9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-1171-son) · Sana: 09.09.2026 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida:
ishlab chiqarish korxonalarining texnologik uskunalarida, shu jumladan yordamchi qurilmalarida yuzaga keladigan sanoat shovqinlarining belgilangan norma talablariga muvofiqligini nazorat qiladi hamda aniqlangan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish uchun vakolatli davlat organiga yuboradi;
ishlab chiqarish korxonalarining texnologik uskunalarida, shu jumladan yordamchi qurilmalarida yuzaga keladigan shovqinning zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida tegishli korxonalar tomonidan obyektlarni shovqin pasaytirgichlar bilan jihozlash va boshqa turdagi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash yuzasidan zarur koʻrsatmalar beradi;
sanoat va ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan shovqinning zararli taʼsiridan aholini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
shovqinning zararli taʼsiriga ega boʻlgan yoki shunday taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
