Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim maktab-internatlarining tuzilishi, jihozlanishi, saqlanishi va oʻqitish tartibiga oid sanitariya qoidalari (0313-14-son)
26.08.2014
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SANITARIYA QOIDALARI VA MEʼYORLARI, GIGIYENA NORMATIVLARI
1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur sanitariya qoidalari va normalari (keyingi oʻrinlarda — sanitariya qoidalari) “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentyabrdagi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. Mazkur sanitariya qoidalari faoliyati ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarini (keyingi oʻrinlarda — maktab-internatlar) loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan barcha yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiydir.
1.3. Sanitariya qoidalari jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan barcha ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga tatbiq etiladi.
1.4. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari oʻquv-tarbiyaviy, korreksion va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalari hisoblanib, jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan bolalarning bilish imkoniyatlariga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim va tarbiya olishiga yordam berish, buning uchun zarur sharoitlarni yaratish, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi va integratsiyasiga koʻmaklashish, shuningdek, aholining ijtimoiy zaif qatlamlaridagi oilalarga bolalarni tarbiyalash va oʻqitishda yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi.
1.5. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari oʻz ixtisosligiga koʻra quyidagi turlarga (I — VIII) boʻlinadi:
I — kar (eshitmaydigan) bolalar uchun maktab-internatlar;
II — zaif eshituvchi va keyinchalik kar boʻlib qolgan bolalar uchun maktab-internatlar;
III — koʻzi ojiz (koʻr) bolalar uchun maktab-internatlar;
IV — zaif koʻruvchi va keyinchalik koʻr boʻlib qolgan bolalar uchun maktab-internatlar;
V — nutqida ogʻir nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VI — tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VII tur — ruhiy rivojlanishi sust boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VIII tur — aqli zaif bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlar.
1.6. Ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasalariga qatnamagan bolalarni maktabga tayyorlash maqsadida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (maktab-internatlar) qoshida bir va ikki yillik muddatli tayyorlov guruhlari tashkil etilishi mumkin.
1.7. Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatlarida tarbiyaviy, umumtaʼlim va kasb-hunarga tayyorlash ishlari rivojlanishdagi asosiy nuqsonni tuzatishga, shuningdek, yoʻqotilgan funksiyalarni tiklash yoki kompensatsiya qilishga qaratilgan davolash-tiklash va sogʻlomlashtirish tadbirlari bilan birgalikda olib boriladi.
1.8. Muassasa ixtisosligiga qarab sinflar va tarbiya guruhlaridagi bolalar soni quyidagicha belgilangan (1, 2-jadvallar).
Izoh:
1. Sigʻim mahalliy sharoitlarga koʻra, loyihalash topshirigʻi asosida belgilanadi.
2. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun yasli guruhlari loyihalash topshirigʻida koʻzda tutiladi.
3. Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan maktabgacha yoshdagi bolalar uchun guruhlar ixtisoslashtirilgan (asosiy toʻrt tur boʻyicha) maktab-internatlar tarkibida tashkil etilishi mumkin.
2. Joylashtirish va hududga oid talablar
2.1. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar eng qulay tabiiy va gigiyenik sharoitlarga ega boʻlgan joylarda: alohida uchastkalarda, koʻkalamzorlashtirilgan tumanlarda, iloji boʻlsa, shahar atrofi hududida yoki bogʻlar va kvartallar ichidagi yashil massivlar yaqinida; sanoat va kommunal korxonalar, temiryoʻllar va transport harakati serqatnov yoʻllardan, shuningdek, shovqin, havo va tuproq ifloslanishining boshqa manbalaridan uzoqda joylashtirilishi lozim. Uchastkani suv taʼminoti, elektr taʼminoti manbalari va muhandislik kommunikatsiyalariga nisbatan qulay joylashtirish tavsiya etiladi; u qulay kirish yoʻllariga va jamoat transporti bekatlaridan kelish uchun qulay yoʻlaklarga ega boʻlishi kerak.
Internat muassasalarini loyihalash elektr uzatish liniyalari, radioeshittirish, uyali aloqa, televideniye, radiolokatsiyaning radiochastota diapazoni taʼsir qilmaydigan zonalarda loyiha topshiriqlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2.2. Eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar audiometrik uskunalarning ishlashi buzilishi ehtimolini bartaraf etish uchun aholi punktining eng sokin tumanlarida, transport magistrallari va oʻtish yoʻllaridan, radiostansiyalar, radiorele qurilmalari (punktlari)dan uzoqda joylashtirilishi kerak.
2.3. Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini barpo etishda bir hududda yagona majmuani (bolalar bogʻchasi — maktab) koʻzda tutish tavsiya etiladi. Bu rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni tarbiyalash va oʻqitishda uzviylikni yanada yaxshiroq taʼminlaydi. Ushbu tashkilotlarning har biri alohida binoda yoki blokda joylashtirilishi, bunda kichik yoshdagi bolalarni ham bino ichida, ham hududda alohidalash tamoyiliga qatʼiy rioya qilinishi lozim.
2.4. Hududning umumiy maydonini, maydonchalar toʻplamini va ularning jihozlanishini belgilashda har bir turdagi maktab-internat uchun hududdan ham sogʻlomlashtirish-tiklash, ham oʻquv-kasbiy tayyorgarlik maqsadlarida foydalanishning oʻziga xos jihatlarini hisobga olish zarur. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning hududlari oʻyin maydonchalarining yanada rivojlangan tarkibini, oʻquv-tajriba zonasining kattaroq maydonini, ayrim hollarda esa mehnat taʼlimi va kasbga tayyorlash uchun kengaytirilgan maydonchalar toʻplamini, maxsus uskunalar va jihozlarni talab etadi. Bu, avvalo, koʻzi ojiz, zaif koʻruvchi va aqli zaif bolalar, shuningdek, tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internatlarga taalluqlidir.
2.5. Yer uchastkasining maydoni, tarkibiy elementlari va ularning maydonlari shaharsozlik normalariga muvofiq loyihalash topshirigʻi asosida qabul qilinishi lozim.
Mahalliy sharoitlar va muassasalarning sigʻimidan kelib chiqib, maydonchalar sonini koʻpaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
Maktab-internat tarkibida maktabgacha taʼlim guruhlari mavjud boʻlganda, yer uchastkasida maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ShNQ 2.08.05-08 talablarini hisobga olgan holda tegishli jihozlarga ega maydonchalar nazarda tutilishi lozim.
2.6. Yer uchastkasini zonalarga ajratishda alohida xonalar guruhlarining uchastkadagi tegishli zonalar va maydonchalar bilan qulay bogʻlanishini hisobga olish lozim.
2.7. Oʻquv-tajriba zonasi maktab-internat binosidan kamida uning bir baravar balandligidagi masofada joylashtiriladi. Uni xiyobonlar va yoʻlaklar bilan ajratishga yoʻl qoʻyiladi.
2.8. Faol va sokin dam olish uchun moʻljallangan oʻyin maydonchalarini binoning oʻquv-yashash va guruh xonalaridan chiqish yoʻlaklariga bevosita yaqin joylashtirish maqsadga muvofiq boʻlib, bu ayniqsa maktabgacha yoshdagi bolalar uchun muhimdir. Koʻrish, tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan va aqli zaif maktabgacha yoshdagi bolalar va oʻquvchilar uchun oʻquv-yashash xonalarining uchastkadagi maydonchalar bilan bevosita qulay bogʻlanishi majburiy hisoblanadi.
2.9. Sokin dam olish maydonchalarini sport zonasi va harakatli oʻyinlar maydonchalaridan uzoqroqda joylashtirish hamda ularni buta va daraxtlar ekib ajratish tavsiya etiladi.
2.10. Xoʻjalik zonasi uchastkaning boshqa zonalaridan ajratilgan boʻlishi, ishlab chiqarish xonalariga kirish tarafida joylashishi va koʻchaga alohida chiqish yoʻlagiga ega boʻlishi kerak. Xoʻjalik hovlisidagi xoʻjalik qurilmalarini (xoʻjalik korpusi, saroy, sabzavot saqlash ombori) namunaviy loyihalar asosida qurish tavsiya etiladi.
2.11. Shikastlanishning oldini olish maqsadida binoga yaqinlashish yoʻllari, shuningdek, tarbiyalanuvchilarning hudud ichidagi dam olish maydonchasi, sport va oʻquv zonalariga olib boruvchi harakatlanish yoʻnalishlari transport yoʻllari bilan kesishmasligi lozim. Binoga olib boruvchi barcha kirish va oʻtish yoʻllari asfaltlangan yoki boshqa qattiq qoplamaga ega boʻlishi kerak.
2.12. Hududning kamida 50 foizi koʻkalamzorlashtirilishi shart. Hududni va alohida maydonchalarni rejalashtirish hamda jihozlashda rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarning faoliyati va jismoniy imkoniyatlari xususiyatlari inobatga olinishi lozim.
2.13. Koʻzi ojiz, zaif koʻruvchi, shuningdek, tayanch-harakat aʼzolari faoliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan umumtaʼlim maktab-internatlarining hududlariga alohida talablar qoʻyiladi:
a) tayanch-harakat aʼzolari faoliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internat hududidagi yoʻlakchalar va piyodalar yoʻlkalarining nishabligi koʻpi bilan 5°, eni esa kamida 1,6 m boʻlishi koʻzda tutiladi. Burilish joylarida va har 6 metrdan keyin dam olish uchun maydonchalar boʻlishi kerak;
b) koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun moʻljallangan maydonchalarda bolalarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash uchun sayr yoʻlakchalarining eni kamida 2 m boʻlishi va ikki sathli ikki tomonlama toʻsiqqa ega boʻlishi kerak: tutqichlar 50-60 sm balandlikda va plankalar — 15 sm balandlikda yoki qoʻngʻiroqchali arqonli toʻsiqlar. Bolalar yurganida toʻsiq boʻlishi mumkin boʻlgan barcha obʼektlar: daraxtlar, butalar, ustunlar va boshqalar uchun toʻsiqlar nazarda tutilishi kerak.
Burilishlar va chorrahalar yaqinida, binolar, ustunlar va boshqa toʻsiqlar yonida yoʻlakchalar yirik donador qoplamali tuzilishga ega boʻlishi kerak (asfaltga shagʻal qoʻshiladi). Qoplamaning gʻadir-budur yuzasi yurishni sekinlashtirish uchun ishora boʻlib xizmat qiladi. Asfaltlangan yoʻlakchalar oʻz kengligiga qarab yoy shaklidagi profilga ega boʻlishi lozim (yoʻlakchaning oʻrtasi chetlaridan 5 — 7 sm balandroq boʻladi). Koʻzi ojiz bolalarda moʻljal olish koʻnikmasini shakllantirish uchun har xil hid taratuvchi daraxtlar (ignabargli, mevali va hokazo) ekish maqsadga muvofiqdir. Koʻrish qobiliyati zaif bolalar uchun esa moʻljal sifatida yorqin gullar ekish mumkin.
2.14. Koʻzi ojiz va koʻrish qobiliyati zaif bolalarning jismoniy mashqlar va oʻyin faoliyati uchun, makonni oʻzlashtirishni yengillashtirish, harakatlar erkinligi va chaqqonligini rivojlantirish maqsadida, ayniqsa, koʻzi ojiz bolalarda tiklovchi tadbirlarni oʻtkazish va kompensator reaksiyalarni rivojlantirish uchun, atrofi toʻsilgan, yuzasi tekis shibbalangan yoki maysa bilan qoplangan maxsus maydonchalar qurish zarur. Bunday maydonchalarga toʻsiq sifatida eni 15 — 20 sm boʻlgan ariqchalar qilish yoki, agar maydon maysazor boʻlsa, 1 — 1,5 m kenglikdagi yoʻlak hosil qilib chimini olib tashlash, shibbalangan yuzalarda esa atrofiga chim yotqizish yoki maysa ekish tavsiya etiladi.
2.15. Devorlar, ustunlar va boshqa toʻsiqlar oʻyin maydonchalari chegarasidan kamida 2,5 — 3 m masofada joylashishi kerak. Maydoncha atrofidagi himoya yoʻlagi qiya (10 — 12° burchak ostida, eni kamida 3 — 3,5 m), oʻyin maydonchasining uzunligi esa 10 — 20 m boʻlishi mumkin.
2.16. Har qanday yoʻnalishdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning hududi balandligi kamida 1,7 m boʻlgan panjara bilan oʻralgan boʻlishi lozim.
2.17. Kechki paytda hududning yer sathida choʻgʻlanma lampalar uchun 20 lk va lyuminestsent lampalar uchun 40 lk meʼyoridan kelib chiqqan holda sunʼiy yoritish taʼminlanishi kerak.
3. Binolarga qoʻyiladigan asosiy talablar
3.1. Har xil turdagi yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish amaldagi loyihalash meʼyorlari va topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqilgan loyihalar asosida amalga oshirilishi lozim.
3.2. Ixtisoslashtirilgan taʼlim maktab-internatlari sigʻimiga koʻra bir va ikki toʻplamli boʻlishi mumkin (3, 4-ilova).
3.3. Amaldagi sanitariya va loyihalash meʼyorlariga rioya qilingan holda, maktab-internatlarni bolalar bogʻchasi bilan birlashtirishga (majmua sifatida) yoʻl qoʻyiladi.
3.4. Binolarning konstruktiv va hajmiy-rejalashtirish yechimlari amaldagi SHNQ 2.08.02-07 qurilish meʼyorlariga mos kelishi kerak. Qurilish olib boriladigan hududlarning iqlimiy xususiyatlari QMQ 2.01.01-94 “Loyihalash uchun iqlimiy va fizik-geologik maʼlumotlar”ga muvofiq hisobga olinishi lozim. Oʻzbekistonning maʼmuriy tumanlari boʻyicha qurilish-iqlim zonalari va kichik zonalari roʻyxati SHNQ 2.08.01-07 da keltirilgan.
I qurilish-iqlim zonasida — ekstremal sharoitlarga ega yarimchoʻl va choʻl hududlarida kompozitsiyaviy va meʼmoriy-rejalashtirish yechimlari ortiqcha insolyatsiyadan hamda haddan tashqari qizib ketishdan, yozda issiq changli shamollardan va qishda sovuq shamollardan samarali himoyani taʼminlashi lozim. Binolar va inshootlarning ichki makonlarini noqulay tashqi taʼsirlardan maksimal darajada himoya qiladigan ixcham, kompozitsiyaviy-rejalashtirish yechimlarini, samarali quyosh va changdan himoyalovchi qurilmalarni, shuningdek, xonalarda qulay mikroiqlim yaratish uchun texnik vositalarni qoʻllash tavsiya etiladi.
II zonada — togʻoldi vohalarida bino va inshootlarning kompozitsiyaviy-rejalashtirish yechimlari qulay iqlim sharoitlaridan imkon qadar toʻliq foydalanishga yoʻnaltirilgan boʻlishi, shu bilan birga, xonalarni soyalash va samarali tabiiy shamollatish, asosiy xonalarni obodonlashtirilgan ochiq maydonlar bilan oʻzaro bogʻlash hisobiga ortiqcha insolyatsiya va haddan tashqari qizib ketishdan himoya qilishi kerak.
III zonada — qishi uzoq davom etadigan togʻli hududlarda, avvalo, qish davrida bino xonalarining issiqlik himoyasini taʼminlashga qaratilgan ixcham kompozitsiyaviy-rejalashtirish yechimlarini qoʻllash afzal koʻriladi.
3.5. Binoning kompozitsiyaviy yechimini tanlashda umumtaʼlim maktablari, maktab-internatlar va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini loyihalashning amaldagi meʼyorlarida belgilangan oʻquv xonalari, yotoqxonalar va boshqa xonalar derazalarining ufq tomonlariga nisbatan joylashuviga doir talablarga, shuningdek, 3-jadvalda koʻrsatilgan qoʻshimcha talablarga rioya qilish lozim.
3.6. Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishning oʻziga xosligi hamda taʼlim muassasasi sharoitida davolash-tiklash chora-tadbirlari majmuasining oʻtkazilishi asosiy xonalar tarkibining murakkablashishiga, maydon meʼyorlarining kattalashishiga va ularning oʻzaro joylashuviga oid maxsus talablarning yuzaga kelishiga sabab boʻladi.
3.7. Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi xonalarning tarkibi va maydoni 1, 2, 3, 4-ilovalarga muvofiq qabul qilinishi kerak.
3.8. Binolarning qavatliligi maktab-internatlar tarbiyalanuvchilarining kontingentini (harakatlanishni qiyinlashtiradigan jismoniy rivojlanish nuqsonlari, harakatlar muvofiqligining buzilishi, koʻrish qobiliyatining pasayishi yoki yoʻqligi va b.) hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
Izoh: Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi, shuningdek, kar va zaif eshituvchi bolalarga moʻljallangan maktab-internatlarda sinfxonalar hamda boshqa oʻquv kabinetlari va laboratoriyalar, koʻrish analizatoriga tushadigan katta yuklamani hisobga olgan holda, faqat optimal yoʻnalishga ega boʻlishi kerak.
3.9. Zallardan tashqari barcha xonalarning balandligi (poldan yuqoridagi qavatning poliga qadar) 3,3 metrdan, sport zalining balandligi esa 6 metrdan kam boʻlmasligi kerak. Majlislar zalining balandligi kinofilmlar namoyish etilganda normal koʻrish imkoniyatini taʼminlashi va kamida 4,5 metr, ovqatlanish zalining balandligi esa 3,6 — 4,2 metr boʻlishi lozim.
3.10. Maktab-internatning ixtisoslashuvidan qatʼi nazar, binoning loyihaviy yechimi binoni ikki asosiy funksional guruhdagi (oʻquv-turar joy va umumiy maktab) xonalarga aniq ajratishni taʼminlashi lozim. Bunda ularning joylashuvi va foydalanilishining mustaqilligiga rioya qilgan holda oʻquv-turar joy va umumiy maktab xonalari guruhlari oʻrtasida qulay va qisqa bogʻlanishlar, shuningdek, umumiy maktab tadbirlarini oʻtkazish va karantin tashkil etish imkoniyati nazarda tutilishi kerak.
3.11. Oʻquv-turar joy va umumiy maktab xonalari oʻz vazifalariga qarab mustaqil bloklarda joylashtirilishi kerak. Oʻquv-turar joy bloklarida oʻtish yoʻlaklari boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi; ular shovqin, chang va hid manbai boʻlgan xonalardan ajratilgan (izolyatsiyalangan) boʻlishi shart. Oʻtish yoʻlaklari umumiy maktab xonalari va hudud bilan qulay bogʻlanishga ega boʻlishi kerak.
3.12. Foydalanish tartibi shovqin bilan kechadigan, shu sababli yashayotgan bolalarni bezovta qilishi va pedagogik, tibbiy yoki maʼmuriy xodimlar ishiga xalaqit berishi yoxud uni buzishi mumkin boʻlgan xonalarni (nasos uskunalari boʻlgan qozonxonalar, ishlab chiqarish xonalari, taʼmirlash ustaxonalari, nasos boʻlinmali sovutish kameralari, ventilyatsiya kameralari, kompressorxonalar, oʻquv-ishlab chiqarish ustaxonalari va boshqalar) yotoqxonalar, oʻquv xonalari, davolash-diagnostika xonalari bilan yonma-yon, shuningdek ularning ustida va ostida joylashtirish mumkin emas.
3.13. Oʻquv-yashash xonalari guruhiga oʻquv mashgʻulotlari uchun moʻljallangan xonalar (sinfxonalar), dam olish xonalari (rekreatsiyalar, mehmonxonalar), uxlash xonalari (yotoqxonalar), sanitariya tarmoqlari, kiyim va poyabzal tozalash xonasi, navbatchi tarbiyachi xonasi, shuningdek, muassasaning yoʻnalishi va bolalarning yoshiga qarab yordamchi va boshqa xonalar kiradi.
3.14. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi oʻquv va yashash xonalarini tayyorlov sinflarining oʻquvchi-tarbiyalanuvchilari uchun sinflar va tarbiyachilar guruhlarining jamlanishiga bogʻliq holda yosh tamoyili boʻyicha tabaqalashtirilgan oʻquv-yashash boʻlinmalari tipida guruhlash tavsiya etiladi.
3.15. Xonalarni (oʻquv xonalari, rekreatsiyalar, yotoqxonalar, sanitariya tarmoqlari va boshqalar) bitta tayyorlov guruhi, I — III yoki I — IV sinflar uchun ikkita sinf guruhi, V — IX sinflar uchun ikki-uchta guruhga moʻljallangan oʻquv-yashash boʻlinmalariga birlashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
3.16. Turli yosh guruhlaridagi tarbiyalanuvchilar uchun moʻljallangan oʻquv-yashash boʻlinmalari oʻtish yoʻlagi boʻlmasligi, bir-biridan va umumiy foydalanishdagi xonalardan ajratilgan boʻlishi kerak.
3.17. Oʻquv-yashash xonalarini loyihalashda oʻtishlarga sarflanadigan vaqtni maksimal darajada qisqartirish, bolalarning kuchini va dam olish vaqtini tejash, tarbiyachilarning bolalarni kuzatishini osonlashtirish hamda uy sharoitiga yaqin muhit yaratish uchun sinflar, dam olish va yotoqxonalar oʻrtasida qulay va qisqa aloqalar koʻzda tutilishi lozim. Bu, ayniqsa, koʻrish, eshitish, tayanch-harakat apparati va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun muhimdir.
3.18. Oʻrta va katta yoshdagi tarbiyalanuvchilar uchun moʻljallangan oʻquv-yashash majmualarida oʻquv seksiyalari yotoqxonalardan (bir yoki ikki qavat doirasida) aniqroq ajratilishi kerak; oʻgʻil va qiz bolalar uchun yotoqxonalar alohida bloklarda yoki alohida qavatlarda joylashtiriladi (I — IV; V — IX sinf tarbiyalanuvchilari uchun oʻquv-yashash xonalarining taxminiy tarkibi va maydonlari 1 va 2-ilovalarda keltirilgan).
3.19. Umumtaʼlim maktabi xonalari guruhi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim: 1) oʻquv kabinetlari va laboratoriyalar (ularni maxsus oʻquv seksiyalariga guruhlash hamda oʻrta va katta yoshdagi tarbiyalanuvchilarning yotoqxonalari bilan qulay bogʻlangan alohida blokda joylashtirish tavsiya etiladi); 2) mehnat va kasbiy tayyorgarlik xonalari; 3) sport zali; 4) majlislar zali; 5) oshxona; 6) kutubxona/qiroatxona; 7) toʻgarak xonalari; 8) tibbiyot xonalari; 9) maʼmuriy-xoʻjalik xonalari.
Oʻquv xonalari
3.20. Oʻquv xonalarining (sinflar, kabinetlar va laboratoriyalarning) maydoni va konfiguratsiyasi muassasa yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, mebel va uskunalarning toʻgʻri joylashtirilishini, oʻquvchilarning koʻrish qobiliyati uchun qulay sharoitlarni (meʼyorlangan tabiiy yoritish darajalari va koʻrish burchagi) hamda pedagogik jarayonni toʻgʻri tashkil etish uchun shart-sharoitlarni taʼminlashi lozim.
Turli yoʻnalishdagi ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatlarida oʻquv xonalari maydoni bir oʻquvchiga 2 m2 dan 3,5 m2 gacha hisobda qabul qilinishi kerak;
aqli zaif va ruhiy rivojlanishi sust boʻlgan bolalar uchun — 2,2 m2;
poliomiyelit asoratlari va bolalar serebral falajligi boʻlgan bolalar uchun — 3,5 m2;
qolgan barcha bolalar uchun — 3 m2.
hisobidan oʻquvchilarning yakka tartibdagi mashgʻulotlari uchun xonalar koʻzda tutilishi zarur.
3.22. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda yoʻnalishidan kelib chiqib, quyidagi qoʻshimcha kabinetlar koʻzda tutilishi lozim:
kar, zaif eshituvchi va nutqida ogʻir nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun — frontal mashgʻulotlar uchun eshitish kabineti hamda oʻqituvchining oʻquvchi bilan eshitish qobiliyatini rivojlantirish va talaffuzni oʻrgatish boʻyicha yakka tartibda ishlashi uchun kabinetlar; oynali devor va xoreografiya dastgohlari boʻlgan musiqiy-ritmik mashgʻulotlar kabineti;
aqli zaif bolalar uchun — logopediya kabinetlari;
koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun — logopediya va lingafon kabinetlari, mashinkada yozish, elektrotexnika, loy ishlari va boʻrtma rasm kabinetlari, musiqa, kompyuter texnikasi bilan yakka tartibda shugʻullanish uchun xonalar.
3.23. Sinflar, kabinetlar, laboratoriyalar va auditoriyalarga kirish eshiklari bir tavaqali qilib yasalishi va oʻqituvchi stoli tomonidan joylashtirilishi kerak, bu ayniqsa tayanch-harakat apparati, koʻrish qobiliyati va aqliy rivojlanishida nuqsoni bor oʻquvchilar uchun muhimdir.
3.24. Barcha oʻquv va turar joy binolari yelvizakli shamollatish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
3.25. Oʻquv-turar joy seksiyalaridagi dam olish-mehmonxonalari bir oʻquvchiga kamida 1 m2 maydon hisobidan zal koʻrinishida nazarda tutilishi lozim.
Yotoqxonalar
3.26. Yotoqxonalar boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun oʻquv-turar joy boʻlmalarida joylashtiriladi yoki yoshiga qarab alohida yotoqxona seksiyalariga guruhlanadi. Yotoqxonalar yoshidan qatʼi nazar oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida boʻlishi kerak.
3.27. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning barcha turlari uchun yotoqxonalar bolalarning yoshidan qatʼi nazar 4 kishiga moʻljallab loyihalanadi.
3.28. Yotoqxonalar maydoni poliomiyelit asoratlari va miya falajligi boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internatlarda bir tarbiyalanuvchiga 4,5 m2 hisobidan va boshqa barcha turdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar uchun 4 m2 hisobidan olinadi.
3.29. Yotoqxonalar qoshida yuvinish xonalari, hojatxonalar, qizlar uchun shaxsiy gigiyena xonalari, dushxonalar, kiyim va poyabzal tozalash xonalari nazarda tutiladi.
3.30. Ochiq havoda uxlashni tashkil etish uchun tarbiyalanuvchilarning 50 foiziga moʻljallangan, har bir oʻringa 3 m2 maydon hisobidan ayvonlar qurish maqsadga muvofiqdir. Ayvonlardan tanaffus vaqtida sayr qilish uchun ham foydalanish mumkin, shu bois ular dam olish joylari va sinfxonalarga yaqin joylashtirilishi lozim.
Mehnat taʼlimi xonalari
3.31. Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun mehnat taʼlimi nafaqat oʻquv va sogʻlomlashtirish, balki psixologik ahamiyatga ham ega boʻlib, ularni mustaqil hayotga, ijtimoiy foydali mehnatga tayyorlaydi.
3.32. Mehnat taʼlimi va kasbga tayyorlash maktab-internatning ustaxonalari va yer uchastkasida, tegishli imkoniyatlar mavjud boʻlganda esa sanoat korxonalari hamda qishloq xoʻjaligi fermalari negizida olib boriladi.
3.33. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda boshlangʻich sinflar (I — III va I — IV) tarbiyalanuvchilariga mehnat taʼlimi berish uchun oʻquv-yashash xonalari blokida yoki unga yaqin joyda mehnat taʼlimi va ijtimoiy foydali mehnat ustaxonasi tashkil etiladi. V — IX sinflar tarbiyalanuvchilari uchun esa ustaxonalar koʻzda tutiladi va ularning toʻplami maktab-internat ixtisosligiga bogʻliq boʻladi. Yogʻoch va metallga ishlov berish ustaxonalaridan tashqari, kartonaj, tikuvchilik, muqovalash, trikotaj, shtamplash va boshqa ustaxonalar, shuningdek, kasbga yoʻnaltirish xonalarini nazarda tutish tavsiya etiladi. Ustaxonalarning maqsadi muassasa ixtisosligi, mahalliy sharoitlar hamda tegishli ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi bazalarining mavjudligiga qarab oʻzgartirilishi mumkin. Oʻquv ustaxonalari alohida blokda joylashishi, oʻquv xonalari va yer uchastkasi bilan qulay bogʻlanishi lozim. Ustaxonalar sinfning yarmi, yaʼni 6 nafar oʻquvchi mashgʻulot oʻtashi uchun moʻljallanadi, aqli zaif bolalar uchun maktablarda esa har bir bolaga 6 m2 hisobidan 8 nafar oʻquvchiga moʻljallab koʻzda tutiladi:
Dastgohli uskunalar bilan jihozlangan ustaxonalar faqat birinchi qavatda joylashtiriladi, bunda yogʻochga ishlov berish ustaxonalaridan bevosita tashqariga chiqiladigan qoʻshimcha yoʻlakni nazarda tutish zarur.
Asboblar xonasi yogʻoch va metallga ishlov berish ustaxonalari bilan yonma-yon joylashtiriladi:
asbob-uskunalarni joylashtirishda quyidagilarni hisobga olish kerak: qatorlar (ustaxona boʻylab yoʻlaklar) orasidagi taxminiy masofa kamida 130 sm (tayanch-harakat tizimida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun 170 sm gacha), dastgohlar orasidagi masofa — kamida 80 sm; dastgohlar va verstaklar orasida — 90 sm; verstaklar va dastgohlardan devorgacha — kamida 50 sm; duradgorlik ustaxonasida verstaklar orasida — kamida 80 sm boʻlishi lozim.
3.34. Har bir ustaxonaga issiq va sovuq suv tortilgan yuvinish chanoqlari oʻrnatilishi kerak.
3.35. Ustaxonalar havo tortish-chiqarish ventilyatsiyasi hamda zamonaviy mahalliy chang tutgichlar va soʻrish moslamalari bilan jihozlanadi.
Sport zali
3.36. Jismoniy tarbiyaning turli shakllarini tashkil etish uchun barcha maktab-internatlar, sigʻimidan qatʼi nazar, maydoni kamida 288 m2 (12х24) boʻlgan sport zaliga; tibbiyot bloki qoshida davolash jismoniy tarbiyasi uchun kabinetlar yoki zallarga; jismoniy tarbiya va ritmika mashgʻulotlari, shuningdek, koʻzi ojiz bolalarda harakat va eshitish orqali moʻljal olishni rivojlantirish uchun xonalarga ega boʻlishi shart.
3.37. Sport zali binoning birinchi qavatida yoki alohida turgan binoda joylashtiriladi hamda hududdagi sport maydonchasi bilan bevosita (yoki yoʻlak orqali) qulay bogʻlanishni taʼminlashi kerak.
3.38. Zalga tutash boʻlgan, oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida ajratilgan yechinish va dush xonalari zal bilan bevosita (yoki yoʻlak orqali) bogʻlangan boʻlishi hamda surma eshikli shkafchalar yoki kiyim ilgichlar va kirish eshiklari yonida balandligi 1,75 m boʻlgan himoya toʻsiq-ekranlari bilan jihozlanishi kerak. Yechinish xonasi yonida sanitariya tarmogʻi boʻlishi lozim. Sport zaliga faqat yechinish xonalari orqali kirilishi kerak.
3.39. Sport zali qoshida polda turadigan va osma sport anjomlarini saqlash uchun anjomxona nazarda tutiladi. Anjomxona poli zal poli bilan bir sathda, ostonasiz boʻlishi kerak.
3.40. Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun maktab-internatlarda gimnastika zalini loyihalash va jihozlashda koʻrish qobiliyati buzilgan bolalarning moʻljal olish xususiyatlari hamda ularni toʻgʻri yurish koʻnikmalariga oʻrgatish zarurati hisobga olinishi kerak, shu munosabat bilan quyidagilarni nazarda tutish lozim:
zalni ikki hududga ajratish: kichigi — anjomlarda mashq qilish uchun anjomlar yoki gimnastika hududi va kattasi — oʻyin faoliyati uchun asosiy hudud; bolalar moʻljalni yoʻqotmasligi uchun anjomlar qoʻzgʻalmas qilib mahkamlanadi; zalning kichik qismidagi pol asosiy hudud polidan 6-7 sm balandroq (koʻtarilgan) boʻlishi kerak. Zalning asosiy qismidagi pol bir jinsli qoplamaga ega boʻlishi kerak;
zal devorlari boʻylab perimetr boʻyicha hamda zalni ikki hududga ajratish uchun pol qoplamasining tebranuvchi yoʻlagini oʻrnatish; zal hududlari orasidagi tebranuvchi yoʻlak zalning katta qismiga tomon 10 — 12o qiyalikda boʻlishi kerak; zalni ajratish uchun esa yuqoridan tushiriladigan, ogʻirliklar (qum solingan xaltachalar) bilan torttirilgan kapron toʻrdan foydalaniladi;
ommaviy maktablarda umumiy qabul qilingan uskunalar (gimnastika devorlari, ot, halqalar, arqonlar, langarchoʻplar, xoda, toʻshaklar va b.), shuningdek, qoʻshimcha uskunalar — har xil turdagi trenajyorlar, tennis va xokkey koptoklarini irgʻitish uchun moʻljallar va b.
3.41. Sogʻlomlashtirish va davolash jismoniy tarbiyasi mashgʻulotlariga moʻljallangan xonalar guruhida oʻyinlar va umumiy jismoniy tayyorgarlik uchun universal sport zali, trenajyorlar zali hamda suv osti dush-massaji va manual terapiya uchun yordamchi xonalar majmuasiga ega suzish havzasi nazarda tutilishi lozim.
3.42. Tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalarga moʻljallangan maktab-internatlarda suv osti dush-massaji va manual terapiya uchun yordamchi xonalar majmuasiga ega yopiq suzish havzasi boʻlishi kerak.
3.43. Havza vannasining uzunligi 12,5 m, eni esa 6 m boʻlishi kerak. 7 — 10 yoshli bolalar mashgʻulotlari uchun vanna chuqurligi 0,6 metrdan 0,85 metrgacha, 10 — 14 yoshli bolalar uchun esa 0,8 metrdan 1,06 metrgacha boʻlishi kerak. Dushxonadan havza zaliga tomon yoʻnalishda joylashgan oyoq vannasining chuqurligi 0,1 metrdan kam boʻlmasligi lozim.
3.44. Basseyn kosasi atrofida boʻylama devor boʻylab eni kamida 2 m va yonbosh devor boʻylab eni kamida 3,5 m boʻlgan aylanma yoʻlaklar quriladi. Aylanma yoʻlakning tashqi tomoni pol sathidan kamida 1 m balandlikda toʻsiladi. Basseyn kosasining borti yoʻlak sathidan kamida 0,4 m yuqorida boʻlishi kerak. Basseyn zali devori boʻylab kattalar uchun pol sathidan 0,9 m, bolalar uchun esa 0,5 m balandlikda gorizontal tutqichlar oʻrnatiladi.
3.45. Koʻrish qobiliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan suzish basseynida qoʻshimcha ehtiyot choralari koʻzda tutilishi kerak: basseyn vannasining chetlari rezina bilan qoplanishi, vannaning sayoz qismi chuqur qismidan penoplastli cheklovchi toʻsiq va yukli toʻr yordamida ajratilishi lozim; vannaga tushish uchun panjarali ikkita qoʻshimcha narvon qurilmasi nazarda tutiladi; vanna atrofida va devorlar boʻylab panjaralar boʻlishi kerak.
3.46. Tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlarda bolalarning yoshi va harakatlanish doirasidagi jarohatlariga qarab chuqurligi sozlanadigan, koʻtariluvchi tubli yopiq suzish basseynini qurish lozim.
3.47. Nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishiga qulaylik yaratish uchun basseyn kosasining ichki devorlari boʻylab suv sathidan yuqorida va pastda qoʻshimcha tutqichlar, shuningdek, basseynning sayoz qismida balandligi 0,1 m va eni 0,75 m (lekin 0,45 m dan kam boʻlmagan) boʻlgan kamida 4 ta zina nazarda tutilishi kerak.
Basseyn xonalarining tarkibi va maydonlari 4-jadvalga muvofiq qabul qilinishi lozim.
Hovuz vannasidagi suvning hisobiy harorati 29°C, zaldagi havo harorati 30°C, kiyinish va dush xonalarida esa 25°C boʻlishi lozim,
aylanma yoʻlakchalar yuzasi — 30°C.
Majlislar zali
3.48. Majlislar zali bir vaqtning oʻzida tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 75 — 100 foizini sigʻdira olish imkoniyatini taʼminlashi kerak. Maydoni bir oʻrin uchun amaldagi meʼyorlar boʻyicha olinadi. Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda zalning maydoni 80 — 100 nafar tarbiyalanuvchiga moʻljallanib, bir oʻrin uchun 0,65 m2 dan, aqli zaif bolalar uchun esa bu meʼyor 0,8 m2 gacha oshiriladi.
3.49. Majlislar zalini kunduzi va kechqurun filmlar namoyish etilganda xonani qorongʻilashtirish uchun ekran oldi pardasi mexanizmi hamda deraza oʻrinlarini toʻsish mexanizmiga ega ekran bilan jihozlash tavsiya etiladi. Majlislar zali qoshida kinoapparatxona va sahna koʻzda tutiladi. Sahna chuqurligi kamida 3 m qilib olinadi, sahna poli zal polidan 0,9 m baland koʻtarilgan boʻlishi lozim.
Oshxona
3.50. Oshxona xonalari 1-qavatda alohida blokga ajratiladi va xoʻjalik hovlisiga alohida chiqish yoʻlagiga ega boʻladi. Agar maktab bir nechta binoda joylashgan boʻlsa, oshxonadan oʻquv va yashash xonalariga yopiq oʻtish yoʻlaklari boʻlishi kerak.
3.51. Oshxona xonalarining tarkibi va maydonlari xomashyo bilan ishlashga moʻljallangan holda “Umumtaʼlim maktablari va maktab-internatlar” amaldagi qurilish meʼyorlariga muvofiq belgilanadi. Bunda quyidagi qoʻshimcha talablar inobatga olinadi:
ovqatlanish zalining maydoni, barcha tarbiyalanuvchilar ikki smenada ovqatlanishi sharti bilan, har bir oʻrin uchun 1,3 m2 hisobidan olinadi (koʻrish qobiliyati buzilgan bolalar uchun maktab-internatlarda — bir smenada);
yuvinish jihozlari ovqatlanish zalining yonidagi berk xonalarda yoki zalga olib boruvchi kengaytirilgan oʻtish yoʻlaklari va koridorlarda (kengligi 3,6 — 4 m gacha) har 20 ta oʻringa 1 ta yuvinish jihozi hisobidan joylashtiriladi; koʻzi ojiz va yaxshi koʻrmaydigan bolalar uchun — har 10 ta oʻringa 1 ta yuvinish jihozi; aqli zaif bolalar uchun — har 15 ta oʻringa 1 ta yuvinish jihozi.
3.52. Maktabgacha va yordamchi guruhlar hamda kichik sinf oʻquvchilari uchun ovqatlanish oʻquv-yashash boʻlinmalari yoki yashash va oʻqitish seksiyalari qoshidagi bufet-tarqatish xonasi mavjud boʻlgan oshxonalarda tashkil etiladi. Ularning maydoni kamida 30 m² boʻlishi, idish yuvish uchun chanoqlar (rakovinalar) va quritgich, shuningdek, toza idishlar uchun javonlar nazarda tutilishi lozim. Oshxona mebellari tarbiyalanuvchilarning boʻyi va yoshiga oid koʻrsatkichlarga mos kelishi kerak.
Tibbiyot xonalari
3.53. Tibbiyot punkti birinchi qavatda, alohida blokda joylashtiriladi. Shifokor va muolaja xonalari oʻquv-yashash va umummaktab xonalari bilan qulay bogʻlangan boʻlishi zarur. Izolyator tibbiyot punktining qolgan xonalaridan yuvinish jihozi boʻlgan dahliz (shlyuz) orqali ajratiladi va hovli hududiga alohida chiqish yoʻlagiga ega boʻladi.
3.54. Maktab-internatlar binolaridagi tibbiyot punkti nafaqat sogʻlomlashtirish-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, balki davolash va korreksion-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun ham moʻljallangan boʻlib, bu (muassasa ixtisosligiga muvofiq) xonalarning kengaytirilgan tarkibini talab etadi. Bundan tashqari, asosiy nuqsonga yoʻldosh boʻlgan kasalliklarning xilma-xilligini hisobga olib, maktab-internatlarda umumiy turdagi maktab-internatlarga nisbatan bir qator qoʻshimcha tibbiy xonalar va maxsus jihozlar koʻzda tutilishi zarur:
a) barcha turdagi ixtisoslashtirilgan taʼlim maktab-internatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
barcha bolalar uchun yorugʻlik bilan davolash hamda koʻrish va tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun suv bilan davolash muolajalarini oʻtkazishga moʻljallangan fizioterapiya xonasi;
gimnastika va xoreografiya devorlari hamda stanoklari bilan jihozlangan davolash jismoniy tarbiyasi xonalari yoki zallari; koʻrish qobiliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun mashqlar bajarilishini kuzatish va koʻrish analizatorini rivojlantirish maqsadida koʻzgular boʻlishi tavsiya etiladi;
logopediya xonasi;
b) tayanch-harakat apparati shikastlangan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internatlarda: DDT shifokori, nevropatolog, ortoped xonalari, protezlash xonasi, gips qoʻyish xonasi, protez va poyabzal taʼmirlash ustaxonasi, mehnat terapiyasi, parafin bilan davolash, ozokerit va gidroterapiya xonalari;
v) aqli zaif bolalar uchun moʻljallangan maktab-internatlarda — psixiatr xonasi.
g) eshitishida nuqsoni boʻlgan, nutqida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlarda — audiometriya kabinasi boʻlgan otolaringolog kabineti, eshitish qobiliyatini rivojlantirish va talaffuzni shakllantirish boʻyicha individual ishlash xonasi;
d) koʻrishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlarda — oftalmologiya kabineti, koʻrish qobiliyatini rivojlantirish va saqlanib qolgan qoldiq koʻrishni asrash uchun optik korreksiya vositalari kabineti.
Ozokerit, protezlash va gidroterapiya xonalarining pollari metlax plitalaridan boʻlishi lozim.
4. Tabiiy va sunʼiy yoritish
4.1. Tabiiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalash meʼyorlari” talablariga mos kelishi kerak.
4.2. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning barcha xonalari bevosita tabiiy yorugʻlik bilan yoritilishi shart. Rekreatsiya hisoblanmaydigan oʻtish yoʻlaklarini, oshxonaning yordamchi xonalarini (omborxonalar, yuvish xonalari), gimnastika zallari qoshidagi kiyinish xonalarini (koʻrishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlardan tashqari) ikkilamchi yorugʻlik bilan yoritishga yoʻl qoʻyiladi.
4.3. Oshxonaning omborxona va maishiy xonalarida, xoʻjalik va anjomlar omborlarida, snaryadxonada, dushxonalarda, gimnastika zali qoshidagi hojatxonada va xodimlar hojatxonasida yoritish sunʼiy boʻlishi mumkin.
4.4. Barcha oʻquv xonalari quyoshdan himoyalovchi vositalarni qoʻllagan holda majburiy tarzda yondan, chap tomondan tabiiy yoritilishga ega boʻlishi kerak. Yorugʻlik oqimini oʻquvchilarning oʻng, old va orqa tomonidan yoʻnaltirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4.5. Sinfxonalar, laboratoriyalar, kabinetlar, ustaxonalar, shuningdek, mehnat taʼlimi va koʻrish ishi bilan bogʻliq mashgʻulotlar uchun boshqa xonalarda tabiiy yoritilganlik koeffitsiyenti (TYoK) kamida 1,5% boʻlishi, koʻrish va eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlarda esa kamida 2,5% boʻlishi lozim.
4.6. Quyosh nurlarining koʻzni qamashtirishi va doskada yorqin nur akslanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oynalar (doska tomondagi) oldingi chetki devorga 0,75 m yetkazib oʻrnatilmaydi, bu, ayniqsa, koʻrishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun muhimdir.
4.7. Oʻquv xonalarida kunduzgi yorugʻlikdan maksimal darajada foydalanish va uni bir tekis taqsimlash uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
daraxtlar binodan kamida 10 m, butalar esa 5 m masofada ekilishi; binolar yaqinida oʻsadigan daraxtlarning shoxlari har bahorda kaltalatib turilishi; deraza oynalarini boʻyoq bilan boʻymaslik; deraza tokchalariga gul qoʻymaslik; pardalar (faqat paxta gazlamalardan — poplin, reps, shtapeldan) deraza oynalarini toʻsib qoʻymaydigan qilib devor oraligʻiga oʻrnatilishi lozim.
4.8. Polivinilxlorid plyonkadan tikilgan pardalardan foydalanish taqiqlanadi.
Fizika, kimyo kabinetlari va kinozalni qorongʻilashtirishga moʻljallangan pardalar ishlatilmagan holatida yorugʻlikni pasaytirmasligi kerak.
4.9. Deraza oynalari tashqi tomondan yiliga kamida 3-4 marta, ichki tomondan esa oyiga kamida bir marta tozalanishi va yuvilishi lozim.
4.10. Oʻquv xonalaridagi devor, shift, pol va jihozlar sirtlarini och rangli xira (matoviy) boʻyoqlar bilan boʻyash zarur: shift va devorning yuqori qismi (poldan 1,5 m balandda) — oq boʻyoq bilan, panellar (poldan 1,5 m gacha) — qaytarish koeffitsiyenti 0,25 — 0,30 boʻlgan och yashil, och sariq, sargʻish, pushti ranglar bilan boʻyaladi;
4.11. Parta va stollarning ish sirtlarini boʻyash uchun qaytarish koeffitsiyenti 0,11 dan 0,45 gacha boʻlgan ranglar gammasi (och yashildan toʻq yashilgacha yoki tabiiy yogʻoch rangi) qoʻllanilishi lozim; sinf doskasi uchun qaytarish koeffitsiyenti 0,10 — 0,30 boʻlgan toʻq yashil yoki toʻq jigarranglardan foydalanish kerak; eshiklar, deraza romlari va ularning tutashtirmalari oq moyli boʻyoq bilan boʻyaladi.
4.12. Koʻrish va eshitish qobiliyatida nuqsoni boʻlgan bolalarga moʻljallangan maktab-internatlar binolarida koʻrish ishlari uchun tabiiy va sunʼiy yoritishning optimal sharoitlarini yaratish zarur. Bunda koʻrish qobiliyati zaif bolalarda koʻrish analizatoriga tushadigan katta yuklama hamda kar va zaif eshituvchi bolalarning oʻquv jarayonida koʻrish qobiliyatining muhim kompensatorlik (oʻrnini bosuvchi) roli hisobga olinishi kerak. Yuqorida sanab oʻtilgan talablardan tashqari, oʻquv xonalarini faqat ufqning bir, eng maqbul tomoniga (Janubi-Sharq, Janubi-Gʻarb) yoʻnaltirgan holda, yoʻlaklar va dam olish joylarini bir tomonlama qurishni nazarda tutish lozim. Shifokor xonalari, pleopto-ortoptik xona, tasviriy sanʼat, rassomlik, chizmachilik, haykaltaroshlik kabinetlari hamda oshxona blokining derazalarini shimolga yoʻnaltirishga ruxsat etiladi. Maxsus maktab-internatlarning qolgan xonalari esa hech qanday cheklovlarsiz yoʻnaltirilishi mumkin.
4.13. Barcha ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatlarining oʻquv va yotoq xonalarida, barcha iqlim hududlarida deraza romlari orasiga oʻrnatiladigan koʻtarma-buriluvchi jalyuzilar kabi quyoshdan himoyalovchi moslamalar nazarda tutilishi lozim.
4.14. Koʻrish va eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan, sunʼiy yoritishning yanada yuqori darajalarini taʼminlash zarur boʻlgan maktab-internatlar bundan mustasno, barcha ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatlarida sunʼiy yoritish va elektrotexnika qurilmalari “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalash meʼyorlari” bobining talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
4.15. Har xil turdagi maktab-internat xonalarida sunʼiy yoritish darajalarining yoʻl qoʻyiladigan eng kichik qiymatlari 5-ilovada keltirilgan.
4.16. Oʻquv xonalarida yoritgichlarni qatorlar (partalar, stollar) boʻyicha alohida yoqish imkonini beruvchi umumiy yoritish tizimlari hamda sinf doskasini mahalliy yoritish (yoritib turish) tizimlari qoʻllanilishi kerak. Lyuminestsent yoritishda yorugʻlik oqimi pulsatsiyasini kamaytirish uchun oʻquv xonalaridagi har bir yoritgichlar qatoriga uchtadan alohida sim tortish tavsiya etiladi.
4.17. Ustaxonalar, oʻqituvchilar xonasi, direktor xonasi, shifokorlar xonalari va boshqa xonalar, ulardan foydalanish xususiyatiga qarab, umumiy yoritishdan tashqari, mahalliy yoritish bilan ham jihozlanadi.
4.18. Logopediya xonalarida koʻzgu yoniga yorugʻlikning qiyalik burchagi va balandligini oʻzgartirish imkonini beruvchi kronshteynlarga mahalliy yoritish uchun moʻljallangan devor chiroqlari oʻrnatilishi kerak.
4.19. Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun moʻljallangan maktablarda oʻquv xonalari (sinflar, laboratoriyalar, ustaxonalar) hamda qiroatxonalar choʻgʻlanma lampali sunʼiy yoritishning kombinatsiyalashgan tizimi bilan jihozlanishi kerak. Umumiy va mahalliy yoritishning umumiy yoritilganlik darajasi koʻrish patologiyasining turiga qarab tabaqalashtirilishi va quyidagilarni tashkil etishi lozim: yuqori darajada asoratlangan miopiya va gipermetropiyaga chalingan oʻquvchilar uchun — 1000 lk; koʻz toʻr pardasi va koʻrish nervi shikastlangan (yorugʻlikdan qoʻrqmaydigan) bolalar uchun — 1000 — 1500 lk; yorugʻlikdan qoʻrqish (fotofobiya) holati kuzatiladigan oʻquvchilar uchun — 500 lk dan koʻp boʻlmagan. Umumiy yoritish tizimidan tushadigan sunʼiy yorugʻlik darajasi 400 lyuksdan oshmasligi kerak. Yorugʻlikdan qoʻrqadigan oʻquvchilarga qulay yoritish sharoitlarini yaratish uchun ularning oʻquv stollari (partalari) ustidagi umumiy yoritish chiroqlarining alohida guruhlarini majburiy ravishda alohida yoqish imkoniyati nazarda tutilishi lozim. Har bir ish oʻrni 40 Vt quvvatli choʻgʻlanma lampaga ega mahalliy yoritgich bilan jihozlanishi shart. Yoritgichlar stol yuzasiga qattiq mahkamlanishi va yorugʻlik manbasining qiyalik burchagi hamda balandligini oʻzgartirish imkonini beradigan egiluvchan kronshteynga ega boʻlishi kerak. Xavfsizlik maqsadida elektr simlari yashirin oʻtkazilishi nazarda tutilishi zarur. Sunʼiy yoritish manbalarini aralashtirishga, yaʼni bir xonada lyuminestsent lampalar va choʻgʻlanma lampalardan bir vaqtda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4.20. Sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalarining ruxsatisiz yangi turdagi lampalar va yoritish uskunalaridan foydalanish taqiqlanadi.
4.21. Oʻquv xonalaridagi lyuminestsent chiroqlar derazalar qatoriga parallel ravishda oʻrnatiladi. Chiroqlarning joylashuviga oid umumiy talablar “Umumtaʼlim maktablarining tuzilishi va saqlanishiga doir sanitariya qoidalari” talablariga mos kelishi kerak. Chiroqlar kamida 3 oyda bir marta tozalanadi; yoritish moslamalarini tozalashga oʻquvchilarni jalb etish taqiqlanadi.
4.22. Vestibyullarda, yoʻlaklarda, dam olish joylarida, gimnastika va majlislar zallarida, oʻquv ustaxonalarida, zinapoyalarda polga, asosiy oʻtish yoʻllari chizigʻi boʻylab va zina pogʻonalariga avariyaviy yoritish (kamida 5 lk) oʻrnatilishi lozim.
4.23. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda, ularning yoʻnalishidan kelib chiqib, yuqorida sanab oʻtilgan shartlardan tashqari, qoʻshimcha qurilmalar va elektr jihozlari nazarda tutilishi kerak:
a) koʻzi ojiz va zaif koʻradigan bolalar uchun — joylashtiriladigan uskunalarga muvofiq qoʻshimcha shtepsel rozetkalari (oftalmologiya xonalarida va ularga tutash xonalarda);
b) eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun — oʻquv xonalarida texnik oʻqitish vositalaridan foydalanish uchun rozetkalar (pol sirtidan 1,8 m balandlikda, apparatura avtomatik tarzda ulanadigan); doska ustidagi yoritgichdan tashqari, pedagoglarning oʻquvchilar bilan yakka tartibdagi mashgʻulotlari oʻtkaziladigan joylardagi oyna yonida (chapda, oʻngda, tepada) nur tarqatuvchi yoritgichlar; oʻqituvchi stolining boshqaruv pultidan texnik apparatura bilan jihozlangan oʻquvchilar stollarigacha kuchlanishi past tok liniyalari uchun kanallar; gimnastika zalida magnit-induksion halqa; yorugʻlik signallari tizimi; avtomatik oʻchirgichlar, yerga ulash klemmalari nazarda tutiladi.
4.24. Surdotexnika uskunalari oʻrnatilgan xonalarda himoyaviy yerga ulash taʼminlanishi lozim.
4.25. Aqli zaif bolalar uchun moʻljallangan muassasalarda yotoqxonalardan tibbiyot xonasiga va navbatchi tarbiyachi xonasiga olib boruvchi ovozli va yorugʻlik signallari tizimi koʻzda tutiladi.
Ovoz kuchaytirgich apparaturalardan foydalanilganda aks-sadoning (reverberatsiya) oldini olish uchun qavatlararo yopmalar va devorlarning ovoz izolyatsiyasi nazarda tutilishi zarur (qavatlararo yopmalar va devorlar yuqori darajada ovoz oʻtkazmaslik xususiyatiga ega boʻlishi kerak).
5. Xonalarni jihozlash
5.1. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni jihozlash oʻquv-koʻrgazmali qoʻllanmalar va oʻquv uskunalarining amaldagi namunaviy roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
5.2. Maktab mebellari va xona jihozlari pedagogik jarayon hamda davolash-tiklash tadbirlarini tashkil etishning oʻziga xos jihatlarini inobatga olishi, shuningdek, bolalarning boʻyi va yoshiga oid xususiyatlariga mos kelishi lozim.
5.3. Maktab mebeli va jihozlarining oʻlchamlari hamda joylashtirilishiga qoʻyiladigan gigiyenik talablar amaldagi sanitariya meʼyorlariga, shuningdek, turli yoʻnalishdagi maktab-internatlar uchun belgilangan qoʻshimcha gigiyenik talablarga mos kelishi kerak:
a) koʻrish qobiliyati zaif bolalar uchun moʻljallangan oʻquv xonalariga parametrlari sozlanadigan bir oʻrinli universal parta va stollar qoʻyish tavsiya etiladi; oʻqish vaqtida parta yoki stol qopqogʻining qiyaligini oʻzgartirish imkoni boʻlmasa, gorizontal yuzaga nisbatan 30 — 40° burchak ostida qiya qilib oʻrnatiladigan tagliklardan (qalin karton va faneradan yasalgan) foydalanish mumkin.
Koʻzi ojiz bolalar uchun xonalar gorizontal taxtali stollar bilan jihozlanadi. Ularning oʻlchami va maxsus moslamalari Brayl alifbosidagi darsliklar bilan ishlash hamda ularni saqlash imkonini berishi lozim. Umumiy qabul qilingan maktab jihozlaridan tashqari, oʻquv materialini oʻrganish va idrok etishni yengillashtiradigan qoʻshimcha asbob-uskunalar va qoʻllanmalar toʻplami tavsiya etiladi (Brayl alifbosida yozish uchun asboblar, yassi yozuv uchun asboblar, Brayl tizimida matn terish uchun yozuv mashinkalari); koʻzi ojiz va koʻrish qobiliyati zaif bolalarning qoldiq koʻrish qobiliyatidan foydalanish uchun maxsus optik uskunalar (Brayl asbobi, sinf doskasida rasmlarni frontal namoyish qilish uchun doska-ekran; ortoskopik ustki lupa, planosferik qator lupasi) va boshqalar.
b) aqli zaif bolalar uchun moʻljallangan oʻquv xonalariga, ularning psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda, burchaklari yumaloqlangan (oʻtmaslashtirilgan), tuzilishi oddiy va mustahkam boʻlgan bir oʻrinli stollar oʻrnatilishi kerak;
v) eshitishida nuqsoni boʻlgan (kar, zaif eshituvchi) va nutqida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun oʻquv xonalariga quyidagilar tavsiya etiladi:
individual pultlar (mikrofon toʻplami, eshitish qurilmasi) bilan jihozlangan bir oʻrinli oʻquvchi stollari;
har bir oʻquvchi stolining boshqaruv pultiga past kuchlanishli liniya tortilgan, boshqaruv pulti (kuchaytirgich va kommutator bilan) mavjud boʻlgan oʻqituvchi stoli. Eshitish uskunalari oʻquvchilar va oʻqituvchining qotirib oʻrnatilgan stollariga montaj qilinadi;
tovush kuchaytirgich apparaturasi (jamoaviy foydalanish uchun tovush kuchaytirgich apparatura toʻplami va quvvati 220 V kuchlanishli oʻzgaruvchan tok tarmogʻidan olinadigan individual kuchaytirgich). Tovush kuchaytirgich apparaturadan foydalanilganda tovush reverberatsiyasini bartaraf etish uchun qavatlararo yopmalar va devorlarning tovushdan izolyatsiyalanishini nazarda tutish zarur;
oʻqituvchining bir yoki ikki nafar oʻquvchi bilan frontal individual ishlashi uchun uskunalar: oʻqituvchi uchun stul va logopedik oyna (oʻqituvchi stoli ustida va devorda) oʻrnatilgan stol hamda oʻquvchilar uchun stullar, zondlar toʻplami, shpatellar va oʻqituvchining yuzini toʻsish uchun ekran;
filmlar, diapozitivlar va diafilmlarni namoyish etish uchun ekran;
nutqni rivojlantirish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish uchun koʻrgazmali qoʻllanmalar;
g) tayanch-harakat aʼzolari shikastlangan bolalar uchun moʻljallangan oʻquv xonalarida mashgʻulotlar oʻtkazishga qulay boʻlgan maxsus mebellar nazarda tutiladi.
5.4. Sinflar, laboratoriyalar va kabinetlardagi oʻquv mebellari hamda jihozlari asosiy yorugʻlik tushadigan darchalar oʻquvchilarning faqat chap tomonida qoladigan qilib joylashtiriladi. Bunda “koʻrish burchagi” (oʻquvchining nigoh chizigʻi va sinf doskasi tekisligi orasida hosil boʻladigan gorizontal burchak) kamida 45 darajani tashkil etishi lozim.
5.5. Namoyish etilayotgan usullar yoki materialni idrok etishni osonlashtirish maqsadida (mashgʻulotlarning xususiyati va pedagogik jarayon sharoitlaridan kelib chiqib) boshqacha joylashtirish talab etilmagan hollarda, oʻquv xonalaridagi parta va stollar, qoida tariqasida, sinf boʻylab ikki-uch qator qilib (yorugʻlik chapdan tushadigan tarzda) oʻrnatilishi kerak. Eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun oʻquv jarayonining oʻziga xosligi parta va stollarni oʻqituvchi stoli atrofida yarim doira shaklida joylashtirishni, eshitish apparaturasini oʻrnatish uchun ularni bir joyda qotirib qoʻyishni, dars vaqtida oʻquvchilar bilan yakka tartibda shugʻullanish zarurati tufayli har bir qatordagi stollar va partalar orasidagi masofani kengaytirishni talab qiladi.
5.6. Tayanch-harakat aʼzolari shikastlangan bolalar uchun moʻljallangan oʻquv xonalarida stollar va partalar qatorlari orasidagi masofani kengaytirish zarur. Koʻrish oʻtkirligi 0,1 gacha boʻlgan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun partalar (stollar) oʻlchamidan qatʼi nazar, oʻqituvchi va doskaga yaqinroq oʻrnatilishi kerak. Yorugʻlikdan qoʻrqadigan bolalar uchun esa parta va stollarni derazalar hamda yorugʻlik manbalaridan uzoqroq joylashtirish tavsiya etiladi.
5.7. Duradgorlik ustaxonasidagi ish oʻrinlari (verstaklar) derazalarga perpendikulyar yoki 30 — 40° burchak ostida joylashtirilishi kerak. Bunda ish oʻrinlari orasidagi masofa kamida 80 sm, dastgohlar bilan ish oʻrinlari orasidagi masofa kamida 90 sm, dastgohlardan devorlargacha boʻlgan masofa esa kamida 50 sm boʻlishi lozim. Chilangarlik ustaxonasidagi verstak-dastgohlar derazalar boʻylab bir yoki ikki qatorda oʻrnatiladi va qatorlar orasidagi masofa (ustaxona boʻylab oʻtish yoʻlaklari) 1,2 metrdan 1,7 metrgacha boʻlishi kerak. Tikuvchilik ustaxonasidagi oyoq bilan ishlaydigan tikuv mashinalari derazalar boʻylab bir qatorda joylashtiriladi, bunda yorugʻlik mashina lapkasiga chap tomondan tushishi lozim.
5.8. Barcha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda I — IV sinf tarbiyalanuvchilari uchun moʻljallangan xonalarda, laboratoriyalarda, oʻquv kabinetlarida, ustaxonalarda, shifokorlar kabinetlarida va boshqa tibbiyot xonalarida, shuningdek oʻqituvchilar va xodimlar xonasida bittadan qoʻlyuvgich koʻzda tutilishi kerak. Oshxona va bolalarning boʻlishi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa xonalarda esa ularning soni umumtaʼlim maktablari uchun belgilangan meʼyorlar asosida hisoblanadi.
5.9. Oʻquv va yashash binolaridagi sanitariya-maishiy xonalar yotoqxonalar va sinfxonalarga bevosita yaqin joyda joylashtirilishi kerak.
5.10. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning sanitariya-maishiy xonalaridagi sanitariya jihozlari va gigiyena vositalari sonini muassasaning yoʻnalishini hisobga olgan holda hisoblash tavsiya etiladi:
a) tayanch-harakat apparati faoliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internatlarda quyidagilarni oʻrnatish lozim:
oʻquv-turar joy boʻlmalarida: 8 nafar qizga 1 ta unitaz, 12 nafar oʻgʻil bolaga 1 ta pissuar va 8 nafar oʻgʻil bolaga 1 ta unitaz, 6 kishiga 1 ta yuvinish chanoqlari (umivalnik) hamda 12 kishiga bitta oyoq vannasi; gigiyenik dushxonalar — 10 nafar tarbiyalanuvchiga 1 ta dush toʻri hisobidan; qizlar gigiyena xonasi — 50 kishiga 1 ta hisobidan;
umumiy maktab xonalarida: 20 nafar qizga 1 ta unitaz va 30 nafar qizga 1 ta yuvinish chanoqlari (umivalnik); 30 nafar oʻgʻil bolaga 1 ta unitaz, 0,5 m tarnovli pissuar va 1 ta yuvinish chanoqlari (umivalnik); maktab-internat xodimlari uchun har birida yuvinish chanoqlari (umivalnik) boʻlgan 1 ta unitazga moʻljallangan kamida 2 ta hojatxona;
b) koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun maktab-internatlarning sanitariya tarmoqlarida quyidagilar oʻrnatilishi kerak:
oʻquv-turar joy boʻlmalarida: 8 nafar qizga bitta unitaz, 10 nafar oʻgʻil bolaga bitta unitaz va 0,5 m tarnovli pissuar; 3 nafar tarbiyalanuvchiga (oʻgʻil bolalar, qizlar) bitta yuvinish chanoqlari (umivalnik); 6 nafar tarbiyalanuvchiga bitta oyoq vannasi, 30 nafar qizga bitta qizlar gigiyena xonasi; oʻquv bloki uchun xodimlarga bitta hojatxona (bitta unitaz va bitta yuvinish chanoqlari); gigiyenik dushxonalar — 12 nafar tarbiyalanuvchiga bitta dush toʻri hisobidan; dushxona yonida — oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida, bitta unitaz va bitta yuvinish chanoqlari boʻlgan hojatxonali ikkita vanna;
umumiy maktab xonalarida: 20 nafar qizga bitta unitaz va 30 nafar qizga bitta yuvinish chanoqlari (umivalnik); 30 nafar oʻgʻil bolaga bitta yuvinish chanoqlari (umivalnik), bitta unitaz va 0,5 m tarnovli pissuar; oʻquv-turar joy blokiga xodimlar uchun bitta hojatxona. Tarnovli pissuarlar va unitazlar yonida mahkamlovchi tutqichlar boʻlishi kerak.
v) kar, zaif eshituvchi va nutqida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlarda quyidagilar oʻrnatilishi kerak:
oʻquv-yotoq boʻlmalarida: 15 nafar qizga bitta unitaz; 20 nafar oʻgʻil bolaga bitta unitaz va bitta pissuar; 8 nafar tarbiyalanuvchiga bitta yuz-qoʻl yuvgich; 12 nafar tarbiyalanuvchiga bitta oyoq vannasi; 70 nafar qizga bitta gigiyenik kabina; maktab-internat xodimlari uchun ikkita hojatxona; gigiyenik dushxonalar — har 18 nafar tarbiyalanuvchiga bitta dush toʻri hisobidan, dushxona yonida oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida bittadan vanna hamda unitaz va yuz-qoʻl yuvgichli bittadan hojatxona boʻlishi kerak;
umumtaʼlim xonalarida — umumtaʼlim maktab-internatlari uchun belgilangan meʼyorlar boʻyicha;
g) aqli zaif bolalar uchun maktab-internatlarda:
umumtaʼlim xonalarida: 20 nafar qizga bitta unitaz va 40 nafar qizga bitta yuz-qoʻl yuvgich; 30 nafar oʻgʻil bolaga bitta unitaz va bitta pissuar, 40 nafar oʻgʻil bolaga bitta yuz-qoʻl yuvgich; xodimlar uchun — har birida bitta unitaz va bitta yuz-qoʻl yuvgich boʻlgan hojatxonalar boʻlishi kerak;
oʻquv-yotoq boʻlmalarida: 8 nafar qizga bitta unitaz; 10 nafar oʻgʻil bolaga bitta unitaz va bitta pissuar; 4 nafar tarbiyalanuvchiga bitta yuz-qoʻl yuvgich; 8 nafar tarbiyalanuvchiga bitta oyoq vannasi; 35 nafar qizga bitta gigiyenik kabina; gigiyenik dush — har 16 nafar tarbiyalanuvchiga bitta dush toʻri hisobidan; oʻgʻil bolalar va qizlar uchun moʻljallangan dushxonalarda yuz-qoʻl yuvgichli bittadan vanna va bittadan hojatxona nazarda tutiladi.
5.11. Rivojlanishida nuqsoni bor, harakatlanishi va fazoda moʻljal olishi qiyin boʻlgan (koʻzi ojiz, zaif koʻruvchi, tayanch-harakat apparatida nuqsoni bor) bolalarga moʻljallangan maktab-internat binolarining oʻquv, yashash, yordamchi va boshqa xonalarida ularning harakatlanishi, fazoda moʻljal olishi hamda turli asbob, apparat va uskunalardan foydalanishini taʼminlaydigan va yengillashtiradigan maxsus moslamalar nazarda tutilishi lozim;
a) tayanch-harakat apparati shikastlangan (poliomiyelit asoratlari va miya falajligi boʻlgan yoki tugʻma nuqsonli) bolalarga moʻljallangan maktab-internatlarda liftlar, nishabligi 1:6 boʻlgan panduslar, nishabligi 1:3 (balandlikning uzunlikka nisbati) boʻlgan zinapoyalar koʻzda tutilishi kerak. Zinapoyalar ikki darajada — 0,9 m balandlikda va qoʻshimcha ravishda 0,5 m balandlikda pastki tutqich oʻrnatilgan ikki tomonlama panjaralar bilan jihozlanishi lozim. Panduslar rezina qoplamaga ega boʻlishi shart;
b) koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarga moʻljallangan maktab-internatlarda:
binoning loyihaviy yechimi oʻquvchilarning erkin moʻljal olishini taʼminlashi kerak;
yangi qurilishda loyihaviy yechimlar bolalar turadigan xonalarda ichki ustunlar boʻlishini istisno qilishi lozim;
mavjud binolardagi ustunlar esa dumaloq kesimli boʻlishi shart;
zinapoyalar ikki tomonlama panjaralar va balandligi 1,8 m boʻlgan toʻsiq yoki yaxlit toʻrli toʻsiq bilan jihozlanishi kerak;
bolalarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida zinapoyalar oʻrniga imkon qadar turli balandlikdagi tutqichlar bilan jihozlangan panduslardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
pol qoplamasi uchun material tovushni yaxshi oʻtkazmaydigan, gigiyenik (oson tozalanadigan), rangi esa devorlar, zinapoyalar va panduslarga nisbatan kontrastli boʻlishi lozim;
xonalarning devorlari uchun moʻljallangan materiallar, ularning vazifasiga qarab, turli fakturali (ishlov berilgan gʻisht, beton, yogʻoch) va har xil rangda boʻlishi maqsadga muvofiqdir.
5.12. Bino ichidagi barcha xavfli hududlar (yoʻlaklarning oxirgi devorlari, xona ichidagi ustunlar, turtib chiqqan qismlar va b.) qizil rangga (yoki oq chiziqlar tushirilgan qizil rangga) boʻyalishi kerak;
boʻyoq yuzasi yaltiramaydigan, jilosiz boʻlishi lozim;
devorlarni koʻk va binafsha ranglarga boʻyashga yoʻl qoʻyilmaydi.
5.13. Xonalardagi havo-issiqlik rejimi asosan umumtaʼlim maktablarini qurish va saqlash boʻyicha amaldagi sanitariya qoidalari talablariga mos kelishi kerak.
5.14. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar xonalarida havoning nisbiy namligi 40 — 60 % boʻlishi kerak; havo harorati koʻrsatkichlari iqlim sharoitlari, xonalarning maqsadi va bolalarning yoshiga qarab, koʻrish qobiliyati va tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan kichik maktab yoshidagi bolalar uchun umumtaʼlim maktab-internatlariga belgilangan meʼyorlardan 1-2 °C ga oshirilgan holda qabul qilinishi lozim (5-jadval).
5.15. Isitish moslamalari sifatida radiatorlar, quvurli isitish elementlari, beton panellarga oʻrnatilgan registrlar qoʻllanilishi mumkin, konvektorlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Isitish moslamalari olinadigan yogʻoch panjaralar bilan toʻsilishi va deraza ostida joylashtirilishi lozim. Yogʻoch-qirindili plitalar va boshqa polimer materiallardan toʻsiqlar oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi (sport va majlislar zallariga nisbatan majburiy tartibda).
Butun xonada toʻliq havo almashinuvini taʼminlash uchun tashqi derazalarning yuqori qismida maxsus moslamalar (fiksatorlar) oʻrnatilgan fortochkalar yoki pastga ochiladigan framugalar nazarda tutilishi kerak. Har qanday xonadagi ochiladigan fortochka va framugalarning umumiy maydoni pol maydonining 1/50 qismidan kam boʻlmasligi kerak.
Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatlarining barcha xonalarining sanitariya holati va ularni saqlash amaldagi sanitariya normalariga mos kelishi kerak.
1-ILOVA
Turli yoʻnalishdagi jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan bir komplektli maktab-internatlarning xonalari tarkibi va maydoni
2-ILOVA
Jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan turli yoʻnalishdagi ixtisoslashtirilgan bir komplektli maktab-internatlarning xonalari tarkibi va maydonlari.
3-ILOVA
Koʻrish va eshitish qobiliyati buzilgan bolalar uchun maktab-internatlar binolarida sunʼiy yoritishning meʼyoriy qiymatlari
* Ushbu meʼyorlar eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internatlar xonalariga taalluqlidir. Koʻrishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun xonalarni sunʼiy yoritish meʼyorlari (1, 6, 7, 8-bandlar) uchun IV boʻlimga qarang.
4-ILOVA
Maxsus turdagi ikki komplektli maktab-internatlardagi xonalarning tarkibi va maydonlari
5-ILOVA
Koʻrish va eshitish qobiliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar xonalaridagi sunʼiy yoritishning meʼyoriy qiymatlari
Izoh: * — ushbu normativlar eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga moʻljallangan maktab-internatlar xonalariga taalluqlidir. Koʻrishida nuqsoni boʻlgan bolalarga moʻljallangan xonalarning sunʼiy yoritilish normativlari (4.1, 4.6, 4.7, 4.8-bandlar).
