“421-modda. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib turish va qayta tiklash
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1168-son) · Sana: 17.08.2026 · Amalda
Tadbirkorlik subyektining faoliyati quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
oʻzining arizasiga asosan;
oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga — nazorat qiluvchi organlar tomonidan;
oʻn ish kunidan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga — sud tomonidan.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻxtatib turishga faqat Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga yoʻl qoʻyiladi, bundan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini sud tartibida hamda qonunda belgilanadigan asoslar boʻyicha toʻxtatib turish hollari mustasno.
Tadbirkorlik subyekti oʻzining faoliyatini toʻxtatib turish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida oʻz faoliyatini toʻxtatguniga yoki qayta tiklaguniga qadar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yoki Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali ariza beradi. Bunda xodimlarni yollash yoʻli bilan faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektining har bir yollangan xodimiga oid maʼlumotlar soliq organiga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali avtomatik tarzda yuboriladi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻxtatib turilganligi yoki qayta tiklanganligi toʻgʻrisidagi arizani olgan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ navbatdagi ish kuni tugaguniga qadar soliq organlariga tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻxtatib turilganligi yoki qayta tiklanganligi haqida Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali axborot taqdim etadi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib turish soliq va statistika hisobotlarini taqdim etishni, oʻziga va har bir xodimiga nisbatan soliq hisoblashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini oʻz arizasiga asosan toʻxtatib turish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
