Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida (1257-son)
16.07.2003
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 16-iyulda 1257-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-maydagi 258-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat test markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 1999-yil 12-iyuldagi 342-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorlariga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
§ 1. Umumiy qoidalar
1. Test sinovlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi oʻtkazadi.
2. Test sinovlarini tashkil etish va ularni joylarda adolatli oʻtkazish masʼuliyati, test sinovlari qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda, Davlat test markazi vakillari, qabul komissiyalari raislari, hokimliklar va ular tomonidan tayinlanadigan auditoriyalar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
§ 2. Taʼlim muassasasi qabul komissiyasining ishini tashkil etish
3. Taʼlim muassasalarida oʻqishga qabul qilish ishlarini yuqori saviyada va sifatli tashkil etish maqsadida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
4. Taʼlim muassasasi qabul komissiyasining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-iyuldagi 342-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalari toʻgʻrisidagi nizom” (keyingi oʻrinlarda — “Qabul toʻgʻrisidagi nizom”) da belgilangan tartib va qoidalar hamda ushbu Nizomga muvofiq puxta bilimli, iqtidorli yoshlarning test sinovlari natijalariga koʻra taʼlim muassasasiga kirishini taʼminlash;
qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan, tartibli ravishda tashkil etish;
test oʻtkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish;
abituriyentlarga ularning test jarayonidagi huquq va vazifalarini tushuntirish;
test jarayonining xolisona va adolatli oʻtishini taʼminlash;
test natijalari boʻyicha abituriyentlar va ularning ota-onalariga toʻliq maʼlumotlar berish.
5. Qabul komissiyasi test jarayoniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish vaqtida quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
qabul komissiyasi aʼzolarining vazifalarini aniqlab, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiradi;
qabul komissiyasining ish jadvalini eʼlon qiladi;
Davlat test markazidan olingan tegishli hujjatlar va turli axborot materiallarini yetarli miqdorda tayyorlaydi;
test boshlangunga qadar test oʻtkaziladigan auditoriyalar va ulardagi oʻrinlar sonini aniqlaydi. Har bir auditoriyada oʻtirish oʻrinlari 30 yoki 60 nafar abituriyentga moʻljallangan boʻlishi lozim. Auditoriyalarda quti va paketlarga Davlat test markazi emblemalarini yelimlash uchun yelim va test oʻtkazish uchun kerak boʻlgan boshqa shart-sharoitlarni tayyorlaydi, auditoriyalar joylashuvi reja-chizmalarini tuzadi hamda qabul komissiyasi raisi tasdiqlagan reja-chizmani 1-iyulgacha Davlat test markaziga taqdim etadi;
“Qabul toʻgʻrisidagi nizom” va mazkur Nizomni, taʼlim yoʻnalishlari, taʼlim shakli va tili boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalarini, test oʻtkaziladigan fanlarning roʻyxatini, ixtisoslik boʻyicha ijodiy imtihon topshiriladigan taʼlim yoʻnalishlarini va baholash mezonlarini eʼlon qiladi;
abituriyentlarning arizalarini qabul qilish va barcha oʻqitish shakllari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini belgilangan muddatlarda olib boradi;
qabul qilingan ariza va hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni raqamlangan, bogʻlangan va muhrlangan daftarga qayd qiladi. Qabul toʻgʻrisidagi arizaga abituriyentning oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumoti haqidagi hujjatning asl nusxasi, 086/U-shakldagi tibbiy maʼlumotnoma, 3x4 sm hajmdagi 6 ta fotosurat ilova qilinadi. Tanlovdan tashqari oʻqishga kirish huquqiga ega boʻlgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblari asl nusxadagi hujjatlarni topshiradilar. Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va harbiy qismlarning oʻqishga yuborish haqidagi tavsiyanomalariga ega boʻlgan abituriyentlar tegishli tavsiyanomani oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyasiga taqdim etadilar. Maxsus sirtqi boʻlimlarning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga faqat oʻrta maxsus maʼlumotga va tegishli taʼlim turi boʻyicha kamida uch yil amaliy pedagogik stajga ega boʻlgan pedagog kadrlardan hujjatlar qabul qilinadi. Maxsus sirtqi boʻlimlarning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga kiruvchilardan mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirmasi talab qilinadi. Abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini shaxsan koʻrsatadi. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlganda, qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas. Abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi toʻgʻrisida tilxat beradi;
fuqarolarga ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumotni shartnoma asosida olishga haqli ekanligini tushuntiradi;
abituriyentlar va ota-onalar eʼtibori uchun taʼlim yoʻnalishlari, oʻqitish shakli va tili boʻyicha qancha hujjat topshirilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har kuni eʼlon qilib boradi;
Respublika va xalqaro olimpiada gʻoliblari hamda harbiy qism tavsiyanomasiga ega abituriyentlar roʻyxatini eʼlon qiladi;
abituriyentlarga test jarayoni, baholash mezonlari, talabalar safiga qabul qilish boʻyicha va boshqa barcha zaruriy axborot (tushuntirish)larni beradi;
barcha abituriyentlarni “Abituriyentlarga eslatma” (1-ilova) bilan taʼminlaydi;
Davlat test markazi tomonidan yaratilgan yangi “ABT-Abitur” dasturini qoʻllaydi;
2.1-2.6 shakllar (2-ilova) boʻyicha maʼlumotlarni Davlat test markaziga yuborish maqsadida “ABT-Abitur” dasturi oʻrnatilgan kompyuterlar xotirasiga abituriyentlar haqidagi quyidagi maʼlumotlarni toʻgʻri kiritilishini taʼminlaydi:
maxsus kod;
qayd raqami;
taʼlim turi;
taʼlim muassasasining nomi;
fuqaroligi;
familiyasi, ismi, sharifi;
millati;
jinsi;
pasport seriyasi;
pasport raqami;
yashash joyi;
tugʻilgan yili, joyi;
ijtimoiy kelib chiqishi;
taʼlim muassasasining turi;
maktab (litsey, kollej) raqami;
maktab (litsey, kollej)ni tugatgan yili;
maktab (litsey, kollej) manzili;
attestat raqami;
attestatdagi oʻrtacha bali;
harbiy qismdan berilgan tavsiyanoma (muddatli harbiy xizmatni tugatganlar uchun);
Respublika va xalqaro olimpiadalar gʻolibi ekanligi haqida maʼlumot (agar shunday hujjat boʻlsa);
taʼlim tili;
ixtisosligi;
chet tili;
chet tilini topshirish usuli;
abituriyentlardan hujjat qabul qilishning borishi haqidagi maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda Davlat test markaziga topshiradi;
Davlat test markazi tomonidan eʼlon qilish uchun berilgan hujjatlarni taʼlim muassasasida eʼlon qiladi;
abituriyent va fuqarolarni ularning qabulga oid murojaatlari boʻyicha qabul qiladi, ular uchun zarur maʼlumotlarni tayyorlaydi va eʼlon qiladi;
Davlat test markazi vakili bilan hamkorlikda auditoriya rahbari va kuzatuvchilar uchun test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida amaliy seminar mashgʻulotlari tashkil etadi va oʻtkazadi;
21-iyulda 2.1-2.4 shakllar (2-ilova) boʻyicha maʼlumotlarni taʼlim muassasasi qabul komissiyasining raisi va masʼul kotibi tomonidan tasdiqlangan holda Davlat test markaziga taqdim etadi. Shundan soʻng ushbu maʼlumotlarning oʻzgarmasligini taʼminlaydi;
taʼlim muassasasi boʻyicha auditoriyalarning tartib raqami guruhlarning tartib raqami bilan bir xil boʻlishini hamda, test sinovlari qaysi binoda oʻtkazilishidan qatʼi nazar, takrorlanmasligini taʼminlaydi;
ixtisosliklar boʻyicha ijodiy imtihonlarni xolisona va adolatli oʻtkazib, natijalarini taʼlim muassasasida 27-iyulgacha abituriyentlarning eʼtibori uchun maʼlumot sifatida eʼlon qiladi va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining abituriyentlarlarni talabalar safiga oʻtkazish haqidagi qarori chiqmaguncha eʼlonlar taxtasidan olmaydi;
abituriyentlarning ijodiy imtihon boʻyicha olgan ballari haqidagi maʼlumotni (2.5-shakl, 2-ilova) 1-avgustda Davlat test markaziga (xatosiz toʻldirilgan holda) yetkazadi;
26-iyulda binolar va xonalarning joylashishi, abituriyentlarning bino boʻyicha harakat yoʻnalishi chizmasini eʼlon qiladi;
Davlat test markazi tavsiya etgan algoritm asosida abituriyentlarning umumiy roʻyxati (2.7-shakl, 2-ilova)ni kompyuterda shakllantiradi va 27-iyulda maʼlumot uchun eʼlon qiladi. Umumiy roʻyxatda abituriyentning maxsus kodi, ixtisoslik kodi, alifbo tartibidagi familiyasi, ismi, sharifi, test topshiradigan bino raqami va guruh raqami koʻrsatiladi;
titul varaqasi (3.1-shakl, 3-ilova) va ruxsatnoma (3.2-shakl, 3-ilova)larni xatosiz toʻldiradi;
27-iyuldan boshlab abituriyentlarga ruxsatnomalarni tarqatadi;
Davlat test markazi vakillarini qabul va test jarayoniga oid barcha maʼlumotlar, shu jumladan, binolar va auditoriyalarning reja-chizmalari bilan taʼminlaydi;
30-iyulda barcha auditoriyalardagi oʻtirish oʻrinlarini raqamlab, test oʻtkazishga tayyorlaydi hamda auditoriyalarning eshiklariga ularning tartib raqamlari, mutaxassisliklar nomi va abituriyentlar soni yozilgan koʻchma koʻrsatkichlarni ilib qoʻyadi;
har bir test oʻtkaziladigan binoda telefon aloqasi boʻlishini taʼminlaydi;
har bir auditoriyaga javoblar varaqasini toʻldirish qoidalari berilgan plakatlarni ilib qoʻyadi;
31-iyulda test oʻtkazilmaydigan xonalar va qavatlarning kirish-chiqish eshiklarini yopib muhrlaydi;
abituriyentlarni auditoriyalarga tartibli ravishda kiritishni taʼminlash uchun har bir binoda nazoratchilik xizmati postlarini tashkil qiladi;
har bir test oʻtkaziladigan binoda test jarayoni uchun zarur boʻlgan axborot, texnik, tibbiy va maishiy xizmatlarni tashkil etadi;
test sinovlari oʻtkaziladigan kuni taʼlim muassasasida nusxa koʻchirish vositalari ishlatilishining oldini olish maqsadida ularning barchasini muhrlab qoʻyadi;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini (2.6-shakl, 2-ilova) (ijodiy imtihon topshirgan guruhlar uchun 2 nusxada) tayyorlab, 1-avgust kuni soat 7.00 gacha Davlat test markazining bino boʻyicha rahbar vakiliga topshiradi;
test sinovlari oʻtkaziladigan kuni abituriyentlarning pasport va ruxsatnomasi bilan binoga va undan keyin auditoriyalarga tartibli ravishda kiritilishini taʼminlaydi;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha titul varaqalari solingan paketni 1-avgust kuni soat 7.00 dan 8.00 gacha auditoriya kuzatuvchilariga (abituriyentlarga auditoriyaga kirish paytida tarqatish uchun) beriladi;
test sinovlarining oʻz vaqtida boshlanishini taʼminlaydi;
test jarayonida roʻy bergan barcha muammolarni tezkorlik bilan hal qilish choralarini koʻradi;
test sinovlari tugashi bilan Davlat test markazining binolar boʻyicha rahbar vakillaridan titul varaqalari solingan paketlarni qabul qilib oladi va Davlat test markazi vakillari ishtirokida taʼlim muassasasi seyfiga soladi va muhrlaydi;
test sinovlari tugagandan keyin test materiallarining belgilangan tartibda maxsus aloqa xodimlariga topshirilishini taʼminlaydi;
test natijalari olingan kuni ularni abituriyentlarga eʼlon qiladi;
test natijalari olingan kuni Davlat test markazi vakili bilan birgalikda abituriyentlarning titul varaqalari solingan seyflarni dalolatnoma tuzib ochadi va javoblar varaqasi raqamlari yozilmagan yoki oʻzgartirilgan har bir titul varaqasi haqidagi maʼlumotni dalolatnomada qayd etib, dalolatnomaning bir nusxasini Davlat test markaziga yuboradi.
6. Qabul komissiyasiga biriktirilgan barcha vazifalarning bajarilishini taʼminlash masʼuliyati va javobgarligi taʼlim muassasasi qabul komissiyasining raisi va masʼul kotibiga yuklanadi.
7. Test natijalari asosida talabalikka qabul qilingan abituriyentlar va ularning fanlarni oʻzlashtirish darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻquv yili davomida ABT-talaba dasturi orqali Davlat test markaziga yetkazib turiladi.
§ 3. Davlat test markazi vakillarining vazifalari va bajaradigan ishlari
8. Test sinovlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan Davlat test markazi vakillari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadilar.
Davlat test markazi vakillari Davlat test markazi bilan belgilangan tartibda tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq faoliyat koʻrsatadi.
9. Davlat test markazi vakillari vazirliklar va hokimliklar tavsiyasi asosida oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalari, ilmiy muassasalar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlaridan tanlab olinadi va taʼlim muassasalariga qurʼa tashlash yoʻli bilan taqsimlanadi.
10. Davlat test markazi vakili test jarayonida oʻziga yuklatilgan vazifalar, auditoriya rahbari va kuzatuvchisining vazifalarini hamda “Abituriyentga eslatma”da abituriyentga qoʻyilgan talablarni toʻliq oʻrganadi va ularning qatʼiy bajarilishini taʼminlaydi.
11. Davlat test markazining har bir vakiliga, 12 tagacha auditoriyasi boʻlgan bitta qavat biriktiriladi. Davlat test markazi vakillaridan bittasi taʼlim muassasasi boʻyicha rahbar etib tayinlanadi.
12. Davlat test markazi vakillari faoliyatiga umumiy rahbarlik Davlat test markazining doimiy vakili tomonidan amalga oshiriladi.
13. Davlat test markazi vakili test sinovlariga qadar, taʼlim muassasasining qabul komissiyasi masʼul kotibi bilan birgalikda, quyidagilarni tekshiradi:
“Qabul toʻgʻrisidagi nizom”ga asosan abituriyentlarning ariza va hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning qayd daftarlarida toʻgʻri rasmiylashtirilganligini;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxati Davlat test markazi tavsiya etgan algoritm asosida tuzilganligini;
binolarda test materiallarini tarqatish uchun moʻljallangan, seyflarga ega boʻlgan maxsus xonalarning tayyorligini;
auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarning qaysi auditoriyaga tushishini qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlaydigan maxsus joyning har bir binoda tayyorligini;
test sinovlari oʻtkaziladigan auditoriyalarda abituriyentlarning oʻtirish oʻrinlari belgilangan tartibda raqamlanganligi, ularda yetarli miqdorda stol (parta), stullar, yelim hamda test materiallarini topshirish uchun ajratilgan alohida stolning mavjudligini;
har bir auditoriyada javoblar varaqasini toʻldirish qoidalari berilgan plakatlarning mavjudligini;
har bir binoda tibbiy, texnik va axborot xizmatining tashkil etilishini, jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlari belgilanganligini;
har bir test oʻtkaziladigan binoda telefon aloqasi mavjudligini;
ruxsatnoma va titul varaqasining qayd daftari asosida toʻgʻri toʻldirilganligini.
Davlat test markazi vakili aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi. Zarur boʻlganda, Davlat test markazi rahbariyatiga maʼlumot berib, taʼlim muassasasining testga toʻliq tayyor boʻlishiga erishadi.
14. Davlat test markazi vakillarining test jarayonidagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: test materiallarini maxsus aloqa xodimlaridan qabul qilish, binolar va auditoriyalar boʻyicha tarqatish, auditoriya rahbari va kuzatuvchilarni xonalarga qurʼa tashlash bilan taqsimlash, testning oʻz vaqtida boshlanishi, test jarayonini xolislik bilan oʻtkazilishi va reglament asosida tugashini nazorat qilish, test materiallarini auditoriya rahbarlaridan yigʻish va maxsus aloqa xodimlariga topshirish.
15. Davlat test markazi vakili test jarayonida auditoriya rahbariga amaliy yordam koʻrsatadi. Vakil oʻziga biriktirilgan auditoriya va binolarda test oʻtkazish tartiblariga qatʼiy rioya qilinishiga masʼul va javobgar shaxsdir.
16. Test oʻtkaziladigan kuni Davlat test markazi vakili vazifalarni vaqt boʻyicha quyidagi tartibda bajaradi:
taʼlim muassasasi bosh shtabiga soat 6.00 da yetib keladi;
Davlat test markazining taʼlim muassasasi boʻyicha rahbar vakili soat 6.00 dan 6.20 gacha Davlat test markazi vakillarini binolar boʻyicha taqsimlaydi;
soat 6.00 dan 6.40 gacha Davlat test markazi vakili qabul komissiyasi raisi, masʼul kotibi bilan birgalikda maxsus aloqa xodimlaridan test materiallarini qabul qilib oladi, test materiallarini bino boʻyicha rahbar vakillarga tarqatadi va 4.1-shaklda (4-ilova) rasmiylashtiradi;
Davlat test markazi vakili masʼul kotibdan abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini oladi;
Davlat test markazining doimiy vakilidan binolar boʻyicha auditoriya rahbari va kuzatuvchilar roʻyxatini oladi;
Davlat test markazi vakili davlat test markazining bino boʻyicha masʼul vakiliga test materiallari, auditoriya rahbari va kuzatuvchilar roʻyxati hamda test jarayoniga oid zarur yoʻriqnomalarni beradi.
Davlat test markazining bino boʻyicha masʼul vakili: soat 6.40 dan 7.00 gacha maxsus aloqa xodimi bilan test materiallarini oʻzi biriktirilgan binoga olib keladi.
Davlat test markazining bino boʻyicha rahbar vakili binoga biriktirilgan vakillarini qurʼa tashlash yoʻli bilan qavatlar va auditoriyalar boʻyicha taqsimlab, ular bilan birgalikda quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
soat 7.00 dan 7.30 gacha taʼlim muassasasi qabul komissiyasi xodimlari bilan birgalikda auditoriya rahbari va kuzatuvchilarning qaysi auditoriyada boʻlishini qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlaydi va ularga Davlat test markazining maxsus guvohnomasini beradi hamda bu haqda 2 nusxada bayonnoma (5-ilova) tuzadi;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini (ijodiy imtixon topshirgan guruhlar uchun 2 nusxada) kuzatuvchilarga tarqatadi;
qavatlar boʻyicha taqsimlangan Davlat test markazi vakillari soat 7.30 dan 8.00 gacha abituriyentlarning ruxsatnomasi va pasportini tekshirib, binoga kiritilishini nazorat qiladi;
bino boʻyicha rahbar vakil soat 7.30 dan 8.00 gacha test materiallari solingan qutilarni auditoriya rahbarlariga tarqatadi va 6.1-shaklni (6-ilova) rasmiylashtiradi;
auditoriya kuzatuvchisi soat 8.00 dan 8.30 gacha abituriyentlarning pasporti, ruxsatnomasini tekshirib, xonaga kirishda abituriyentga titul varaqasi tarqatilishini hamda uning belgilangan joyga oʻtirishini nazorat qiladi;
soat 8.30 dan 9.00 gacha auditoriya rahbari va kuzatuvchisi tomonidan test materiallarining abituriyentlarga tarqatilishini, savollar kitobi bilan ishlash va javoblar varaqasini (7.1-shakl, 7-ilova) toʻldirish qoidalari boʻyicha koʻrsatmalar berilishini nazorat qiladi;
auditoriya rahbari abituriyentning savollar kitobi nuqsonli ekanligi haqida xabar bersa, quyidagi ishlarni tezkorlik bilan soat 9.00 gacha amalga oshiradi:
a) boshqa auditoriyalardan testga kelmagan abituriyentning shu taʼlim yoʻnalishi va tiliga mos boʻlgan savollar kitobi va javoblar varaqasini dalolatnoma tuzib, keltirib beradi;
b) agar tegishli savollar kitobi binodan topilmasa, Davlat test markazining taʼlim muassasasi boʻyicha vakili bilan telefon orqali bogʻlanib, unga kerakli savollar kitobini keltirib berishni soʻraydi;
soat 9.00 dan 10.00 gacha oʻziga biriktirilgan auditoriyalarda testga kelmagan abituriyentlar roʻyxatini aniqlaydi;
test sinovida qatnashayotgan auditoriya rahbari va kuzatuvchisining familiyasi, ismi, sharifi, pasporti haqidagi maʼlumotlarni aniqlaydi va hokimlik tomonidan tasdiqlangan roʻyxat bilan solishtiradi hamda ularni hisobotiga ilova qiladi;
soat 9.00-12.20 (9.00-11.20*)da test jarayonining xolisona va adolatli oʻtishini nazorat qiladi va taʼminlaydi;
* ikkita blok boʻyicha test topshiruvchilar uchun
auditoriyalarda test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan abituriyentlarning testdan chetlashtirilishini va bu haqda dalolatnomalar tuzilishini nazorat qiladi;
abituriyentlarning test topshirishini nazorat qilib boradi va test jarayonida kutilmagan voqea roʻy berganda, zudlik bilan oʻquv yurti boʻyicha Davlat test markazining rahbar vakili va doimiy vakil bilan bogʻlanadi, muammoni hal qilish choralarini koʻradi;
soat 12.00-12.20 (11.00-11.20*) da test sinovining tugash jarayonini qatʼiy nazorat qiladi;
* ikkita blok boʻyicha test topshiruvchilar uchun
abituriyentlarning auditoriyadan pasporti va ruxsatnoma bilan chiqishini, ruxsatnomada javoblar varaqasi raqami va varianti yozilib, uning auditoriya rahbari va kuzatuvchisi tomonidan tasdiqlanganligini nazorat qiladi;
soat 12.20-12.40 (11.20-11.40*) javoblar varaqasi paketi, savollar kitobi qutisi, titul varaqalari paketi auditoriyalarda yelimlanib, Davlat test markazi emblemalari bilan muhrlanishini taʼminlaydi;
* ikkita blok boʻyicha test topshiruvchilar uchun
soat 12.20-13.00 (11.20-12.00*)da test sinovlari tugashi bilan, muhrlangan javoblar varaqasi paketi, savollar kitobi qutisi va titul varaqasi paketlarini Davlat test markazining bino boʻyicha rahbar vakiliga zudlik bilan tegishli roʻyxatni (6-ilova) rasmiylashtirgan holda topshirilishini taʼminlaydi;
* ikkita blok boʻyicha test topshiruvchilar uchun
soat 13.00-13.20 (12.00-12.20*) da test materiallarini maxsus aloqa transportlari bilan taʼlim muassasasi bosh shtabiga olib keladi;
* ikkita blok boʻyicha test topshiruvchilar uchun
qabul komissiyasi raisi, masʼul kotibi bilan birgalikda maxsus aloqa xodimlariga test materiallarini topshirib, tegishli roʻyxatni (4-ilova) rasmiylashtiradi;
qabul komissiyasi seyfiga titul varaqalari paketini solib, seyfni qabul komissiyasi raisi, masʼul kotib bilan birgalikda muhrlaydi;
maxsus aloqa xodimlariga topshirilayotgan qutilar joylashgan qoplarga Davlat test markazining manzilini yozadi.
17. Test sinovlari oʻtgandan soʻng, Davlat test markazining har bir vakili bajarilgan ishlar boʻyicha ikki nusxada hisobot tayyorlaydi. Hisobotning bir nusxasi Davlat test markaziga, ikkinchi nusxasi Davlat test markazining doimiy vakiliga topshiriladi.
§ 4. Auditoriya rahbari va kuzatuvchisining vazifalari va bajaradigan ishlari
18. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilarining roʻyxati shahar, tuman hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
19. Test sinovi oʻtkaziladigan xonada sinovning belgilangan talablariga qatʼiy rioya etilgan tarzda xolisona va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy masʼuliyat auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklatiladi.
20. Auditoriya rahbari va kuzatuvchisi oʻzi biriktirilgan taʼlim muassasasi binociga soat 7.00 dan kechikmasdan shaxsiy pasporti bilan yetib keladi.
21. Auditoriya kuzatuvchisi qurʼa tashlash yoʻli bilan oʻziga biriktirilgan auditoriyaga, Davlat test markazi vakilidan abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini (ijodiy imtixon topshirgan guruh uchun 2 nusxada) va titul varaqalarini olib, soat 7.30 dan kechikmay yetib boradi va quyidagi ishlarni bajaradi:
auditoriyani koʻzdan kechiradi, agar ichkarida abituriyentlar boʻlsa, ularni tashqariga chiqaradi;
auditoriyadagi har bir oʻtirish oʻrnining tartib bilan raqamlanganligini tekshiradi;
abituriyentlarga oʻzini tanishtirib, ularning ruxsatnomasi, pasportlarini eʼtibor bilan tekshirib, ularga titul varaqalarini tarqatadi, ularni guruh roʻyxati boʻyicha auditoriyaga kiritadi va belgilangan tartib boʻyicha joylarga oʻtqazadi;
guruh roʻyxati boʻyicha test sinoviga kelgan va kelmagan abituriyentlarni aniqlaydi.
22. Auditoriya rahbari belgilangan vaqtda (soat 7.30-8.00) Davlat test markazining bino boʻyicha rahbar vakilidan qurʼa tashlash yoʻli bilan oʻziga biriktirilgan auditoriya uchun test materiallarini qabul qilib oladi va darhol auditoriyaga yetib boradi.
23. Test sinoviga belgilangan vaqtdan kechikib kelgan abituriyentlarni auditoriyaga kiritmaydi.
24. Test boshlanishidan oldin auditoriya rahbari va kuzatuvchisi oʻzlarining ism va familiyalarini yozuv taxtaga (doskaga) yozib qoʻyadi.
25. Auditoriya rahbari, kuzatuvchisi hamda ikki abituriyent birgalikda quti muhrlanganligiga ishonch hosil qilib, qutini soat 8.30 da ochadilar.
Quti ichida quyidagi materiallar boʻladi:
guruh roʻyxatidagi abituriyentlar soniga teng boʻlgan miqdorda, ichiga javoblar varaqasi solingan savollar kitoblari;
2 ta paket: javoblar varaqalari uchun 1 ta, titul varaqalari uchun 1 ta;
muhrlash uchun 3 ta Davlat test markazi emblemasi: javoblar varaqalari paketi uchun 1 ta, titul varaqalari paketi uchun 1 ta, savollar kitoblari qutisi uchun 1 ta.
26. Savollar kitoblari sanaladi.
27. Abituriyentlarga savollar kitobi javoblar varaqasi bilan birgalikda tarqatiladi. Abituriyentga savollar kitobidagi “Abituriyentlar diqqatiga” deb yozilgan qismini oʻqish taklif qilinadi. Agar abituriyent savollar kitobi nuqsonli ekanligi haqida murojaat qilsa, quyidagi ishlarni tezkorlik bilan soat 9.00 gacha amalga oshiradi:
a) auditoriyada test sinovida qatnashmagan abituriyent uchun ajratilgan savollar kitobini javoblar varaqasi bilan birga murojaat qilgan abituriyentga beradi,
b) agar auditoriyada ortiqcha kitob boʻlmasa boshqa auditoriyalardan testga kelmagan abituriyentning shu taʼlim yoʻnalishi va tiliga mos boʻlgan savollar kitobi va javoblar varaqasini keltirib berishni Davlat test markazi vakilidan soʻraydi.
28. Abituriyentlarga quyidagilar tushuntiriladi:
javoblar varaqasini bukmaslik;
javoblar varaqasining marker chizigʻiga yozmaslik;
javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni boʻyamaslik.
29. Test sinovlari boshlanishidan oldin, soat 8.30 dan 9.00 gacha auditoriya rahbari va kuzatuvchisi:
yozuv taxtasi (doska)ga ilib qoʻyilgan plakatdan foydalanib, javoblar varaqasini toʻldirish qoidalarini tushuntiradi;
javoblar varaqasi raqamining titul varaqasi va ruxsatnomaga koʻchirib yozganligini tasdiqlash maqsadida titul varaqasining va ruxsatnomaning maxsus joyiga imzo qoʻyadi.
30. Abituriyentlarning bir-birlari bilan gaplashishi, turli qogʻoz va boshqa narsalardan foydalanish mumkin emasligini tushuntiradi. Eshik va derazalar orqali abituriyentlarning mustaqil ishlashiga xalaqit beradigan aralashuvlarga yoʻl qoʻymaydi.
31. Tushuntirish tugagandan keyin, testning boshlanishi va tugash vaqtini doskaga yozib qoʻyadi.
3 ta fan topshiruvchi guruhlarga 3 soat, 2 ta fan topshiruvchi guruhlarga 2 soat vaqt beriladi.
32. Test boshlangandan keyin:
hech kim auditoriyaga kiritilmaydi;
abituriyent test materiallarini topshirmaguncha auditoriyadan chiqarilmaydi. Test materiallarini topshirib chiqib ketgan abituriyent auditoriyaga qayta kiritilmaydi;
test topshiriqlari boʻyicha abituriyentlar bilan savol-javob qilinmaydi;
abituriyentlar oldiga borilmaydi.
33. Favqulodda holatlarda auditoriya rahbari va kuzatuvchisi Davlat test markazi vakili ishtirokida sodir boʻlgan voqea haqida dalolatnoma tuzadi. Dalolatnoma javoblar varaqasi paketiga solinadi.
34. Test jarayonida birorta hujjat (test materiali yoki boshqa qogʻoz) auditoriyadan tashqariga chiqarilmaydi va tashqaridan kiritilmaydi.
35. Test jarayoni davomida abituriyent test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa, mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalardan foydalansa, boshqa abituriyentlarga yordam bersa va boshqa shu kabi hollarda, abituriyent test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi.
Auditoriya rahbari Davlat test markazi vakili bilan birgalikda tartibni buzgan abituriyentning test materiallarini oladi. Shundan soʻng auditoriya rahbari va kuzatuvchisi ikki abituriyent ishtirokida tartibni buzgan abituriyentni testdan chetlashtirish haqida dalolatnomani (8-ilova) tuzadi. Dalolatnomada sana, taʼlim muassasasi nomi, guruh raqami, ixtisoslik kodi, tartibni buzgan abituriyentning familiyasi, ismi, otasining ismi, javoblar varaqasining raqami, qanday tartibni buzganligi va abituriyent qaysi vaqtda test sinovidan chetlashtirilganligi yoziladi. Dalolatnomaga Davlat test markazi vakili ham imzo qoʻyadi.
36. Test topshiriqlarini belgilangan vaqtdan ilgari bajarib boʻlgan abituriyent savollar kitobi, javoblar varaqasi va titul varaqasini alohida-alohida stolga qoʻyadi, abituriyentlar roʻyxatiga javoblar varaqasining raqamini, test topshirgan vaqtini yozadi, unga imzo qoʻyadi va auditoriyadan chiqadi.
37. Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan soʻng, auditoriya rahbari test sinovi tugaganligini rasman eʼlon qiladi. Abituriyentlar navbat bilan savollar kitobi, javoblar varaqasi va titul varaqasini alohida-alohida stolga qoʻyadilar, abituriyentlar roʻyxatiga javoblar varaqasining raqamini, test topshirgan vaqtini yozib, unga imzo qoʻyadilar va auditoriyadan chiqadilar.
38. Auditoriya rahbari, hamma test materiallari yigʻilgandan soʻng, ikki nafar abituriyent ishtirokida javoblar varaqasi, titul varaqalari va savollar kitoblarini alohida sanaydi.
Javoblar varaqasi paketiga quyidagilar solinadi:
testda qatnashgan abituriyentlarning javoblar varaqalari;
ishlatilmagan javoblar varaqalari;
test sinovidan chetlashtirilgan abituriyentga tegishli dalolatnomalar yelimlangan javoblar varaqalari;
test sinoviga kelmagan abituriyentlarga tegishli titul varaqalari.
Shundan keyin javoblar varaqasi paketiga yopishtirilgan maʼlumotnoma toʻlgʻizilib, auditoriya rahbari, kuzatuvchi va ikki abituriyent imzo qoʻyganidan keyin, auditorya rahbari paketni Davlat test markazi emblemasi bilan muhrlaydi.
Auditoriya rahbari savollar kitoblarini qutiga soladi va qutini Davlat test markazi emblemasi bilan muhrlaydi.
Auditoriya rahbari test sinoviga qatnashgan abituriyentlarning titul varaqalarini sanab, uni abituriyentlar roʻyxati bilan titul varaqalari paketiga soladi va bu paketni Davlat test markazi emblemasi bilan muhrlaydi.
39. Auditoriyadagi barcha javoblar varaqalari (ishlatilgan, ishlatilmagan, testdan chetlashtirilganlarga tegishli boʻlgan) va testga kelmagan abituriyentlarning titul varaqalarini maxsus javoblar varaqalari paketiga solinishi uchun auditoriya rahbari va kuzatuvchisi shaxsan javobgar hisoblanadi. Javoblar varaqasini savollar kitobi qutisiga solish taqiqlanadi.
40. Auditoriya rahbari javoblar varaqalari solingan paketni, savollar kitoblari qutisini va titul varaqalari solingan paketni maxsus xonada Davlat test markazi vakiliga topshiradi va tegishli roʻyxatga (6-ilova) imzo qoʻyadi. Ijodiy imtihon oʻtkazilgan guruhlar boʻyicha javoblar varaqasi raqami toʻldirilgan abituriyentlar roʻyxatining bir nusxasini taʼlim muassasasi masʼul kotibiga topshiradi.
41. Test sinovlari tugagach, auditoriya rahbari va kuzatuvchisi oʻz guvohnomalarini Davlat test markazi vakiliga topshiradilar.
§ 5. Test sinovlari boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
42. Oʻtkazilgan test sinovlari boʻyicha fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Davlat test markazida murojaatlarni koʻrish komissiyasi (keyinga oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
43. Komissiya tarkibiga Davlat test markazining masʼul xodimlari va fanlar boʻyicha ekspertlari kiritiladi. Komissiyaning tarkibi Davlat test markazi direktori tomonidan tasdiqlanadi
44. Murojaat etuvchi test javoblari eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy davomida Komissiyaga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin. Uning arizasi roʻyxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.
45. Ariza murojaat etuvchi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish jarayonida murojaat etuvchining ota-onasi ham qatnashishga haqli. Murojaat etuvchi komissiyaga pasporti va ruxsatnomasi bilan belgilangan kuni kelishi shart.
46. Arizani koʻrib chiqish jarayonida murojaat etuvchiga uning javoblar varaqasi koʻrsatiladi va unga test sinovida yoʻl qoʻygan notoʻgʻri javoblari roʻyxati bilan birgalikda testda tushgan savollar kitobining nusxasi beriladi.
47. Murojaatni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha bayonnoma tuziladi va Komissiya aʼzolari hamda murojaat etuvchi tomonidan imzolanadi.
48. Komissiya xulosasi boʻyicha maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga beriladi.
49. Murojaat etuvchi oʻz huquqlarini himoya qilishni soʻrab boshqa davlat idoralariga murojaat qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 1-son ILOVA
Abituriyentlarga eslatma
Abituriyent taʼlim muassasasi komissiyasiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
taʼlim yoʻnalishi, oʻqitish tili va shakli koʻrsatilgan holdagi ariza;
oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumot haqidagi hujjatning asl nusxasi;
3x4 sm hajmdagi 6 ta fotosurat;
xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiadalar, tanlov va musobaqalar gʻoliblariga tanlovsiz oʻqishga kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasi;
muddatli harbiy xizmatni tugatib, harbiy qismlarning yoʻllanmasi bilan kelgan abituriyentlar — tegishli tavsiyanoma.
Maxsus sirtqi boʻlimlarning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga faqat oʻrta maxsus maʼlumotga va tegishli taʼlim turi boʻyicha kamida uch yil amaliy pedagogik stajga ega boʻlgan pedagog kadrlardan hujjatlar qabul qilinadi. Maxsus sirtqi boʻlimlarning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga kiruvchilardan mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirmasi talab qilinadi.
Abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini shaxsan koʻrsatadi.
Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlganda, qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Fuqarolar ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar (“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun, 14-modda).
Test sinovi boshlanishidan 3 kun oldin abituriyent qabul komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan binolar va auditoriyalarning reja-chizmalarini diqqat bilan oʻrganib, test topshiradigan binoning qayerda joylashganligi, auditoriyaning tartib raqami, qaysi qavatda ekanligi va boshqa kerakli maʼlumotlarni bilib oladi.
Abituriyentlar guruh tartib raqami koʻrsatilgan ruxsatnomani test boshlanishidan 3 kun oldin taʼlim muassasasi qabul komissiyasidan oladi.
Kunduzgi, sirtqi va maxsus sirtqi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha abituriyentlarni test sinovlari, “Qabul toʻgʻrisidagi nizom”ga asosan, oʻzbek, qoraqalpoq (Qoraqalpogʻiston Respublikasida) va rus tillarida, Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida bir kunda va bir vaqtda oʻtkaziladi.
Test oʻtkaziladigan kuni abituriyentlarni bino ichkarisiga kiritish ertalab soat 7.30 da boshlanadi. Abituriyent binoga kirishda ruxsatnoma va pasportini shaxsan koʻrsatadi. Soat 8.00 dan boshlab abituriyentlar oʻz guruhlari tartib raqami bilan bir xil raqamlangan auditoriyaga kiradilar.
Test sinovlariga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalarni olib kirish taqiqlanadi.
Test sinovlari boshlangandan soʻng (8.30 dan keyin) abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi.
Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
Abituriyent test sinovlarini taʼlim muassasasida oʻqiydigan tilda topshiradi.
Test vaqtida abituriyentlarga quyidagi talablar qoʻyiladi:
savollar kitobi va javoblar varaqasini olgandan soʻng, savollar kitobini sinchiklab tekshirib chiqadi. Agar unda fanlar boʻyicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga koʻra toʻla nashr qilinmagan oʻrinlar yoki betlar boʻlsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi va nuqsonsiz test savollari kitobi hamda javoblar varaqasini oladi (agar abituriyent soat 9.00 gacha savollar kitobidagi nuqsonlar haqida auditoriya raxbariga xabar bermasa, uning murojaati qabul qilinmaydi). Shundan soʻng abituriyent javoblar varaqasidagi “Abituriyentlar diqqatiga” qismini oʻqib chiqadi;
javoblar varaqasi varianti bilan savollar kitobi varianti mosligini tekshiradi;
Abituriyent test savollariga javob berishdan oldin oʻz ruxsatnoma va titul varaqasining tegishli joylariga javoblar varaqasining raqamini va variant raqamini koʻchirib yozadi;
javoblar varaqasini toʻldirishda faqat havorang pastali sharikli ruchkadan foydalanadi;
abituriyent oʻzi haqidagi maʼlumotlarni javoblar varaqasining tegishli qismiga yozadi va mos keluvchi doirachalarni boʻyaydi
maxsus kodini, oʻqishni tugatgan maktabi joylashgan viloyat, tuman, shahar, shahar tumani kodlarini, maktab (litsey) nomerini, taʼlim muassasasi va ixtisoslik kodlarini javob varaqasining mos joylariga titul varaqasidan koʻchiradi va doirachalarni mos ravishda boʻyaydi (Agar abituriyent oʻz ixtisoslik kodini notoʻgʻri belgilasa, uning javoblar varaqasi u test topshirgan guruh ixtisosligi boʻyicha oʻqiladi);
savollar kitobidagi hamma fan bloklarida 36 tadan savol keltirilgan, har bir savolga 5 tadan (A, B, C, D, E) javob berilgan boʻlib, abituriyent ulardan faqat bittasini toʻgʻrisini topishi va kitobchada belgilab, keyinchalik javoblar varaqasiga koʻchirishi shart;
javoblarni tanlash uchun 108 ta savolga 3 soat, 72 ta savolga 2 soat vaqt ajratiladi;
javoblarni tanlash ixtiyoriy. Abituriyent oʻzi tanlagan javoblarini javoblar varaqasining tegishli blokiga chalkashtirmasdan koʻchiradi. Javoblar varaqasiga koʻchirish uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari yana 20 daqiqa vaqt beriladi;
savollar kitobidagi test savollariga toʻgʻri deb hisoblagan javoblarni javoblar varaqasining fan bloklaridagi doirachalarga mos ravishda belgilaydi. Chet tili boʻyicha test topshirayotgan abituriyentlar oʻziga muvofiq keluvchi tilga tegishli doirachani boʻyaydi;
har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanganda, toʻgʻri hisoblanib, agar bitta savolga ikki va undan ortiq javob belgilansa, bu javobga ball berilmaydi;
toʻldirilgan javoblar varaqasi abituriyentning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjatdir;
javoblar varaqasining toʻgʻri toʻldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir;
javoblar varaqasida tegishli doirachalarni notoʻgʻri belgilagan va javoblar varaqasini almashtirib qoʻygan abituriyentlar eʼtirozi apellatsiyada koʻrib chiqilmaydi;
test paytida abituriyentning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qoʻyilmaydi;
test davomida abituriyentlarning bir-birlari bilan gaplashishi, javoblarni bir-biriga koʻrsatishi, test materiallarini boshqalarga uzatishi, mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitoblardan, uyali telefon aloqa vositalari va shpargalkalardan foydalanishi, test hujjatlaridan nusxa koʻchirishi va boshqalarga koʻmaklashishi taqiqlanadi.
Agar abituriyent mazkur qoidalarga rioya qilmasa, u test sinovlarini oʻtkazish tartibini qoʻpol ravishda buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, sinovdan chetlashtiriladi.
Test sinovini belgilangan vaqtdan oldin tugatgan abituriyent savollar kitobi, javoblar varaqasi va titul varaqasini auditoriya rahbariga topshiradi, abituriyentlar roʻyxatidagi oʻz familiyasi toʻgʻrisiga javoblar varaqasi raqami va variant raqamining toʻgʻri yozilganligini tekshirib, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qoʻyadi, ruxsatnoma va pasporti bilan auditoriyadan chiqadi.
Test uchun ajratilgan vaqt tugagach, auditoriya rahbari bu haqda eʼlon qiladi. Abituriyentlar tartib bilan savollar kitobi, javoblar varaqasi va titul varaqasini auditoriya rahbariga topshirib, abituriyentlar roʻyxatidagi oʻz familiyalari toʻgʻrisiga javoblar varaqasi raqami va variant raqamini, testni tugatgan vaqtini yozib, imzo qoʻyadilar, ruxsatnoma va pasporti bilan auditoriyadan chiqadilar.
Abituriyent javoblar varaqasining maxsus joyini boʻyash bilan auditoriyadagi test jarayonining borishiga oʻz fikrini bildirishi mumkin.
Oʻtkazilgan test sinovlari boʻyicha fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Davlat test markazida murojaatlarni koʻrish komissiyasi (keyinga oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
Komissiya tarkibiga Davlat test markazining masʼul xodimlari va fanlar boʻyicha ekspertlari kiritiladi. Komissiyaning tarkibi Davlat test markazi direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Murojaat etuvchi test javoblari eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy davomida Komissiyaga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin. Uning arizasi roʻyxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.
Ariza murojaat etuvchi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish jarayonida murojaat etuvchining ota-onasi ham qatnashishga haqli. Murojaat etuvchi komissiyaga pasporti va ruxsatnomasi bilan belgilangan kuni kelishi shart.
Arizani koʻrib chiqish jarayonida murojaat etuvchiga uning javoblar varaqasi koʻrsatiladi va unga test sinovida yoʻl qoʻygan notoʻgʻri javoblari roʻyxati bilan birgalikda testda tushgan savollar kitobining nusxasi beriladi.
Murojaatni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha bayonnoma tuziladi va Komissiya aʼzolari hamda murojaat etuvchi tomonidan imzolanadi.
Komissiya xulosasi boʻyicha maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga beriladi.
Murojaat etuvchi oʻz huquqlarini himoya qilishni soʻrab boshqa davlat idoralariga murojaat qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 2-son ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 3-son ILOVA. 3.1-shakl
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 4-son ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 5-son ILOVA
Test sinovi oʻtkaziladigan binolarda auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarini qurʼa tashlash yoʻli bilan auditoriyalarga taqsimlash bayonnomasi
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 6-son ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 7-son ILOVA
(7.1.- shakl) old tomoni
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida test oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga 8-son ILOVA
DALOLATNOMA
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 13-14-son)
