Texnikumlarda oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash va bitiruvchilar bandligini taʼminlashda buyurtmachilar ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (449-son)
20.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qarori ijrosini taʼminlash, zamonaviy mehnat bozori talablariga mos malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash, kasbiy taʼlim tizimi jozibadorligini oshirish orqali yoshlarni ish beruvchilarning buyurtmasi asosida kasbiy taʼlimda oʻqitish hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlashda ish beruvchilar ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga muvofiq:
texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan tashkilotlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 mlrd soʻmgacha Markaziy bank asosiy stavkasidan yillik 4 foizlik punkt yuqori stavkada imtiyozli kredit ajratilishi;
imtiyozli kredit har 1 mlrd soʻm qiymatgacha boʻlgan mablagʻ uchun kamida 5 nafar oʻquvchini ikki oʻquv yili dual taʼlim dasturi asosida jalb etish va kamida 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ish bilan taʼminlash sharti bilan ajratilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi va sharti;
tashkilot tomonidan kreditdan samarali foydalanish tartibi;
tashkilotlardan kreditni qaytarish va kreditni monitoring qilish tartibi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish uchun zarur moliyaviy resurslarni shakllantirsin.
Bunda texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan tashkilotlarga “Oʻzmilliybank” AJ va “Aloqabank” ATB resurslaridan kredit ajratiladi.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har yili 1-fevralga qadar oʻrta boʻgʻin kadrlariga ehtiyoji mavjud boʻlgan investorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirib, ularning roʻyxatini hamda kadrlarga boʻlgan ehtiyojlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) taqdim etsin.
5. Belgilansinki:
a) investorlar buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha investorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari yoki texnikumlar tomonidan Agentlikka takliflar kiritilishi mumkin;
b) Agentlik investorlar buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash takliflarini oʻrganib chiqadi hamda tegishli texnikumlarga kasb va mutaxassisliklar kesimida yangi oʻquv yili uchun qabul parametrlarini tasdiqlaydi;
v) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab investorlar buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash toʻlov-kontrakt asosida, jismoniy shaxslar yoki investorlar mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi;
g) texnikumlarga:
investorlarning buyurtmasi asosida oʻquvchilarni tegishli kasb va mutaxassisliklar boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida, toʻgʻridan-toʻgʻri (imtihonlarsiz) oʻqishga qabul qilishga;
investor buyurtmasi asosida shakllantirilgan alohida guruhlarning tegishli kasb va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv reja va dasturlariga investor takliflari asosida 30 foizgacha oʻzgartirish kiritishga ruxsat beriladi.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-avgust,
449-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-avgustdagi 449-son qaroriga ILOVA
Texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat texnikumlari (keyingi oʻrinlarda — texnikumlar) bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom qoidalari nodavlat kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bitiruvchi — tegishli oʻquv rejasidagi fanlarni oʻzlashtirgan va amaliyotlarni muvaffaqiyatli yakunlagan texnikum oʻquvchisi;
kredit — ushbu Nizomda belgilangan shartlar asosida tijorat banklari tomonidan tashkilotlarga ajratiladigan mablagʻlar;
tijorat banklari — “Oʻzmilliybank” AJ va “Aloqabank” ATB;
tashkilot — texnikum bilan dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs.
3. Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi hududida dual taʼlimni amalga oshirayotgan va bitiruvchilar bandligini taʼminlayotgan, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarga tatbiq etiladi.
4. Kredit ushbu Nizom talablariga muvofiq tijorat banklari hisobidan ajratiladi.
5. Mazkur kreditlar ushbu Nizomda nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratiladi hamda tijorat banklarining kredit ajratish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish huquqini cheklamaydi.
2-bob. Tashkilotlarga kredit ajratish
6. Tashkilotlarga kredit ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida ajratiladi.
7. Tashkilotlarga quyidagi maqsadlar uchun kredit ajratiladi:
yangi biznesni yoki yangi yoʻnalishlarda ishlab chiqarishni joriy qilish;
ishlab chiqarishni rivojlantirish va kengaytirish maqsadida tashkilotni zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash hamda modernizatsiya qilish;
eksportni qoʻllab-quvvatlash;
“yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya jihozlarini xarid qilish;
raqamlashtirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish;
asosiy vositalarni sotib olish;
aylanma mablagʻlarni toʻldirish;
dual taʼlim jarayonida ishtirok etuvchi tashkilotning mutaxassislari hamda oʻquvchilarga tashkilot tomonidan biriktirilgan ustozlarni ragʻbatlantirish.
8. Texnikumlar bilan dual taʼlim dasturlarini tashkil etgan tashkilotlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 mlrd soʻmgacha Markaziy bank asosiy stavkasidan yillik 4 foizlik punkt yuqori stavkada kredit ajratiladi.
Bunda kredit har 1 mlrd soʻm qiymatgacha boʻlgan mablagʻ uchun kamida 5 nafar oʻquvchini ikki oʻquv yili dual taʼlim dasturi asosida jalb etish va kamida 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ish bilan taʼminlash sharti bilan taqdim qilinadi.
9. Tashkilot tomonidan ushbu Nizomning 8-bandi ikkinchi xatboshisida keltirilgan shartlarga rioya qilinmagan taqdirda, kredit boʻyicha foiz miqdori boshqa amaldagi foiz stavkasiga oʻzgartiriladi.
10. Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda dual taʼlim boʻyicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud boʻlishi;
dual taʼlim doirasida oʻquvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan boʻlishi;
dual taʼlim doirasida oʻquvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan boʻlishi;
dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan boʻlishi hamda ish haqi toʻlashi;
joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish oʻrniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan boʻlishi.
11. Tashkilotlar texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygandan hamda 1 nafar bitiruvchini bir yil muddatga ishga qabul qilgandan soʻng ikki hafta muddatda kredit olish uchun tijorat banklariga murojaat qiladi.
12. Tashkilotlar dual taʼlim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qogʻoz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish toʻgʻrisidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda boʻlgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot oʻrtasidagi hamda tashkilot va oʻquvchi oʻrtasidagi dual taʼlim boʻyicha shartnoma nusxalari;
dual taʼlim dasturi va dual taʼlimda tahsil olayotgan oʻquvchilar roʻyxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumot.
13. Tashkilot tomonidan kredit ajratishni soʻrab bankka taqdim qilingan arizasi va unga ilova qilingan barcha hujjatlari tijorat banklari tomonidan besh ish kunida koʻrib chiqiladi.
14. Tashkilotning kredit ajratish boʻyicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik koʻrsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki uch ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvaragʻiga kreditni oʻtkazadi.
15. Kredit shartnomasi kreditga layoqatlilik koʻrsatkichiga muvofiq kelmagan taqdirda, tijorat banki kredit berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda ushbu qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir hafta muddatdan kechiktirmasdan tashkilotga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma javob beradi.
16. Tijorat bankining kredit berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan tashkilot mazkur qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kunida bankka, uning tegishli ichki appelyatsiya organiga (agar mavjud boʻlsa), suddan tashqari nizolarni muqobil hal qilish organlariga (agar mavjud boʻlsa), Markaziy bankka yoki moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish vakolati berilgan davlat organlariga yoxud sudga murojaat qilish huquqiga ega.
17. Tijorat banki tomonidan kredit ajratilgandan soʻng tashkilot kreditni ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan maqsadlar uchun yoʻnaltirish choralarini koʻradi.
3-bob. Kreditni qaytarish va kreditni monitoring qilish
18. Asosiy qarz va foiz toʻlovlari kredit oluvchi tomonidan kredit shartnomasida koʻrsatilgan shartlarda toʻlanadi.
19. Kredit oluvchi kreditni kredit shartnomasida belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqlidir.
20. Kredit oluvchi kredit boʻyicha foiz toʻlovlari va asosiy qarzni kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarmasa, tijorat banki kredit boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklarni oʻzining ichki qoidalariga asosan qaytarish choralarini koʻradi.
21. Tijorat banki davriy ravishda tashkilotdan dual taʼlim shaklida oʻquv jarayoni tashkil etilgani hamda ishga qabul qilgan bitiruvchining mehnat faoliyatini olib borayotgani toʻgʻrisida tegishli maʼlumot soʻrashga haqli.
22. Tashkilot tomonidan 5 nafar oʻquvchini ikki oʻquv yili dual taʼlim dasturi asosida jalb etish hamda 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ishga qabul qilish talabi buzilgan taqdirda, texnikum mazkur holat yuzasidan tijorat banklariga maʼlumot beradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
24. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Texnikumlar bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlagan tashkilotlarga kredit ajratish
SXEMASI
BosqichlarMasʼullarChora-tadbirlarBajarish muddati 1-bosqichTashkilotTexnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻyganda hamda 1 nafar bitiruvchini bir yil sharti bilan ishga qabul qilgandan soʻng kredit olish uchun tijorat banklariga murojaat qiladi.2 hafta muddatda 2-bosqichTijorat banklari1. Tashkilot tomonidan kredit ajratishni soʻrab taqdim qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi.5 ish kunida 3 ish kuni ichida 1 hafta muddatdan kechiktirmasdan2. Tashkilotning kredit ajratish boʻyicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik koʻrsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvaragʻiga kreditni oʻtkazadi.3. Tashkilotga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma javob beradi. 3-bosqichTashkilotKreditni maqsadli yoʻnaltirish choralarini koʻradi.Kredit ajratilgandan soʻng 4-bosqichTijorat banklariTashkilot kredit boʻyicha foiz toʻlovlari va asosiy qarzni qaytarmasa, bank krediti boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklarni oʻzining ichki qoidalariga asosan qaytarish choralarini koʻradi.Belgilangan muddatlarda 5-bosqichTashkilotAsosiy qarz va foiz toʻlovlarini kredit shartnomasida koʻrsatilgan shartlarda toʻlaydi.Belgilangan muddatlarda
