Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-175-son)
27.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan har yilgi anʼanaviy ochiq muloqoti hamda uni tashkil qilish doirasida oʻtkazilgan uchrashuvlarda kelib tushgan 14 mingga yaqin murojaatda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Biznesga ortiqcha aralashuv va tekshirishlarni kamaytirish choralari
1. Kichik tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilinsin, bundan jinoyat ishi doirasida, inson sogʻligʻiga taʼsirini oʻrganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan, shuningdek, fuqarolar murojaatlari, qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash (qaytarish) va tadbirkorlik subyekti tugatilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tekshirishlar mustasno.
2. Belgilansinki, moratoriy amal qilish davrida:
(a) kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish noqonuniy hisoblanadi va ushbu huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda — Biznes-ombudsman) tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri oʻtkaziladi. Bunda:
(i) nazorat organlarining oxirgi uch yillik tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda toʻliq oʻrganib chiqiladi;
(ii) oʻrganish yakunlari boʻyicha nazorat organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishlar boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida tegishli choralar koʻriladi;
(iii) tekshiruv oʻtkazish tartibi buzilgan hamda noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda faoliyati tekshirilgan tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻriladi.
3. Biznes-ombudsman:
(a) har olti oyda “Samarali nazorat” tadbiri boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(b) 2028-yil 1-dekabrga qadar “Samarali nazorat” tadbiri natijalari asosida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishning ishchan, profilaktik va natijaga yoʻnaltirilgan mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) 2028-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida oʻrta va yirik tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻz faoliyatini auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblash va toʻlash boʻyicha tashabbus tarzidagi auditdan oʻtkazish hamda auditorlik xulosasini soliq organi tomonidan tan olish mexanizmi joriy etiladi. Bunda:
(i) audit oʻtkazilgan davr uchun soliq organlari tomonidan soliq auditi oʻtkazilmaydi, bundan audit xulosasi bilan qamrab olinmagan soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlangan holatlar mustasno;
(ii) aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun muddatda bartaraf etilganda tadbirkorlik subyektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanmaydi;
(iii) mazkur eksperiment doirasida audit oʻtkazishi mumkin boʻlgan tashkilotlar reyestri Soliq qoʻmitasi tomonidan yuritiladi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi;
(iv) auditorlik xulosasini tan olish oqibatida toʻlanmay qolgan soliq va yigʻimlar aniqlangan holatlar boʻyicha auditorlik tashkiloti javobgar boʻladi;
(b) tadbirkorlik subyektlari faoliyatida bir yil davomida oʻtkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi, bundan kameral soliq tekshiruvi mustasno;
(v) tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimalar qoʻllashda “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi va uning doirasida birinchi marta qoida buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sogʻligʻi, oʻzgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qoʻllamasdan, dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun oʻn kun muddat beriladi.
5. 2027-yil 1-yanvardan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tugatish va toʻxtatib turish sabab va omillarini doimiy tadqiq qilish tizimi yoʻlga qoʻyilsin. Bunda:
(a) tadbirkorlik faoliyatini tugatish yoki toʻxtatib turish boʻyicha ariza taqdim etilganda, unda tugatish va toʻxtatishning sabablari qayd etib boriladi;
(b) Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida ushbu sabablarni avtomatik tahlil qilib borish tizimi joriy etiladi.
6. Adliya vazirligi uch oy muddatda mazkur Farmonning 5-bandida nazarda tutilgan imkoniyatlar Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida yaratilishini taʼminlasin.
II. Tadbirkorlik subyektlarining xarajatlarini kamaytirish choralari
7. 2026-yil 31-dekabrga qadar kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi eʼlon qilinsin:
(a) iqtisodiy amnistiya eʼlon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi (bundan penya mustasno) 2026-yil 31-dekabrga qadar toʻliq toʻlanganda, ushbu qarzdorlik boʻyicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va ular bilan bogʻliq ijro ishlari tugatiladi;
(b) avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qoʻshimcha hisoblangan soliq summasi 2026-yil 31-dekabrga qadar toʻliq toʻlanganda ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi;
(v) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tartib tadbirkorlik subyektida 2027-yil 1-yanvar holatiga soliq qarzi (bundan penya mustasno) mavjud boʻlmaslik sharti bilan qoʻllanadi;
(g) tadbirkorlik subyektlari soliqlar va yigʻimlarni toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi;
(d) iqtisodiy amnistiya doirasida yoʻl qoʻyilgan xatolarni mustaqil ravishda bartaraf etganlarning Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi ballari tushirilmaydi;
(j) 2026-yil 1-yanvarga qadar shakllangan quyidagi qarzdorliklar hisobdan chiqariladi:
(i) soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun qoʻllangan maʼmuriy jarimaning toʻlanmagan qismi;
(ii) qatʼiy belgilangan miqdordagi aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchi subyektlarga qoʻllangan moliyaviy jarimalarning toʻlanmagan qismi;
(z) avval rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalari Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilishiga ruxsat beriladi hamda kechiktirib kiritilganligi sababli jarima qoʻllanmaydi.
8. 2026-yil 1-noyabrdan boshlab:
(a) Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) hamda Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (TGNHAT) ulangan, masofadan oʻchirish (yoqish) imkoniyatiga ega hisoblagichi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan:
(i) elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik isteʼmoli uchun oldindan toʻlanadigan haq miqdori 15 foiz etib belgilansin (oxirgi ikki oy davomida toʻlov intizomiga rioya qilmaganlar bundan mustasno);
(ii) elektr energiyasi va gaz sarfi toʻgʻrisidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz taʼminoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinsin;
(b) isteʼmolchilarni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomalarini elektron tuzish orqali ularni qogʻozda rasmiylashtirish tartibi bekor qilinsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) qiymati 200 milliard soʻmdan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm uchun — 50 milliard soʻmdan) oshadigan investitsiya loyihalarida tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini oʻz hisobidan qurgan tadbirkorlik subyektlari xarajatini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish;
(b) davlat xaridlarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) qabul qilinganligini soliq organlarining axborot tizimidan olingan maʼlumotlar asosida tasdiqlash hamda ijrochining zakalat va qoʻshimcha zakalat mablagʻlarini bir ish kuni ichida avtomatik ravishda qaytarish;
(v) Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi darajasidan qatʼi nazar, soliq toʻlovchiga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish hamda soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllash;
(g) mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan suv va salqin ichimliklar, pivo va tamaki mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy isteʼmolga realizatsiya qilingan deb eʼtirof etish;
(d) tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pul shaklida amalga oshirish mumkin boʻlgan chegaraviy miqdorni bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari etib belgilash, bundan toʻlovlari faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladigan tovar va xizmatlar mustasno.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Biznes-ombudsman bilan birgalikda uch oy muddatda barcha turdagi moliyaviy va maʼmuriy jarimalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, mutanosiblik prinsipidan kelib chiqqan holda ularning miqdorini oʻrtacha ikki barobar kamaytirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
III. Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish
11. Belgilansinki, davlat organi va tadbirkorlik subyekti oʻrtasida yuzaga keladigan ommaviy huquqiy munosabatlarda “tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi” amal qiladi. Unga koʻra:
(a) davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti (uning mansabdor shaxsi) qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan hisoblanadi;
(b) sudda yoki nizoni hal qiladigan boshqa maʼmuriy organda davlat organi tomonidan tadbirkorlik subyektiga (uning mansabdor shaxsiga) nisbatan qoʻllanadigan huquqiy taʼsir chorasining yoki qabul qilingan qarorning asosli, qonuniy va mutanosib ekanligini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilgani faktini isbotlash majburiyati toʻliq davlat organi zimmasiga yuklatiladi;
(v) qonunchilikda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va tushunmovchiliklar, shuningdek, nizo doirasida davlat organi tomonidan taqdim etilgan dalillarning yetarli emasligi sababli yuzaga keladigan har qanday shubhalar soʻzsiz va toʻgʻridan-toʻgʻri tadbirkorning foydasiga talqin qilinadi.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq maʼmuriy sud hal qiluv qarorlarida davlat organi zimmasiga oʻz qarorini qayta koʻrib chiqish majburiyati yuklanganda, sud oʻzining huquqiy pozitsiyasini bayon etadi va ushbu pozitsiya qarorni qayta koʻrib chiqishda davlat organi tomonidan inobatga olinishi majburiy hisoblanadi. Bunda:
(a) qayta koʻrib chiqish natijasi tadbirkorlik subyektining holatini davlat organining avvalgi qaroriga nisbatan ogʻirlashtirishi mumkin emas;
(b) davlat organi sud qarori kuchga kirgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida oʻz qarorini qayta koʻrib chiqishi shart. Ushbu muddat tugagandan keyin davlat organi tomonidan mazkur ish boʻyicha tadbirkorlik subyektiga nisbatan har qanday huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash taqiqlanadi.
13. Mazkur Farmonning 11 va 12-bandlarida belgilangan qoidalardan kelib chiqib, Adliya vazirligi uch oy muddatda:
(a) Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻrnatilayotgan kafolat va talablarga toʻliq muvofiqlashtirsin.
IV. Kichik va oʻrta biznesda innovatsiyalarni joriy etish va startaplarni ragʻbatlantirish
14. 2027 — 2030-yillarda ustuvor va yuqori salohiyatga ega sanoat tarmoqlarida startap loyihalar “UzVC” milliy venchur fondi (keyingi oʻrinlarda — Fond) tomonidan moliyalashtiriladigan “Kelajak tadbirkori” dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirilsin. Bunda:
(a) mazkur Farmonga 1-ilovaga muvofiq 8 ta ustuvor yoʻnalishda jami 30 tagacha startap loyihalar ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi va ularga “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi tatbiq etiladi;
(b) har bir loyihaga 5 milliard soʻmgacha mablagʻ investitsiya shaklida (3 yil muddatga foizsiz va garovsiz kelgusida korxonaning ulushiga almashtiriladigan qarz yoki SAFE (Simple Agreement for Future Equity) shaklida) kiritiladi. Bunda:
(i) davlat ulushi 49 foizdan oshirilmaydi hamda taʼsischilarga davlat ulushini bozor qiymatida sotib olish huquqi taqdim etiladi;
(ii) kiritilgan ulushlar Fond tasarrufida qoldiriladi;
(iii) davlat ulushlarini konvertatsiya qilish va sotishdan kelib tushgan mablagʻlar Fond tomonidan Dastur doirasida yangi startap loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
15. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Oʻzbekkosmos” agentligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ, Oʻzsanoatqurilishmateriallari va Oʻzeltexsanoat uyushmalari Dastur ishtirokchilariga tegishli sohadagi korxonalar bilan tajriba-sinov ishlarini amalga oshirishga oid va buyurtma shartnomalarini tuzishda koʻmaklashib borsin.
16. Startap loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Startap ekotizimining yagona elektron platformasida roʻyxatdan oʻtgan startap loyihaning ustav kapitaliga pul mablagʻi, shu jumladan, SAFE yoki konvertatsiyalanadigan qarz shartnomasi asosida investitsiya kiritgan jismoniy shaxslarga “Startap investori” (Business Angel) maqomi beriladi;
(b) “Startap investori” maqomidagi investorlarning ulushlarni sotishdan olgan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi (bundan ushbu ulushlarni oʻz egaligida 3 yildan kam saqlagan hollar mustasno).
V. Tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish
17. “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashning quyidagi qoʻshimcha mexanizmlari joriy etilsin:
(a) tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlar, bank kafolatlari, akkreditivlar va lizing boʻyicha 75 foizgacha kafillik taqdim etish;
(b) davlat xaridlarida ijobiy ishtirok etayotgan tadbirkorlik subyektlariga shartnomani bajarish va avansni qaytarish uchun 2,5 milliard soʻmgacha kafolat berish;
(v) intizomli tadbirkorlik subyektlariga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar ajratish;
(g) davlat tasarrufidagi foydalanilmagan bino, inshoot va boshqa aktivlarni sotib oluvchi tadbirkorlik subyektlariga mazkur aktivlarni xarid qilishga 15 milliard soʻmgacha xizmatlar ipotekasi berish.
18. “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan taqdim etiladigan qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
19. Kompaniya muassisligida quyidagilar tashkil etilsin:
(a) xususiy investorlarning mablagʻlarini jalb qilish orqali tadbirkorlik loyihalariga investitsiya kirituvchi “Biznes fond” aksiyadorlik jamiyati;
(b) mikromoliya tashkilotlariga kredit liniyalari berish uchun mablagʻ bilan taʼminlashga hamda ularni rivojlantirishga ixtisoslashgan “Mikromoliyalash xizmatlarini rivojlantirish” masʼuliyati cheklangan jamiyati.
20. Kompaniya bir oy muddatda mazkur Farmonning 19-bandida nazarda tutilgan tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ustav kapitalini shakllantirish choralarini koʻrsin.
VI. Turizm va xizmat koʻrsatish sohasida xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmani rivojlantirish choralari
21. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining loyihalariga mehmonxona qurish uchun 50 milliard soʻmgacha va mehmonxonani rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 20 milliard soʻmgacha 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatgacha ajratilgan kreditlarning:
(a) milliy valyutada 16 foizdan oshgan qismi;
(b) xorijiy valyutada SOFR, EURIBOR yoki SHIBOR stavkalaridan oshgan qismi foiz xarajatlari Kompaniya tomonidan qoplab beriladi.
22. Quyidagi imtiyozlarning amal qilish muddatlari uzaytirilsin:
(a) uch, toʻrt va besh yulduzli mehmonxona qurishga subsidiyalar berish muddati 2029-yil 1-yanvarga qadar;
(b) mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarining mol-mulkiga solinadigan soliq va yer soligʻi boʻyicha soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qoʻllash muddati 2030-yil 1-yanvarga qadar;
(v) turizm sohasi subyektlari uchun import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan ozod etish muddati 2028-yil 1-yanvarga qadar.
23. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan:
(a) Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga koʻrsatgan xizmatlariga qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasi qoʻllanadi;
(b) yulduzli mehmonxonaga subsidiya olish uchun uning toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyalar xulosasi talab etilmaydi.
VII. Jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish
24. Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda Biznes-ombudsmanning jinoyat protsessida jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) jinoyat ishi doirasida kiritilgan garov summalarini qaytarish tartibini soddalashtirish. Xususan:
(i) garov summalarini qaytarish haqidagi sud hujjatini darhol ijro etilishi lozim boʻlgan talablar toifasiga kiritish;
(ii) qonunchilikda belgilangan muddatlarga rioya etmasdan garov summalarini qaytarish kechiktirilganda, garov summalarini har bir kechiktirilgan kun uchun tegishli pul mablagʻlari saqlanayotgan idoradan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar (penya) hisoblagan holda qoʻshib undirish;
(b) zararni qoplash boʻyicha Davlat budjeti foydasiga undirilgan pul mablagʻlarini sud qarori asosida fuqaro yoki tadbirkorga qaytarish belgilangan taqdirda, ushbu pul mablagʻlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan fuqaro yoki tadbirkorga qaytarish;
(v) reabilitatsiya qilingan shaxslarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sud qarori asosida Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlaridan qoplash;
(g) mazkur bandning “b” va “v” kichik bandlariga asosan:
(i) sudlar tomonidan sud hujjatlari va ijro varaqalarini ijro etish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga elektron tarzda yuborish;
(ii) sudning qonuniy kuchga kirgan qarori taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ijro etilmaganda, majburiyatning bajarilmagan qismiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida foizlar (penya) hisoblash tizimini belgilash.
25. Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi uch oy muddatda tadbirkorlik subyektlarini asossiz jinoiy taʼqibdan himoya qilishga qaratilgan, shuningdek, mazkur Farmonning 24-bandida nazarda tutilgan tartiblarni belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqsin.
VIII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida quyidagilar:
(a) ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) 3-ilovaga muvofiq;
(b) amaliy tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
27. Mazkur Farmonga 3 va 4-ilovalarga muvofiq:
(a) qonunchilik hujjatlari loyihalari sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va oʻrnatilgan tartibda kiritilishi, shuningdek, tadbirlar soʻzsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirlik va idoralar rahbarlariga yuklansin;
(b) topshiriqlarni toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki ijrosini taʼminlamagan vazirlik va idoralar rahbar va masʼul xodimlariga topshiriq ijro muddati tugagan kundan boshlab ijrosi taʼminlangunga qadar boʻlgan muddatda barcha ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻxtatilishi belgilansin.
28. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yilgi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda:
(a) “Kelajak tadbirkori” dasturini dastlabki bosqichda moliyalashtirish uchun Fondga jami 150 milliard soʻm;
(b) mazkur Farmon bilan joriy etilayotgan yangi qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish uchun Kompaniyaga 400 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini inobatga olsin.
Bunda qoʻshimcha talab etiladigan mablagʻlar Kompaniya va Fondning hisob-kitoblari asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ajratib boriladi.
29. Mazkur Farmonning 9-bandi “v” kichik bandida belgilangan qoidalar ushbu Farmon kuchga kirgunga qadar yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etilsin.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
31. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Adliya vazirligi har oyda Roʻyxat va amaliy tadbirlar rejasidagi vazifalar ijrosi holati haqida batafsil axborotni Hisob palatasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarga ijro qilinmagan topshiriqlar boʻyicha maʼlumotlar kiritib boradi;
(b) Roʻyxat va amaliy tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish holati har oyda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladi, yuzaga kelayotgan muammolar yechimi boʻyicha hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun tegishli masʼullarga choralar koʻrib boriladi;
(v) Hisob palatasi va Vazirlar Mahkamasi Roʻyxat va amaliy tadbirlar rejasidagi vazifalar ijrosi holati, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan tegishli masʼullarga koʻrilgan choralar haqida har oyda batafsil axborotni hamda topshiriqlar ijrosida yuzaga kelayotgan masalalar yechimi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.
32. Davlat organlari tegishli qonunosti hujjatlari va idoraviy koʻrsatmalar qabul qilinishini kutmasdan mazkur Farmon normalari kuchga kirgan paytdan eʼtiboran soʻzsiz va toʻgʻridan-toʻgʻri amalda qoʻllanishini taʼminlasin.
33. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
34. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev belgilansin.
35. Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-avgust,
PF-175-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son Farmoniga 1-ILOVA
“Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida moliyalashtiriladigan yoʻnalishlar
ROʻYXATI
1. Elektrotexnika (komponentlar, elektronika, sanoat sensorlari, “aqlli” hisoblagichlar va uskunalar, “aqlli” uy va “aqlli” shahar yechimlari).
2. Mashinasozlik va uskunasozlik (komponentlar, robototexnika, mashinani koʻrish texnologiyalari, sanoat avtomatlashtiruvi, avtonom transport vositalari, agrotexnika, uchish apparatlari va ularning qismlari).
3. Farmatsevtika (biotexnologiyalar, farmatsevtik substansiyalar, tayyor dori vositalari, tibbiy buyumlar va uskunalar).
4. Kimyo sanoati (yangi avlod oʻgʻitlari, biopolimerlar, nanomateriallar, batareya kimyosi, funksional qoplamalar, elektron sanoat uchun kimyoviy materiallar).
5. Qurilish materiallari (energiya samarador va kompozit materiallar, qurilish robototexnikasi).
6. Suv va energiya tejovchi texnologiyalar (sunʼiy intellekt asosida sugʻorish, suv oqib ketishini aniqlash, suvni tozalash va qayta foydalanish, “aqlli” tarmoq, batareya texnologiyalari, quyosh panellarini monitoring qilish, energiya samarador uskunalar, qayta tiklanuvchi energetika).
7. Qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar (avtonom tizimlar, tahliliy texnologiyalar, resurs tejamkor mahsulot yetishtirish texnologiyalari).
8. Aerokosmos (dron, aerokosmik uchish apparatlari va ularning komponentlari, sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari va uning komponentlari, geoinformatsion tizimlar, masofaviy zondlash texnologiyalari).
Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoni bilan tuzilgan Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son Farmoniga 2-ILOVA
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan taqdim etiladigan qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari
ROʻYXATI
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab oʻzgartirilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida bajariladigan
AMALIY TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-229-son Farmonida:
(a) 11-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Jamoatchilik kengashini 1-ilovaga muvofiq yangilagan tarkibda tashkil qilish”;
(b) 1-ilovaning matni qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi
TARKIBI
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-246-son Farmonining 2-bandi “d” kichik bandidagi “25 million soʻmdan” soʻzlari “bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi “Farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-35-son Farmonining 4-bandi “b” kichik bandidan “2026-yil 1-sentabrga qadar” soʻzlari chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes subyektlarining oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-100-son Farmonining 3-bandi “a” kichik bandi “ii” xatboshisidagi “alkogol mahsulotlari” soʻzlari “alkogol, pivo va tamaki mahsulotlari, shuningdek, suv va salqin ichimliklar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarori 2-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) quyidagi tadbirkorlik subyektlariga yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini 90 foizga kamaytirish:
maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslariga (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha) 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2027-yil 1-yanvarga qadar. Bunda 2027-yil 1-yanvargacha yangidan quriladigan obyektlarga (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkasiga) nisbatan mazkur imtiyozni ular foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 5 yil muddat davomida qoʻllash;
mehmonxonalarga (joylashtirish vositalariga) 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2030-yil 1-yanvarga qadar. Bunda palatkali (kemping) lagerlar va oʻtovli lagerlar shaklidagi mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini 90 foizga kamaytirish boʻyicha imtiyozni 2037-yil 1-yanvarga qadar qoʻllash;
ushbu kichik bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan subyektlarga 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2027-yil 1-yanvarga qadar foyda soligʻini hisoblashda binolarning qiymatini ikki yil davomida amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirish huquqini berish”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-238-son qarorining 2-bandida:
(a) “a” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “2026-yil 31-dekabrga” soʻzlari “2029-yil 1-yanvarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) “b” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “2026-yil 31-dekabrga” soʻzlari “2029-yil 1-yanvarga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-39-son qarorining 5-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi, bundan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, soliq toʻlovchiga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish mustasno”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-348-son qarorida:
(a) 8-bandning “g” kichik bandida:
“2027-yil” soʻzlari “2028-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“i” xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(i) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus hamda haydovchi oʻrindigʻidan tashqari sakkizdan ortiq oʻrindiqlarga ega boʻlgan mikroavtobuslar bojxona bojidan va utilizatsiya yigʻimidan ozod etiladi (bunda utilizatsiya yigʻimidan ozod qilishga oid imtiyoz faqat oʻxshashi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarga nisbatan tatbiq etiladi)”;
(b) 5-ilovada:
(i) 1 va 5-bandlardagi “sakkiz va undan ortiq” soʻzlari “sakkizdan ortiq” soʻzlari bilan bilan almashtirilsin;
(ii) 3-band “bojxona boji” soʻzlaridan keyin “va utilizatsiya yigʻimi” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 833-son qarori bilan tasdiqlangan “Raqamli transformatsiya markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining elektron kooperatsiya portalida axborotni joylashtirish va xaridlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Portalga joylashtiriladigan mahsulot mahalliy ishlab chiqarilgan tovar toʻgʻrisidagi sertifikatga ega boʻlishi lozim.
Bunda mahalliy ishlab chiqarilgan tovar toʻgʻrisidagi sertifikat Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandiga muvofiq beriladi”.
10. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-sentabrdagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomda:
(a) 8-bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “2027-yil” soʻzlari “2030-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(iii) toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
(b) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. 3, 4 yoki 5 yulduzli mehmonxona uchun muvofiqlik sertifikati investor yoki ishonchli boshqaruvchi tomonidan olinadi”.
