“Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3931-son)
26.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3931]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-150-son “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi hamda 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi qaror qiladi:
1. “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri SH. XALMUХAMEDOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-avgust,
16-son
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-avgust,
56-q/q-son
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E. KARIMOVA
Toshkent sh.,
2026-yil 28-iyul,
01-38-336-son
Yoshlar ishlari agentligi direktori A. SAʼDULLAYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyul,
01-07/45
Kelishildi:
Raqamli texnologiyalar vaziri SH. SHERMATOV
2026-yil 23-iyul
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2026-yil 20-iyul
Davlat xavfsizlik xizmati raisi B. KURBANOV
2026-yil 20-iyul
Bosh prokuror N. YOʻLDOSHEV
2026-yil 8-iyul
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi K. KURANBAYEV
2026-yil 30-iyul
Milliy gvardiya qoʻmondoni B. TASHMATOV
2026-yil 3-iyun
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 26-may
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 5-avgustdagi 16-son, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 3-avgustdagi 56-q/q-son, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 28-iyuldagi 01-38-336-son, Yoshlar ishlari agentligining 2026-yil 24-iyuldagi 01-07/45-son qaroriga ILOVA
“Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining (bundan buyon matnda “Vatan tayanchi” harakati deb yuritiladi) “Vatan tayanchi” otryadi aʼzosiga hamda “Vatan tayanchi” harakatining “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari va mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) hamda yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanoma berishga nisbatan ham tatbiq etiladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tavsiyanoma quyidagi shaxslarga beriladi:
“Vatan tayanchi” harakati faoliyatida faol ishtirok etgan hamda davlat va nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, Prezident maktablari, ijod maktablari, sport maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar, akademik litseylar va texnikumlarni (bundan buyon matnda taʼlim tashkilotlari deb yuritiladi) aʼlo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga;
“Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga;
“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan “Vatan tayanchi” harakatining aʼzosi boʻlgan shaxslardan iborat jamoa aʼzolariga;
mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa aʼzolariga.
2. Tavsiyanoma “Vatan tayanchi” harakati tomonidan mazkur Nizomga muvofiq beriladi.
3. Tavsiyanomaga ega boʻlgan shaxslarga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda imtiyozdan foydalanish huquqi beriladi.
Bunda “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga berilgan tavsiyanoma oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalaridan tashqari yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda imtiyozdan foydalanish huquqini ham beradi.
4. Tavsiyanomaga ega boʻlgan shaxslarga imtiyoz sifatida oʻqishga kirishda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi.
5. Tavsiyanoma berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
2-bob. Tavsiyanoma berish uchun nomzodlarni aniqlash boʻyicha ishchi guruh faoliyatini tashkil etish
6. Har bir taʼlim tashkilotida ushbu Nizomga muvofiq tavsiyanoma berish uchun nomzodlarni aniqlash hamda “Vatan tayanchi” harakati tomonidan tavsiyanoma berishga taqdim etiladigan nomzodlarning roʻyxatini shakllantirish maqsadida taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan ishchi guruh tuziladi.
7. Ishchi guruh tarkibi har yili 31-maydan kechikmasdan kamida besh nafar aʼzodan iborat toq sondagi tarkibda tuziladi. Ishchi guruh yigʻilishi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Ishchi guruh tarkibiga:
taʼlim tashkiloti rahbari;
taʼlim tashkiloti rahbarining oʻrinbosari;
jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi;
chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari;
taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi “Vatan tayanchi” harakatining tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi kiritiladi.
Bunda taʼlim tashkilotining masʼul xodimi ishchi guruh kotibi hisoblanadi.
Ishchi guruh faoliyatida ota-onalar kengashi vakili hamda mahalladagi yoshlar yetakchisi vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
8. Ishchi guruhga taʼlim tashkiloti rahbari boshchilik qiladi.
9. Ishchi guruh aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
10. Ishchi guruh oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni ishchi guruh rahbari tomonidan chaqiriladigan yigʻilishlarda koʻrib chiqadi.
11. Ishchi guruh rahbari:
ishchi guruh faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
ishchi guruh yigʻilishlarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
ishchi guruh vakolatiga kiradigan masalalarni yigʻilish kun tartibiga kiritadi;
ishchi guruh faoliyatining mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkil etilishini taʼminlaydi.
12. Ishchi guruh kotibi:
ishchi guruh yigʻilishlarini tashkil etadi;
ishchi guruh aʼzolarini yigʻilish oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida xabardor qiladi;
ishchi guruhga nomzodlarning taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlaganligini aniqlash uchun nomzodlarning oʻquv davriga oid elektron yoki qogʻoz shaklidagi baholash maʼlumotlari hamda yakuniy baholar toʻgʻrisidagi boshqa rasmiy maʼlumotlar taqdim etadi;
ishchi guruh yigʻilishi bayonnomasini yuritadi va rasmiylashtiradi;
ishchi guruh hujjatlarini yuritadi va saqlaydi.
13. Ishchi guruh faoliyatining asosiy tashkiliy shakli yigʻilish hisoblanadi.
Ishchi guruh yigʻilishida tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning mazkur Nizomda belgilangan talab va mezonlarga muvofiqligi, shu jumladan ularning taʼlim tashkilotini va “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlaganlik natijalari, “Vatan tayanchi” harakatidagi faol ishtiroki va “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalaridagi natijalarini koʻrib chiqadi.
Ishchi guruh aʼzolari koʻrib chiqilayotgan nomzod boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildiradi.
Ishchi guruh aʼzolari oʻrtasida nomzodning mazkur Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan farqli fikr yuzaga kelgan taqdirda, masala boʻyicha taqdim etilgan hujjatlar qayta koʻrib chiqiladi. Hujjatlar qayta koʻrib chiqilganidan soʻng, ishchi guruh nomzodning mazkur Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan yakuniy xulosani shakllantiradi.
Ishchi guruhning yakuniy xulosasi asosida tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxati shakllantiriladi.
Ishchi guruh kotibi nomzodlarni muhokama qilishda, ular yuzasidan fikr va taklif bildirishda hamda yakuniy xulosani shakllantirishda ishtirok etmaydi.
Ishchi guruhning yakuniy xulosasi yigʻilish bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda unga tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxati ilova qilinadi.
3-bob. Tavsiyanoma berish uchun “Vatan tayanchi” otryadidan bir nafar nomzodni reyting asosida aniqlash
14. “Vatan tayanchi” harakati faoliyatida faol ishtirok etgan hamda taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga tavsiyanoma berish uchun nomzodni aniqlashda uning taʼlim tashkilotidagi oʻqish davridagi oʻzlashtirish natijalari hamda “Vatan tayanchi” harakati faoliyatidagi faol ishtiroki hisobga olinadi.
15. Nomzodning taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlaganligi uning taʼlim tashkilotida oʻqigan davri mobaynida oʻquv fanlaridan olgan yakuniy baholari asosida aniqlanadi.
16. Nomzodning taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlaganligini aniqlash uchun oʻquv davriga oid elektron yoki qogʻoz shaklidagi baholash maʼlumotlari hamda yakuniy baholar toʻgʻrisidagi boshqa rasmiy maʼlumotlar asos qilib olinadi.
17. Nomzod taʼlim tashkilotida oʻqigan davri mobaynida oʻquv fanlaridan olgan yakuniy yillik baholari 5 boʻlgan taqdirda, u taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlagan deb hisoblanadi.
Bunda oʻquv fanlaridan olgan yillik yakuniy baholari 4 yoki undan past boʻlgan nomzod taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlagan deb hisoblanmaydi va tavsiyanoma berish uchun nomzod sifatida tavsiya etilmaydi.
18. Nomzodning “Vatan tayanchi” harakati faoliyatidagi faolligi uning mazkur harakatdagi faoliyat davri mobaynida “Vatan tayanchi” otryadi tomonidan tashkil etilgan tadbir va loyihalardagi ishtiroki asosida baholanadi.
19. Nomzodning “Vatan tayanchi” otryadi faoliyati doirasida tashkil etilgan tadbir va loyihalardagi ishtiroki quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
ishtirok etmagan — 0 ball;
1 — 5 marta ishtirok etgan — 3 ball;
6 — 10 marta ishtirok etgan — 5 ball;
11 — 15 marta ishtirok etgan — 8 ball;
16 va undan ortiq marta ishtirok etgan — 10 ball.
20. Mazkur Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan ball nomzodning tadbir va loyihalardagi ishtirokining umumiy sonidan kelib chiqib, bir marta hisoblanadi.
21. Nomzodning tadbir va loyihalardagi ishtiroki tadbir bayonnomasi, maʼlumotnoma hamda ishtirok etganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
22. Taʼlim tashkilotining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari mazkur Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni ishchi guruhga taqdim etilishini taʼminlaydi.
Ishchi guruh taqdim etilgan hujjatlar asosida nomzodning ishtirok etgan tadbir va loyihalarining umumiy sonini aniqlaydi.
23. Nomzod ishtirok etgan bir tadbir yoki loyiha boʻyicha bir nechta tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan taqdirda, mazkur tadbir yoki loyiha bitta ishtirok sifatida hisoblanadi.
24. Nomzodning “Vatan tayanchi” harakati faoliyatidagi faol ishtiroki uchun mazkur Nizomning 19-bandida belgilangan mezon asosida koʻpi bilan 10 ball beriladi.
25. Nomzodning taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlaganligi uchun 90 ball beriladi.
26. Nomzodning yakuniy reyting balli quyidagi formula asosida aniqlanadi:
R = AB + FI
Bunda:
R — nomzodning yakuniy reyting balli;
AB — taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlaganlik uchun berilgan ball;
FI — “Vatan tayanchi” harakati faoliyatidagi faol ishtiroki uchun berilgan ball.
27. Nomzodning yakuniy reyting balli 100 ballni tashkil qiladi.
28. Nomzodlar yakuniy reyting ballari kamayib borish tartibida joylashtiriladi.
Bunda eng yuqori yakuniy reyting ballini toʻplagan nomzod reytingda birinchi oʻrinni egallagan deb hisoblanadi hamda ishchi guruh tomonidan tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxatiga kiritiladi.
29. Yakuniy reyting balli teng boʻlgan ikki yoki undan ortiq nomzod mavjud boʻlgan taqdirda, “Vatan tayanchi” otryadi faoliyati doirasida tashkil etilgan tadbir va loyihalarda koʻproq ishtirok etgan nomzodga ustunlik beriladi.
30. Mazkur Nizomning 29-bandida nazarda tutilgan koʻrsatkichlar boʻyicha ham nomzodlarning koʻrsatkichlari teng boʻlgan taqdirda, “Vatan tayanchi” harakatidagi ishtirok davomiyligi hisobga olinadi.
Bunda “Vatan tayanchi” harakatida uzoqroq muddat davomida faol ishtirok etgan nomzodga ustunlik beriladi.
4-bob. “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadidan bir nafar aʼzoni aniqlash
31. “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosini aniqlashda nomzodlarning “Jasorat maktabi”da taʼlim olgan butun davridagi yakuniy baholari hisobga olinadi.
32. Nomzod “Jasorat maktabi”da taʼlim olgan davri mobaynida oʻquv fanlaridan olgan yillik yakuniy baholari 5 boʻlgan taqdirda, u “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan deb hisoblanadi.
Bunda oʻquv fanlaridan olgan yillik yakuniy baholari 4 yoki undan past boʻlgan nomzod “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan deb hisoblanmaydi hamda tavsiyanoma berish uchun nomzod sifatida tavsiya etilmaydi.
33. “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosi nomzodlar orasidan ularning “Jasorat maktabi”da taʼlim olgan butun davriga oid elektron yoki qogʻoz shaklidagi baholash maʼlumotlari, yakuniy baholari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoxud ularni tasdiqlovchi boshqa rasmiy hujjatlar asosida aniqlanadi.
34. “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosi tavsiyanoma olish uchun nomzod sifatida belgilanadi hamda ishchi guruh tomonidan tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxatiga kiritiladi.
35. Bir “Vatan tayanchi” otryadida “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan nomzodlar ikki yoki undan ortiq boʻlgan taqdirda, ular orasidan “Vatan tayanchi” harakati faoliyati doirasida tashkil etilgan tadbir va loyihalarda koʻproq ishtirok etgan nomzodga ustunlik beriladi.
Nomzodning tadbir va loyihalardagi ishtiroki tadbir bayonnomasi, maʼlumotnoma hamda ishtirok etganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
36. Ishchi guruh taʼlim tashkilotining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari tomonidan Ishchi guruhga taqdim etilgan mazkur Nizomning 35-bandida nazarda tutilgan hujjatlar asosida nomzodlar ishtirok etgan tadbir va loyihalarining umumiy sonini aniqlaydi.
37. Nomzodning “Vatan tayanchi” harakati faoliyatida ishtirok etgan bir tadbir yoki loyiha boʻyicha bir nechta tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan taqdirda mazkur tadbir yoki loyiha bitta ishtirok sifatida hisoblanadi.
38. Mazkur Nizomning 35-bandida nazarda tutilgan koʻrsatkichlar boʻyicha ham nomzodlarning koʻrsatkichlari teng boʻlgan taqdirda “Vatan tayanchi” harakatidagi ishtirok davomiyligi hisobga olinadi.
Bunda “Vatan tayanchi” harakatida uzoqroq muddat davomida faol ishtirok etgan nomzodga ustunlik beriladi.
5-bob. “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblarining roʻyxatini shakllantirish
39. “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan “Vatan tayanchi” otryadi aʼzosi boʻlgan shaxslardan iborat jamoa aʼzolariga tavsiyanoma berilishi uchun ularning roʻyxati Ishchi guruh tomonidan shakllantiriladi.
Mazkur roʻyxatni shakllantirish uchun taʼlim tashkilotining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari tomonidan ishchi guruhga uning yigʻilishida gʻolib jamoaning aʼzolari “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallaganligini tasdiqlovchi diplom, sertifikat yoki boshqa hujjatlarning nusxalari taqdim etiladi.
40. Ishchi guruh taqdim etilgan hujjatlar asosida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan hamda “Vatan tayanchi” otryadi aʼzosi boʻlgan shaxslardan iborat jamoa aʼzolarini aniqlab, ularning roʻyxatini shakllantiradi.
41. “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa tarkibidagi “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolaridan taʼlim tashkilotini yakunlayotgan shaxslar tavsiyanoma berish uchun roʻyxatga kiritiladi.
Taʼlim tashkilotida oʻqishini davom ettirayotgan, mazkur musobaqada 1-oʻrinni egallagan jamoa tarkibidagi “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolariga tavsiyanoma berish uchun roʻyxatga taʼlim tashkilotini yakunlayotgan yili ushbu bobda belgilangan tartibda kiritiladi.
6-bob. Tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxatini rasmiylashtirish hamda ushbu roʻyxatga kiritilgan nomzodlarga tavsiyanoma berish
42. Tavsiyanoma berish uchun har yili 5-iyunga qadar ishchi guruh tomonidan mazkur Nizomning 3, 4 va 5-boblarida belgilangan tartibda nomzodlar aniqlanadi va ularning roʻyxati ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi.
43. Ishchi guruh tomonidan rasmiylashtirilgan tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxati u rasmiylashtirilgan kunning oʻzida taʼlim tashkilotining eʼlonlar taxtasiga joylashtiriladi hamda nomzodlar, ularning ota-onalari (qonuniy vakillari), pedagoglar va boshqa manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.
44. Ishchi guruh tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxatini rasmiylashtirilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimiga taqdim etadi.
45. Tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimi ishchi guruhlar tomonidan taqdim etilgan tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxatini umumlashtiradi hamda umumlashtirilgan roʻyxatni ular taqdim etilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida tegishli mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etadi.
46. Mudofaa ishlari boshqarmasi tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxatini umumlashtiradi hamda umumlashtirilgan roʻyxatni ular taqdim etilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida “Vatan tayanchi” harakatiga taqdim etadi.
47. “Vatan tayanchi” harakati mudofaa ishlari boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan tavsiyanoma berish uchun nomzodlarning roʻyxati asosida ushbu roʻyxat taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda barcha nomzodlarga tavsiyanomalar rasmiylashtiriladi.
Rasmiylashtirilgan tavsiyanomalar ular rasmiylashtirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida “Vatan tayanchi” harakati tomonidan tegishli hududiy mudofaa ishlari boshqarmalariga taqdim etiladi hamda “imtiyoz.uzbmb.uz” axborot tizimiga joylashtiriladi.
48. Mudofaa ishlari boshqarmalari “Vatan tayanchi” harakati tomonidan taqdim etilgan tavsiyanomalarning ular taqdim etilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida taʼlim tashkilotlari orqali tegishli nomzodlarga yetkazilishini taʼminlaydi.
7-bob. Mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga tavsiyanoma berish
49. Mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa aʼzolariga tavsiyanoma berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan gʻolib jamoa aʼzolarining roʻyxati mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda har yili 15-iyunga qadar “Vatan tayanchi” harakatiga taqdim etiladi.
50. “Vatan tayanchi” harakati Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida u taqdim etilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tavsiyanomalarni rasmiylashtirib, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etadi hamda tavsiyanomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “imtiyoz.uzbmb.uz” axborot tizimiga joylashtiradi.
51. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi “Vatan tayanchi” harakati tomonidan taqdim etilgan tavsiyanomalarni ular taqdim etilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida tegishli nomzodlarga yetkazilishini taʼminlaydi.
8-bob. Shikoyatlarni koʻrib chiqish
52. Manfaatdor shaxslar tavsiyanoma berilishi natijasi yuzasidan oʻz shikoyatlarini har yili 1-iyulga qadar “Vatan tayanchi” harakatiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etadi.
53. “Vatan tayanchi” harakati rahbarining buyrugʻi bilan kamida 5 kishidan iborat apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi nomzodlarga tavsiyanomalar berilishida ishtirok etmagan shaxslardan tuziladi.
54. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida manfaatdor shaxslarning shikoyatini koʻrib chiqish kuni haqida xabardor qiladi. Bunda manfaatdor shaxslar apellyatsiya komissiya tomonidan shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etishga haqli.
55. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni u berilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi va qaror qabul qilingan kuni manfaatdor shaxslarni shikoyat qanoatlantirilgan yoki rad etilganligini koʻrsatgan holda, yozma yoki elektron ravishda xabardor qiladi.
Bunda Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatni asoslangan deb hisoblash hamda uni qanoatlantirish;
shikoyatni asossiz deb hisoblash hamda uni qanoatlantirishni rad etish.
56. Apellyatsiya komissiyasining qaroridan manfaatdor shaxslar norozi boʻlgan ular qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
9-bob. Yakuniy qoida
57. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
“Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
