Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (464-son)
04.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumda ilgʻor xorijiy tajribalar asosida zamonaviy bilim va malakaga ega boʻlgan, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirgan oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash, budjetdan tashqari mablagʻlar va daromadlar jamgʻarilishini taʼminlash, shuningdek, texnikum xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi;
Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash tartibi;
Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish tartibi.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermerlari kengashi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hamda Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan har yili 1-aprelga qadar Jamgʻarmaga mablagʻlar ajratib borsin.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanishni reja asosida monitoring qilsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-sentabr,
464-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 464-son qaroriga ILOVA
Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, Jamgʻarma faoliyatini boshqarish, uning mablagʻlarini taqsimlash, hisobi va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining Fargʻona viloyati Gʻaznachilik xizmati boshqarmasida ochilgan Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumning (keyingi oʻrinlarda — Texnikum) budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi hamda ushbu Nizomda belgilangan maqsadlar uchun sarflanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston fermerlari kengashi huzuridagi Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari (zaruratga koʻra texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun talab etiladigan mablagʻlar tegishli hisob-kitoblar asosida Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasidan ajratiladi);
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik koʻmaklari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari Texnikum tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarining depozit hisobvaraqlariga joylashtirilishi mumkin. Olinadigan foiz daromadlari ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflash uchun taqsimlanadi.
5. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari keyingi yilga oʻtadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
6. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
Texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
Texnikum xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ularning malakasini oshirish;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti sohasida ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish;
qishloq xoʻjaligi sohasida metodik qoʻllanmalarni tayyorlash va ommalashtirish;
ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish va oʻtkazish;
Texnikum oʻquv va ilmiy laboratoriyalarini zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan taʼminlash;
xorijiy yetakchi olim, professor-oʻqituvchi va mutaxassislarni Texnikumning oʻquv va ilmiy-metodik jarayoniga jalb etish;
Texnikumda ijtimoiy, tarbiyaviy, psixologik va boshqa oʻquv-uslubiy, ilmiy loyihalar hamda tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish (ishchi guruhlarning ish haqi, xizmat safari va boshqa xarajatlar);
pedagog kadrlar va oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika tanlovlari gʻoliblarini taqdirlash va ragʻbatlantirish;
Texnikum faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda faollik koʻrsatgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand va yetim bolalar toifalariga kiruvchi oʻquvchilarni ijtimoiy himoya qilish tadbirlari (bir yilda bir oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdoridan oshmaydigan bir martalik moddiy yordam);
xorijiy delegatsiyalarni kutib olish, transport xizmati, tarjimonlarni jalb qilish, sovgʻa va suvenirlar sotib olish, ovqatlantirish;
Texnikum rahbar va xodimlarini tajriba oʻrganish va hamkorlik oʻrnatish maqsadlarida xorijiy xizmat safariga yuborish;
Texnikum faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish.
7. Jamgʻarma mablagʻlari ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq shakllantiriladi.
8. Texnikumning kelgusi yilga rejalashtirilgan tadbirlari uchun buyurtmanoma Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning Fargʻona viloyati kasbiy taʼlim boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Boshqarma)ga Texnikum tomonidan har yili 5-dekabrga qadar taqdim etiladi.
9. Boshqarma har yili 15-dekabrga qadar Texnikum tomonidan taqdim qilingan buyurtmanomani koʻrib chiqadi va Agentlikka yuboradi.
Bunda Agentlik Qishloq xoʻjaligi vazirligiga va Oʻzbekiston fermerlari kengashiga har yili 25-dekabrga qadar Jamgʻarmaga mablagʻ ajratish yuzasidan (buyurtmanomani ilova qilgan holda) murojaat qiladi.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston fermerlari kengashi har yili 1-aprelga qadar Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hamda Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan Jamgʻarmaga mablagʻ ajratish choralarini koʻradi.
11. Texnikum rahbar xodimlari, pedagog kadrlari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining faoliyatini ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq baholash mezonlari asosida ularga quyidagi miqdorlarda bazaviy tarif stavkalariga nisbatan ustama haq belgilanadi:
65 — 70 ball toʻplasa — 40 foiz;
71 — 75 ball toʻplasa — 50 foiz;
76 — 80 ball toʻplasa — 60 foiz;
81 — 85 ball toʻplasa — 70 foiz;
86 — 90 ball toʻplasa — 80 foiz;
91 — 95 ball toʻplasa — 90 foiz;
96 — 100 ball toʻplasa — 100 foiz.
Texnikum rahbar xodimlari, pedagog kadrlari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga ushbu har oylik ustamalar oʻtgan oʻquv yili yakunlari boʻyicha yangi oʻquv yili davomida Jamgʻarma hisobidan toʻlanadi.
Bunda boshqa xodimlar faoliyatini baholash mezonlari nazarda tutilmaydi, mazkur xodimlarga tegishli direktor oʻrinbosarlari va kasaba uyushmasining bildirgisi asosida har oylik ustama belgilash, mukofotlar va ularga moddiy yordam koʻrsatish Texnikum direktorining buyrugʻi asosida belgilanadi.
12. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishda hujjatlar va maʼlumotlarning asoslanganligi va toʻgʻriligi yuzasidan Texnikum direktori va bosh hisobchisi javobgardir.
13. Jamgʻarma mablagʻlaridan uning tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida foydalaniladi.
Jamgʻarmaning xarajatlar smetasi Texnikum tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi va tasdiqlanadi hamda Fargʻona viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
4-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash
14. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash uchun kamida yetti kishidan iborat tarkibda toq sonda Jamgʻarmani boshqarish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
Komissiya tarkibi Texnikum pedagogik kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, Texnikum direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Texnikum direktori lavozimiga koʻra Komissiya raisi hisoblanadi.
Komissiya aʼzolari tarkibi shaffoflikni taʼminlash maqsadida, har oʻquv yilining boshida Texnikumning pedagogik kengashi yigʻilishida qayta koʻrib chiqiladi.
15. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hisobot yili yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish.
16. Komissiya raisi:
Komissiya majlisi kun tartibini belgilaydi va tasdiqlaydi;
Komissiya qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Komissiya aʼzolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi.
17. Komissiya aʼzolari:
Komissiya majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etadi;
Texnikum faoliyatini rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha Komissiyaga takliflar kiritadi;
Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz beradi;
Komissiya majlislarida shaxsan qatnashadilar. Bunda qatnashishning imkoni boʻlmagan taqdirda, Komissiya aʼzosi majlisning kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
18. Komissiya kotibi:
Komissiya majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyini Komissiya raisi bilan kelishadi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Komissiya aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasidan xabardor qiladi;
Komissiya qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi;
hujjatlarning yuritilishi va saqlanishini taʼminlaydi;
Komissiya bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Komissiya aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
19. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish boʻyicha Komissiya muhokamasiga kiritilgan masalalar yuzasidan Komissiya majlisi 6 oyda kamida bir marta, istisno hollarda, zaruratga koʻra oʻtkaziladi.
Zarur hollarda, Komissiya raisining tashabbusi yoki Komissiya aʼzolaridan kamida ikki nafarining taklifiga koʻra, Jamgʻarma mablagʻlari sarflanishi va taqsimlanishi masalasida Komissiyaning navbatdan tashqari majlisi chaqirilishi mumkin.
20. Komissiya ishtirok etishning ixtiyoriyligi va Komissiya vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha aʼzolarining teng huquqliligi tamoyillari asosida shakllantiriladi.
21. Komissiya majlisi Komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi, shu jumladan, Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari ishtirok etganda oʻtkazilgan hisoblanadi.
Mazkur qoida ijrosi taʼminlanmagan taqdirda, Komissiya majlisi oʻtkazilmagan hisoblanadi va uni oʻtkazishning yangi sanasi belgilanadi.
22. Komissiya majlisiga unda koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, Texnikum xodimlari taklif etilishi mumkin.
23. Komissiya qarori Komissiyaning majlisida qatnashgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya qarorlari Komissiya majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya majlisining bayonnomasi Komissiya raisi va kotibi tomonidan uch kun muddat ichida tasdiqlanadi hamda Texnikumning muhri qoʻyiladi.
Bayonnomada belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash uchun Texnikum direktori buyrugʻi uch kun ichida qabul qilinadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish
24. Jamgʻarma mablagʻlarining hisob va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat koʻrsatish ishlari Texnikumning bosh hisobchisi tomonidan amalga oshiriladi.
25. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobotlar Texnikumning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlaridan alohida yuritiladi.
26. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot har yili 31-dekabrga qadar Boshqarmaga taqdim qilinadi.
27. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazorati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ichki audit xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish
SXEMASI
Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan texnikumni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Texnikum rahbar xodimlari, pedagog kadrlari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining faoliyatini
BAHOLASH MEZONLARI
Izoh: Baholash mezonining 2-bandida koʻrsatilgan ballar oxirgi 2 yilda WorldSkills va shu kabi musobaqalarga mos keluvchi tegishli kasb yoki mutaxassislik oʻquv rejasidagi maxsus fanlar va oʻquv amaliyotlari uchun biriktirilgan oʻqituvchilar hamda ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining har biriga beriladi. Bundan tashqari fan olimpiadalari boʻyicha tegishli fan oʻqituvchilari uchun ball belgilanadi.
Joriy yilda oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan (bakalavr va magistr) bitiruvchilarga navbatdagi maqsadli malaka oshirish muddatiga qadar baholash mezonining 6-bandining birinchi qismi boʻyicha 3 ball beriladi.
Baholash mezonining 8-bandi boʻyicha mutaxassislardan iborat tashkil etilgan ishchi guruh sohaga oid savollar bilan oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bilimini baholaydi hamda ishchi guruhning tegishli qarori taʼlim tashkiloti rahbariga taqdim etiladi.
