13-modda. Professional jamoat birlashmalari
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Rieltorlik tashkilotlari va koʻchmas mulk boʻyicha agentlar oʻz manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda professional jamoat birlashmalarini tashkil etish huquqiga ega.
Professional jamoat birlashmalari:
davlat organlarida va nodavlat notijorat tashkilotlarida oʻz aʼzolari nomidan ish yuritadi hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
Rieltorlarning professional odob-axloq kodeksini tasdiqlaydi va unga rioya etilishini taʼminlaydi;
rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi hamda oʻz aʼzolarining axborot-uslubiy taʼminotini tashkil etadi;
oʻz aʼzolarining reyestrini yuritadi va uni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi hamda uning doimiy ravishda yangilanishini taʼminlaydi;
rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka, Rieltorlarning professional odob-axloq kodeksiga oʻz aʼzolari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
rieltorlik tashkilotlarini va koʻchmas mulk boʻyicha agentlarni belgilangan tartibda aʼzolikka qabul qiladi va aʼzolikdan chiqaradi;
rieltorlarning malaka sertifikatini beradi, uni qayta rasmiylashtiradi, uning amal qilish muddatini uzaytiradi va amal qilishini tugatadi;
malaka komissiyasini tuzadi, rieltorlarning malaka imtihonlari uchun test savollarini ishlab chiqadi va rieltorlarning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazadi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan rieltorlik faoliyati sohasidagi hamkorlikni amalga oshiradi va vakolatli davlat organi komissiyalarining ishida ishtirok etadi;
rieltorlarning malakasini oshirish tizimi monitoringini taʼminlaydi hamda rieltorlarga taʼlim beruvchi oʻquv markazlarida oʻz aʼzolarining malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi haqidagi axborotni yil yakunlari boʻyicha navbatdagi yilning 20-yanvariga qadar vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Professional jamoat birlashmalari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlar ularning barcha aʼzolari tomonidan bajarilishi shart.
Professional jamoat birlashmalari kirish va aʼzolik badallari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda badallarning miqdori professional jamoat birlashmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.
