Turistik startaplarni-yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismiga subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (443-son)
18.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi PQ-348-son qaroriga muvofiq Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismiga subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Turizm qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini taʼminlasin.
4. Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishning belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha ularning faoliyati yuzasidan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 18-avgust,
443-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 443-son qaroriga ILOVA
Turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismiga subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Xarajatlarni qoplash davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
turistik startaplar — yangi turdagi turizm xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — startap) — turistik xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan, turistlar uchun dolzarb hisoblangan turizm sohasida innovatsion xizmat, texnologiya yoki mahsulot yaratishga qaratilgan yangi biznes loyiha;
talabgor — startapni yaratgan va subsidiya ajratish uchun murojaat qilgan tadbirkorlik subyekti;
xarajatlarni qoplash — startapni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha startap uchun Jamgʻarma hisobidan subsidiya ajratish.
4. Talabgor xarajatlarni qoplash uchun hujjatlarni topshirish sanasida quyidagi talablarga javob berishi zarur:
soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
bankrotlik yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi.
5. Subsidiya bitta talabgor uchun bir kalendar yilda bir marotaba ajratiladi.
2-bob. Xarajatlarni qoplash uchun ariza taqdim etish va uni koʻrib chiqish tartibi
6. Subsidiya ajratish ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
7. Talabgor startap boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali Qoʻmitaga ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza (keyingi oʻrinlarda — ariza) bilan murojaat qiladi.
Bunda arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ctartapni amaliyotga joriy qilish boʻyicha biznes reja;
ctartap loyihasining taqdimot nusxasi.
8. Arizaga talabgor toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritilgandan soʻng, talabgor uni imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, elektron raqamli imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor arizani YIDXP orqali toʻldirganda, undan elektron raqamli imzo talab etilmaydi.
9. Talabgorning arizasini Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqishda toʻlov undirilmaydi.
10. Qoʻmita raisi tomonidan Turistik ctartap loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tarkibi shakllantiriladi.
Komissiyaning ish tartibi va tarkibi Qoʻmita raisi tomonidan belgilanadi hamda Qoʻmitaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
11. Komissiya tomonidan talabgorga Qoʻmitaga uning arizasi kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida suhbat oʻtkazilishi haqida xabarnoma yuboriladi.
Suhbat xabarnoma yuborilgandan soʻng besh ish kunida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda yoki talabgorning shaxsan ishtiroki orqali oʻtkazilishi mumkin. Suhbat davomida talabgor Komissiyaga oʻz startapini taqdimot qilib, Komissiya aʼzolarining savollariga javob beradi.
12. Komissiya suhbat oʻtkazilgandan soʻng oʻn ish kunida talabgorning ushbu Reglamentda belgilangan talablarga mosligini oʻrganib chiqadi, Turizm qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashining ijobiy xulosasini oladi hamda subsidiya ajratish maqsadga muvofiq yoki maqsadga muvofiq emasligi haqida xulosa chiqaradi.
13. Komissiya tomonidan startapni baholashda uning maʼlum bir turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bugungi kunda turistlar uchun dolzarbligi hamda avval mavjud boʻlmagan yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechimni taqdim etish darajasiga eʼtibor qaratiladi.
14. Arizani koʻrib chiqishda qoʻshimcha oʻrganish talab etilsa, Qoʻmita talabgorni YIDXP orqali xabardor qilgan holda, arizani koʻrib chiqish muddatini yetti ish kunigacha uzaytirishi mumkin.
15. Qoʻmita talabgorning arizasini oʻrganish davrida quyidagi hujjatlarni masʼul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan, “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali onlayn tekshirib oladi:
talabgorning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), uning roʻyxatdan oʻtish raqami, sanasi, guvohnoma bergan organ nomi, soliq toʻlovchi sifatidagi identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda — STIR) va tijorat bankidagi hisobvaragʻi rekvizitlari;
talabgorning soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi holati.
16. Qoʻmita Komissiya xulosasi asosida ikki ish kunida subsidiya ajratish yoxud subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisida (rad etish asoslarini koʻrsatgan holda) qaror qabul qiladi hamda qarorning elektron nusxasini qaror qabul qilingan kundan soʻng, bir ish kunida Davlat xizmatlari markazi (oʻzi kelgan holda murojaat qilinganda) yoki YIDXP (elektron tarzda murojaat qilinganda) orqali talabgorga yuboradi.
17. Qarorda qoplanayotgan mablagʻ miqdori, talabgorning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), STIR hamda tijorat bankidagi hisobvaragʻi koʻrsatiladi.
Bunda subsidiya miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PQ-193-son qarorining 2-bandi talablaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
18. Subsidiya ajratish quyidagi asoslarga koʻra rad etiladi:
arizada ushbu Reglamentga 2-ilovada koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmaganda yoki notoʻgʻri maʼlumot taqdim etilganda;
talabgorga bir kalendar yil davomida mazkur Reglament doirasida subsidiya ajratilganda;
talabgor ushbu Reglamentda koʻrsatilgan talablarga javob bermaganda;
startap yuzasidan Turizm qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashining ijobiy xulosasi mavjud boʻlmaganda.
19. Xarajatlarni qoplashni ushbu Reglamentda koʻrsatilmagan boshqa asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Talabgor xarajatlarni qoplashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgan kundan boshlab koʻpi bilan bir oy davomida qarorda koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etishi hamda ularning bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, Qoʻmitaga takroran ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
21. Ariza takroran taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kunida qayta koʻrib chiqiladi. Bunda xarajatlarni qoplashni yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Ushbu Reglamentning 20-bandida koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng taqdim etilgan ariza yangi berilgan deb hisoblanadi.
23. Xarajatlarni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab yetti ish kunida Qoʻmita talabgorning xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Xarajatlarni qoplash uchun Jamgʻarma hisobidan mablagʻ ajratilgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati (reyestri) Qoʻmitaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
25. Talabgor xarajatlarni qoplash uchun taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning toʻgʻriligi uchun masʼul hisoblanadi.
26. Qoʻmita mazkur Reglamentga asosan ishlarni tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring qilish va Jamgʻarma hisobidan ajratilgan mablagʻlarning talabgorga yetkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
27. Talabgorlar Qoʻmitaning xarajatlarni qoplab berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan rozi boʻlmagan taqdirda, Qoʻmitaning qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
28. Ushbu Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismiga subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish boʻyicha subsidiya ajratish
SXEMASI
Turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismiga subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
