Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-302-son)
26.08.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasi uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini zamon talablari va faoliyat xususiyatlarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirish, shuningdek, mazkur yoʻnalishda xizmatni oʻtayotgan kadrlarning professional salohiyatini oshirish hamda doimiy monitoring qilib borish tartibini joriy qilish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida zamonaviy bilim va yuksak amaliy koʻnikmaga ega boʻlgan professional kadrlar tayyorlashning uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida kadrlarni maqsadli tayyorlashga ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkiloti sifatida transformatsiya qilish.
II. Kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish
2. Belgilansinki, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Universitetda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash hamda qoʻriqlash faoliyati (keyingi oʻrinlarda — jamoat xavfsizligini taʼminlash) yoʻnalishlarida kadrlarni tayyorlash maqsadida:
(a) Universitetning yillik qabul kvotalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishining kunduzgi taʼlim shakliga 600 nafar kursantgacha, masofaviy taʼlim shakliga 300 nafar tinglovchigacha oshirilib, ularning 3/4 qismi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi kadrlarni tayyorlashga ajratiladi;
(b) Universitet tomonidan Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun kadrlar tayyorlashda qabul kvotalari va mutaxassislik (yoʻnalish)lar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamenti bilan kelishilgan holda belgilanadi;
(v) Universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishi uchun yurisprudensiya sohasida oliy maʼlumotga ega kadrlarni tayyorlash:
(i) bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida “Yurisprudensiya (“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Jamoat tartibini saqlash faoliyati”, “Yoʻl harakati xavfsizligi faoliyati” va “Qoʻriqlash faoliyati”)” yoʻnalishlari, masofaviy taʼlim shaklida esa “Yurisprudensiya (“Jamoat xavfsizligini huquqiy taʼminlash”)” yoʻnalishi boʻyicha;
(ii) ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun magistraturada oʻqitish “Jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi boʻyicha amalga oshiriladi;
(g) Universitetda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati sohasidagi kadrlarni maqsadli tayyorlash xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha hamda bozor (savdo komplekslari)dagi profilaktika inspektorlari lavozimlari uchun amalga oshiriladi.
3. Universitetda jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida kadrlarni tayyorlash oʻquv jarayonida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) dual taʼlim tizimini tashkil etishda:
(i) 1-kursda oʻquv dasturlari huquqiy bilimlarni mustahkamlashga qaratilib, 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy mashgʻulotlardan;
(ii) 2-kursda oʻquv dasturlari ixtisoslikka yoʻnaltirilib, 60 foiz nazariy va 40 foiz amaliy mashgʻulotlardan;
(iii) 3-kursda oʻquv dasturlari amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilib, 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy mashgʻulotlardan iborat boʻladi;
(b) kursantlarning amaliy mashgʻulotlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining tegishli boʻlinmalarida amalga oshiriladi. Bunda bitiruvchi kurs kursantlari tegishli sohaviy xizmatlarda “stajyor-inspektor” lavozimida amaliyotni oʻtaydi;
(v) oʻquv mashgʻulotlariga jamoat xavfsizligini taʼminlash, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan ishlash (shu jumladan, psixologik yondashuv) sohalarida amaliy tajriba va professional mahoratga ega boʻlgan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar bir yillik shartnoma asosida Universitetning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan jalb qilinadi.
4. Milliy gvardiya (B. Tashmatov), Ichki ishlar vazirligi (A. Tashpulatov, T. Ismailov) 2026-yil 1-oktabrga qadar:
(a) Universitetning tuzilmasida amaldagi shtat birliklari doirasida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” kafedrasini tashkil qilish hamda uni yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan jamlash choralarini koʻrsin;
(b) mazkur qarorga muvofiq Universitetda jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yangi oʻquv dasturlari va rejalarini hamkorlikda ishlab chiqish va tasdiqlashni taʼminlasin.
III. Jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni tashkil etish va muvofiqlashtirish
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament):
(a) Universitet kvotalarining 3/4 qismini Ichki ishlar vazirligining jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasi ehtiyojidan kelib chiqqan holda yoʻnalishlar kesimida shakllantiradi hamda belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Milliy gvardiya qoʻmondoniga kiritadi;
(b) Universitetning jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi mutaxassislik kafedralari professor-oʻqituvchilari tarkibini shakllantirishda ishtirok etadi va oʻz xulosalarini taqdim etib boradi;
(v) jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida tahsil olayotgan kursantlarning dual taʼlim tizimini tashkil etadi, ularning bu boradagi koʻnikmalarini baholaydi hamda mazkur jarayonlarning samarali amalga oshirilishi uchun masʼul hisoblanadi;
(g) jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi oʻquv jarayonini tashkil etishda (taʼlim dasturlari va oʻquv rejalarini ishlab chiqishda) bevosita ishtirok etadi, oʻz taklif va tavsiyalarini taqdim etib boradi hamda tahsil olayotgan kursantlarning kasbiy bilim va koʻnikmalari darajasini davriy ravishda oʻrganib borib, taʼlim-tarbiya jarayonini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilaydi.
IV. Universitetning taʼlim tizimini takomillashtirish
6. Belgilansinki:
(a) Universitet bakalavriat taʼlim yoʻnalishida:
(i) Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislarni tayyorlash kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti asosida;
(ii) masofaviy taʼlim shaklida Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy maʼlumotga ega boʻlmagan harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun davlat granti asosida, oliy maʼlumotga ega boʻlgan hamda Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun toʻlov-kontrakt asosida;
(iii) kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
(b) Universitetning dual taʼlim tizimida har bir kursant va tinglovchiga oʻqishni boshlashidan uni tamomlanguncha bir nafardan tajribali amaliyotchi-mutaxassisni mentor-tyutor sifatida biriktirish tartibi joriy etiladi;
(v) har yili oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlari kursantlari oʻrtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiadasi tashkil etiladi hamda gʻolib boʻlganlarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi;
(g) Universitet taʼlim jarayonining sifat koʻrsatkichlari va kelgusidagi strategiyasi bitiruvchilarning besh yil davomidagi kasbiy oʻsishi hamda xizmat samaradorligi monitoringi natijasi orqali 1-ilovaga muvofiq mezonlar asosida belgilanadi;
(d) Universitet tomonidan budjet, budjetdan tashqari mablagʻlar hamda grantlar hisobidan har yili professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, doktorantlar va magistrlarning kamida 30 nafarini hamkor xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashish uchun yuborish amaliyoti joriy etiladi;
(j) Universitetda amaldagi oʻquv dasturlari boʻyicha oʻqitish ular muqaddam oʻrnatilgan tartibda yakunlanguniga qadar saqlanib qoladi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) ehtimoliy boʻlgan xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etish koʻnikmalarini shakllantirish uchun Universitetda profayling dasturlari asosida oʻqitish tizimi joriy etiladi. Bunda:
(i) bakalavriat va magistratura taʼlim dasturlarida profayling uchun ajratiladigan oʻquv soatlari kamida ikki baravarga koʻpaytiriladi;
(ii) Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻz harbiy xizmatchilari (xodimlari)ni profayling boʻyicha malaka oshirish kurslarida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda shartnoma asosida oʻqitadi;
(iii) profayling yoʻnalishida ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar soni 2030-yilgacha bosqichma-bosqich oshirilib, yangi texnologiyalarni qoʻllash istiqbollari boʻyicha tadqiqotlarga ustuvorlik beriladi;
(b) Universitetda kursant va tinglovchilarga 2 ta xorijiy tilni “1+1” dasturi asosida quyidagi tartibda mukammal oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi:
(i) 1 ta xorijiy til Universitet tomonidan belgilanadi, 1 ta xorijiy til taʼlim oluvchilarning tanloviga asosan oʻqitiladi;
(ii) xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha milliy va xalqaro sertifikat olish uchun imtihon xarajatlari Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
(v) Milliy gvardiya qoʻmondoniga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamenti bilan kelishilgan holda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun Universitetning masofaviy taʼlim shakliga belgilangan qabul kvotasining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha kvota kiritish huquqi beriladi;
(g) Universitetda kadrlar tayyorlashda sogʻlom raqobat muhitini yaratish hamda oliy taʼlim tizimida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari tomonidan Universitetda, shuningdek, Universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy taʼlim muassasalarida paritet tartibida har yili 100 akademik soatdan iborat mahorat darslari oʻtiladi;
(d) Universitetning professor-oʻqituvchilar tarkibidagi lavozimlarga nomzodlar tanlov asosida saralab olinib, tajriba tariqasida ularni bir yil muddatga shartnoma asosida pedagogik faoliyatga jalb qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:
(i) erishgan natijalariga koʻra professor-oʻqituvchilar bilan pedagogik faoliyatni amalga oshirish boʻyicha shartnoma keyingi oʻquv yili uchun uzaytiriladi;
(ii) professor-oʻqituvchilar bilan pedagogik faoliyatni amalga oshirish boʻyicha shartnoma keyingi oʻquv yili uchun uzaytirilmagan taqdirda ular ilgarigi, unga teng yoki yuqori lavozimga tayinlanadi;
(iii) professor-oʻqituvchilar bilan pedagogik faoliyatni amalga oshirish boʻyicha shartnoma salbiy sabablarga koʻra bekor qilingan yoki uzaytirilmagan hollarda ularni lavozimga tayinlash yoki harbiy xizmatdan boʻshatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida ilmiy-pedagogik jarayonni 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
V. Taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish
9. Belgilansinki, Universitetning oʻquv jarayonini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida:
(a) Universitet oʻquv dasturlariga “Oilaviy mediatsiya asoslari”, “Konfliktologiya (stress-menejment)”, “Muammoli sotsiologiya”, “Xavf-xatar tahlili (risk-menejment)”, “Profayling”, “CPTED asoslari”, “OSINT va raqamli tahlil”, “Jamoat xavfsizligini taʼminlashda geoinformatsion tizimlardan foydalanish”, “Uchuvchisiz uchish qurilmalari va robototexnika majmualaridan foydalanish” fanlari kiritilib, bunda:
(i) kursant va tinglovchilarni jamoat xavfsizligini taʼminlashda maxsus dasturiy taʼminotlar, sunʼiy intellekt texnologiyalari hamda dronlardan foydalanish boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalarga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi;
(ii) taʼlim dasturlari Departament va milliy hamda xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarini jalb etgan holda birgalikda ishlab chiqiladi;
(b) Universitetning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan “Jamoat xavfsizligini taʼminlash simulyatori” virtual oʻquv-amaliy majmuasi joriy etiladi hamda bunda:
(i) mahalla, taʼlim muassasasi, jamoat joyi, demografik, ijtimoiy va huquqiy koʻrsatkichlarga asoslangan holda kursant va tinglovchilar uchun xavf indeksini baholash, tegishli choralarni belgilash va qaror qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirish;
(ii) videokuzatuv, biometrik identifikatsiya, prediktiv tahlil, real vaqt rejimidagi xavfsizlik monitoringi va xulq-atvor tahlili texnologiyalarini sinovdan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi;
(v) kursantlar (tinglovchilar) tomonidan maʼruza mashgʻulotlarida va baholashda qoʻlyozma konspektlarni majburiy yozish talabi bekor qilinadi, ular tomonidan belgilangan vaqt va joylarda shaxsiy kompyuter texnikalaridan foydalanish amaliyoti joriy etiladi, shuningdek, Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan belgilangan joylarda Wi-Fi zonalar tashkil qilinadi.
10. Universitetning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan professor-oʻqituvchilar, kursant va tinglovchilarning faoliyati va oʻquv natijalarini baholash hamda reytingini shakllantirish boʻyicha yangi tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “E-reyting” platformasi joriy etiladi:
(a) professor-oʻqituvchilar, kursant va tinglovchilarning kompleks mezonlar asosidagi reyting natijalarini onlayn koʻrsatib turuvchi tahliliy (dashboard) jadvallarini namoyish etish;
(b) baholash tizimida professor-oʻqituvchilar, kursant va tinglovchilarning tegishincha innovatsion metodik yondashuvlar, akademik koʻrsatkichlari, mashgʻulotlar samaradorligi, jismoniy tayyorgarlik darajalari hamda ilmiy-ijtimoiy va ijodiy faolliklarini inobatga olish.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, “E-reyting” platformasi orqali shakllantirilgan reyting natijalariga koʻra:
(a) oʻquv semestri yakunida eng yuqori oʻrinlarni egallab turgan 10 nafardan professor-oʻqituvchi va kursantlar Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib boriladi;
(b) oʻquv yili yakunida eng past oʻrinlarni egallab turgan Universitetning 10 nafar professor-oʻqituvchilari (harbiy xizmatchilar va xizmatchilar) bilan keyingi oʻquv yili uchun pedagogik faoliyatni amalga oshirish boʻyicha shartnoma uzaytirilmaydi;
(v) faoliyati KPI asosida “qoniqarsiz” deb baholangan Universitetning professor-oʻqituvchilari bilan pedagogik faoliyatni amalga oshirish boʻyicha shartnoma bekor qilinishi yoki uzaytirilmasligi mumkin.
VI. Xalqaro hamkorlik va ilmiy-tadqiqot faoliyatni rivojlantirish
12. Universitet boshligʻining innovatsion taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi (keyingi oʻrinlarda — Universitet boshligʻining maslahatchisi) lavozimi kiritilsin hamda quyidagi tartiblar joriy etilsin:
(a) Universitet boshligʻining maslahatchisi lavozimiga xorijiy mutaxassis (ekspert, menejer) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan shartnoma asosida tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(b) Universitet boshligʻining maslahatchisi maqomiga koʻra Universitet boshligʻi oʻrinbosariga tenglashtiriladi hamda uning mehnatga haq toʻlash miqdorlari Universitet boshligʻi tomonidan Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan shartnomada mustaqil ravishda belgilanadi.
13. Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini bosqichma-bosqich implementatsiya qilish maqsadida:
(a) Universitetning amaldagi shtat birliklari doirasida Xorijiy harbiy kadrlarni tayyorlash fakulteti negizida “Jamoat xavfsizligi mintaqaviy oʻquv markazi” (keyingi oʻrinlarda — Mintaqaviy markaz) tashkil etilsin va quyidagilar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
(i) huquq-tartibot sohasida xorijiy yetakchi oʻquv markazlari bilan strategik hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirish, mintaqa davlatlarining jamoat xavfsizligi yoʻnalishidagi oʻquv-taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish;
(ii) xorijiy davlatlarning huquq-tartibot organlari xodimlari uchun qisqa muddatli (1 — 4 hafta), oʻrta muddatli (1 — 6 oy) hamda uzoq muddatli (6 oydan 1 yilgacha) malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish;
(iii) xorijiy va mahalliy ekspertlar, trenerlar hamda amaliyotchi mutaxassislardan iborat professional oʻqituvchilar (trenerlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish;
(b) Mintaqaviy markazga Universitetning alohida tuzilmaviy boʻlinmasi sifatida oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot faoliyatini va xalqaro hamkorlikni amalga oshirish vakolatlari beriladi;
(v) Mintaqaviy markaz boshligʻi va uning oʻrinbosariga tegishincha Xorijiy harbiy kadrlarni tayyorlash fakulteti boshligʻi va uning oʻrinbosariga belgilangan moddiy-moliyaviy taʼminot tartibi qoʻllaniladi.
14. Mintaqaviy markaz faoliyatini bosqichma-bosqich tashkil etishning mexanizmi quyidagicha belgilansin:
(a) birinchi bosqich (2026-2027-yillar) — ichki salohiyatni shakllantirish bosqichi:
(i) xorijiy yetakchi oʻquv markazlari bilan maqsadli xalqaro hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi;
(ii) xorijiy yetakchi mutaxassislar va amaliyotchi trenerlar Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shartnoma asosida jalb etiladi;
(iii) xorijiy mutaxassislar tomonidan Universitet professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlarini intensiv oʻqitish dasturlari (“trainer of trainers” — trenerlarni tayyorlash dasturlari) amalga oshirilib, xalqaro tan olingan sertifikatlar taqdim etiladi;
(iv) tayyorgarlikdan oʻtgan mahalliy oʻqituvchilar tomonidan Universitet kursant va tinglovchilariga zamonaviy oʻqitish uslublari va dasturlari asosida taʼlim berish yoʻlga qoʻyiladi;
(b) ikkinchi bosqich (2028-yil) — milliy oʻqitish modeli va infratuzilmani takomillashtirish bosqichi:
(i) xorijiy trenerlar yordamida ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari, simulyator mashgʻulotlari va keys-stadi materiallari asosida milliy oʻquv-metodik majmuasi shakllantiriladi;
(ii) xalqaro standartlarga mos holda oʻquv poligonlari, simulyator zallari, virtual oʻrganish muhitlari tashkil etiladi;
(iii) qoʻshma (dual-degree) taʼlim dasturlari, onlayn modulli kurslar hamda qisqa muddatli xalqaro sertifikat kurslari yoʻlga qoʻyiladi;
(v) uchinchi bosqich (2029-yil va undan keyin) — Mintaqaviy markaz maqomini mustahkamlash bosqichi boʻlib, unda xorijiy davlatlarning huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun malaka oshirish kurslari (shu jumladan, onlayn shaklida) muntazam asosda yoʻlga qoʻyiladi.
15. Universitetning Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi va Oʻquv-uslubiy situatsion markazi negizida Universitet huzurida amaldagi shtatlar doirasida Jamoat xavfsizligi masalalari boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar instituti tashkil etilsin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) jamoat xavfsizligiga tahdidlarni oʻrganish, baholash, prognozlash, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarning kelib chiqish sabablari hamda ularda qoʻllanilayotgan taktikalarni kompleks tadqiq qilish;
(b) jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasiga oid milliy va xalqaro grant loyihalarini tayyorlash va ijrosini taʼminlash, kasbiy standartlar, malaka talablari va taʼlim dasturlarini takomillashtirishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqish;
(v) yoshlarning jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasiga oid sunʼiy intellekt va prediktiv tahlil yoʻnalishlaridagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, har yili xalqaro va respublika xakatonlarini oʻtkazish va gʻolib loyihalarni grant asosida moliyalashtirishni taʼminlash.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti huzuridagi Jamoat xavfsizligi masalalari boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar institutining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
VII. Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash
17. Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Universitet hududiga tutash boʻlgan Toshkent viloyati Toshkent tumani “Chigʻatoy” MFY hududidagi 5 ga yer maydonini doimiy foydalanish huquqi bilan belgilangan tartibda Universitet balansiga begʻaraz oʻtkazsin.
18. Milliy gvardiya (B. Tashmatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov), Toshkent shahar (Sh. Umurzakov) va Toshkent viloyati (Z. Mirzayev) hokimliklari bilan birgalikda:
(a) 2027-yil 1-sentabrga qadar davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qoʻllagan holda Universitetning malaka oshirish fakulteti tinglovchilari uchun 200 oʻrinli xostelni;
(b) 2028-yil 1-iyulga qadar investitsiya dasturlari doirasida budjet mablagʻlari hisobidan 600 oʻrinli yotoqxonani qurish choralarini koʻrsin.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. Mazkur qarorning ijrosini tashkil etish maqsadida Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5077-son qaroriga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
21. Milliy gvardiya (B. Tashmatov) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
22. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-avgust,
PQ-302-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi PQ-302-son qaroriga 1-ILOVA
Jamoat xavfsizligi universiteti bitiruvchilarining kasbiy oʻsishi hamda xizmat samaradorligi monitoringi
MEZONLARI
Bitiruvchilar monitoringi Jamoat xavfsizligi universitetini tamomlagandan keyin besh yil davomida har yili quyidagi mezonlar asosida oʻrganiladi:
xizmatda qolishi;
bitiruvchining soʻrovnomasi;
bitiruvchiga uning bevosita rahbari tomonidan berilgan baho;
kadrlar boʻlinmasining maʼlumotlari (intizomiy jazolari, ragʻbatlantirishlar);
attestatsiya va malaka oshirish natijalari;
xizmat yutuqlarini tahlil qilish;
xizmat pogʻonasidagi oʻsishi va pasayishi.
Izoh: Monitoring Milliy gvardiyaning taʼlim jarayonini tashkil etish boshqarmasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning kadr organlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi PQ-302-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida ilmiy-pedagogik jarayonni 2030-yilgacha rivojlantirishning
MAQSADLI kOʻrsatkichlari (indikatorlari)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi PQ-302-son qaroriga 3-ILOVA
Jamoat xavfsizligi masalalari boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar institutining tashkiliy tuzilmasi
Izoh:
1. Institutning ishchi-xizmatchi toifasidagi bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim va katta ilmiy xodim lavozimlari Universitet ishchi-xizmatchi (shu jumladan, professor-oʻqituvchilari) lavozimlarini maqbullashtirish hisobidan joriy etilishi mumkin.
2. Milliy gvardiya qoʻmondoniga Institutning tashkiliy-shtat tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi PQ-302-son qaroriga 4-ILOVA
Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Izoh: Tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga bogʻliq holda normativ-huquqiy hujjatlar shakli oʻzgarishi, birlashtirilishi yoki ajratilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi PQ-302-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5077-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-bandda:
(a) uchinchi xatboshidagi “kunduzgi va sirtqi” soʻzlari “kunduzgi, masofaviy va kechki” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Universitetda magistratura dasturi boʻyicha Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kamida besh yillik amaliy stajga ega boʻlgan xodimlari (harbiy xizmatchilari)ni oʻqitish davlat granti asosida kunduzgi taʼlim shaklida bir yilni, kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash toʻlov-kontrakt boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida bir yilni, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida bir yarim yilni tashkil etadi hamda bitiruvchilarga magistr akademik darajasini tasdiqlovchi oliy taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjat (diplom) beriladi”;
(v) beshinchi xatboshida “sirtqi” va “Milliy gvardiyaning” soʻzlari tegishincha “masofaviy” va “Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(g) oltinchi xatboshida “sirtqi” soʻzi “masofaviy” soʻzi bilan, “300” va “100” raqamlari tegishincha “600” va “300” raqamlari bilan almashtirilsin;
(d) sakkizinchi xatboshida “sirtqi” soʻzi “masofaviy” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. 6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Universitetga kunduzgi, masofaviy va kechki taʼlim shaklining bakalavriat hamda kunduzgi taʼlim shaklining magistratura dasturlari boʻyicha umumiy asoslarda yurisprudensiya, psixologiya va iqtisodiyot sohalarida kadrlarni talabalar tarkibiga kiritgan holda tayyorlash huquqini berish”.
3. 8-band quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan toʻldirilsin:
“v) Universitetga:
ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur boʻlgan statistik va boshqa axborotlarni davlat organlari, vazirlik hamda idoralardan begʻaraz asosda soʻrab olish;
ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlari doirasida Qurolli Kuchlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda uning tasarrufidagi korxonalarning moddiy-texnik vositalari va laboratoriya uskunalaridan begʻaraz foydalanish, shuningdek, hamkorlikda tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish;
jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida shartnoma asosida ekspertlik, ilmiy-tadqiqot va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa pullik xizmatlar koʻrsatish;
ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasida ilmiy tadqiqot natijalari asosida jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida maxsus vositalar, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar), robototexnika majmualari, dasturiy taʼminotlar, texnika vositalari namunalarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish;
Universitetning Jamoat xavfsizligi masalalari boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar instituti xodimlariga xizmat faoliyati samaradorligi koʻrsatkichi (KPI) asosida har oylik individual ustamalarni Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan toʻlab borish.
Universitetning Jamoat xavfsizligi masalalari boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar instituti boshligʻi va oʻrinbosariga Universitet boshligʻi oʻrinbosarlariga, institutning markaz boshliqlariga Ilmiy-amaliy-tadqiqotlar markazi boshligʻiga, institut katta ilmiy xodimlariga kafedra oʻqituvchilariga belgilangan moddiy-moliyaviy taʼminot meʼyorlari hamda qoʻshimcha koeffitsiyent miqdorlari qoʻllaniladi”.
4. 9-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toʻlov kontrakt asosidagi taʼlim, mol-mulkni ijaraga berish, pullik kurslarni tashkil etish va boshqa xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar Universitetning budjetdan tashqari hisob raqamiga yoʻnaltiriladi. Bunda mazkur mablagʻlarning kamida 50 foizi oʻquv jarayoniga shartnoma asosida malakali mutaxassislarni jalb qilish, xalqaro va respublika darajasidagi tadbirlarni tashkil etish (shu jumladan, xakatonlar, startaplar oʻtkazish va gʻolib loyihalarni moliyalashtirishga), shaxsiy tarkibni har oylik moddiy ragʻbatlantirish va ustama toʻlashga, qolgan qismi oʻquv moddiy-texnik bazani rivojlantirishga va saqlab turishga, raqamli infratuzilmani rivojlantirishga hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa maqsadlarga yoʻnaltiriladi”.
5. 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PQ-5077-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining Vasiylik kengashi
TARKIBI
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi”.
6. 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PQ-5077-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetidagi taʼlim mutaxassisliklari (yoʻnalishlari)
ROʻYXATI
* oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar uchun 4 yil, oliy maʼlumotga ega boʻlganlar uchun 3 yil;
** kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash;
*** Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari uchun;
**** Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari (harbiy xizmatchilari) uchun davlat granti hisobidan oʻqitiladi.
Izoh: Milliy gvardiya qoʻmondoniga Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda mutaxassislik yoʻnalishlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi”.
