Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-292-son)
04.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarning taʼlim olish huquqini roʻyobga chiqarish, ularning oilaviy muhitda taʼlim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi hamda jamiyat hayotida faol va toʻlaqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning psixologik-pedagogik holati, funksional imkoniyatlari, kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini kompleks baholash hamda taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan toʻliq qamrab olish;
(b) bolalarning yashash joyiga yaqin hududda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuziv va korreksion taʼlim shakllarini rivojlantirish, “oilabay” ijtimoiy hamrohlik tizimini kuchaytirish hamda nodavlat sektorni jalb qilish orqali uyda va internat shaklida taʼlim olayotgan bolalar sonini qisqartirish;
(v) taʼlim tashkilotlarida toʻsiqsiz va inklyuziv muhitni shakllantirish, bolalarni assistiv jihozlar bilan taʼminlash, individual taʼlim rejalari va korreksion-pedagogik qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish;
(g) nogironligi boʻlgan bolalarning intellektual, ijodiy, kasbiy va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan rivojlantiruvchi dasturlar, kasbiy mahorat va ijodiy tanlovlarni keng joriy etish.
II. Zamonaviy inklyuziv taʼlim ekotizimini shakllantirish
2. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish boʻyicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy xodim tomonidan:
(a) ota-onaga bolani taʼlim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatib boriladi;
(b) bolaning taʼlim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanayotganligi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi, zaruratga koʻra boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish choralari koʻriladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 3 — 18 yoshdagi bolalarning alohida taʼlimga ehtiyojini aniqlash va davlat taʼlim muassasalariga yoʻnaltirish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi (keyingi oʻrinlarda — baholash guruhi) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
(a) baholash guruhi tomonidan 3 — 18 yoshdagi bolaning taʼlimga ehtiyojini baholash psixologik-pedagogik diagnostik mezonlar asosida, funksional imkoniyati, kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash esa nogironlikni baholash shkalasining mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida amalga oshiriladi;
(b) baholash guruhi faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida yoʻlga qoʻyiladi.
4. Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarning sifatli taʼlim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
(a) 2027-yil 1-maydan boshlab alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni vaucher asosida taʼlim olishiga koʻmaklashuvchi zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar (keyingi oʻrinlarda — assistiv jihozlar) bilan taʼminlash tizimi joriy etiladi. Bunda:
(i) vaucher tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hamda baholash guruhining xulosasi asosida ajratiladi;
(ii) assistiv jihozlarni xarid qilish va yetkazib berish nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
(b) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab nogironligi boʻlgan abituriyentlar uchun oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihoni va nogironligi boʻlgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish, umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy sertifikat olish boʻyicha imtihon (sinov)da belgilangan vaqt meʼyorining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha vaqt beriladi hamda Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
(v) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
(i) davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi har bir koʻzi ojiz pedagog uchun bir nafardan shaxsiy assistent (tarjimon-kotiba) shtat birligi;
(ii) ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab va maktab-internatlarining birinchi va ikkinchi sinflarining har biri uchun bir nafardan yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi) shtat birligi ajratiladi.
5. Belgilansinki, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashtirilgan muassasalar)da oʻqitish bolaning individual taʼlimga ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari hamda oʻzlashtirish darajasiga muvofiq ishlab chiqiladigan individual taʼlim rejalari asosida tashkil etiladi. Bunda:
(a) asosiy eʼtibor bolaning shaxsiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, uni mustaqil hayotga tayyorlash, shuningdek, kommunikativ, ijtimoiy, akademik va kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;
(b) alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarga moʻljallangan oʻquv rejalarini shakllantirishda tayanch oʻquv rejalarida nazarda tutilgan fan va korreksion mashgʻulotlarni qisqartirish, yangi fanlar, korreksion va kasbga yoʻnaltirish mashgʻulotlari kiritilishi mumkin.
III. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning 2026-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash instrumentlarini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga ushbu sinfda taʼlim oladigan har bir oʻquvchi uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratish:
(i) Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari;
(ii) viloyatlar markazi va Nukus shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 9,5 baravari;
(iii) boshqa tuman (shahar)larda bazaviy hisoblash miqdorining 8,5 baravari;
(b) har yili kamida 50 ta davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan nogironligi boʻlgan bolalar uchun shart-sharoitlar yaratish va taʼlim sifatini yaxshilash, shuningdek, taʼlimga jalb etilmagan bolalarning maktabga borishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha “Inklyuziv taʼlim muhiti” grantini ajratish. Bunda ushbu grant mablagʻlari ota-onalar, pedagoglar va mahalliy aholi tomonidan maktabdagi aniq muammolarni hal etish boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslarni, shu jumladan, pandus oʻrnatish, sensor xona tashkil etish, sanitariya xonasini moslashtirish, taʼlim jarayoni uchun koʻrgazmali va rivojlantiruvchi materiallarni xarid qilish tadbirlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
IV. Nogironligi boʻlgan shaxslarning salohiyatini roʻyobga chiqarish, maxsus pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar
7. Agentlikning nogironligi boʻlgan shaxslarning intellektual, kasbiy, ijodiy va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning iqtisodiy faolligi va ijtimoiy integratsiyasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili quyidagi tadbirlarni oʻtkazib borish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
(a) nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birga oʻtkaziladigan “Imkoniyatlar olimpiadasi” (Abilympics) tanlovi. Bunda ushbu tanlovning har bir yoʻnalishi boʻyicha gʻolib va sovrindorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha bir martalik pul mukofoti beriladi;
(b) “Oʻsish va rivojlanish” (UPSNIFT) tanlovi. Bunda tanlov gʻoliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha grant ajratiladi hamda ularning loyihalarini barqaror rivojlantirish uchun koʻngilli maslahatchi-mentorlar orqali kompleks maslahat va hamrohlik xizmatlari koʻrsatiladi.
8. Belgilansinki:
(a) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab:
(i) davlat oliy taʼlim tashkilotlarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga xorijiy tillarni oʻrgatuvchi oʻqituvchi-pedagog tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
(ii) oliy taʼlim tashkilotlarida boshlangʻich sinf oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olayotgan talabalarga maxsus pedagogika fanlari chuqurlashtirilgan dasturlar asosida oʻqitiladi;
(iii) maxsus pedagogika yoʻnalishi boʻyicha qabul koʻrsatkichlari Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
(b) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab maxsus pedagoglarning malaka oshirish kurslari Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlangan oʻquv reja va dasturlar asosida onlayn yoki oflayn shaklda amalga oshiriladi;
(v) oliy taʼlim tashkilotlarining maxsus pedagogika yoʻnalishi talabalari va qayta tayyorlov dasturi tinglovchilari Agentlik va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadigan bazaviy taʼlim tashkilotlarida amaliyot oʻtaydi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Belgilansinki, mazkur qaror 4-bandining “v” kichik bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan, qaror ijrosi bilan bogʻliq boshqa xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
10. 2026 — 2028-yillarda alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarga taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari Agentlik bilan birgalikda 2-ilovaga muvofiq belgilangan maktablarning bino-inshootlarida qurilish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish ishlarini Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hamda “Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasi doirasida jalb qilingan kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshirsin.
12. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya boʻyicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov hamda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova belgilansin.
14. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-avgust,
PQ-292-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-avgustdagi PQ-292-son qaroriga 1-ILOVA
2026 — 2028-yillarda alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarga taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-avgustdagi PQ-292-son qaroriga 2-ILOVA
Koʻp funksional inklyuziv-resurs maktablari, koʻp tarmoqli maktab yoki koʻp tarmoqli maktab-internatlarini tashkil etish
REJASI
Izoh:
1. 2027-2028-yillarda 10 ta Koʻp funksional inklyuziv-resurs maktabi “Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasi doirasida jalb qilingan kredit mablagʻlari hamda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quriladi.
2. Koʻp tarmoqli maktab yoki koʻp tarmoqli maktab-internatlari hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
3. Mazkur ilovaga muvofiq amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari boʻyicha:
a) buyurtmachi etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari belgilanadi;
b) istisno tariqasida, maxsus axborot portalida eʼlon joylashtirmasdan, jamoatchilik muhokamasidan va xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash orqali bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini aniqlashga ruxsat beriladi.
4. Zaruratga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan mazkur rejaga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
