Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (466-son)
04.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-noyabrdagi PF-214-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun undiriladigan jarimaning 10 foizini huquqbuzarlik haqida xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarga toʻlash boʻyicha Yagona billing tizimi hamda gʻaznachilik tizimlariga tegishli oʻzgartirish kiritsin.
3. Adliya vazirligi ikki oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisida “Litsenziya” axborot tizimi hamda Adliya vazirligining mobil ilovalari orqali xabar berish imkoniyatini yaratsin.
4. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-sentabr,
466-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 466-son qaroriga ILOVA
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aniqlangan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarlik holatlari haqida vakolatli organlarga xabar berish, ularni koʻrib chiqish hamda xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organlar — faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishni amalga oshiradigan, shuningdek, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qiladigan maxsus vakolatli organlar va tashkilotlar;
maxsus elektron tizim — litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari bilan bogʻliq barcha jarayonlarni qamrab olgan, idoralararo elektron oʻzaro hamkorlik qilish imkoniyatiga ega boʻlgan maxsus elektron tizim;
xabardor qiluvchi — litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslar;
huquqbuzar — faoliyat bilan litsenziyasiz, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz va vakolatli organni xabardor etmasdan shugʻullangan jismoniy va yuridik shaxslar;
huquqbuzarlik — Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 165-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunining 52-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisiga asosan jarima qoʻllanishiga sabab boʻladigan faoliyat bilan litsenziyasiz, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz va vakolatli organni xabardor etmasdan shugʻullanish, shuningdek, ushbu hujjatlarning amal qilishi toʻxtatib turilganda bunday faoliyat bilan shugʻullanish.
3. Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida ragʻbatlantiriladi.
2-bob. Vakolatli organlarga huquqbuzarliklar haqida xabar berish
4. Xabardor qiluvchi huquqbuzarlik haqida vakolatli organlarga maxsus elektron tizim yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali xabar beradi.
Ushbu xabarda quyidagilar koʻrsatiladi:
xabardor qiluvchi jismoniy shaxsning pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari (shu jumladan, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
xabardor qiluvchi yuridik shaxsning nomi va STIRi;
xabardor qiluvchining telefon raqami;
xabardor qiluvchining bank kartasi raqami (hisobvaragʻi);
huquqbuzarlik turi;
huquqbuzarlik sodir etilgan hudud;
huquqbuzarlik holatlari aks ettirilgan foto yoki videoyozuvlar (agar mavjud boʻlsa);
huquqbuzar haqida qoʻshimcha maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
huquqbuzarlik holati haqida tushuntirish.
Bunda ushbu bandda nazarda tutilmagan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
5. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va videomateriallarda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
sodir etilgan huquqbuzarlik;
huquqbuzar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
huquqbuzarlik sodir etilgan sanasi va vaqti.
6. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va videomateriallarga har qanday tarzda oʻzgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Oʻzgartirish kiritilgan foto va videomateriallar koʻrib chiqilmaydi, hajmini qisqartirish maqsadida foto va videomateriallarning bevosita huquqbuzarlik aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno (qoida tariqasida, videomateriallarning davomiyligi 120 soniyadan oshmasligi lozim).
7. Huquqbuzarlik haqidagi xabar quyidagi hollarda koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi:
mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda;
maʼlumotlar haqiqiyligi tasdiqlanmaganda yoki faoliyatni amalga oshirish boʻyicha tegishli litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalar mavjud boʻlganda;
aynan bir huquqbuzarlik boʻyicha oldin xabar berilgan boʻlsa;
huquqbuzar faoliyatida aynan shu huquqbuzarlik yuzasidan tekshirish oʻtkazilayotgan boʻlsa.
Bunda tegishli asoslarni koʻrsatgan holda, vakolatli organ tomonidan xabarni koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisida uch ish kunida qaror qabul qilinadi hamda bu haqida xabardor qiluvchiga maxsus elektron tizim orqali yoki uning telefon raqamiga SMS-xabarnoma shaklida xabar yuboradi.
8. Xabardor qiluvchi tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani yuzasidan berilgan xabarlar vakolatli organ tomonidan oʻn ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
9. Xabardor qiluvchi tomonidan huquqbuzarlik toʻgʻrisida yuborilgan holatlar va materiallar Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiriladi.
10. Aynan bir huquqbuzarlik haqidagi xabar bir nechta xabardor qiluvchilardan olingan taqdirda, vakolatli organ tomonidan xabar birinchi kelib tushgan xabarga asosan koʻrib chiqiladi.
Bunda birinchi kelib tushgan xabar ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmagani sababli rad etilgan taqdirda, keyingi kelib tushgan xabar umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
11. Xabarni tekshirish natijasiga koʻra huquqbuzarlik sodir etilganlik fakti aniqlangan taqdirda, vakolatli organ qonunda belgilangan tartibda huquqbuzarga jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Xabarni tekshirish natijasiga koʻra huquqbuzarlik sodir etilganlik fakti tasdiqlanmasa, vakolatli organ xabarnoma rad etish haqida tegishli asoslarni koʻrsatgan holda qaror qabul qilinadi.
13. Vakolatli organ xabarda koʻrsatilgan huquqbuzarlik holatini tekshirish natijalari toʻgʻrisida xabardor qiluvchini maxsus elektron tizim orqali yoki uning telefon raqamiga SMS-xabarnoma shaklida xabar yuboradi.
3-bob. Xabardor qiluvchilarni ragʻbatlantirish tartibi
14. Xabardor qiluvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topgan hamda berilgan xabarga asosan vakolatli organ yoki sudning javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarori asosida aybdor shaxsdan jarima undirilgan taqdirda, xabardor qiluvchi undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti (keyingi oʻrinlarda — pul mukofoti) shaklida ragʻbatlantiriladi. Xabardor qiluvchi tomonidan pul mukofotini olish ixtiyoriy hisoblanadi.
15. Huquqbuzar tomonidan jarima toʻlangandan soʻng vakolatli organ bir ish kunida pul mukofotini xabardor qiluvchining bank kartasiga (hisobvaragʻiga) Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida oʻtkazib beradi.
16. Huquqbuzardan undirilgan jarimalar hisobidan xabardor qiluvchiga pul mukofoti toʻlangandan soʻng qolgan mablagʻlar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan xabardor qiluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
18. Xabardor qiluvchilar vakolatli organlarning qarorlari va ular xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
19. Xabardor qiluvchilar tadbirkorlarga zarar yetkazadigan yoxud ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan asossiz xabar bergan hamda ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni ragʻbatlantirish
SXEMASI
