Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida (2310-V-son)
07.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusli budjet jarayonlari doirasida, shuningdek “Mening bogʻim” loyihalari tanlovi doirasida saylov okruglarida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishdagi imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyundagi “Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish toʻgʻrisida”gi PQ-243-sonli Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yil 1-avgustdan boshlab tashabbusli budjet jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan loyihalarni qoʻshimcha ravishda gʻolib deb eʼlon qilish uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 23-sentabrdagi 1330-V-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomning (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2025-yil, № 9, 1102-modda, № 10, 1188-modda; 2026-yil, № 5, 542-modda) 6-bandiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Deputatlardan birining vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda unga biriktirilgan saylov okrugidagi tashabbusli budjet jarayonlari doirasida, shuningdek “Mening bogʻim” loyihalari tanlovida gʻolib boʻlmagan loyihalar orasidan Deputatlar tashabbusiga koʻra gʻolib deb eʼlon qilish uchun Deputatlardan boshqa birini belgilash”;
uchinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-iyul,
2310-V-son
