asta-sekin oʻtkazish lozim. Bunda faqat bolaning yoshini emas, balki uning jismoniy rivojlanishi, sogʻligʻi va individual xususiyatlarini ham inobatga olish zarur.
12.2. Barcha kun tartibi jarayonlari (ovqatlantirish, gigiyenik parvarish, tuvakka oʻrgatish, kiyimini almashtirish va hokazolar) bolalar bedor boʻladigan xonada amalga oshiriladi. Ayrim bolalarni ovqatlantirish, uxlatish va kiyimlarini almashtirish vaqtida guruhdagi boshqa bedor bolalarni yoki ayvonda uxlayotganlarni kuzatib turish zarur. Ovqatlantirish stollari va yoʻrgaklash stollari bir bolaga xizmat koʻrsatilayotganda boshqa bolalarni ham kuzatish mumkin boʻladigan tarzda joylashtirilishi lozim. Bolalar hojati hamda xodimlarning qoʻl yuvishi uchun moʻljallangan yuvgichlar (sovuq va issiq suvli joʻmraklar hamda chanoq) bolalar bedor boʻladigan guruh xonasida va tungi uyqu tashkil etilgan yotoqxonada boʻlishi shart. Yuvgich yonida yoʻrgaklash stoli va kir kiyimlar uchun idish turishi kerak. Bolalarning kiyimlarini almashtirish uchun moʻljallangan toza kiyim-kechak zaxirasi yoʻrgaklash stolida saqlanadi.
12.3. Bolalar hayotining ilk haftalaridanoq tez uxlab qolishga va osoyishta uxlashga oʻrgatiladi. Yilning har qanday faslida ular kunduzgi uyquning barcha vaqtini toza havoda oʻtkazishlari, har kuni kamida 4 — 6 soat havoda boʻlishlari kerak. Yozda, kuzning quruq kunlarida, qishda (-15 °C gacha) va bahorda bolalar hovlida yoki ochiq ayvonda uxlashlari lozim. Kuchli shamol esganda, sovuq havo harorati
15 °C haroratda, kuchli yomgʻirda bolalar ayvonda yoki derazalari ochiq xonada uxlashlari kerak. Bolalarning kunduzi hovlida uxlashi uchun ustki qismi koʻtariladigan aravachalar boʻlishi maqsadga muvofiq. Yangi kelgan bolalar toza havoda uxlashga asta-sekin oʻrgatib boriladi. Kichik yoshdagilar, nimjonroq va ertaroq uygʻongan bolalar birinchi boʻlib yotqiziladi. Ulardan keyin yoshi kattaroq, baquvvatroq va hammadan keyin uygʻongan bolalar yotqiziladi. Bolalarning manejda uxlab qolishiga yoʻl qoʻymaslik zarur. Uyqu vaqtida tinchlik saqlanishi kerak.
12.4. Toʻgʻri ovqatlantirilganda, bolalar ovqatlanish vaqtida oʻzlari uygʻonadilar. Uygʻongan bolani darhol oʻrnidan turgʻizib ovqatlantirish kerak, faqat soʻrish qobiliyati sust bolalar bundan mustasno. Bolani shoshmasdan, majburlamasdan, ogʻriq yoki yoqimsiz hissiyotlar uygʻotmaydigan tarzda ovqatlantirish lozim.
Oʻzi oʻtira olmaydigan bolalarni katta odam qoʻlida ovqatlantiradi: besh oylikkacha — yarim yotiq, soʻngra — yarim oʻtirgan holda, olti oydan keyin esa
kattalarning tizzasiga oʻtqizib ovqatlantiriladi. Oʻtirishni oʻrgangan bolalar surma oʻrindiqli baland stolda ikkitadan ovqatlantiriladi. 11 oydan oshgan bolalarni ovqatlantirish uchun pastak toʻrtburchak stol va oyoq qoʻygichli ikkita qoʻshma stul boʻlgani maʼqul. 11-12 oylik bolalar kattalarning ozgina yordami bilan stolga oʻzlari kelib, stulga oʻtira olishlari kerak. Bir vaqtning oʻzida bu yoshdagi ikkitadan ortiq bolani ovqatlantirish tavsiya etilmaydi.
12.5. 4-5 oylikdan boshlab bolada ozodalik koʻnikmasini shakllantirish, 8 — 8,5 oyligidan, yaʼni bola mustaqil oʻtira oladigan boʻlganidan keyin esa, uni tuvakka oʻrgatish kerak. Bolani tuvakka faqat bunga ehtiyoj sezganda — uyqudan quruq uygʻongan boʻlsa, uyqudan keyin, bedorlik vaqtining oʻrtasida, uxlashdan oldin oʻtkazish lozim. Bu kuniga 3-4 martadan oshmasligi va bola tuvakda uzoq qolib ketmasligi kerak. Bir yoshgacha boʻlgan bolalarni kechasi tuvakka oʻtkazish tavsiya etilmaydi. Hayotining birinchi yilidagi bolalarni har kuni choʻmiltirish maqsadga muvofiq. Birinchi yarim yillikdagi bolalarni istalgan uyqu vaqtidan oldin choʻmiltirish mumkin, lekin toʻrtinchi kunduzgi uyqudan oldin, 6 oylikdan soʻng uchinchi kunduzgi uyqudan oldin, 9 oylikdan keyin esa tungi uyqudan oldin choʻmiltirgan maʼqulroq.
12.6. Tarbiyachi har bir bola bilan kuniga bir necha marta alohida oʻyin-mashgʻulotlar oʻtkazishi zarur. Bu mashgʻulotlarni bolaning mustaqil oʻyinlari bilan navbatlashtirib turish hamda u muayyan koʻnikmalarni oʻzlashtirib borgani sari murakkablashtirish lozim.
12.7. 5-6 oylik va undan katta yoshdagi bolalar bilan yakka tartibdagi mashgʻulotlar bilan birga nutqni tushunishni, diqqatni rivojlantirish va bolalarning koʻnglini ochish uchun guruhli oʻyin-mashgʻulotlar, shuningdek, musiqa mashgʻulotlari ham oʻtkazilishi kerak.
Ikki va uch yoshli bolalarning kun tartibi
12.8. Ikki yoshli bolalar bilan barcha kun tartibi jarayonlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak, chunki ular hali toʻliq mustaqil emas, kattalar yordamiga muhtoj boʻladi va oʻz navbatini kuta olmaydi. Uzoq kutish va harakatsizlik bolaning xulq-atvori buzilishiga hamda toliqishiga sabab boʻladi.
12.9. Yilning sovuq davrida va bahorda bolalarning uyqusi ayvonda tashkil etiladi. Bu, ayniqsa, qishda kam sayr qiladigan 1,5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun muhimdir. Bolalar uxlaydigan xonadagi havo haroratini 15 °C gacha pasaytirish tavsiya qilinadi. 1,5 yoshdan oshgan bolalar yilning sovuq davrida kuniga 2 marta — nonushtadan keyin va tushlikdan keyin sayrga chiqadilar.
12.10. Yilning sovuq davrida 1,5 yoshgacha boʻlgan bolalar birinchi kunduzgi uyqudan soʻng, tushlikdan oldin suv muolajalarini oladilar, yozda esa sayrdan keyin, ikkinchi kunduzgi uyqudan oldin oladilar. 5,5 yoshdan oshgan bolalar yilning sovuq davrida kunduzgi uyqudan soʻng, yozda esa sayrdan keyin, tushlikdan oldin suv muolajalarini oladilar.
12.11. 1,5 yoshdan soʻng bolalar mashgʻulotlarning turiga qarab 8 — 12 kishilik guruhlarga birlashtiriladi. Mashgʻulotlarning davomiyligi 1,5 yoshgacha 8 — 10 daqiqa, 1,5 yoshdan 2 yoshgacha 10 — 15 daqiqani tashkil etadi. 1,5 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan mashgʻulotlar ikkinchi tetiklik davrida oʻtkazilishi lozim. 1,5 yoshdan 2 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan esa ertalabki va kechki tetiklik davrlarida oʻtkazish kerak.
12.12. Hayotining uchinchi yilidagi bolalar kuniga 2 marta sayr qiladilar. Bolalar uxlayotgan vaqtda yotoqxonadagi havo harorati 15-16 °C boʻlishi kerak. Yozda baʼzi mashgʻulotlarni sayr paytida, maydonchada oʻtkazish mumkin. Shuningdek, ertalab nonushtadan oldin va kechqurun kechki ovqatdan soʻng bolalar bilan qoʻshimcha sayrga chiqish tavsiya etiladi.
12.13. Kun tartibida suv bilan chiniqtirish muolajalarini oʻtkazish uchun tavsiya etiladigan vaqt: yilning sovuq faslida — kunduzgi uyqudan soʻng yoki tushlikdan 30 — 40 daqiqa oʻtgach, kunduzgi uyqu oldidan; yozda — birinchi sayrdan soʻng, tushlikdan oldin; yoz faslida bu muolajani bolalar sayr qiladigan maydonchada ham tashkil etish mumkin.
12.14. Hayotining ikkinchi va uchinchi yilidagi bolalar tungi uyqudan oldin gigiyenik vanna qabul qiladilar. Ikki yoshli bolalarni haftasiga 2-3 marta, uch yoshli bolalarni esa haftasiga 2 marta (har kuni 3-4 nafardan) choʻmiltirish lozim.
12.15. Ikki-uch yoshli bolalarda fiziologik ehtiyojlarni tartibga solish davom ettiriladi (uyqudan keyin, uyqudan oldin, sayrdan oldin, shuningdek, zaruratga qarab tuvakka oʻtqaziladi). Hayotining uchinchi yilida bolalar oʻz ehtiyojlarini mustaqil ravishda tartibga solishni oʻrganadilar. Hojatxonada bir vaqtning oʻzida toʻrt nafardan ortiq bola boʻlmasligi uchun tuvakka oʻtqazish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
12.16. Hayotining uchinchi yilidagi bolalar bilan haftasiga 10 ta mashgʻulot oʻtkazish tavsiya etiladi: kuniga 2 ta mashgʻulot (har birining davomiyligi 10 daqiqa). Shanba va yakshanba kunlari mashgʻulotlar oʻtkazilmaydi, lekin tarbiyachi bolalar uchun qiziqarli oʻyinlar tashkil etishi kerak.
13. JISMONIY TARBIYANI TASHKIL ETISHGA DOIR TALABLAR
13.1. Bolalarning jismoniy tarbiyasi salomatlik holatini va jismoniy rivojlanishni yaxshilashga, oʻsib borayotgan organizmning funksional imkoniyatlarini kengaytirishga, harakat malakalari va sifatlarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.
13.2. Hayotining birinchi yilidagi bolalarning jismoniy tarbiyasi massaj va gimnastika majmualarini oʻz ichiga olgan yakka tartibdagi mashgʻulotlar shaklida amalga oshiriladi. Shifokor mashgʻulotlar majmuasini bolaning yoshi, salomatligi, jismoniy hamda asabiy-ruhiy rivojlanishini hisobga olgan holda qatʼiy individual tarzda belgilaydi.
Shifokor tavsiyalari bolaning tibbiy kartasiga majburiy tartibda qayd etib qoʻyiladi.
Hayotining birinchi yilidagi bolalar bilan mashgʻulotlar har bir bola bilan alohida, guruh xonasida, har kuni ovqatlangandan kamida 45 daqiqa oʻtgach oʻtkaziladi.
Har bir bola bilan oʻtkaziladigan mashgʻulot davomiyligi 6 — 10 daqiqani tashkil etadi.
9 oylikdan boshlab, gimnastika va massaj majmualaridan tashqari, bolalar bilan yakka tartibda turli harakatli oʻyinlar ham oʻtkaziladi. Bolalarni kichik guruhlarga (2-3 nafardan) birlashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Yakka tartibdagi mashgʻulotlar uchun balandligi 72 — 75 sm, eni 80 sm, uzunligi 90 — 100 sm boʻlgan, ustiga yupqa paxta qatlami yotqizilib, kleyonka qoplangan stoldan foydalaniladi; stol ustiga choyshab yopiladi va u har bir boladan keyin almashtiriladi.
Zarurat boʻlganda, stol oʻrniga bolalar karavotining koʻtarib mahkamlangan yon devorlariga koʻndalang qoʻyilgan yogʻoch yoki fanera shitdan foydalanish mumkin.
13.3. Hayotining ikkinchi va uchinchi yilidagi bolalar bilan jismoniy mashqlar mashgʻulotlarini tarbiyachilar kichik guruhlarda haftasiga 2-3 marta oʻtkazadi. Hayotining ikkinchi yilidagi bolalar bilan mashgʻulotlar guruh xonasida, uchinchi yilidagi bolalar bilan esa guruh xonasida yoki jismoniy tarbiya zalida oʻtkaziladi.
Jismoniy tarbiya mashgʻulotlarida guruhlarning bolalar yoshiga qarab tavsiya etiladigan toʻldirilishi va davomiyligi 14-jadvalda keltirilgan.
Yomgʻirli, shamolli va sovuq kunlarda jismoniy tarbiya mashgʻulotlari zalda oʻtkaziladi.
Yilning iliq vaqtida, qulay ob-havo sharoitlarida jismoniy mashqlar bilan bogʻliq mashgʻulotlarning aksariyati ochiq havoda oʻtkaziladi.
13.4. Bolalarning basseynda suzishini tashkil etish uchun asbob-uskunalar va anjomlarni oqilona tanlashni nazarda tutish zarur (8-ilova).
13.5. Yilning sovuq davrida basseyndagi mashgʻulotlarni sayrdan keyin oʻtkazish afzaldir. Bolalarning sovqotishini oldini olish uchun mashgʻulotlar sayrdan oldin oʻtkazilgan taqdirda, ular oʻrtasida kamida 50 daqiqalik vaqt oraligʻini taʼminlash lozim.
Basseyndagi suv harorati 30 °C (±1 °C), vanna joylashgan zaldagi havo harorati +29 °C (±1 °C), dushxonali kiyinish xonasida esa +25...+26 °C boʻlishi kerak.
Basseyndagi mashgʻulotlardan oldin va keyin bolalarning dushda choʻmilishi tashkil etiladi.
Bolalarning sovqotishini oldini olish uchun basseyndagi mashgʻulotlarni sovuq yuklama (sovuq dush, sovuq suv oqimi ostida suzish, sovuq suvli vannachada depsinish) bilan yakunlash mumkin emas.
13.6. Basseyndagi mashgʻulotning davomiyligi 15 — 20 daqiqani tashkil etadi.
Basseynda mashgʻulotlar oʻtkazilayotganda tibbiyot xodimlarining hozir boʻlishi shart.
13.7. Bolalar basseynga faqat pediatr shifokorning ruxsatnomasi bilan qatnashi mumkin.
13.8. Yozgi davrda bolalar bilan olib boriladigan sogʻlomlashtirish ishlari davolash-profilaktika chora-tadbirlari tizimining tarkibiy qismidir.
Yozgi davrda sogʻlomlashtirish samarasiga erishish uchun kun tartibida bolalarning ochiq havoda maksimal darajada boʻlishi, yoshiga mos uyqu va boshqa dam olish turlarining davomiyligi koʻzda tutiladi.
13.9. Jismoniy tarbiyaning samaradorligi har bir yosh davrida bolalar salomatligining holati, harakat sifatlari va koʻnikmalarining rivojlanish dinamikasi asosida baholanadi.
Jismoniy tayyorgarlik darajasini shifokor tibbiy kartaga qayd etadi.
13.10. Bolalarni chiniqtirish quyidagi tadbirlar tizimini oʻz ichiga oladi: kundalik hayotdagi chiniqtirish unsurlari — salqin suvda yuvinish, xonalarni yaxshilab shamollatish, toʻgʻri tashkil etilgan sayr, bino ichida va ochiq havoda kiyim bilan bajariladigan jismoniy mashqlar;
maxsus tadbirlar: suv, havo va quyosh muolajalari.
13.11. Bolalarni chiniqtirish uchun asosiy tabiiy omillar (quyosh, havo va suv) bolalarning yoshi va salomatligi holatini, Bolalar uyining xodimlari tayyorgarligi va moddiy bazasini inobatga olgan holda, uslubiy koʻrsatmalarga qatʼiy rioya qilingan holda tabaqalashtirib qoʻllaniladi.
Chiniqtirish tadbirlarining kuchi va davomiyligi yil fasli, guruh xonalaridagi havo harorati hamda epidemiologik vaziyatga qarab oʻzgartiriladi.
13.12. Har bir guruh xonasida chiniqtirish tadbirlarini oʻtkazish uchun quyidagilar boʻlishi zarur:
markirovka qilingan yengil polietilen idishlar (2 dona);
kontrastli suv quyish uchun 0,5 litr hajmli choʻmich;
mahalliy chiniqtirish (togʻorada depsinish) uchun ikkita dastasili chuqur polietilen togʻora;
individual markirovkali sochiqlar;
yogʻoch yoʻlakchalar;
quruq va hoʻl artish uchun moʻynali qoʻlqoplar (har gal artib boʻlingach, qoʻlqoplar qaynatiladi, quritiladi va yopiq idishda saqlanadi);
choyshablar — massaj gilamchalari uchun.
13.13. Jismoniy tarbiyaning tashkil etilishi ustidan olib boriladigan tibbiy va pedagogik nazorat quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
bolalar salomatligi, jismoniy va asabiy-ruhiy rivojlanishining dinamik kuzatuvi;
harakat rejimining tashkil etilishi, jismoniy mashgʻulotlarning turli shakllarini oʻtkazish metodikasi va ularning bola organizmiga taʼsiri ustidan tibbiy-pedagogik kuzatuvlar olib borish, chiniqtirish tizimining amalga oshirilishini nazorat qilish;
mashgʻulotlar oʻtkaziladigan joylar (xona, maydoncha), jismoniy tarbiya anjomlari, bolalarning kiyimlari va poyabzallarining sanitariya-gigiyena holatini nazorat qilish;
jismoniy tarbiya masalalari boʻyicha gigiyenik taʼlim berish va tarbiyalash.
14. PROFILAKTIK TIBBIY KOʻRIKLARDAN OʻTISHGA VA XODIMLARNING SHAXSIY GIGIYENASIGA OID TALABLAR XODIMLARNING SHAXSIY GIGIYENASI.
14.1. Goʻdaklar uyi barcha xodimlari belgilangan tartibda tibbiy koʻrik va tekshiruvlardan, kasbiy gigiyenik tayyorgarlikdan hamda attestatsiyadan oʻtadilar.
Har bir xodimning shaxsiy tibbiy daftarchasi boʻlishi lozim. Unga tibbiy koʻriklar va laboratoriya tahlillari natijalari, emlashlar, oʻtkazilgan yuqumli kasalliklar, shuningdek, gigiyenik tayyorgarlik va attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Tibbiy koʻrikdan, kasbiy va gigiyenik tayyorgarlikdan boʻyin tovlagan, shuningdek, tibbiy koʻriklar va kasbiy gigiyenik tayyorgarlik natijalari qayd etilgan belgilangan namunadagi shaxsiy tibbiy daftarchasiga ega boʻlmagan xodimlar ishga qoʻyilmaydi.
Profilaktik emlashlar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda, Goʻdaklar uyiga ishga kirayotgan shaxslar profilaktik emlashlarning milliy taqvimiga muvofiq emlanishi shart.
14.2. Goʻdaklar uyi xodimlari shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlari kerak: ishga toza kiyim va poyabzalda kelish; ustki kiyim, bosh kiyim va shaxsiy buyumlarni individual shkafda qoldirish; tirnoqlarni kalta qilib olish.
Ish boshlashdan oldin qoʻllarni yaxshilab yuvish, toza xalat yoki boshqa maxsus kiyim kiyish, almashtiriladigan poyabzalga ega boʻlish va sochlarni tartibga keltirib yigʻishtirib olish lozim. Texnik xodimlarda qoʻshimcha ravishda oziq-ovqat tarqatish uchun fartuk va roʻmol, xonalarni tozalash uchun esa maxsus (toʻq rangli) xalat boʻlishi kerak.
Hojatxonaga kirishdan oldin xalat yechilishi, chiqqandan soʻng esa qoʻllar sovunlab yaxshilab yuvilishi kerak; xodimlarga bolalar hojatxonasidan foydalanish taqiqlanadi.
Bolalar uyidan chiqishdan oldin xodimlar xalatni maxsus kiyimlar uchun moʻljallangan shkafga solib qoʻyadi.
14.3. Oshxona barcha xodimlarining teri qoplamlarida kesilgan, shilingan joylar, yiringli kasalliklar bor-yoʻqligini aniqlash maqsadida hamshira har kuni ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi, shuningdek, yuqori nafas yoʻllarida kataral alomatlar bor-yoʻqligini aniqlash uchun soʻroq qilib, tomogʻini tekshiradi va natijalarni belgilangan namunadagi jurnalga qayd etadi.
Oshxona xodimlari ish vaqtida uzuk, sirgʻa taqmasligi, maxsus kiyimni toʻgʻnogʻich bilan qadamasligi, ish joyida ovqatlanmasligi va chekmasligi lozim.
Xodimlar uchun kamida 3 toʻplam sanitariya kiyimi nazarda tutilishi lozim.
14.4. Quyidagi hollarda xodimlar ishga qoʻyilmaydi yoki darhol ishdan chetlashtiriladi: yuqumli kasalliklarga chalinganlar va ular bilan muloqotda boʻlganlar; yuqumli davrdagi zaxm; oʻtkir va surunkali soʻzak; moxov; yuqumli teri kasalliklari; qoʻtir, temiratki (boshning sochli qismi, silliq teri va tirnoqlarning trixofitiyasi va mikrosporiyasi); terining yiringli kasalliklari (oshxona xodimlari uchun); tananing ochiq qismlarida yaralar yoki oqmalar bilan kechadigan aktinomikoz hamda oqmalar bilan kechadigan ochiq yiringli yaralar.
15. TIBBIYOT XODIMLARI TOMONIDAN AMALGA OSHIRILADIGAN ASOSIY TADBIRLAR.
15.1. Tibbiyot xodimlari quyidagilarni amalga oshiradi:
kasallarni aniqlash maqsadida Bolalar uyiga qabul qilinayotgan bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
tarbiyalanuvchilarning, ayniqsa salomatligida nuqsoni borlarning sogʻligʻini muntazam nazorat qilib borish;
tarbiyalanuvchilarning profilaktik koʻriklarini tashkil etish va profilaktik emlashlarni oʻtkazish ishlarini;
bolalarni jismoniy tarbiya mashgʻulotlari uchun tibbiy guruhlarga taqsimlashni;
Bolalar uyi rahbari, tarbiyachilar, jismoniy tarbiya boʻyicha uslubchilarni bolalarning salomatligi holati, sogʻligʻida ogʻishlar boʻlgan bolalar uchun tavsiya etilgan rejim toʻgʻrisida xabardor qilishni;
tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida har kungi ambulator qabulni amalga oshirish, kasallangan bolalarni aniqlash, ularni oʻz vaqtida izolyatsiya qilish, baxtsiz hodisalar yuz berganda birinchi tibbiy yordam koʻrsatishni;
muassasa tarbiyalanuvchilari va xodimlari orasida yuqumli va parazitar kasalliklar aniqlangan hollarda, belgilangan tartibda tashxis qoʻyilgach 2 soat ichida hududiy sogʻliqni saqlash muassasalari va davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlariga xabar berishni;
barcha binolar hududining sanitariya holati va saqlanishini, tarbiyalanuvchilar va xodimlar tomonidan shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etilishini muntazam nazorat qilishni;
sanitariya-epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishni;
jismoniy tarbiyaning tashkil etilishini, jismoniy tarbiya mashgʻulotlari oʻtkaziladigan joylarning holati va saqlanishini tibbiy nazorat qilishni, jismoniy tarbiya tadbirlarining jins, yosh va salomatlik holatiga qarab toʻgʻri oʻtkazilishini kuzatishni;
oziq-ovqat bloki va bolalarning ovqatlanishini nazorat qilishni;
tibbiy hujjatlarni yuritishni.
16. SANITARIYA QOIDALARIGA RIOYA ETISHGA DOIR TALABLAR
16.1. Bolalar uyi rahbari quyidagilarni taʼminlaydi:
mazkur sanitariya qoidalari va meʼyorlarining mavjud boʻlishi hamda ularning mazmunini xodimlarga yetkazish;
Bolalar uyi barcha xodimlarining sanitariya qoidalari va meʼyorlari talablariga rioya etishini taʼminlash;
ishlab chiqarish va laboratoriya nazoratini tashkil etish;
sanitariya qoidalari va meʼyorlariga rioya qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
sogʻligʻi holatiga koʻra ruxsat berilgan, kasbiy gigiyenik tayyorgarlik va attestatsiyadan oʻtgan shaxslarni ishga qabul qilish;
har bir xodimning shaxsiy tibbiy daftarchasi mavjud boʻlishini taʼminlash;
Bolalar uyi barcha xodimlarining davriy tibbiy koʻriklardan oʻz vaqtida oʻtishini taʼminlash;
gigiyenik taʼlim dasturi boʻyicha kamida 2 yilda bir marta kursli gigiyenik tayyorgarlik va qayta tayyorlashni tashkil etish;
davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining qaror va koʻrsatmalarini bajarish;
xodimlarning mehnat sharoitlarini amaldagi qonunchilik, sanitariya qoidalari va gigiyena meʼyorlariga muvofiq tashkil etish;
Bolalar uyidagi texnologik, sovitish va boshqa uskunalarning soz holatda ishlashini taʼminlash;
zarurat tugʻilganda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlarini oʻtkazish;
birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun tibbiy qutichalarning mavjud boʻlishini va ularning oʻz vaqtida toʻldirib borilishini taʼminlash;
seminarlar, suhbatlar va maʼruzalar oʻtkazish orqali xodimlar bilan sanitariya-gigiyena ishlarini tashkil qilish.
16.2. Tibbiyot xodimlari sanitariya qoidalari talablariga rioya etilishi ustidan kundalik nazoratni amalga oshiradilar.
16.3. Bolalar uyi rahbari sanitariya qonunchiligini buzganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi salomatligini muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksida belgilangan tartibda intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
Bolalar uylarini qurish va saqlash boʻyicha sanitariya qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazorati Oʻzbekiston Respublikasi davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari zimmasiga yuklatiladi.
* Guruh maydonchalaridagi anjomlar oʻyin majmualariga jamlangan holda joylashtiriladi.
Fizioterapiya xonasi jihozlarining taxminiy roʻyxati
1. YUYCH-terapiya apparati.
2. UTT-terapiya apparati — ultratovush terapiyasi.
3. Bugʻli ingalyator.
4. Portativ kvars lampa.
5. Bakteritsid nurlatgich.
6. Portativ bakteritsid nurlatgich.
7. Massaj stoli-kushetkasi.
8. Ingalyator.
BEMOR BOLALARNING OVQATLANISHI
Bolalar uyida bemor bolalarga ovqatlanish tartibini belgilashda individual yondashuv, oziqlanish va moddalar almashinuvining surunkali buzilish darajasini hisobga olish zarur.
GIPOTROFIYA. Gipotrofiya bilan kasallangan bemorlarni davolash etiologik omil, kasallikning ogʻirlik darajasi, yuzaga kelish vaqti va patogenetik xususiyatlarini inobatga olgan holda kompleks tarzda olib borilishi lozim. Parhez bilan davolash (dietoterapiya) asosiy davo usuli hisoblanadi. U bolaning yoshiga oid asosiy ozuqa moddalariga boʻlgan ehtiyojini hamda ushbu kasallikdagi fiziologik imkoniyatlarini hisobga olgan holda qatʼiy individual tarzda tuzilishi kerak.
1-darajali gipotrofiyada koʻpincha ovqatlanishdagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bolaning ovqatlanishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, umumiy tartibga rioya qilish va yetarli parvarishni taʼminlashning oʻzi kifoya qiladi, shundan soʻng tana vazni yetishmovchiligi tezda yoʻqoladi. Bunda hisob-kitoblar va ovqatlanishga tuzatish kiritish, qoida tariqasida, bolaning tugʻilgandagi vazni va yashagan davri mobaynida meʼyoriy vazn ortishidan tashkil topadigan 1 kg kelib chiqishi kerak boʻlgan tana vazniga nisbatan amalga oshiriladi.
2-darajali gipotrofiyada davolashning dastlabki 2-3 kunida ovqatlanish hisobi bolaning yoshiga oid asosiy ozuqa moddalari va energiyaga boʻlgan ehtiyojlariga muvofiq, uning haqiqiy tana vazniga asosan amalga oshiriladi va qoʻshimcha suyuqlik (5% li glyukoza yoki saxaroza eritmasi, ikki baravar koʻp suv bilan suyultirilgan oral regidratatsiya aralashmalari) kiritiladi. Umumiy ovqatlanish hajmining 1/3 — 1/2 qismi miqdorida achitilgan sutli aralashmalardan foydalanish tavsiya etiladi. Bola belgilangan ovqatni yaxshi oʻzlashtirsa, ovqatlantirish hajmi ehtiyotkorlik bilan (10 — 14 kun davomida) fiziologik meʼyorgacha oshiriladi va qoʻshimcha ovqatlar ratsionga asta-sekin kiritib boriladi. Tana vazni yetarlicha surʼatda ortib borsa va dispeptik holatlar kuzatilmasa, keyingi ovqatlanish hisob-kitobi bolaning boʻlishi kerak boʻlgan tana vazniga nisbatan amalga oshirilishi mumkin. Bunda avval ratsionning uglevod va oqsil, eng soʻnggi navbatda esa yogʻli komponentlari hisoblanadi.
3-darajali gipotrofiyada moddalar almashinuvining barcha turlari, oshqozon-ichak yoʻli aʼzolari, jigar, buyraklar va endokrin tizim faoliyatida keskin buzilishlar kuzatiladi. 3-darajali gipotrofiyada, avvalo, degidratatsiya, gipoglikemiya, elektrolitlar muvozanati buzilishini bartaraf etish yoki uning oldini olish zarur. Shu maqsadda oral regidratatsiya uchun ikki barobar suyultirilgan eritmalar, shuningdek, 5% li glyukoza eritmasi qoʻllaniladi. Bola ovqati uning haqiqiy tana vazniga nisbatan sutkasiga koʻpi bilan 1-2 g/kg oqsil va 80 — 90 kkal/kg energiya hisobidan belgilanadi. Bolaning ahvoli yaxshilangani sari (2-3-kunlari) yuboriladigan suyuqlik miqdori kamaytirilib, ovqat hajmi oshiriladi. Davolashning 4-5-kunlariga kelib, bolaning haqiqiy tana vazniga mos keladigan normal fiziologik energiya ehtiyojidan kelib chiqqan holda parhezni hisoblashga oʻtiladi. Shuni yodda tutish kerakki, 3-darajali gipotrofiyasi bor bolaning oqsil va yogʻlarga nisbatan tolerantligi juda past boʻladi. Shu sababli, ularning miqdori cheklanadi va taomning zaruriy energetik quvvatini taʼminlash uchun qoʻshimcha ravishda uglevodlar kiritiladi. Bolaning holati barqarorlashib, ishtahasi paydo boʻlgach, haqiqiy tana vaznining har 1 kilogrammiga toʻgʻri keladigan barcha asosiy ozuqa moddalari hisobidan ovqatlantirishga oʻtiladi. Bunda emizish yoki ovqatlantirish soni sutkasiga 8 — 10 martagacha koʻpaytirilganicha qoladi.
Bola oʻsishi davomida tana vaznida ijobiy dinamika kuzatilsa, asosiy ozuqa moddalariga boʻlgan ehtiyoj vaqti-vaqti bilan qayta hisoblanib, uning taomnomasiga zarur oʻzgartirishlar kiritib boriladi.
Gipotrofiyaning barcha shakllarida davolovchi dozalarda vitaminlarning keng majmuasini buyurish lozim.
RAXIT. Parhez bilan davolash (diyetoterapiya) raxitga chalingan bemorlarni davolashning umumiy majmuasida juda muhim omil hisoblanadi. U patogenetik jihatdan asoslangan boʻlishi lozim. Asosiy eʼtibor taomnomadagi oqsil va yogʻ tarkibiy qismlariga hamda ularning toʻgʻri nisbatiga qaratiladi. Maʼlumki, uglevodlarga boy ovqatlanish fonida oqsil va yogʻning yetarli miqdorda isteʼmol qilinmasligi kalsiyning soʻrilishini buzadi va bu D vitaminiga boʻlgan ehtiyojning ortishiga olib keladi. Bola organizmini D, A vitaminlari, tiamin, askorbin kislotasi va boshqalar bilan oʻz vaqtida taʼminlash juda muhimdir.
Raxitda tarkibi jihatidan ona sutiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan hamda zarur mineral moddalar va vitaminlar, jumladan, D vitamini bilan boyitilgan moslashtirilgan sutli aralashmalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Shuningdek, raxit bilan ogʻrigan bolalar taomnomasiga ozuqa moddalarining, xususan, kalsiy tuzlarining soʻrilishi jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan achitilgan sut mahsulotlarini kiritish ham maqsadga muvofiqdir.
Raxit rivojlanishiga moyil boʻlgan bolalar taomnomasiga vitaminlar va mineral moddalarning boy manbai boʻlgan meva, sabzavot va rezavor sharbatlari, meva va rezavor pyurelari kabi ozuqaviy qoʻshimchalarni kiritish juda muhim. Ularni ancha erta muddatlarda — 1,5 — 2 oylikdan boshlab berish mumkin.
Birinchi asosiy qoʻshimcha ovqat sifatida sabzavotli pyure tavsiya etiladi va uni belgilangan muddatdan bir oy oldin ham berish mumkin. Pyure tayyorlash uchun kalsiy va fosfor tuzlariga boy boʻlgan sabzi, karam va sholgʻomdan kengroq foydalanish juda foydalidir. Shuningdek, pyurega goʻdaklar ratsionida odatda qoʻllanilmaydigan petrushka ildizi va ismaloq kabi sabzavotlarni, C vitamini, kalsiy va fosfor tuzlarining eng boy manbai hisoblangan yaxshilab maydalangan koʻkatlarni qoʻshish maqsadga muvofiq. Yogʻda eriydigan vitaminlar, kalsiy va fosfor tuzlari manbalari boʻlgan sariyogʻ va tuxum sarigʻini ham oʻz vaqtida ratsionga kiritish zarur.
Ikkinchi qoʻshimcha ovqat sifatida grechixa va suli yormalaridan tayyorlangan sutli boʻtqa tavsiya etiladi. Zaruriy komponentlar, jumladan, D vitamini bilan boyitilgan, sanoat usulida tayyorlangan quruq boʻtqalardan foydalanish ham qulay, ham foydalidir.
Ratsionda D vitaminining yetarli miqdorda boʻlishini nazorat qilish hamda kasallikning davri va ogʻirlik darajasiga qarab, profilaktika yoki davolash maqsadida uning preparatlarini oʻz vaqtida buyurish juda muhim. Raxitga chalingan bolani D vitamini preparatlari va parhez bilan davolashdan tashqari, toʻgʻri kun tartibi, sinchkovlik bilan parvarishlash hamda toza havoda yetarlicha sayr qildirishni taʼminlash lozim.
ANEMIYA. Bolalar uyida sunʼiy oziqlantiriladigan goʻdaklarda anemiya rivojlanganda temir moddasi, vitaminlar va mikroelementlar kompleksi bilan boyitilgan zamonaviy adaptatsiyalashgan sutli aralashmalardan foydalanish kerak. Hayotining dastlabki oylaridagi bolalar uchun tarkibida temir moddasi boʻlgan ana shunday adaptatsiyalashgan aralashmalar tavsiya etiladi. Olti oylikdan oshgan bolalarga esa oqsil miqdori yuqoriroq boʻlgan, "keyingi bosqich aralashmalari" deb ataluvchi sutli aralashmalar beriladi.
Anemiya bilan ogʻrigan bolaning taomnomasiga sharbatlar va mevali pyurelar ertaroq, yaʼni hayotining 1,5 — 2 oyligidan boshlab kiritiladi. Shuningdek, tuxum sarigʻi va qoʻshimcha oziq-ovqatning barcha turlari (sogʻlom bolalarga nisbatan 2 — 4 hafta oldin) ham ertaroq berila boshlanadi. Qoʻshimcha ovqatlantirishni sabzavotli pyuredan boshlash, bunda temir moddasi va askorbin kislotasiga boyroq boʻlgan sabzavotlarga ustunlik berish lozim. Sabzavotli pyurega temir moddasi va C vitaminining boy manbai hisoblangan, yaxshilab maydalangan koʻkatlarni (shivit, petrushka) qoʻshish mumkin.
Gem temirining manbai boʻlgan goʻshtli taomlarni bolaning ovqatlanish ratsioniga ertaroq kiritish zarur. Goʻsht qiymasini 5 oyligidan boshlab 1/4 choy qoshiq miqdorida berishni boshlab, uning hajmini asta-sekin kuniga 30 grammgacha, 8 oyligida 60 grammgacha va bir yoshga toʻlganda 70 grammgacha oshirib borish mumkin.
Katta yoshdagi (1 yoshdan oshgan) temir tanqisligi kamqonligi bilan ogʻrigan bolalar ratsionini tuzishda tarkibida temir va askorbin kislotasi moʻl boʻlgan mahsulotlarni yetarli miqdorda qoʻshishga eʼtibor qaratish lozim. Bunday mahsulotlarga goʻsht va jigardan tashqari, toʻq rangli yormalar, mevalar, rezavorlar va sabzavotlar (pomidor, anor, qoraqat, naʼmatak, olma, gilos, yashil noʻxat, gulkaram va boshqalar) kiradi.
Kamqonlikni davolashda parhez bilan birga, temir preparatlarini bolaning yoshiga mos dozada qoʻllash kerak. Temir preparatlari ovqatdan soʻng darhol askorbin kislotasi yoki qoraqat, sitrus mevalar sharbati bilan birga beriladi, bu temirning ichakda yaxshiroq soʻrilishiga yordam beradi.
Eksudativ-allergik diatezlarda ovqatlanish etiologik omil, kasallikning ogʻirlik darajasi va bolaning yoshiga qarab belgilanadi. Diatez rivojlanishida oziq-ovqat allergenlari, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarda muhim ahamiyat kasb etadi. Tuxum, sigir suti, shokolad, pishloq, baliq, ayrim dukkaklilar, shakar, shirinliklar hamda toʻq sariq yoki qizil rangli sabzavot va mevalar (qulupnay, sitrus mevalar, oʻrik, sabzi va boshqalar) allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Allergiyada parhez, shubhasiz, eliminatsiya usulida tuziladi, yaʼni organizm yuqori sezuvchan boʻlgan mahsulot ratsiondan chiqarib tashlanadi. Ayrim mahsulotlar cheklanganda, ularni oqsil, yogʻ va uglevodlarning umumiy miqdori yoshga doir meʼyorlar doirasida qolishini hisobga olgan holda boshqalari bilan almashtirish zarur. Shu maqsadda, baʼzan ratsiondagi goʻsht miqdori (individual oʻzlashtira olishga qarab) sezilarli darajada oshiriladi, bolalar ozuqasi uchun moʻljallangan maxsus goʻsht konservalari, sut oʻrnini bosuvchi sifatida esa soya oqsili asosidagi aralashmalar kiritiladi. Ratsiondan chiqarilgan yormalarning oʻrnini toʻldirish uchun ruxsat etilgan sabzavotlar koʻproq ishlatiladi. Sunʼiy oziqlantirishdagi bolada allergik reaksiyalar rivojlansa, asosan, nordon sutli aralashmalardan foydalanish kerak. Bunday mahsulotlar qatoriga nordon sutli adaptatsiyalangan aralashmalar va atsidofil aralashma kiradi. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun esa adaptatsiyalanmagan nordon sutli mahsulotlar — kefir, «Orom» va boshqalardan foydalanish mumkin.
Sigir suti oqsillariga allergiyasi boʻlgan bemorlarga qoʻshimcha ovqat, odatda, sogʻlom bolalar bilan bir xil muddatlarda tayinlanadi. Sabzavotli pyure tarkibiga qovoqcha (kabachki), gulkaram, oq karam, sholgʻom, oqish tusli qovoq va boshqa yashil hamda oq rangdagi sabzavotlar kiritiladi. Boʻtqa tanlashda ekologik toza xomashyodan tayyorlangan, temir moddasi, vitaminlar, minerallar bilan boyitilgan va pishirishni talab qilmaydigan, sanoatda ishlab chiqarilgan sutsiz boʻtqalarga afzallik berish kerak.
