Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3922-son)
11.08.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3922]
Oʻzbekiston Respublikasi “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 71-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining 2023-yil 28-sentabrdagi 250-son “Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3464, 2023-yil 16-oktabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2023-y., 10/23/3464/0783-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHPULATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-iyul,
455-son
Kelishildi:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E. KARIMOVA
2026-yil 17-iyun
Mudofaa vaziri SH. XALMUXAMEDOV
2026-yil 16-iyun
Sport vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 11-iyun
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2026-yil 11-mart
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri SH. XIDOYATOV
2026-yil 27-fevral
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 25-fevral
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2026-yil 24-fevral
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 23-fevral
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2026-yil 18-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2026-yil 28-iyuldagi 455-son buyrugʻiga ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda boshqa tashkilotlarning oʻz obyektlarini qoʻriqlash boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan, xizmat faoliyati qorovullik xizmatini tashkil etish va oʻtash tartibi talablariga muvofiq tashkil etiladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
idoraviy qorovullik — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, tadbirkorlik subyektlarining oʻz obyektlarini qoʻriqlash uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklatilgan alohida xodimi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchisi va xizmatchisi (bundan buyon matnda ishchi va xizmatchi deb yuritiladi) — idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining qoʻriqlash faoliyatini boshqarish, nazorat qilish va amalga oshirish vazifalari oʻz zimmasiga yuklatilgan ishchisi va xizmatchisi;
qoʻriqlanadigan obyekt — belgilangan tartibda qoʻriqlashga olingan jismoniy va yuridik shaxslarning binolari, imoratlari, inshootlari, ularning hududlari, joyning uchastkalari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklari, pul mablagʻlari, moddiy boyliklari va boshqa mol-mulki, shuningdek jismoniy shaxs;
xizmat-jangovar tayyorgarlik — ishchi va xizmatchilarni maxsus oʻquv dasturlariga asosan maxsus-taktik tayyorgarlik, oʻq otish tayyorgarligi, muhandislik tayyorgarligi, tibbiy tayyorgarlik va saf tayyorgarligi boʻyicha rivojlantirishga qaratilgan kasbiy tayyorgarlik turi;
ijtimoiy-huquqiy tayyorgarlik — ishchi va xizmatchilarni mutaxassislik tayyorgarligi va huquqiy tayyorgarlik boʻyicha rivojlantirishga qaratilgan kasbiy tayyorgarlik turi;
axloqiy-ruhiy tayyorgarlik — ishchi va xizmatchilarda ularning xizmat faoliyati davomida yuksak maʼnaviy, ruhiy va professional sifatlarini takomillashtirishga qaratilgan kasbiy tayyorgarlik turi;
jismoniy tayyorgarlik — mazkur Nizomning 1-ilovasida nazarda tutilgan sport turlaridan foydalangan holda, qoʻriqlash faoliyatiga oid vazifalarni bajarish uchun ishchi va xizmatchilarning chidamliligi va epchililigini taʼminlashga qaratilgan kasbiy tayyorgarlik turi.
2. Ishchi va xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligi ularning oʻz xizmat vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma, malakalarni oshirishga, chidamlilik hamda epchillikni taʼminlashga qaratilgan xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlarini (bundan buyon matnda kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari deb yuritiladi) oʻz ichiga oladi.
2-bob. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini amalga oshirish
3. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari tarkibida idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash va idoraviy qorovullik boʻlinmalari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organi yoki boshqa tashkilotlar rahbarining (bundan buyon matnda obyekt rahbari deb yuritiladi) buyrugʻi (farmoyishi) asosida tashkil etiladi.
4. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini tashkil etish uchun unga masʼul etib belgilangan shaxs tomonidan obyekt rahbariga mazkur mashgʻulotlar boshlanishidan oʻn kun oldin ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan buyruq (farmoyish) loyihasi tayyorlangan holda taqdim etiladi.
Bunda obyekt rahbari tomonidan mazkur buyruq (farmoyish) kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari boshlanishidan uch kun oldin tasdiqlanishi zarur.
5. Obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan buyruqda (farmoyishda) kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini tashkil etish uchun masʼullar, ushbu mashgʻulotlarni tashkil etish kuni, joyi, vaqti, kim tomonidan oʻtkazilishi belgilanadi.
6. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari ikki oʻquv bosqichida oʻtkaziladi:
birinchi oʻquv bosqichi yanvar — may oylarida;
ikkinchi oʻquv bosqichi iyul — noyabr oylarida.
Iyun va dekabr oyi yangi oʻquv bosqichiga tayyorgarlik oylari hisoblanadi.
7. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari uchun kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarida — oyiga 8 akademik soat (oʻquv yilida 80 akademik soat);
idoraviy qorovullik boʻlinmalarida — oyiga 4 akademik soat (oʻquv yilida 40 akademik soat).
8. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari nazariy, amaliy, mustaqil tayyorgarlik va sinovlarni qabul qilish kabi oʻqitish usullaridan foydalangan holda obyekt hududida va (yoki) dala-oʻquv poligonlarida tashkil etiladi.
9. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari jarayonida guruhdagi ishchi va xizmatchilarning soni 25 nafardan oshmasligi lozim.
10. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari obyekt rahbari tomonidan tasdiqlangan buyruqda (farmoyishda) masʼul etib belgilangan mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladi.
Bunda kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlariga shartnoma asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagog kadrlari va mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
11. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini tashkil etish uchun masʼul etib belgilangan mutaxassislarning vazifalari quyidagilardan iborat hisoblanadi:
oʻquv jarayonini rejalashtirish va ishlab chiqishda qoʻl ostidagi ishchi va xizmatchilarga vazifalarni taqsimlab berish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish;
oʻquv jarayonini tashkil etish uchun maʼlumotlar va maʼruzalar resurslarini shakllantirish hamda yangilab borish;
kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari guruhlar tarkibida va maxsus taktik mashqlar oʻquv rejalari hamda dasturlariga asosan oʻtkazilib, oʻquv guruhi jurnallarining toʻgʻri yuritilishini nazorat qilish;
oʻquv-moddiy bazani yaxshilash va talab darajasida saqlab turishga rahbarlik qilish;
kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazishda xavfsizlik qoidalari hamda talablarining bajarilishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish.
12. Ishchi va xizmatchilar kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan toʻliq qamrab olinadi.
Xizmatda, mehnat taʼtilida boʻlgan, kasallik varaqasi boʻyicha ishda boʻlmagan yoki boshqa uzrli sabablar bilan (yaqin qarindoshlarining vafoti, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) qatnashmagan ishchi va xizmatchilar uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etiladi.
Bunda obyekt rahbari tomonidan ishchi va xizmatchilar uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar ular oʻz xizmat faoliyatini boshlagan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida tashkil etilishi kerak.
3-bob. Kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlarini oʻtkazish
13. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlaridan (bundan buyon matnda sinov deb yuritiladi) oʻtkaziladi.
Sinov kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarining ikkinchi oʻquv bosqichi yakunida oʻtkaziladi.
14. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari uchun kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlarini oʻtkazish mazkur bobda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Bunda idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari uchun kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlarini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qarori bilan tasdiqlangan Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
15. Sinovni oʻtkazish va baholash tarkibida idoraviy qorovullik boʻlinmalari boʻlgan obyekt rahbarining buyrugʻi bilan tashkil etilgan komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda komissiya obyekt rahbarining kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
16. Komissiya tomonidan kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarining ikkinchi oʻquv bosqichi yakuniga yetkazilgan kunning oʻzida sinov oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida ishchi va xizmatchilarni xabardor qiladi.
17. Sinovlar quyidagilar boʻyicha oʻtkaziladi:
jismoniy tayyorgarlik boʻyicha (erkak jinsidagi ishchi va xizmatchilar uchun toʻsinda tortilish, ayol jinsidagi ishchi va xizmatchilar uchun kuch ishlatish mashqlari, shuningdek ularning ikkalasi uchun belgilangan masofalarga yugurish);
jangovar tayyorgarlik yuzasidan xizmat qurolidan oʻq otish boʻyicha (xizmat quroli biriktirilmagan ishchi va xizmatchilar bundan mustasno).
18. Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha tadbirlarni oʻtkazish metodikasi asosida amalga oshiriladi.
Bunda ishchi va xizmatchilarga har bir mashqni bajarganlik uchun ball beriladi. Umumiy toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ball — 30 ballni tashkil etadi.
Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mashqlaridan jami toʻplangan balli 15 balldan past boʻlgan taqdirda ular qoniqarsiz baholangan deb hisoblanadi.
19. Ishchi va xizmatchilarning xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini aniqlash mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Ishchi va xizmatchilarning xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlarini oʻtkazish metodikasi asosida oʻtkaziladi.
Bunda ishchi va xizmatchilarga har bir mashqni bajarganlik uchun ball beriladi. Umumiy toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ball — 30 ballni tashkil etadi.
Ishchi va xizmatchilarning xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash mashqlaridan jami toʻplangan balli 15 balldan past boʻlgan taqdirda ular qoniqarsiz baholangan deb hisoblanadi.
20. Ishchi va xizmatchilar tomonidan sinovlarni bajarish boshlanishidan oldin ularga sinovlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar, bajarish tartibi hamda baholash mezonlari komissiya tomonidan tushuntiriladi.
21. Sinovlarni bajargan ishchi va xizmatchilar shu vaqtning oʻzida komissiya aʼzolari tomonidan baholanadi.
22. Sinovlarni baholash tadbirlari natijalari boʻyicha shu kunning oʻzida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi va natijalar shu zahoti ishchi va xizmatchilarga eʼlon qilinadi.
Qaydnoma komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning oʻzida komissiya kotibiga topshiriladi.
23. Komissiya tomonidan sinovlarni oʻtkazish natijalariga asosan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
ishchi va xizmatchining kasbiy tayyorgarlik talablariga muvofiqligi haqida;
ishchi va xizmatchining kasbiy tayyorgarlik talablariga nomuvofiqligi haqida.
24. Uzrli sabablarga koʻra (taʼtil, xizmat safari, mehnatga vaqtincha layoqatsiz boʻlgan davri, yaqin qarindoshlarining vafoti) oʻquv bosqichi yakuni boʻyicha oʻtkazilgan sinovda qatnasha olmagan ishchi va xizmatchilar uchun qoʻshimcha sinovlar oʻtkaziladi.
Bunda obyekt rahbari tomonidan ishchi va xizmatchilar uchun qoʻshimcha sinovlar ular oʻz xizmat faoliyatini boshlagan kundan eʼtiboran besh kun ichida oʻtkazilishi kerak.
25. Oʻquv bosqichi davrlari oʻrtasida ishga (xizmatga) qabul qilingan ishchi va xizmatchilar uchun ishga (xizmatga) qabul qilingan yilda belgilangan sinov oʻtkazilmaydi.
26. Sinovlardan qoniqarsiz baholangan ishchi va xizmatchilarga ularning natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab ikki oy ichida mazkur Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan sinovlarni qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi.
4-bob. Kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan ishchi va xizmatchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
27. Kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari boshlanishidan oldin jismoniy tayyorgarlik va xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini aniqlash natijalari yuzasidan ishchi va xizmatchilarning ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun obyekt rahbarining buyrugʻiga asosan kamida besh nafar mutaxassislardan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan ishchi va xizmatchi ushbu natijalar boʻyicha xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin.
29. Apellyatsiya komissiyasi kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan ishchi va xizmatchini shikoyat koʻrib chiqilishidan ikki kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
30. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat kelib tushgan kundan boshlab, besh kun ichida mazkur shikoyatni koʻrib chiqib, qaror qabul qilishi shart.
Bunda kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan ishchi va xizmatchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
31. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlari natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda ishchi va xizmatchilarning sinov imtihonlari natijasida olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan ishchi va xizmatchi yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoida
33. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha tadbirlarni oʻtkazish
METODIKASI
1. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlari boshlanishidan oldin ishchi va xizmatchi komissiyaning masʼul aʼzolariga oʻzini tanishtiradi, bunda ishchi va xizmatchi shaxsni tasdiqlovchi hujjatining (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli yoxud xizmat guvohnomasini koʻrsatishi lozim.
2. Ishchi va xizmatchilar tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qoʻyiladigan talablar erkak va ayol jinsidagi ishchi va xizmatchilar uchun alohida belgilanadi.
3. Ishchi va xizmatchilar mashqlarni sport kiyimida bajarishlari tavsiya etiladi.
4. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarishda erkak va ayol jinsidagi ishchi va xizmatchilar quyidagi yosh guruhlariga boʻlinadi:
1-guruh: 25 yoshgacha boʻlganlar;
2-guruh: 25 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar;
3-guruh: 30 yoshdan 35 yoshgacha boʻlganlar;
4-guruh: 35 yoshdan 40 yoshgacha boʻlganlar;
5-guruh: 40 yoshdan 45 yoshgacha boʻlganlar;
6-guruh: 45 yoshdan 50 yoshgacha boʻlganlar.
5. Quyidagilar erkak jinsidagi ishchi va xizmatchilar tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:
tezlikka oid mashq — 100 metrga yugurish;
kuch ishlatishga oid mashq — toʻsinda (turnikda) tortilish;
chidamlilikka oid mashq — 1 — 4-guruhlar uchun 3000 metrga hamda 5 va 6-guruhlar uchun 1000 metrga yugurish.
6. Quyidagilar ayol jinsidagi ishchi va xizmatchilar tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:
tezlikka oid mashq — 100 metrga yugurish;
kuch ishlatishga oid mashq — kuch ishlatish mashqlari kompleksi;
chidamlilikka oid mashq — 1000 metrga yugurish.
7. Jismoniy tayyorgarlik mashqlari quyidagi ketma-ketlikda bajariladi:
birinchi navbatda — tezlikka oid mashqlar;
ikkinchi navbatda — kuch ishlatishga oid mashqlar;
uchinchi navbatda — chidamlilikka oid mashqlar.
8. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarish oraligʻida ishchi va xizmatchilarga dam olish uchun kamida 20 daqiqa vaqt beriladi.
9. 100 metrga yugurish mashqi stadionning yugurish yoʻlakchasida yoki qattiq qoplamli tekis joylarda yuqori yoki quyi startdan quyidagicha amalga oshiriladi:
“Startga” komandasi boʻyicha start olish chizigʻiga yaqinlashish;
“Diqqat” komandasi boʻyicha tananing ogʻirligini oldinda turgan oyoqqa oʻtkazish, gavda va boshni oldinga egish, qoʻllarni tirsakka bukish;
“Olgʻa” komandasi boʻyicha yugurishni boshlash.
10. Quyidagilar toʻsinda (turnikda) tortilish mashqiga qoʻyiladigan talablar hisoblanadi:
bosh barmoq poya ichkarisidan ushlanadi, tana biroz rostlanadi, tizza boʻgʻimi toʻgʻirlanadi, oyoq uchlari choʻziladi, tovonlar birlashtiriladi;
iyak toʻsin (turnik) poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllar bukiladi;
harakat toʻliq amalga oshirilishi bilan dastlabki holatga qaytiladi (osilish holati 1-2 soniya davom etishi mumkin);
oyoqlarni 45° gacha koʻtarishga ruxsat etiladi.
Ushbu mashqni bajarishda oyoqlarni bukish va kerish, tanani harakatsiz holatda egish hamda oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish taqiqlanadi.
11. 3000 va 1000 metrga yugurish mashqlari stadionning yugurish yoʻlakchalari yoki qattiq qoplamali tekis joylarda, umumiy yoki alohida start berilgan holda oʻtkaziladi.
Start va marra chiziqlari bir joyda belgilanishi mumkin.
Bunda yugurish hududidan chiqib ketgan yoki yugurishdan yurish holatiga oʻtgan ishtirokchi mashqni bajarmagan hisoblanadi.
12. Ishchi va xizmatchilar tomonidan kuch ishlatish mashqlari kompleksini bajarishda 1 daqiqa ichida 2 ta mashq uzluksiz bajariladi.
Har bir mashqni bajarish uchun 30 soniyadan vaqt ajratiladi.
Birinchi mashqni bajarish uchun ajratilgan 30 soniya vaqt tugaganligi eʼlon qilinganda, ishchi va xizmatchi darhol ikkinchi mashqni bajarishga kirishadi.
Quyidagilar birinchi mashqni bajarishga qoʻyiladigan talablar hisoblanadi:
chalqancha yotiladi;
qoʻllar belda, tizzalar bukilmagan holda oyoqlar toʻpiq qismidan boshqa odam yordamida ushlanadi;
dastlabki holatdan gavda oldinga koʻtarilib, qoʻllar oyoq uchiga tekkandan soʻng, dastlabki holatga qaytiladi.
Ushbu mashqni bajarish vaqtida tizzalarni bukish va sherik tomonidan oyoqlarni qoʻyib yuborish taqiqlanadi.
Quyidagilar ikkinchi mashqni bajarishga qoʻyiladigan talablar hisoblanadi:
tayanib yotiladi, qoʻllar yelka kengligida tizzalar bukilmagan holatda boʻladi;
qoʻllar bukilib yoziladi (bunda bel hamda yelka qismlari birgalikda va tekis tushib chiqishi shart);
qoʻllar bukilib tana yerga nisbatan parallel holatga keltirilgandan soʻng, dastlabki holatga qaytiladi.
Ushbu mashqni bajarish vaqtida qoʻllar chala bukilib yozilishi, bel va yelkalar har xil tushib chiqishi, tizzalarning yerga tegishi taqiqlanadi.
13. Mazkur metodikada nazarda tutilgan mashqlarni bajarish tartibini buzgan ishchi va xizmatchilarga shu mashq boʻyicha ball qoʻyilmaydi.
14. Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mazkur Metodikaning ilovalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar metodikasiga ILOVA
Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash
MEZONLARI
1. Erkak jinsidagi ishchi va xizmatchilar uchun:
2. Ayol jinsidagi ishchi va xizmatchilar uchun:
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Ishchi va xizmatchilarning xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlarini oʻtkazish
METODIKASI
1. Oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlari boshlanishidan oldin ishchi va xizmatchi komissiyaning masʼul aʼzolariga oʻzini tanishtiradi, bunda ishchi va xizmatchi shaxsni tasdiqlovchi hujjatining (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli yoxud xizmat guvohnomasini koʻrsatishi lozim.
2. Oʻq otish mashqlari xizmat quroli biriktirilgan ishchi va xizmatchilar bilan jangovar va elektron tirlarda hamda dala oʻquv poligonlarida yiliga ikki marta oʻtkaziladi.
3. Ishchi va xizmatchilar oʻq otish mashqlarini xizmat yoki dala kiyimida bajarishlari lozim.
4. Quyidagilar ishchi va xizmatchilar tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:
pistoletdan (revolver) oʻq otish mashqlari;
avtomatdan oʻq otish mashqlari;
qurolni tarkibiy qismlarga ajratish mashqlari.
5. Oʻq otish tayyorgarlik mashqlarini bajarish oraligʻida ishchi va xizmatchilarga dam olish uchun kamida 15 daqiqa vaqt beriladi.
6. Avtomat va pistoletdan (revolver) oʻq otish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
“Oʻq otish chizigʻiga” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi oʻq otish chizigʻiga yaqinlashadi va komissiya raisi koʻrsatmasiga asosan u tikka turgan, tizzalagan yoki yotgan holda oʻq otish pozitsiyasini egallaydi;
“Nishonga qarata oʻt och” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi nishonga qarata bittalab oʻq uzadi;
“Qurol koʻrikka” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi qurolni oʻqsizlantiradi va komissiya masʼul xodimiga koʻrsatadi.
7. Oʻq otish tayyorgarlik mashqlari 0,75x0,75 metr oʻlchamdagi va koʻkrak barobar shakldagi nishon bilan bajariladi.
8. Pistoletni toʻliqsiz qismlarga ajratish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
pistolet uning dastasiga oʻqdon joylashtirilgan va stol ustiga qoʻyilgan holda boʻladi;
ishchi va xizmatchi stol oldida qoʻllari pastga tushirilgan holda mashqni bajarishga tayyor turadi;
“Boshla” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi pistoletni toʻliqsiz qismlarga ajratish mashqini bajaradi.
9. Pistoletning toʻliqsiz qismlarini yigʻish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
pistolet qismlari stol ustida joylashgan holda boʻladi;
ishchi va xizmatchi stol oldida qoʻllari pastga tushirilgan holda mashqini bajarishga tayyor turadi;
“Boshla” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi pistoletning toʻliqsiz qismlarini yigʻishni bajaradi.
10. Pistolet oʻqlarini oʻqdonga joylashtirish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
oʻqdon va 8 ta oʻq stol ustida sochilgan holda boʻladi;
ishchi va xizmatchi stol oldida qoʻllari pastga tushirilgan holda mashqni bajarishga tayyor turadi;
“Boshla” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi pistolet oʻqlarini oʻqdonga joylashtirishni bajaradi.
11. Avtomatni qismlarga toʻliqsiz ajratish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
ishchi va xizmatchi stol oldida qoʻllari pastga tushirilgan holda mashqni bajarishga tayyor turadi;
stol ustida avtomat oʻqdoni ajralmagan holda boʻladi;
“Boshla” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi avtomatni qismlarga toʻliqsiz ajratish mashqini bajarishni boshlaydi.
12. Avtomatning toʻliqsiz qismlarini yigʻish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
ishchi va xizmatchi stol oldida qoʻllari pastga tushirilgan holda mashqni bajarishga tayyor turadi;
avtomat qismlari stol ustida joylashgan holda boʻladi;
“Boshla” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi avtomatni qismlarga toʻliqsiz yigʻish mashqini bajaradi.
13. Avtomatning oʻqlarini oʻqdonga joylashtirish mashqi quyidagicha amalga oshiriladi:
ishchi va xizmatchi stol oldida qoʻllari pastga tushirilgan holda mashqni bajarishga tayyor turadi;
oʻqdon va 30 ta oʻq stol ustida sochilgan holda boʻladi;
“Boshla” komandasi boʻyicha ishchi va xizmatchi avtomat oʻqlarini oʻqdonga joylashtirishni bajaradi.
14. Ishchi va xizmatchilarning qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ishchi va xizmatchilarning xizmat qurolidan oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlarini oʻtkazish metodikasiga ILOVA
Ishchi va xizmatchilarning oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash
MEZONLARI
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Ishchi va xizmatchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash natijalari boʻyicha
QAYDNOMA
Ishchi va xizmatchilarning oʻq otish tayyorgarlik darajasini baholash natijalari boʻyicha
QAYDNOMA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2026 y., 10/26/3922/0835-son)
