Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-146-son)
03.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Odam savdosiga qarshi kurashish bilan shugʻullanuvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish, odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni aniqlash va ularni ijtimoiy hamda boshqa xizmatlar bilan qamrab olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslar (keyingi oʻrinlarda — odam savdosidan jabrlangan shaxslar)ni aniqlash bilan bir vaqtda ularni ijtimoiy xizmatlarga yoʻnaltirish tizimini joriy etish;
(b) odam savdosidan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy va boshqa xizmatlardan toʻlaqonli foydalanish imkoniyatini yaratish hamda qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralarini joriy etish;
(v) odam savdosi bilan bogʻliq jinoiy harakatlarni sodir etganlik uchun taʼsirchan javobgarlik choralarini joriy etish;
(g) odam savdosidan jabrlangan shaxslarga xizmat koʻrsatadigan ixtisoslashgan muassasalar faoliyatini takomillashtirish.
II. Tashkiliy-huquqiy islohotlar
2. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining odam savdosidan jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish, ijtimoiy va boshqa xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazi) va Agentlik tizimidagi odam savdosidan jabrlangan shaxslarga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashgan muassasalar (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashgan muassasalar)ga, shuningdek, oʻzlarining taʼsis hujjatlariga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolatini berish;
(b) odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish bilan bir vaqtda ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash orqali ijtimoiy va boshqa xizmatlar bilan qamrab olish tizimini joriy etish;
(v) dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomini bir oygacha, yakuniy identifikatsiya qilish natijasida beriladigan odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomini esa koʻpi bilan bir yilgacha boʻlgan muddatga berish;
(g) Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni yakuniy identifikatsiya qilish muddatini oʻn sutka etib belgilash;
(d) odam savdosidan jabrlangan shaxslarni Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, “Saxovat va koʻmak” va Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ijtimoiy, huquqiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy koʻmak choralarini joriy etish;
(j) Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan repatriantlarni ularning holati va ehtiyojlarini inobatga olgan holda alohida maxsus dasturlar asosida ixtisoslashgan muassasalarga joylashtirish.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
(a) qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli organlar va nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan dastlabki identifikatsiya qilish natijasida shaxslar odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilingan hamda ular tomonidan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish istagi bildirilgan taqdirda, ushbu shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Inson” markaziga yuboriladi;
(b) odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs va uning oila aʼzolarining ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda ijtimoiy xizmatlarga muhtojligi “Inson” markazi tomonidan baholanadi hamda baholash natijasi asosida ular tegishli xizmatlarga yoʻnaltiriladi. Bunda odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarga ijtimoiy va iqtisodiy holatidan qatʼi nazar tarkibi va taqdim etish shartlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal xizmatlar paketiga kiritilgan xizmatlar bepul asosda koʻrsatiladi;
(v) fuqarolar odam savdosidan jabrlanganlik holati boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri ixtisoslashgan muassasaga murojaat qilgan taqdirda yoki dastlabki identifikatsiya yakuni boʻyicha odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs ixtisoslashgan muassasaga joylashtirilgan taqdirda, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati va ijtimoiy xizmatlarga muhtojligini baholash hamda ijtimoiy xizmatlarga yoʻnaltirish mazkur ixtisoslashgan muassasa tomonidan amalga oshiriladi;
(g) odam savdosidan jabrlanganlik holati boʻyicha murojaat qilgan shaxsning yashash joyi mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu shaxs va uning voyaga yetmagan farzandlari (agar mavjud boʻlsa) tegishli ixtisoslashgan muassasaga vaqtinchalik joylashtiriladi. Bunda ixtisoslashgan muassasa tomonidan:
(i) ushbu shaxs uch sutka ichida dastlabki identifikatsiya qilinadi;
(ii) dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi berilgan taqdirda, mazkur bandning “v” kichik bandida belgilangan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
(iii) dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomini berish rad etilgan taqdirda, ushbu shaxs ixtisoslashgan muassasadan chiqariladi. Bunda ushbu shaxslar belgilangan tartibda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar uchun moʻljallangan markazlarga joylashtirilishi mumkin.
III. Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish
4. Fuqarolarning odam savdosidan jabrlanishining oldini olish, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash hamda oʻz vaqtida tegishli xizmatlar va maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
(a) Agentlikning “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida qabul qilish, mutaxassislar tomonidan ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari koʻrsatiladi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari (keyingi oʻrinlarda — diplomatik vakolatxonalar)da odam savdosidan jabrlanganlik holati boʻyicha murojaatlarni qabul qilish, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari koʻrsatiladigan ishonch telefonlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(v) tashqi mehnat migratsiyasiga ketayotgan shaxslar uchun borayotgan davlatidagi diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligining hududiy vakilining aloqa maʼlumotlari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi. Bunda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan holda Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.
5. Odam savdosidan jabrlangan bolalarning oila muhitida yoki oilaviy muhitga yaqin sharoitlarda reabilitatsiya qilinishini taʼminlash maqsadida, shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) dastlabki yoki yakuniy identifikatsiya qilish jarayonida odam savdosidan jabrlanganligi aniqlangan bolani oilasiga qaytarish choralari koʻriladi hamda “Inson” markazlari tomonidan bola va uning oila aʼzolari reabilitatsiya qilishga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarga jalb etiladi. Bunda odam savdosidan jabrlangan bola yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola boʻlsa, unga nisbatan qonunchilik hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda muqobil joylashtirish shakllari belgilanib, tegishli ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi;
(b) dastlabki yoki yakuniy identifikatsiya qilish jarayonida bolaga nisbatan odam savdosi bilan bogʻliq gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar uning oila aʼzolari tomonidan sodir etilganligi aniqlangan taqdirda, ushbu bola u aniqlangan vaqtda eʼtiboran bir sutka ichida professional tutingan oilaga yoki kichik hajmli ijtimoiy koʻmak markazlariga joylashtiriladi hamda tegishli ijtimoiy xizmatlarga jalb etiladi;
(v) odam savdosidan jabrlangan bolalarni ularning xohishi va qonuniy vakillarining murojaatiga asosan ixtisoslashgan muassasalarga ham joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
IV. Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq odam savdosidan jabrlangan shaxslarni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish orqali ijtimoiylashtirish maqsadida quyidagi yangi qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi:
(a) odam savdosidan jabrlangan, biroq ixtisoslashgan muassasalarga joylashishni istamagan shaxslarga ularning murojaatiga asosan “Inson” markazi xizmatlaridan kunduzgi qatnov asosida foydalanish huquqi beriladi. Bunda odam savdosidan jabrlangan shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar mazkur Farmon 3-bandining “b” kichik bandiga muvofiq amalga oshiriladigan baholash natijasi boʻyicha belgilanadi;
(b) mazkur Farmon 3-bandining “b” kichik bandiga muvofiq amalga oshiriladigan baholashda odam savdosidan jabrlangan shaxs va uning oilasi Ijtimoiy reyestrga kiritish uchun belgilangan talablarga toʻgʻri kelgan taqdirda, ushbu shaxs alohida murojaat talab etilmagan holda Ijtimoiy reyestrga kiritilib, tegishli xizmatlar bilan qamrab olinadi;
(v) ixtisoslashgan muassasalarga joylashtirilgan odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ularning qiziqishlarini inobatga olgan holda kasb-hunarga oʻqitish kurslari tashkil etiladi. Bunda:
(i) ixtisoslashgan muassasalar tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslarning mehnat faoliyati va kasbga qiziqishiga doir maʼlumotlar asosida ularning har biri uchun shaxsiy kasbga yoʻnaltirish tavsiyasi ishlab chiqiladi hamda unga asosan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga elektron buyurtma beriladi;
(ii) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ixtisoslashgan muassasaning buyurtmasiga asosan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
(iii) ixtisoslashgan muassasalarning talabnomasiga muvofiq Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan uch oy ichida kasb-hunarga oʻqib, tegishli diplom (sertifikat) olgan odam savdosidan jabrlangan shaxslarning bandligi taʼminlanadi.
7. Belgilab qoʻyilsinki, qonunchilikka muvofiq odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish holatlaridan qatʼi nazar, ixtisoslashgan muassasalarda reabilitatsiya qilinayotgan davrda Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish huquqi beriladi. Bunda:
(a) ushbu muddat davomida odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ixtisoslashgan muassasalarda vaqtinchalik turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda ularga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish bilan bogʻliq chora-tadbirlar amalga oshirilmaydi;
(b) ularga Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish huquqini beruvchi yashash guvohnomasini rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
V. Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish
8. Milliy komissiya, Agentlik, Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) turizm va tashqi mehnat migratsiyasi yoʻnalishlarida fuqarolarni xorijga sayohat yoki mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborish bilan shugʻullanuvchi mansabdor shaxslar tomonidan odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilganda, sudlar tomonidan ularga asosiy jazoga qoʻshimcha jazo sifatida tegishli faoliyat bilan shugʻullanishni cheklash tarzidagi jazo tayinlash tartibini joriy etish;
(b) bolalarga nisbatan, shu jumladan, ularni fohishalik bilan shugʻullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan odam savdosi bilan bogʻliq jinoiy harakatlar (harakatsizlik) uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy etish hamda ushbu jinoyat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni prokuratura organlari tomonidan oʻtkazish;
(v) bolalarni fohishalik bilan shugʻullanishga jalb etish maqsadida odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatni sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga oʻtkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish.
9. Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Oliy sud va Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur Farmonning 8-bandida nazarda tutilgan yangi tartiblarni tegishli qonun hujjatlariga kiritish boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
VI. Ixtisoslashgan muassasalar faoliyatini takomillashtirish
10. Agentlik va Milliy komissiyaning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy markazlarini Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi (keyingi oʻrinlarda — Respublika markazi) va uning hududiy markazlari deb qayta nomlash;
(b) Respublika markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyati hududiy markazlariga (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashgan hududiy markazlar) qoʻshimcha 17 ta tarbiyachi shtat birligi ajratgan holda odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish hamda xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.
11. Belgilansinki:
(a) odam savdosidan jabrlangan erkaklar, chet el fuqarolari va maxsus dasturlar asosida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan repatriantlar faqat Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markaziga (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashgan markaz) qabul qilinadi;
(b) ixtisoslashgan hududiy markazlarning odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati ixtisoslashgan markaz tomonidan muvofiqlashtirib boriladi;
(v) odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslar — bir oy davomida, odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxslar esa koʻpi bilan olti oy davomida ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar xizmatidan foydalanadi. Bunda:
(i) shaxslar ularga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi berilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida, odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi berilgan kundan eʼtiboran esa bir yil ichida ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar xizmatlaridan foydalanish yuzasidan murojaat qilishi mumkin;
(ii) ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar xizmatlaridan foydalangan bir shaxs dastlabki identifikatsiya qilinganligi holati boʻyicha takroran ushbu markazlarga joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(g) ixtisoslashgan markaz va ixtisoslashgan hududiy markazlarga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi;
(d) odam savdosidan jabrlangan shaxslarning ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlarga kelib-ketishi bilan bogʻliq transport xarajatlari tegishli markazning tavsiyasiga asosan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:
(i) ixtisoslashgan markazga kelib-ketish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
(ii) ixtisoslashgan hududiy markazlarga kelib-ketish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasi tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarida yuqumli kasalliklar mavjudligi hamda ularning statsionar yoxud ambulator davolanishga muhtojligi oʻrganiladi. Bunda:
(a) odam savdosidan jabrlangan shaxslar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari ixtisoslashgan markaz yoki ixtisoslashgan hududiy markazlar joylashgan hududdagi tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga biriktiriladi;
(b) ushbu oʻrganish tegishli markaz tomonidan tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga kiritilgan talabnoma asosida amalga oshiriladi;
(v) oʻrganish yakuni boʻyicha odam savdosidan jabrlangan shaxslar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga tegishli tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasida belgilangan tartibda statsionar yoki ambulator tibbiy yordam koʻrsatiladi.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
13. Odam savdosiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Belgilansinki:
(a) Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining odam savdosidan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish holati oʻrganib boriladi hamda oʻrganish yakuni boʻyicha maʼlumotlar Milliy komissiya muhokamasiga kiritib boriladi;
(b) Milliy komissiya tomonidan har yarim yilda bir marotaba respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish hamda undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi tahlil qilinib, ularning bu boradagi faoliyati samaradorligini oshirish choralari koʻrib boriladi.
15. Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) Agentlik bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni.
16. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Ichki ishlar vazirligi hamda Agentlik ushbu Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya boʻyicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
19. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-avgust,
PF-146-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi PF-146-son Farmoniga 1-ILOVA
Odam savdosiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi PF-146-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi “2026 — 2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-256-son Farmoni 3-bandining “v” kichik bandidagi “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining” soʻzlari “Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi “Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-69-son Farmonida:
(a) 5-band “g” kichik bandining “ii” xatboshisidan “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(b) 13-band “a” kichik bandining “ii” xatboshisidan “oʻzgalar parvarishiga muhtoj” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5116-son qarori 2-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Markazlar boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlarining cheklangan soni 94 nafar, shu jumladan, markaziy apparatda 7 nafar etib belgilansin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-maydagi “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-175-son qarori 4-bandining “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining” soʻzlari “Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-330-son qaroriga 6-ilovada:
(a) 6-pozitsiyaning “Shtat birliklari soni” ustunidagi “4 540” raqami “4 529” raqami bilan almashtirilsin;
(b) quyidagi mazmundagi 8-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-383-son qarorida:
(a) 3-banddagi “20” raqami “21” raqami bilan almashtirilsin;
(b) 10-bandda:
(i) “a” kichik bandning “i” xatboshisidagi “konsepsiya” soʻzi “dastur” soʻzi bilan almashtirilsin;
(ii) “b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(b) 2026-yil yakuniga qadar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida hududiy markazlar faoliyatini monitoring qilish imkoniyatini yaratsin”;
(v) 2a-ilova quyidagi mazmundagi 91-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
