22-modda. Rieltorlik tashkilotining va koʻchmas mulk boʻyicha agentning majburiyatlari
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Rieltorlik tashkiloti:
rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka, Rieltorlarning professional odob-axloq kodeksi talablariga rioya etishi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etishi va ularning ijrosini taʼminlashi;
professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlishi;
rieltorlarning uch yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtishini taʼminlashi;
buyurtmachining talabiga binoan rieltorlarning malaka sertifikatini, professional jamoat birlashmasiga aʼzolik toʻgʻrisidagi guvohnomani koʻrsatishi;
oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qildirishi va buyurtmachining talabiga binoan sugʻurta polisini koʻrsatishi;
buyurtmachiga rieltorlik xizmatlarini faqat rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi asosida koʻrsatishi;
rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish chogʻida buyurtmachining manfaatlarini ifodalashi;
rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish davomida olingan maxfiy axborotni oshkor etmasligi, bundan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga, ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi va boshqa qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
buyurtmachidan olingan hujjatlarning but saqlanishini taʼminlashi;
buyurtmachiga koʻchmas mulk obyektiga, unga boʻlgan huquqlarga taalluqli ishonchli va toʻliq axborotni, shuningdek koʻchmas mulk obyektining mulkdori (huquq egasi) haqidagi ushbu Qonunda nazarda tutilgan axborotni taqdim etishi;
buyurtmachini koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni va u bilan bogʻliq bitimni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborot bilan taʼminlashi;
buyurtmachining yozma murojaatiga yozma shaklda javob berishi;
bajarilgan rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi boʻyicha arxiv materialini shakllantirishi va uni qonunchilikda nazarda tutilgan muddat mobaynida saqlashi;
rieltorlik xizmatlarini koʻrsatishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganda, buyurtmachini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
oʻz rieltorlik xizmatlarini va buyurtmachining koʻchmas mulk obyektlarini reklama qilishda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi shart.
