13-modda. Fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqt oraligʻi
Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-1171-son) · Sana: 09.09.2026 · Amalda
Ushbu Qonunda belgilangan tartibda ish kunlari soat 23.00 dan 07.00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida, dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22.00 dan 09.00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan ortiq shovqin chiqarish orqali fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqt oraligʻida belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yoʻl qoʻyayotgan obyektlar faoliyati aholining hayoti va sogʻligʻi uchun haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan, oʻn ish kunidan ortiq muddatga ushbu organlarning arizasiga binoan sud tartibida toʻxtatib turilishi mumkin.
