“Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (463-son)
04.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 11-fevraldagi PQ-59-son qarori ijrosini taʼminlash, oliy taʼlim tashkilotlarining iqtidorli talabalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning startap loyihaga aylantirish imkoniyati yuqori boʻlgan gʻoyalarini aniqlash, shuningdek, tanlovlar orqali saralash va moliyalashtirish tizimini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-59-son qarorida:
“Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovining (keyingi oʻrinlarda — tanlov) birinchi bosqichi barcha davlat oliy taʼlim tashkilotlarida oʻtkazilishi va gʻoliblarga oliy taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 100 mln soʻm grant berilishi;
tanlovning birinchi bosqichi gʻoliblari uchun respublika bosqichi tashkil etilishi;
tanlovning respublika bosqichi 10 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilishi va mukofot jamgʻarmasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 10 mlrd soʻm etib belgilangani;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari xorijiy davlatlarga inkubatsiya, akseleratsiya va stajirovka dasturlariga yuborilishi nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
tanlovning birinchi bosqichi har yili 20-noyabrga qadar barcha davlat oliy taʼlim tashkilotlarida oʻtkaziladi;
gʻoliblarga oliy taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan belgilangan grantlar ajratiladi;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha mukofot pullari ajratib boriladi;
tanlovning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan innovatsion gʻoya mualliflari xorijiy inkubatsiya, akseleratsiya va stajirovka dasturlariga yuboriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat oliy taʼlim tashkilotlarining talabalari uchun tanlovning birinchi va respublika bosqichini tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni aniqlash;
tanlovning birinchi va respublika bosqichi gʻoliblari uchun grantlar ajratish;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini xorijiy davlatlarga inkubatsiya, akseleratsiya va stajirovka dasturlariga yuborish.
4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab har yili tanlovning respublika bosqichi yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlasin;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin;
tanlov natijalarini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib borilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-sentabr,
463-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 463-son qaroriga ILOVA
“Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat oliy taʼlim tashkilotlarining iqtidorli talabalari oʻrtasida “Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish, ularning startap loyihaga aylantirish imkoniyati yuqori boʻlgan gʻoyalarini saralash va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov har yili sentabr — dekabr oylarida iqtidorli talabalarni ragʻbatlantirish hamda ularning istiqbolli va innovatsion gʻoyalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkaziladi.
3. Ushbu Nizom qoidalari barcha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) bilan kelishgan holda tanlovda qatnashishi mumkin.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
innovatsion gʻoya — ilmiy dalil va asosga ega, yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishga, mavjud muammolarga yechim topishga hamda startap loyihani shakllantirishga qaratilgan loyiha;
saralash komissiyasi — oliy taʼlim tashkilotlarida tanlovning birinchi bosqichiga kelib tushadigan innovatsion gʻoyalarni saralash, gʻoliblarni aniqlash va respublika bosqichiga yoʻllanma berish uchun tashkil etiladigan komissiya;
talabgor — tanlovlarda oʻzining innovatsion gʻoyasi bilan ishtirok etadigan, oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat yoki magistratura bosqichi talabasi.
5. Tanlov ikki bosqichda tashkil qilinib, birinchi bosqich barcha davlat oliy taʼlim tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — taʼlim tashkilotlari) oʻzlarining talabalari uchun oʻtkaziladi hamda gʻoliblarga taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan umumiy miqdorda 100 mln soʻm grant ajratiladi.
6. Respublika bosqichi Agentlik tomonidan 10 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi va yoʻnalish gʻoliblarini moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan grant beriladi.
7. Tanlovning birinchi hamda respublika bosqichi gʻoliblari uchun ajratiladigan mablagʻlar innovatsion gʻoyani dastlabki namunasini yaratish uchun zarur sarflash materiallari va uskunalarni sotib olish, xorijiy inkubatsiya, akseleratsiya va stajirovka dasturlarida ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlarga yoʻnaltiriladi.
8. Tanlov ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
9. Tanlovning respublika bosqichi ushbu Nizomga 2-ilovadagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi.
2-bob. Tanlovning birinchi bosqichini oʻtkazish
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi har yili 5-sentabrga qadar birinchi bosqich shartlari va talabgorlar tomonidan saralash komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar namunalari hamda roʻyxatini tasdiqlaydi.
11. Taʼlim tashkilotlari rahbarlari tomonidan har yili 10-sentabrga qadar tanlovning birinchi bosqichida kelib tushadigan innovatsion gʻoyalarni saralash va gʻoliblarni aniqlash maqsadida kamida besh nafar toq sonli aʼzolardan iborat tarkibda saralash komissiyalari tuziladi hamda taʼlim tashkiloti rahbari buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Buyruqda saralash komissiyalarining asosiy vazifalari va majburiyatlari hamda ularga qoʻyiladigan talablar koʻrsatiladi.
12. Saralash komissiyasi tarkibi aʼzolari rais, kotib hamda taʼlim tashkilotlarining ilmiy darajaga ega xodimlari, bakalavriat va magistratura bosqichi talabalaridan iborat boʻladi.
13. Saralash komissiyalariga taʼlim tashkilotlari rahbarlarining ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarga masʼul boʻlgan prorektori raislik qiladi hamda ilmiy boʻlim rahbari kotib etib tayinlanadi.
Bunda taʼlim tashkilotlarida yoʻnalishlar boʻyicha alohida saralash komissiyalari tuzilishi mumkin.
14. Taʼlim tashkilotlari har yili 10-sentabrda oʻzlarining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida talabalar uchun tanlovning birinchi bosqichiga arizalar qabuli boshlangani toʻgʻrisida eʼlon beradi.
Eʼlonda tanlov shartlari, qabul qilish muddatlari, baholash mezonlari va zarur hujjatlar roʻyxati ochiq koʻrsatilishi lozim.
15. Tanlovda talabgorlar har yili 10-oktabrga qadar saralash komissiyasi nomiga ariza berish orqali faqatgina bitta innovatsion gʻoya bilan ishtirok etadi.
16. Saralash komissiyasi kotibi ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi va roʻyxatga oladi hamda ariza qabul qilingani toʻgʻrisida talabgorga maʼlumotnoma taqdim etadi.
17. Saralash komissiyasi har yili 10-noyabrga qadar innovatsion gʻoyalarni ochiq taqdimot shaklida koʻrib chiqqan holda baholaydi hamda gʻoliblarni aniqlaydi.
18. Taqdimot jarayonida gʻoliblar saralash komissiyasi aʼzolari tomonidan berilgan ballar umumiy yigʻindisining oʻrtacha miqdori boʻyicha aniqlanadi.
19. Saralash komissiyasi kotibi tanlovning birinchi bosqichi boshlangunga qadar saralash komissiyasi aʼzosini talabgorlarning yaqin qarindoshi ekanligini yoki tanlov natijasidan bevosita manfaatdorligini yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlarni aniqlagan taqdirda, holat yuzasidan taʼlim tashkilotlari rahbariga xabar berishi shart.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaxslar taʼlim tashkilotlari rahbarlari qarori asosida saralash komissiyasi aʼzolari tarkibidan chiqariladi hamda uning oʻrni muqobil mutaxassis bilan toʻldiriladi.
20. Tanlovning birinchi bosqichini oʻtkazish yakuni boʻyicha saralash komissiyasi bayonnomasi tuziladi va u komissiya raisi, kotibi va innovatsion gʻoyalarni baholashda qatnashgan saralash komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi.
21. Tanlovning birinchi bosqichini oʻtkazish yakuni boʻyicha tuzilgan bayonnomada quyidagilar koʻrsatilishi shart:
birinchi bosqich oʻtkazilgan joyi va sanasi, boshlangan va yakunlangan vaqti;
birinchi bosqichda qatnashgan saralash komissiya aʼzolarining roʻyxati;
birinchi bosqichda qatnashgan va tanlovga kelmagan talabgorlar roʻyxati;
saralash komissiya aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarni hisoblash natijalari, shu jumladan, har bir talabgor tomonidan toʻplangan ballar.
22. Saralash komissiyasi tanlovning birinchi bosqichi yakunida gʻoliblarni eʼlon qiladi.
23. Taʼlim tashkilotlari har yili 20-noyabrga qadar gʻoliblar uchun ajratilgan mablagʻlarni ularning nomiga ochilgan bank plastik kartalariga oʻtkazib beradi hamda tasdiqlangan bayonnoma va ularning roʻyxatini respublika bosqichida ishtirok etadigan yoʻnalishlarini belgilagan holda, Agentlikka rasmiy ravishda taqdim etadi.
24. Taʼlim tashkilotlari tanlovning respublika bosqichida qatnashishi belgilangan talabgorlarning unda ishtirok etishini taʼminlaydi hamda xizmat safari bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi.
3-bob. Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish
25. Agentlik direktori tomonidan har yili 10-noyabrga qadar tanlovning respublika bosqichida innovatsion gʻoyalarni saralash va gʻoliblarni aniqlash maqsadida kamida besh nafar toq sonli aʼzolardan iborat tarkibda har bir yoʻnalish boʻyicha alohida tanlov komissiyasi tuziladi hamda buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Buyruqda tanlov komissiyasining asosiy vazifalari va majburiyatlari hamda ularga qoʻyiladigan talablar koʻrsatiladi.
26. Tanlov komissiyasi tarkibi olimlar, tegishli vazirlik va idoralarning vakillari hamda yirik sanoat tarmoqlarining malakali mutaxassislari, shuningdek, xususiy sektor vakillaridan iborat boʻladi.
27. Tanlov komissiyasiga yoʻnalishlar boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarning vakili raislik qiladi hamda yirik sanoat tarmoqlarining malakali mutaxassisi kotib etib tayinlanadi.
28. Agentlik tanlov komissiya aʼzolarini ular bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzish orqali jalb qiladi.
29. Tanlov komissiyasining barcha aʼzolari Agentlik direktorining buyrugʻiga koʻra tanlov yakunlari boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik (barcha soliqlar ushlab qolingan holda) moddiy ragʻbatlantiriladi.
30. Tanlov komissiya aʼzolarini moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma tomonidan Agentlikni moliyalashtirish boʻyicha ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
31. Agentlik har yili 1-dekabrga qadar talabgorlar roʻyxatini shakllantiradi, taqdimot oʻtkazish sanasi va joyini belgilaydi hamda taʼlim tashkilotlariga xabar beradi.
Bunda belgilangan muddatdan keyin Agentlikka taqdim etilgan talabgorlar roʻyxati tanlovning respublika bosqichiga qabul qilinmaydi.
32. Tanlov komissiyasi har yili 20-dekabrga qadar innovatsion gʻoyalarni ochiq taqdimot shaklida koʻrib chiqqan holda baholaydi hamda gʻoliblarni aniqlaydi.
33. Taqdimot jarayonida gʻoliblar tanlov komissiyasi aʼzolari tomonidan berilgan ballar umumiy yigʻindisining oʻrtacha miqdori boʻyicha aniqlanadi.
34. Tanlovning respublika bosqichida taqdimotlar talabgorlarning bevosita ishtirokida oʻtkaziladi.
35. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan ishtirok etadigan talabgorlar taqdimotni masofaviy shaklda oʻtkazishi mumkin.
36. Tanlov komissiyasi kotiblari tanlovning respublika bosqichi boshlangunga qadar tanlov komissiyasi aʼzosini talabgorlarning yaqin qarindoshi ekanligini yoki tanlov natijasidan bevosita manfaatdorligini yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlarni aniqlagan taqdirda, holat haqida Agentlik direktoriga xabar berishi shart.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaxslar Agentlik direktori qarori asosida tanlov komissiyasi aʼzolari tarkibidan chiqariladi hamda uning oʻrni muqobil mutaxassis bilan toʻldiriladi.
37. Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish yakuni boʻyicha tanlov komissiyasi bayonnomasi tuziladi va u komissiya raisi, kotibi va baholashda qatnashgan boshqa aʼzolar tomonidan imzolanadi.
38. Tanlov komissiyasi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatilishi shart:
respublika bosqichi oʻtkazilgan joyi va sanasi, boshlangan va yakunlangan vaqti;
respublika bosqichida qatnashgan tanlov komissiya aʼzolarining roʻyxati;
respublika bosqichida qatnashgan va tanlovga kelmagan talabgorlar roʻyxati;
tanlov komissiyasi aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarni hisoblash natijalari, shu jumladan, har bir talabgor tomonidan toʻplangan ballar.
39. Tanlovning respublika bosqichida tanlov komissiyasi tanlov yakunlarida yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar roʻyxatini hamda tasdiqlangan bayonnomani Agentlikka taqdim etadi.
4-bob. Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish
40. Tanlovning birinchi va respublika bosqichi natijalaridan norozi boʻlgan talabgorlar tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tanlovning tegishli bosqichi boʻyicha apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat (shikoyat) berishlari mumkin.
Bunda tanlovning birinchi bosqichidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun taʼlim tashkilotlari rahbarlari tomonidan Apellyatsiya komissiyasi tuziladi hamda unga oʻzlari raislik qiladi.
Tanlovning respublika bosqichidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun Agentlik tomonidan Apellyatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Apellyatsiya komissiyalari) tuziladi hamda unga Agentlik direktori raislik qiladi.
41. Apellyatsiya komissiyalari tarkibi Agentlik xodimlari va sohaning malakali mutaxassislaridan iborat boʻladi.
42. Apellyatsiya komissiyalari tarkibiga saralash va tanlov komissiyasi aʼzolarining kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Apellyatsiya komissiyalari murojaat (shikoyat) kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida murojaat (shikoyat)ni koʻrib chiqadi.
Zarur hollarda, murojaat (shikoyat) muallifining, tegishli saralash va tanlov komissiyasi aʼzolari hamda tanlovning boshqa subyektlarining fikrini eshitadi.
44. Apellyatsiya komissiyalari yigʻilishi unda komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
45. Apellyatsiya komissiyalari tanlov jarayonlariga oid murojaatni (shikoyatni) koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
tanlovda talabgorlarning innovatsion gʻoyasi toʻgʻri baholangan boʻlsa, shuningdek, tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, tanlov natijalarini oʻzgartirishsiz qoldirish;
tanlovda talabgorlarning innovatsion gʻoyasi saralash yoki tanlov komissiyasi tomonidan notoʻgʻri baholangani aniqlangan taqdirda, baholash natijalarini oʻzgartirish.
46. Apellyatsiya komissiyalariga boshqa talabgorlarning ishlarini koʻrib chiqish va murojaat qiluvchining ishi bilan solishtirishga ruxsat berilmaydi.
47. Saralash va tanlov komissiyasi tomonidan baholangan talabgorning innovatsion gʻoyasida baholash mezonlariga mos kelmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, Apellyatsiya komissiyalari saralash va tanlov komissiyasi qarorlarini bekor qilish yoki ularga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
Bunda Apellyatsiya komissiyalari apellyatsiya natijalari boʻyicha asoslantirilgan maʼlumotlarni koʻrsatgan holda, tanlov natijalarini oʻzgartirish toʻgʻrisida bayonnomani rasmiylashtiradi.
48. Apellyatsiya komissiyalari qarori yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi. Bayonnoma rais va aʼzolar tomonidan imzolanadi.
49. Apellyatsiya komissiyalarining qarorlari qaror qabul qilingan kunning oʻzida murojaat qiluvchiga rasmiy ravishda yuboriladi.
50. Apellyatsiya komissiyalari qaroriga muvofiq tanlov natijalari oʻzgargan taqdirda, saralash yoki tanlov komissiyasining qoʻshimcha bayonnomasi rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
51. Talabgorlar Apellyatsiya komissiyalari qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Tanlovda gʻoliblarni aniqlash hamda taqdirlash
52. Tanlovning birinchi va respublika bosqichida innovatsion gʻoyalar saralash va tanlov komissiya aʼzolari tomonidan quyidagi 100 ballik mezonlar asosida baholanadi:
innovatsion gʻoyaning ilmiy va innovatsion yangiligi — 20 ballgacha;
innovatsion gʻoyaning dolzarbligi — 20 ballgacha;
mavjud analoglardan farqi — 20 ballgacha;
xarajatlar smetasining asoslangani — 20 ballgacha;
innovatsion gʻoyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar — 20 ballgacha.
53. Tanlovning birinchi bosqichida gʻoliblar quyidagi miqdorda grant mablagʻlari bilan taqdirlanadi:
birinchi oʻrin uchun — 50 mln soʻm;
ikkinchi oʻrin uchun — 30 mln soʻm;
uchinchi oʻrin uchun — 20 mln soʻm.
54. Tanlovning respublika bosqichida gʻolib deb topilgan innovatsion gʻoyalar Agentlik, talabgor va tashkilot oʻrtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq quyidagi miqdorda moliyalashtiriladi:
birinchi oʻrin uchun — 500 mln soʻm;
ikkinchi oʻrin uchun — 300 mln soʻm;
uchinchi oʻrin uchun — 200 mln soʻm.
Bunda Agentlik ikki oy muddatda innovatsion gʻoyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi hamda shartnomaga muvofiq mablagʻlarni taʼlim tashkilotlarining hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
55. Shartnomada innovatsion gʻoyani amalga oshirish muddatlari, amalga oshirilgan ishlar va mablagʻlarning maqsadli sarflanishi yuzasidan hisobot taqdim etish shakli hamda monitoring oʻtkazish shartlari koʻrsatiladi.
56. Agentlik tomonidan mablagʻlarning shartnoma shartlariga muvofiq maqsadsiz ishlatilganlik holatini aniqlangan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralar koʻriladi.
57. Taʼlim tashkilotlari innovatsion gʻoya moliyalashtirilganidan soʻng quyidagilarni amalga oshiradi:
ikki oy muddatda innovatsion gʻoya muallifini qabul qiluvchi xorijiy tashkilot bilan kelishuvga erishish;
kelishuvga muvofiq innovatsion gʻoya muallifini xorijiy akseleratsiya, inkubatsiya yoki stajirovka dasturiga yuborish;
xorijiy akseleratsiya, inkubatsiya yoki stajirovka dasturi yakunlarida moddiy-texnik baza bilan taʼminlash.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
58. Tanlov ishtirokchilarini homiylar oʻz sovgʻalari bilan taqdirlashlari mumkin.
59. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
60. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
“Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tanlovni tashkil qilish, innovatsion gʻoyalarni saralash va gʻoliblarni aniqlash hamda ularni moliyalashtirish
SXEMASI
“Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Respublika bosqichi oʻtkaziladigan yoʻnalishlar
ROʻYXATI
1. Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt
2. Moliyaviy texnologiyalar
3. Qishloq xoʻjaligi texnologiyalari
4. Kiberxavfsizlik
5. Sogʻliqni saqlash
6. Farmatsevtika
7. Mudofaa va xavfsizlik
8. Energiya tejamkorlik
9. Suv xoʻjaligi texnologiyalari
10. Taʼlim va ilm-fan
Izoh. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan mazkur yoʻnalishlarga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
