“Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish” loyihasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-284-son)
29.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, elektr energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanish hajmini kamaytirish, shuningdek, issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar “Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) Nukus shahrida markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimini zamonaviy energiya tejamkor kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish orqali aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash;
(b) Loyihani amalga oshirish doirasida infratuzilmani barpo etish maqsadida 28 km issiqlik tarmoqlarini qurish va 189 ta individual issiqlik punktlarini oʻrnatish bilan yopiq tizimga oʻtkazish orqali 10 320 nafar aholini elektr, 22 880 nafar aholini issiqlik energiyasi bilan taʼminlash;
(v) elektr energiyasi va issiq suv ishlab chiqarishda tabiiy gaz sarfini optimallashtirish, issiqlik tarmoqlaridagi yoʻqotishlarni 30 foizgacha kamaytirish va energiya samaradorligini 10 foizga oshirish;
(g) issiqlik taʼminoti sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hamda ushbu yoʻnalishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
2. “Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Loyiha doirasida:
(a) quyidagilar:
(i) Saudiya Arabistoni Qirolligining “Saudi Tabreed District Cooling” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Investor) tomonidan 20,3 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya mablagʻlari jalb etilishi;
(ii) “Issiqliktaʼminoti” AJ davlat sherigi hamda Investor tomonidan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan maxsus loyiha kompaniyasi xususiy sherik etib belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
(b) quyidagilar xususiy sherikning majburiyatlari etib belgilansin:
(i) Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish;
(ii) elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va davlat sherigiga belgilangan quvvat hamda kelishilgan narxlar boʻyicha yetkazib berish;
(v) quyidagilar davlat sherigining majburiyatlari etib belgilansin:
(i) zarur yer uchastkalarini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning (keyingi oʻrinlarda — Bitim) amal qilish muddatiga — 27 yilga ijaraga berish;
(ii) Bitim doirasida xususiy sherikka yuklangan majburiyatlar toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan monitoring qilinishini nazorat qilish;
(iii) Loyihani amalga oshirish mobaynida xususiy sherikdan elektr va issiqlik energiyasini belgilangan quvvat hamda kelishilgan narxlar asosida xarid qilish;
(iv) Loyihani Bitim imzolangandan boshlab 2 yillik qurilish davri bilan 27 yil muddatda amalga oshirish.
II. Kogeneratsiya texnologiyalari asosida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari
4. Davlat sherigi kogeneratsiya qurilmasi orqali ishlab chiqariladigan elektr va issiqlik energiyasini Bitim shartlariga muvofiq xarid qilsin.
5. Davlat sherigi Loyihani davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish boʻyicha Investor bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borsin.
6. Davlat sherigi ikki oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda xususiy sherik bilan issiqlik tarmoqlari, nasos stansiyalari, hisoblagichlar va individual isitish punktlarini, shuningdek, Loyiha doirasida zarur boʻlgan boshqa yordamchi infratuzilma obyektlarini loyihalash va qurish ishlarini moliyalashtirish boʻyicha tegishli kelishuvni imzolasin hamda mazkur ishlarni tashkil etish boʻyicha manzilli roʻyxatni tasdiqlasin. Bunda issiqlik tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari doirasida quyidagilarga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi:
(a) “Issiqliktaʼminoti” AJni mazkur ishlar boʻyicha yagona buyurtmachi sifatida belgilash;
(b) loyiha va pudrat tashkilotlarini “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomillari asosida aniqlash;
(v) 2027-yil 31-dekabrga qadar bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish.
7. Bitimda quyidagilar inobatga olinsin:
(a) xususiy sherik tomonidan 21,5 MVt elektr quvvati va 52,5 Gkal issiqlik quvvatiga ega kogeneratsiya qurilmasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish, ishga tushirish, toʻliq ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat koʻrsatish hamda Bitim muddati yakunlangach tizimni soz holatda va balans qiymati boʻyicha davlat sherigiga bepul topshirish;
(b) xususiy sherik tomonidan kogeneratsiya jarayoni natijasida hosil boʻladigan 18,1 Gkalgacha issiqlik energiyasini davlat sherigiga bepul asosda yetkazib berish;
(v) xususiy sherik qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 500 ming AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etishi;
(g) xususiy sherikka elektr va issiqlik energiyasi uchun toʻlovlar Bitimda belgilangan mexanizmga muvofiq chet el valyutasida denominatsiyalangan qatʼiy tarif boʻyicha milliy valyutada amalga oshirilishi;
(d) davlat sherigi tomonidan Loyihani amalga oshirish jarayonida xususiy sherikdan elektr va issiqlik energiyasi “sotib olish yoki toʻlab berish” tamoyili asosida xarid qilinishi.
8. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Nukus shahri hokimligi davlat sherigi bilan birgalikda “Qoraqalpogʻiston Respublikasi kommunal issiqlik taʼminoti” MCHJga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan Nukus shahri “Qurilish” MFY Abu-Rayhon Beruniy koʻchasidagi yer uchastkasining Loyihani amalga oshirish uchun tanlangan 0,75 ga qismiga nisbatan mavjud huquqlari bekor qilinishi va ushbu yer maydoni Nukus shahri hokimligi tasarrufidagi boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olinishini taʼminlasin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Nukus shahri hokimligi tasarrufida boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida roʻyxatga olingan mazkur yer uchastkasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Tadbirkorlikka koʻmaklashish direksiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin;
(v) Direksiya yer uchastkasi xususiy sherikka Bitimda koʻrsatilgan muddat va shartlar asosida ijaraga berilishini taʼminlasin;
(g) Bitimning amal qilish muddati tugaganda yoki muddatidan avval bekor qilinganda, loyiha hududidagi barcha mol-mulk, shu jumladan, xususiy sherikning mol-mulki davlat sherigiga Bitim shartlariga muvofiq oʻtkazilishi belgilansin. Bunda Bitimning amal qilish muddati tugaganda davlat sherigiga bepul topshiriladigan obyektlar Soliq kodeksining 243 va 304-moddalariga muvofiq soliq solishdan ozod etilishi va daromad sifatida hisobga olinmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
(d) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Loyiha hududidagi koʻp kvartirali uylarning ichki issiqlik tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari uchun zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining 2026-yildagi qoʻshimcha manbai hisobidan ajratish choralarini koʻrsin.
9. Loyihani amalga oshirish davrida davlat sherigiga quyidagi huquqlar berilsin:
(a) xususiy sherik bilan birgalikda Loyihani amalga oshirish uchun mustaqil injiniring kompaniyalari, shuningdek, boshqa texnik va yuridik maslahatchilarni tanlash va ularni “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomili asosida jalb qilish;
(b) Issiqlik va elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha toʻlov majburiyatlarining bajarilishi taʼminoti sifatida xususiy sherik foydasiga chet el bankining chet el valyutasida tasdiqlangan tiklanuvchi akkreditivini ochish;
(v) Bitim muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, unga muvofiq xususiy sherikka toʻlanishi lozim boʻlgan qoldiq toʻlovlar va Bitimni bekor qilish bilan bogʻliq kompensatsiya toʻlovlarini xususiy sherik koʻrsatgan xorijiy bank hisobvaragʻiga tegishli chet el valyutasida bevosita oʻtkazish;
(g) xususiy sherikdan elektr energiyasini sotib olish hamda uni elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish boʻyicha vakolatli korxonalarga toʻgʻridan-toʻgʻri sotish;
(d) “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati bilan Bitimda koʻzda tutilgan hajmlarga va parametrlarga muvofiq xususiy sherikni yetkazib beruvchi sifatida tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha shartnomalarni imzolash.
10. Loyihani moliyalashtirish doirasida xususiy sherikka quyidagi huquqlar berilsin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan chet el banklarida bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, mablagʻlarni qabul qilish, foydalanish va oʻtkazish (shu jumladan, oʻzining Oʻzbekistondagi bank hisobvaraqlaridan), shuningdek, dividendlar, qarz majburiyati boʻyicha toʻlovlar va boshqa mablagʻlarni chet el valyutasida oʻtkazish boʻyicha operatsiyalarni erkin amalga oshirish;
(b) barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan chet el pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilari yoki kreditorlariga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish;
(v) 2027-yil 31-dekabrga qadar bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish.
11. Xususiy sherik 2030-yil 1-yanvarga qadar:
(a) belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxati boʻyicha:
(i) chet eldan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xomashyo va materiallar, uskuna, maxsus texnika, ularning ehtiyot va butlovchi qismlari, priborlar, texnik va loyiha hujjatlari, dasturiy taʼminotlar uchun bojxona boji hamda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan;
(ii) vaqtincha olib kirish bojxona rejimida olib kiriladigan uskuna va maxsus texnikalar, priborlar uchun bojxona bojini toʻlashdan;
(b) respublikada tegishli akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlari mavjud boʻlmagan taqdirda, chet eldan olib kiriladigan maxsus texnika va uskunalarni majburiy sertifikatlashdan ozod etilsin.
12. Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ bilan birgalikda Loyiha hududigacha elektr va gaz tarmoqlarini qurish ishlarini tashkil etsin. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi zarur mablagʻlarni bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining 2026-yildagi qoʻshimcha manbai hisobidan ajratish choralarini koʻrsin;
(b) “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzenergosotish” AJ va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda Bitimda nazarda tutilgan hajmlar va parametrlarga muvofiq tabiiy gaz va ichimlik suvi yetkazib berilmasligi natijasida davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka toʻlanadigan zarar, jarimalar, boy berilgan foyda va boshqa kompensatsiya summalarini qoplash majburiyati yuzaga kelgan taqdirda, agar tegishli shartnomalarda boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, tabiiy gaz va ichimlik suvini yetkazib beruvchi tashkilotlar davlat sherigi oldida qonunchilik hujjatlariga muvofiq subsidiar tartibida javobgar boʻlishi belgilansin. Bunda isteʼmolchilar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli tarmoqdan uzish, shuningdek, tabiiy gaz va ichimlik suvi tarmoqlaridagi rejali va avariyaviy uzilishlar natijasida yuzaga kelgan holatlar subsidiar tartibda javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
13. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzenergosotish” AJ va “Oʻzsuvtaʼminot” AJga Loyiha doirasidagi kogeneratsiya qurilmasini yagona elektr tarmogʻiga oʻz vaqtida ulash, shuningdek, xususiy sherik tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yagona elektr tarmogʻiga sotilishi jarayonida yagona elektr tarmogʻiga ulanish, elektr energiyasini xarid qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish masalalari boʻyicha kompleks muvofiqlashtirish va nazoratni taʼminlash vazifasi yuklansin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi davlat sherigi bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha qamroviga kiruvchi Nukus shahridagi koʻp kvartirali uylarning ichki issiqlik tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatni tasdiqlasin. Bunda ichki issiqlik tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari doirasida quyidagilarga ruxsat beriladi:
(a) loyiha va pudrat tashkilotlarini “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomillari asosida aniqlash;
(b) 2027-yil 31-dekabrga qadar bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish.
15. “Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Energetika vazirligi bilan birgalikda Loyihani amalga oshirish, shuningdek, tomonlarning Bitim va kelishuvlar doirasidagi majburiyatlarini bajarishi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin.
17. “Issiqliktaʼminoti” AJ boshqaruv raisi I.X. Turayevga Nukus shahrida koʻrsatilgan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun isteʼmolchilardan toʻlovlarni belgilangan muddatda undirish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.
18. Loyiha doirasida moliyaviy majburiyatlar, tariflar boʻyicha kompensatsiya mexanizmlari, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov, energetika vaziri Sh.X. Xodjayev va “Issiqliktaʼminoti” AJ boshqaruvi raisi I.X. Turayev belgilansin.
20. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-iyul,
PQ-284-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyuldagi PQ-284-son qaroriga 1-ILOVA
“Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishdagi ustuvor
VAZIFALAR
1. Kogeneratsiya qurilmasidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi va issiqlik energiyasini xususiy sherikdan bitimning butun amal qilish muddatida xarid qilish hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga va issiqlik tarmoqlariga yetkazib berilishini taʼminlash.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan davlat sherigi bilan birgalikda aholi va obyektlarda qoʻllanilayotgan qoʻlbola isitish vositalarini bosqichma-bosqich xavfsiz va samarador isitish tizimlariga oʻtkazish.
3. Energiya samaradorligini oshirish va hisob-kitoblar shaffofligini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan davlat sherigi bilan birgalikda loyiha qurilish ishlari yakuniga qadar quyidagilar taʼminlanadi:
(a) yopiq issiqlik taʼminoti tizimiga oʻtish, bunda koʻp kvartirali uylarda va obyektlarda individual issiqlik punktlarini oʻrnatish, ichki tizimlarni yangilash, avtomatika va boshqaruv elementlarini joriy etish;
(b) kogeneratsiya qurilmasi hududidagi issiqlik, tabiiy gaz va suv hisoblagichlari hamda boshqa oʻlchov vositalarini oʻrnatish, shuningdek, avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimini joriy etish, tezkor boshqaruv punktini tashkil qilish va xususiy sherik tomonidan loyiha doirasida amalga oshiriladigan raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarining yagona avtomatlashtirilgan dispetcherlik markaziga integratsiyasini tashkil etish, masofaviy monitoringni taʼminlash;
(v) issiqlik tarmoqlarida yoʻqotishlarni kamaytirish uchun oldindan izolyatsiyalangan quvurlardan foydalangan holda issiqlik tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, gidravlik sinov hamda balanslash ishlarini tashkil etish.
4. Xususiy sherik tomonidan kogeneratsiya qurilmasida, shu jumladan, uni avtomatlashtirish va SCADA tizimidan foydalanish boʻyicha issiqlik taʼminoti xodimlarini oʻqitishni taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyuldagi PQ-284-son qaroriga 2-ILOVA
“Nukus shahrining “RK-1” qozonxonasini kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/rChora-tadbirlar nomiIjro muddatiMasʼul ijrochilar1.Xususiy sherik bilan birgalikda loyiha konsepsiyasi va loyihani baholash hujjatlarini ishlab chiqib, kelishish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritish.2026-yil sentabr“Issiqliktaʼminoti” AJ,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi2.Xususiy sherik va davlat sherigi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar asosida loyiha konsepsiyasi va baholash hujjatini kelishib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish.2026-yil sentabrIqtisodiyot va moliya vazirligi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi3.Xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun mazkur qarorda belgilangan shartlar asosida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim imzolanishini tashkil etish.2026-yil sentabr“Issiqliktaʼminoti” AJ,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,Energetika vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi4.Xususiy sherik bilan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim imzolanishini taʼminlash.2026-yil oktabrIqtisodiyot va moliya vazirligi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi5.Imzolangan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitimni belgilangan tartibda tasdiqlash yuzasidan qaror loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.2026-yil oktabrIqtisodiyot va moliya vazirligi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi6.Davlat sherigi tomonidan xususiy sherikdan xarid qilinadigan issiqlik energiyasi toʻlovlarni aholiga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida mahalliy budjetdan qoplanadigan subsidiya mablagʻlarida inobatga olinishini taʼminlash. DoimiyIqtisodiyot va moliya vazirligi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi7.Davlat sherigiga boshqa zarur litsenziyalar qatorida elektr energiyasi savdosi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyani olish jarayonlari bilan bogʻliq zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda koʻmaklashish.2027-yil sentabrEnergetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi,Energetika vazirligi8.Davlat sherigi va “Oʻzenergosotish” AJ oʻrtasida elektr energiyasini xarid qilish toʻgʻrisidagi bitim toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilishini tashkil etish.Bunda xususiy sherikdan sotib olingan elektr energiyasining bir qismini davlat sherigi oʻz ehtiyojlari uchun ishlatishini va ortiqcha qismi esa “Oʻzenergosotish” AJga sotilishini taʼminlash.2027-yil sentabr“Oʻzenergosotish” AJ,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Energetika vazirligi,Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi9.Loyihani amalga oshirish uchun gaz, issiqlik, havo elektr uzatish tarmoqlarini va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur yer uchastkalarini tanlab olish hamda ularning chegaralariga aniqlik kiritish, tegishliligi boʻyicha ommaviy servitut belgilash va zaruratga koʻra yer fondi toifasini oʻzgartirish yuzasidan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga takliflarni kiritish.2026-yil dekabrQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Energetika vazirligi,Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi,Qishloq xoʻjaligi vazirligi,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,Kadastr agentligi,“Hududgaztaʼminot” AJ,“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ,“Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi10.Xususiy sherikning buyurtmanomasiga asosan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalarini, zarur hollarda, I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirish.DoimiyTashqi ishlar vazirligi11.Xususiy sherikning buyurtmanomasiga asosan jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar va ularning oila aʼzolariga koʻp martalik vizalar berish va uning muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish va uning muddati uzaytirish.DoimiyIchki ishlar vazirligi12.Xususiy sherikning buyurtmanomasiga asosan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berish.DoimiyKambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi13.Zaruriyatga koʻra, loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan loyiha maydonida joylashgan mavjud binolar, inshootlar va boshqa aktivlarni xatlovdan oʻtkazishni hamda ularni bitim shartlariga muvofiq egalik qilish va foydalanish huquqi asosida xususiy sherikka berishni taʼminlash.2026-yil sentabrQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Kommunal issiqlik taʼminoti” MCHJ,“Issiqliktaʼminoti” AJ14.Loyiha doirasida yer uchastkalarini ajratish, servitutlar belgilash, yer toifalarini oʻzgartirish, kadastr ishlari hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa yer-mulk bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirish.2026-yil dekabrQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi15.Kogeneratsiya qurilmasi uchun yer maydonini boʻshatish va keyinchalik xususiy sherikka ijaraga berilishini taʼminlash maqsadida loyiha maydonida joylashgan eskirgan inshootlar va boshqa aktivlarni istisno tariqasida demontaj qilmasdan oldin mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan baholatib, soʻng auksion savdosiga chiqarib sotish choralarini koʻrish. 2026-yil sentabrQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Kommunal issiqlik taʼminoti” MCHJ,“Issiqliktaʼminoti” AJ16.Loyihani amalga oshirish doirasida qurilish va modernizatsiya qilish ishlari davomida barcha hududlardagi koʻp yillik va qimmatbaho daraxtlarni saqlab qolish maqsadida ularni xatlovdan oʻtkazish hamda elektron platformaga kiritish, shuningdek, daraxt-butalar va yashil maydonlarga zarar yetkazmaslik boʻyicha zarur choralarni koʻrish.Bunda qurilish jarayonlarida hosil boʻladigan maishiy va qurilish chiqindilarini oʻz vaqtida yigʻish, olib chiqish va bartaraf etish, chang tarqalishini kamaytirish hamda obyekt atrofini doimiy tozalash boʻyicha choralarni koʻrish.2026-yil oktabrQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Kommunal issiqlik taʼminoti” MCHJ,“Issiqliktaʼminoti” AJ17.Bitimda nazarda tutilgan hajm va parametrlarga muvofiq xususiy sherikning ehtiyojlari uchun tabiiy gazni va ichimlik suvini yetkazib berish boʻyicha tegishli shartnomalar imzolanishini tashkil etish.2027-yil mart“Hududgaztaʼminot” AJ,“Oʻzsuvtaʼminot” AJ,“Issiqliktaʼminoti” AJ,Energetika vazirligi,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi18.Kogeneratsiya qurilmasidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini markaziy tarmoqqa bogʻlovchi obyektlarni 35 kV elektr tarmogʻiga ulash boʻyicha zarur tadbirlarni tashkillashtirish.2027-yil sentabrEnergetika vazirligi,“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ,“Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi19.1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman va shaharlaridagi koʻp kvartirali uylarni issiqlik elektr energiyasiga boʻlgan talabini oʻrganish maqsadida xatlovdan oʻtkazish.2026-yil sentabrQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,“Issiqliktaʼminoti” AJ,2. Oʻtkazilgan xatlov natijasiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ax,olisini kogeneratsiya texnologiyalari asosida markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlash loyihasini moliyalashtirish uchun 200 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni jalb etish, istiqbolli investorlar va xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar oʻtkazib, kelishuvlarga erishish.2026-yil oktabrVazirlar Mahkamasi(J. Xodjayev),Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi3. Kelishuv natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish. Bunda 5 yillik dastur doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisini toʻliq markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlashni nazarda tutish.2026-yil noyabrQurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,“Issiqliktaʼminoti” AJ
