Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (450-son)
20.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son va “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qarorlari ijrosini taʼminlash hamda kasbiy taʼlim tizimida davlat xizmatlarini koʻrsatishning sifati hamda samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi joriy etiladigan, shuningdek, kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxatida kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishni joriy etish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ariza beruvchilar tomonidan oʻqishni koʻchirish yoki tiklash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi;
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish tartibi;
kasbiy taʼlim tashkilotlariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash boʻyicha xulosa berish tartibi.
3. Belgilansinki, ushbu qarorga muvofiq koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar Davlat xizmatlari markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladilar.
4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarini YIDXP orqali joriy etsin;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Adliya vazirligi ushbu qaror bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglament talablari buzilgani uchun davlat xizmatlarini koʻrsatishda ishtirok etuvchi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini belgilangan tartibda qoʻllasin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-avgust,
450-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-avgustdagi 450-son qaroriga ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish uchun arizalarni Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish tartibini belgilaydi.
Mazkur Reglament qoidalari nodavlat kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — ushbu Reglamentga muvofiq oʻqishini davlat kasbiy taʼlim tashkilotlaridan boshqa kasbiy taʼlim tashkilotlariga koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilaridan oʻqishini texnikumlarga koʻchirish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi;
ishchi organ — kasbiy taʼlim tashkilotlari;
3. Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash boʻyicha davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmati 2-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
4. Davlat xizmatlari belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali xulosalarni berishga masʼul boʻlgan vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladi.
5. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchilar oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish uchun har yili 1-avgustdan 20-avgustga qadar (shu kuni ham), umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish uchun esa har yili 28-dekabrdan 17-yanvargacha (shu kuni ham) Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va ishlamaydigan bayram kunlarida tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
7. Ariza beruvchi shaxsan oʻzi yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 3, 4, 5, 6 yoki 7-ilovalarda koʻrsatilgan soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi hamda unga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani tasdiqlaydi.
8. Arizaga ayrim hujjatlar ilova qilinishi lozimligi koʻrsatilishi mumkin. Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda boʻlishi kerak.
9. Ariza beruvchidan tegishli maʼlumotnoma turi boʻyicha soʻrovnomalarning 4-bandida koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
10. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, ERI, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
11. Ariza beruvchi ariza topshirish muddatlari yakunlangunga qadar rad qilingan arizalarni qayta yuborishi mumkin.
12. Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda, soʻrovnomada notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, ushbu holatlar arizalarni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
14. Oʻquvchilardan, ularning ota-onalari (yoki qonuniy vakillari)dan oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatdan foydalanganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
15. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli soʻrovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar 10 daqiqada, YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
16. Vakolatli organ ariza topshirish muddati tugagandan soʻng 10 kun muddat ichida soʻrovnomani koʻrib chiqib, tegishli hujjatlar (maʼlumotlar) ushbu Reglament va soʻrovnomaga muvofiq boʻlgan taqdirda, oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida xulosani YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
17. Kasbiy taʼlim tashkiloti miqyosida bir darajadagi taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni koʻchirish yoki taʼlim shaklini oʻzgartirish masalasi mazkur kasbiy taʼlim tashkiloti tomonidan, oʻqishni koʻchirish hudud (viloyat) miqyosida tegishli Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri kasbiy taʼlim boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) tomonidan koʻrib chiqiladi.
18. Boshqa taʼlim shaklidan hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga dual taʼlim shakliga koʻchirishga ruxsat berilmaydi.
19. Quyidagi hollarda oʻquvchilar oʻqishi texnikumlarga vakolatli organ xulosasi bilan koʻchiriladi:
bir hududdagi kasbiy taʼlim tashkilotidan boshqa hududdagi kasbiy taʼlim tashkilotiga;
bir hududdagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining 10-sinf oʻquvchisini ikkinchi hududdagi texnikumga oʻqishini koʻchirish (yashash manzili oʻzgarganda);
oʻquvchining ota-onasi davlat xizmatchisi yoki harbiy xizmatchi boʻlsa hamda davlat organlari xodimlarining ish joyi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan oʻzgartirilganda;
respublikaning sport turlariga tayyorlash markazlari, harbiy yoki harbiylashtirilgan maktablardan oʻqishdan chetlashtirilgan oʻquvchining oʻqishini texnikumga koʻchirish.
20. Oʻqishni qayta tiklash boʻyicha murojaatlar oʻquvchi taʼlim olgan tegishli kasbiy taʼlim tashkiloti tomonidan koʻrib chiqiladi.
21. Oʻquvchi oldin oʻqigan kasb yoki mutaxassislik toʻxtatilgan boʻlsa, uning xohishiga koʻra turdosh kasbga (mutaxassislikka) yoki mazkur kasbiy taʼlim tashkilotida tegishli kasb yoki mutaxassislik boʻlmasa, uning oʻqishi hududiy boshqarma tomonidan boshqa kasbiy taʼlim tashkilotiga tiklanishi boʻyicha xulosa beriladi.
22. Davlat xizmatlari markazi oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida xulosa kelib tushgandan soʻng 10 daqiqada uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, unga oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida xulosani ariza beruvchining soʻroviga koʻra elektron yoki qogʻoz shaklda berishi shart.
23. Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan xulosada notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ariza beruvchi 15 kun ichida belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar va xulosalar sir saqlanishini taʼminlaydi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari bajarilishi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
26. Ushbu Reglamentni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
27. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 4-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 5-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 6-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 7-ILOVA
