Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (77-sonli MHMS) “Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot”ni tasdiqlash haqida (3917-son)
04.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 4-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3917]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-son “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (77-sonli MHMS) “Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2028-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 7 iyul,
386-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 7-iyuldagi 386-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (77-sonli MHMS) “Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (77-sonli MHMS) “Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisoboti” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritish hamda moliyaviy hisobotni tayyorlashning soddalashtirilgan tartibini belgilaydi.
Ushbu Standart talablari nodavlat notijorat tashkilotlarning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan vakolatxonalari va filiallari, shuningdek bosh tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro va xorijiy notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallariga (bundan buyon matnda alohida boʻlinmalar deb yuritiladi) nisbatan ham tatbiq etiladi.
Mazkur Standart boshqa moliyaviy hisobot milliy standartlari bilan birgalikda qoʻllaniladi hamda ushbu Standartda bevosita tartibga solinmagan masalalar boʻyicha moliyaviy hisobot milliy standartlarining umumiy talablari amal qiladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
nodavlat notijorat tashkiloti (bundan buyon matnda NNT deb yuritiladi) — jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) oʻz qatnashchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan oʻzini oʻzi boshqarish tashkilotidir;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shakllari — NNTning faoliyatini davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari shaklida qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
buxgalteriya operatsiyasi — buxgalteriya hisobida aks ettirilishi lozim boʻlgan hamda buxgalteriya hisobi obyektlarining tan olinishiga, baholanishiga yoki ularning holatida oʻzgarishlarga olib keluvchi harakat;
maqsadli tushumlar — NNTga uning ustavida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish uchun kelib tushgan aʼzolik va kirish badallari, muassislar va qatnashchilar tushumlari, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, xayriya va ehsonlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
2. Ushbu Standartning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan NNT va ularning alohida boʻlinmalarida notijorat faoliyat bilan bogʻliq buxgalteriya hisobining taqdim etilishini hamda moliyaviy hisobotda toʻgʻri aks ettirilishini taʼminlashdan iborat.
2-bob. Soddalashtirilgan buxgalteriya hisobini tashkil etish
3. Buxgalteriya hisobi NNT rahbari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi va quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
barcha buxgalteriya operatsiyalarini hujjatlashtirish;
boshlangʻich hisob hujjatlarida aks ettirilgan maʼlumotlarni buxgalteriya hisobi registrlarida (jurnallar, qaydnomalar, kitoblar) tizimlashtirish va umumlashtirish;
moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish;
ichki nazoratni taʼminlash.
4. Boshlangʻich hisob hujjatlari va buxgalteriya hisobi registrlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiy rekvizitlarni koʻrsatgan holda, NNT tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan shakllarda yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan shakllarda rasmiylashtiriladi.
5. Agar NNT qonunchilikka muvofiq ustavida belgilangan maqsadlarga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanganda, ushbu faoliyat boʻyicha xarajatlar va daromadlarning buxgalteriya hisobi alohida yuritiladi.
Bunda tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foyda) NNTning moliyalashtirish manbalari tarkibiga oʻtkaziladi va faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladi.
6. NNT oʻz faoliyatining ehtiyojlari va xususiyatlaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (2-sonli MHMS) “Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari” (roʻyxat raqami 3810, 2026-yil 11-aprel) asosida quyidagi muhim jihatlarni oʻz ichiga olgan hisob siyosatini tasdiqlaydi:
buxgalteriya hisobining ishchi hisobvaraqlar rejasi;
boshlangʻich hisob hujjatlarining shakllari;
buxgalteriya hisobida hujjatlar aylanishi talablari;
notijorat faoliyat uchun foydalaniladigan aktivlarning hisobi;
maqsadli tushumlarning hisobi, ularni tan olish va ulardan foydalanish;
xarajatlarni taqsimlash;
inventarizatsiya oʻtkazish;
moliyaviy hisobotni taqdim etish.
7. Hisob siyosati NNT yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab qoʻllaniladi. NNT va uning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan alohida boʻlinmalari uchun ham bir xil hisob siyosati qoʻllaniladi.
8. NNT faoliyatini moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib buxgalteriya hisobining ishchi hisobvaraqlar rejasiga quyidagi maqsadli tushumlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar kiritilishi mumkin:
kirish va aʼzolik badallari, agar ularning ustavida nazarda tutilgan boʻlsa;
muassislardan, qatnashchilardan (aʼzolardan) bir marotaba va muntazam ravishda keladigan tushumlar;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shakllari;
chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan olinadigan pul mablagʻlari va mol-mulk;
ixtiyoriy mulkiy badallar va ehsonlar;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan, faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladigan daromadlar (foyda);
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
9. Buxgalteriya hisobining ishchi hisobvaraqlar rejasi NNTning moliyalashtirish manbalari, notijorat faoliyati, tadbirkorlik faoliyati, aktivlari, majburiyatlari, daromadlari va xarajatlarini alohida hisobga olish uchun zarur boʻlgan hisobvaraqlarni oʻz ichiga olishi lozim.
10. Chet el valyutasidagi operatsiyalar boʻyicha kurs farqlarini tan olish baholash qiymatlarining oʻzgarishi va boshqa shunga oʻxshash holatlar natijasida aktivlar va majburiyatlar qiymatining oʻzgarishlari maqsadli mablagʻlarning kelib tushishidan (sarflanishidan) alohida hisobga olinadi.
11. Maqsadli mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan notijorat faoliyat bilan bevosita bogʻliq xarajatlar tegishli maqsadli tadbirlar kesimida buxgalteriya hisobida alohida aks ettiriladi. Agar xarajatlarni muayyan maqsadli tadbirlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri taqsimlash imkoni boʻlmaganda, bunday xarajatlar NNTning hisob siyosatida belgilangan asosli va izchil qoʻllaniladigan usul boʻyicha taqsimlanadi.
12. Muayyan davrning (oy, chorak, yil) oxirida xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar tegishli maqsadli tushumlarni hisobga oluvchi hisobvaraq bilan bogʻlangan holda yopiladi.
13. Buxgalteriya hisobida notijorat maqsadlarida foydalaniladigan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning eskirish summasi ularga yoʻnaltirilgan maqsadli moliyalashtirish mablagʻlarining kamayishi sifatida hisobdan chiqariladi.
14. NNT tomonidan amalga oshiriladigan barcha buxgalteriya operatsiyalari tasdiqlovchi boshlangʻich hisob hujjatlari bilan rasmiylashtiriladi va ular asosida buxgalteriya hisobi yuritiladi.
15. Boshlangʻich hisob hujjatlaridagi maʼlumotlar buxgalteriya hisobi registrlarida tizimlashtiriladi va toʻplanadi.
16. Amalga oshirilgan buxgalteriya operatsiyalari xronologik tartibda “Buxgalteriya operatsiyalarini qayd etish jurnalida” roʻyxatga olib boriladi. Buxgalteriya operatsiyalarini qayd etish jurnali mazkur Standartning 1-ilovasiga muvofiq shaklda yuritiladi. Zarur hollarda, jurnal qoʻshimcha ustunlar bilan toʻldirilishi mumkin.
17. Buxgalteriya hisobining hisobvaraqlar kesimida analitik va sintetik hisobini yuritish mazkur Standartning 2-ilovasiga muvofiq “Buxgalteriya operatsiyalarini hisobga olish kitobi” registriga asosan amalga oshiriladi.
18. Moliyalashtirish manbalarining analitik hisobi maqsadli mablagʻlarning tushumi, sarfi va qoldigʻi summasini aks ettirishi hamda boshqa zarur axborotdan foydalanishi mumkin boʻlgan tarzda rasmiylashtirilishi lozim.
19. “Buxgalteriya operatsiyalarini hisobga olish kitobi”da:
hisobot davrining boshida tegishli hisobvaragʻi boʻyicha mavjud boʻlgan qoldiq summasi yozuvi bilan ochiladi (aktiv hisobvaragʻining qoldigʻi debetida, passiv hisobvaragʻining qoldigʻi kreditida yoziladi);
har bir qatorda yozuvlar tizimli tartibda “Buxgalteriya operatsiyalarini qayd etish jurnalida” keltirilgan maʼlumotlar asosida aks ettiriladi;
hisobot davrining oxirida har bir hisobvaraq boʻyicha aylanma va yakuniy qoldiq summasi aniqlanadi.
20. Tegishli texnik vositalar mavjud boʻlganda, boshlangʻich hisob hujjatlari va buxgalteriya hisobi registrlari, shuningdek, tovar-moddiy zaxiralar, pul mablagʻlari hamda boshqa buxgalteriya operatsiyalari boʻyicha ishtirokchilarni identifikatsiyalash imkonini beradigan hisob hujjatlari (shu jumladan, “Buxgalteriya operatsiyalarini qayd etish jurnali” va “Buxgalteriya operatsiyalarini hisobga olish kitobi”) avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuritilishi mumkin.
Agar buxgalteriya hisobini yuritish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimida ichki nazorat uchun zarur maʼlumotlar va buxgalteriya operatsiyalarining tafsilotlari boʻyicha jamgʻarilgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa, alohida buxgalteriya hisobi registrlari tuzilmasligi mumkin.
3-bob. Moliyaviy hisobotni taqdim etish
21. NNTning moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etishining asosiy tamoyillari Moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etishning konseptual asoslari (roʻyxat raqami 3854, 2026-yil 10-iyun) hamda mazkur Standart talablariga muvofiq belgilanadi.
22. NNT va alohida boʻlinmalarning yillik moliyaviy hisoboti kamida moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotdan (buxgalteriya balansi) iborat boʻlishi lozim.
Agar NNT qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, uning yillik moliyaviy hisoboti tarkibiga moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot ham kiritiladi.
23. NNTning moliyaviy hisobotiga izohlarda oʻz mol-mulki va pul mablagʻlaridan foydalanishi, shu jumladan moliyalashtirish manbalari va maqsadlari hamda NNT faoliyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan axborot yoritiladi.
24. Moliyaviy hisobot shakllari va ularni taqdim etish muddatlari Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3567, 2024 yil 4-noyabr) asosan belgilanadi.
25. Jamoat fondlari har yilgi moliyaviy hisobotlarini qonunchilikda belgilangan tartibda auditorlik xulosasi bilan birga eʼlon qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (77-sonli MHMS) “Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisoboti”ga 1-ILOVA
Buxgalteriya operatsiyalarini qayd etish
JURNALI
20____-yil _______________ uchunNNT nomi _____________________________________________Faoliyat turi ___________________________________________T/rSanaBoshlangʻich hisob hujjatining nomi va raqamiOperatsiyaning mazmuniSummaHisobvaraqlarning bogʻlanishiDebetKredit20____-yil ____-________________ uchun20____-yil ____________________ uchun
Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (77-sonli MHMS) “Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisoboti”ga 2-ILOVA
Buxgalteriya operatsiyalarini hisobga olish
KITOBI
20____-yil _______________ uchunNNT nomi ____________________________________________Faoliyat turi ___________________________________________Hisobvaraqning raqami va nomi __________________________T/rSanaBoshlangʻich hisob hujjatining nomi va raqamiHisobvaraqlarning bogʻlanishiQoldiqDebetKreditDebetKredit20___-yil ____-___________dagi qoldiq20___-yil __-________ uchun jami aylanma20___-yil ___-____________dagi qoldiq
