11-modda. Shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasi belgilanadigan obyektlar va vaqt oraliqlari
Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-1171-son) · Sana: 09.09.2026 · Amalda
Vakolatli davlat organi tomonidan aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish maqsadida shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasi turar joylar, jamoat binolari, aholining yashash hududlari va dam olish zonalari hamda ish joylari uchun alohida belgilanadi.
Turar joylar, jamoat binolari, aholining yashash hududlari va dam olish zonalari uchun shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasi quyidagi vaqt oraliqlari uchun belgilanadi:
soat 07.00 dan 23.00 gacha (dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 09.00 dan 22.00 gacha);
soat 23.00 dan 07.00 gacha (dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22.00 dan 09.00 gacha).
Turar joy binolarida va ularga tutash hududlarda qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari oʻtkazilayotganda soat 09.00 dan 18.00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan oshadigan shovqinni yuzaga keltiradigan manbalardan foydalanish mumkin, bundan dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari mustasno.
Baʼzi hududlar uchun shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasiga qoʻshimcha talablar qonunchilik bilan belgilanishi mumkin.
