25-modda. Administratsiya mansabdor shaxslarining va boshqaruv xodimlarining daxlsizlik kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1166-son) · Sana: 14.08.2026 · Amalda
Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari daxlsizlikka hamda immunitetga ega boʻladi.
Administratsiya mansabdor shaxslarining va boshqaruv xodimlarining daxlsizligi ularning va ular oila aʼzolarining (turmush oʻrtogʻining, farzandlarining va ota-onasining) shaxsiy hayotiga, turar joyiga, xizmat xonasiga, ular foydalanadigan shaxsiy va xizmat transport vositasiga hamda aloqa va kommunikatsiya vositasiga, xat-xabarlariga, yozishmalariga, elektron maʼlumotlariga, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Administratsiyaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishga, ularni jinoiy javobgarlikka tortishga, ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini qoʻllashga, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishga, surishtiruv, tergov harakatlari oʻtkazishga yoki maʼmuriy qamoq jazo chorasini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Administratsiyaning boshqaruv xodimlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq holda qabul qilgan qarorlari, sodir etgan harakatlari yoki harakatsizligi, bildirgan fikrlari va bergan koʻrsatmalari uchun jinoiy, maʼmuriy yoki fuqaroviy javobgarlikka tortilmaydi.
Administratsiyada oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakat yoki harakatsizlik uchun Administratsiyaning boshqaruv xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligisiz jinoyat ishini qoʻzgʻatish, ularni jinoiy javobgarlikka tortish, ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini qoʻllash, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, surishtiruv, tergov harakatlari oʻtkazish yoki sud tartibida maʼmuriy jazo va huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Administratsiyaning boshqaruv xodimi Administratsiyada ishlab turganida va (yoki) ishdan boʻshatilganidan keyin unga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Administratsiyaning boshqaruv xodimiga nisbatan Administratsiyada ishlab turganida va (yoki) ishdan boʻshatilganidan keyin qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudloviga tegishlidir.
