17-modda. Administratsiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning boʻysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari bilan aloqalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1166-son) · Sana: 14.08.2026 · Amalda
Administratsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) va uning boʻysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari bilan aloqalari doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining ijrosini tashkil etish doirasida Vazirlar Mahkamasi hamda uning boʻysunuvidagi davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo hamkorligini muvofiqlashtiradi, mazkur hujjatlarning ijrosini monitoring qiladi va nazoratini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga murojaatnomasida bayon etilgan topshiriqlarning Vazirlar Mahkamasi va uning boʻysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan samarali ijro etilishini taʼminlash chora-tadbirlarining monitoringini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish, ularning rahbarlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini toʻxtatish, bekor qilish boʻyicha vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlaydi;
milliy rivojlanish strategiyalari, davlat dasturlari va milliy loyihalarning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilishi boʻyicha monitoringni tashkil etadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning boʻysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyati samaradorligini tahlil qilishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga oid yigʻilishlar va muhokamalarning tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan kadrlar siyosatiga oid takliflarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etilishini taʼminlaydi.
Administratsiya Rahbari yoki Administratsiyaning vakolat berilgan mansabdor shaxsi Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati, komissiyalari, kengashlari, davlat organlari va tashkilotlarining hayʼatlari hamda boshqa kollegial organlari majlislarida oʻz fikr va mulohazalari bilan ishtirok etishga haqli.
