“481-modda. Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1168-son) · Sana: 17.08.2026 · Amalda
Tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb eʼtirof etiladi.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
imtiyozlar va preferensiyalar berish;
ijtimoiy loyihalarga doir xarajatlarni subsidiyalash;
davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish;
moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
maslahat berish, uslubiy yordam koʻrsatish va axborot jihatidan qoʻllab-quvvatlash.
Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy tadbirkorlik subyektlariga nisbatan amalga oshiriladi. Ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari deb eʼtirof etish mezonlari, ularni qoʻllab-quvvatlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ijtimoiy tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar va preferensiyalar berish soliq, bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash, soddalashtirilgan moliyaviy hisobotlarni va soliq hisobotlarini taqdim etish, davlat koʻchmas mulk obyektlarini imtiyozli asosda ijaraga berish, davlat buyurtmachilariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha ijtimoiy tovarlarni (xizmatlarni) realizasiya qilish, ijtimoiy tovarlarni (xizmatlarni) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan reklama beruvchilar tomonidan reklama uchun ajratiladigan tegishli hajmda bepul reklama qilish va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat subsidiyalari belgilanishi mumkin. Subsidiyalash ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati va ijtimoiy loyihaning hajmi, u amalga oshirilayotgan hududning shart-sharoitlari, kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samara va yangi ish oʻrinlarining yaratilishi mezonlari asosida amalga oshiriladi. Davlat subsidiyalari ajratiladigan ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari tanlovlar oʻtkazish orqali vakolatli davlat organi tomonidan aniqlanadi. Ijtimoiy loyihalarni davlat subsidiyalari orqali moliyalashtirish uchun tanlovlar oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
