10-modda. Rieltorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Rieltorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
rieltorlik faoliyatini rivojlantirish va rieltorlik xizmatlari bozoridagi halol raqobatni ilgʻor xalqaro amaliyot asosida rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
rieltorlik xizmatlarini takomillashtirish va yanada rivojlantirish jarayonlarida professional jamoat birlashmalarining ishtirokini kengaytirish orqali rieltorlik faoliyatining oʻzini oʻzi tartibga solish mexanizmlarini rivojlantirish;
rieltorlik xizmatlarining yashirin bozori shakllantirilishiga olib keladigan sabablar va omillarni aniqlash, bartaraf etish, rieltorlik xizmatlarining qonuniylashtirilishini ragʻbatlantirish uchun sharoitlar yaratish;
qonunga xilof ravishda rieltorlik xizmatlari koʻrsatilishi hollarini aniqlash, belgilangan tartibda rieltorlarning malaka sertifikatini olmasdan turib rieltorlik xizmatlari koʻrsatilishining oldini olish;
rieltorlik tashkilotlarining va koʻchmas mulk boʻyicha agentning koʻrsatilayotgan rieltorlik xizmatlari sifati uchun javobgarligini oshirish;
professional jamoat birlashmalari bilan birgalikda rieltorlik faoliyatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalarini muvofiqlashtirish;
rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan rieltorlik tashkilotlari faoliyatining doimiy monitoring tizimini takomillashtirib borish;
rieltorlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
