Koʻmir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (418-son)
30.07.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Mahalliy koʻmir narxlarini erkinlashtirish orqali sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, koʻmir qazib chiqarish hamda yetkazib berishning erkin bozor tamoyillariga asoslangan tizimini bosqichma-bosqich shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoniga asosan qazib chiqariladigan koʻmirning ulgurji va chakana narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish belgilangani;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻmir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 26-maydagi PQ-203-son qaroriga muvofiq:
2026-yil 1-iyundan boshlab koʻmir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti bekor qilingani;
iqtisodiyotning real sektori va boshqa isteʼmolchilarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning koʻmir mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish. Bunda respublikadagi issiqlik elektr stansiyalari va yirik isteʼmolchilarga (oyiga 50 ming tonna va undan ortiq) “taklif soʻrovi” tartib-taomiliga asosan har hisobot davridagi oʻrtacha birja narxlarida koʻmir mahsulotini xarid qilishga ruxsat berilgani;
aholi va budjet tashkilotlarini koʻmir mahsuloti bilan barqaror taʼminlash uchun koʻmir qazib chiqaruvchilar mahsulotini birja savdolarida alohida savdo maydoncha tashkil etgan holda yetkazib beruvchi korxonalarga sotish;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning koʻmir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam ajratish;
respublikaning barcha hududlari uchun, tashish masofasidan qatʼi nazar, aholi va budjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan mahalliy koʻmirni temir yoʻlda tashishning yagona tarifini tatbiq qilish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
iqtisodiyotning real sektori va boshqa isteʼmolchilarga — mahalliy ishlab chiqaruvchilarning koʻmir mahsulotlari qonunchilikda belgilangan tartibda tovar-xomashyo birjalari (keyingi oʻrinlarda — birja) orqali sotiladi. Bunda respublikadagi issiqlik elektr stansiyalariga va yirik isteʼmolchilarga (oyiga 50 ming tonna va undan ortiq) “taklif soʻrovi” tartib-taomiliga asosan har oy uchun hisobot davridan keyingi oyning beshinchi sanasida shakllangan oʻrtacha birja narxlarida koʻmir mahsulotini xarid qilishga ruxsat beriladi;
aholi va budjet tashkilotlarini koʻmir mahsuloti bilan barqaror taʼminlash uchun koʻmir qazib chiqaruvchilar mahsuloti birja savdolarida alohida savdo maydoncha tashkil etgan holda yetkazib beruvchi taʼminot korxonalariga sotiladi;
2026-2027-yillarda aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻshimcha moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida “mycoal.uz” interaktiv portali va uning mobil ilovasi orqali (keyingi oʻrinlarda — interaktiv portal) koʻmir sotib olgan va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun bir kalendar yil davomida xarid qilingan har bir tonnaga 300 ming soʻm hisobidan, biroq 600 ming soʻmdan oshmagan miqdorda mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan sxemaga asosan kompensatsiya toʻlab beriladi;
koʻmir mahsulotini interaktiv portal orqali sotish Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi tomonidan tartibga solinadi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu qarorning 2-bandi bilan belgilanayotgan kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan 2026-2027-yillarda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zarur mablagʻlar ajratsin.
Bunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning interaktiv portaldan koʻmir sotib olingani tasdiqlangandan soʻng ajratilayotgan mablagʻlar oilalarning ijtimoiy karta yoki bank plastik kartasiga oʻtkazib berilishini taʼminlansin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) aholi va budjet tashkilotlariga koʻmir yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyektlari roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tuziladi va interaktiv portalda shakllanadigan reyting asosida ularga birja savdolarida qatnashishga avtomatik tarzda ruxsat beriladi;
b) koʻmir mahsuloti tadbirkorlik subyektlari tomonidan isteʼmolchilarga quyidagi tartibda yetkazib beriladi:
budjet tashkilotlariga boshlangʻich narxni pasaytirish usulida oʻtkaziladigan davlat xaridlari elektron savdolari natijalariga koʻra;
aholi xonadonlariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida. Bunda aholi interaktiv portalda roʻyxatdan oʻtadi;
aholi koʻmirning sifati va narxi boʻyicha eng maqbul taklif asosida tegishli hududdagi tadbirkorlik subyektini tanlab buyurtmani shakllantiradi;
interaktiv portalda aholi uchun koʻmirni markazlashgan tartibda tarqatish punktining aniq manzilli va yetkazib berish muddatlari koʻrsatiladi;
interaktiv portalda aholiga buyurtma shakllantirish jarayonida oʻz xohishiga koʻra koʻmir mahsulotini yashash yoki boshqa manzilgacha yetkazib berish yoki umumiy tarqatish punktidan olib ketish xizmatini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Agar tadbirkorlik subyekti koʻmir mahsulotini yetkazib berish muddatini oʻzgartiradigan boʻlsa, interaktiv portal orqali bu haqida buyurtmachiga maʼlum qiladi. Bunda buyurtmachi koʻmir yetkazib berishni yangi sanasiga rozi boʻlmasa, unga buyurtmani bekor qilish huquqi beriladi;
v) joriy kuz-qish mavsumi davomida taʼminotchini tanlash imkoniyatiga ega boʻlmagan aholi va budjet tashkilotlariga “Koʻmir taʼminot” MCHJ tomonidan koʻmir kafolatlangan tarzda yetkazib beriladi (sotiladi);
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman (shahar) hokimliklari aholi va budjet tashkilotlarini koʻmir bilan taʼminlash uchun javobgar hisoblanadi.
5. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi:
a) ustun mavqega ega korxonalar tomonidan qazib chiqarilgan koʻmirning narxi raqobat sharoitida shakllanadigan narxdan asossiz yuqori darajada belgilanmasligini;
aholi va budjet tashkilotlariga koʻmirni yetkazib berish uchun masʼul boʻlgan tadbirkorlar tomonidan birjada sotib olgan mahalliy koʻmir uchun ortiqcha ustama (ortiqcha xarajatlar) qoʻllanmasligini;
koʻmir bozorida iqtisodiy konsentratsiya boʻyicha davlat nazorati oʻrnatilishini;
b) har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning yigirma beshinchi sanasiga qadar ulgurji va chakana bozorda koʻmir narxlari, hududlar kesimida shakllangan narxlar, ustun mavqeyidan foydalanish holatlari va iqtisodiy konsentratsiyasi boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni tayyorlab, Vazirlar Mahkamasi kiritib borilishini taʼminlasin.
6. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar ekologik vaziyatdan kelib chiqib, har yili import qilinadigan koʻmirga ekologik va sifat (kaloriyasi, namligi, kulliligi, tarkibidagi oltingugurt ulushi hamda boshqalar) talablari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
Bunda:
Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda import koʻmirni faqat temir yoʻl transportida respublika hududiga olib kirishni;
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi zaruratga koʻra tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda, respublika hududlarida koʻmir sifatini tekshirish boʻyicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishini nazarda tutsin.
7. Aholi va budjet tashkilotlariga koʻmir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Oʻzbekkoʻmir” AJning “Koʻmir taʼminot” MCHJ balansidagi aktivlarini (keyingi oʻrinlarda — aktivlar) belgilangan tartibda faoliyat yoʻnalishlaridan biri koʻmir savdosi bilan shugʻullanish sharti bilan, auksion savdolarida sotish va ushbu aktivlar sotilgandan keyin “Oʻzbekkoʻmir” AJ tomonidan “Koʻmir taʼminot” MCHJni belgilangan tartibda tugatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. Bunda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzbekkoʻmir” AJ bilan birgalikda ishchi guruh tuzgan holda, ikki oy muddatda “Koʻmir taʼminot” MCHJ balansidagi koʻchmas mulklarni xatlovdan oʻtkazsin hamda bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
koʻmir omborlari sotilgunga qadar aholi va budjet tashkilotlariga koʻmir yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida ushbu omborlar belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilishini va zarur hollarda “Oʻzbekkoʻmir” AJ tomonidan “Koʻmir taʼminot” MCHJning hududiy omborlaridan foydalangan holda, aholi va budjet tashkilotlariga koʻmirni toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishga ruxsat berilsin.
9. Belgilansinki:
a) auksion savdolarida aktivlarni sotib olgan tadbirkorlik subyektlari va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi oʻrtasida aksept shartnomasi imzolanadi;
ushbu qarorga 3-ilovada keltirilgan majburiyatlar bajarilmasa, aktivlarni xarid qilib olgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan aksept shartnomasi talablari bajarilmagan deb hisoblanadi hamda aktivlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga qaytarib olinadi;
b) ushbu qarorga muvofiq bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga oʻtkazilayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, shuningdek, ustav kapitalidagi aksiyalar va ulushlar qiymati, shu jumladan, ularni qayta tashkil etish va tugatish, aktivlarni sotish jarayonlari soliqqa tortishning barcha turlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
10. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tadbirkorlik subyektlari bilan tuziladigan aksept shartnomasida aholi va budjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumida koʻmir bilan kafolatli taʼminlash, koʻmirni qabul qilish, saqlash va yetkazib berish infratuzilmasi obyektlarining funksional maqsadi, loyihaviy quvvati hamda uzluksiz faoliyat koʻrsatishi boʻyicha majburiyatlarni kiritsin.
Bunda majburiyatlar aktivlarga bogʻlangan hisoblanishini, aktivlarga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, majburiyatlar yangi mulkdorga oʻtishini nazarda tutsin.
11. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi:
Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar koʻmirga boʻlgan oʻsib borayotgan talabni qondirish uchun 2035-yilga qadar koʻmir qazib chiqarish quvvatlarini eng kam xarajat hisobidan kengaytirish boʻyicha uzoq muddatli investitsiya dasturini ishlab chiqsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan birgalikda koʻmir qazib chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish tannarxini va ishlab chiqariladigan mahsulotlarga sarflanadigan energiya resurslari miqdorini kamaytirish choralarini koʻrib borsin.
12. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar, tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda hududlarda koʻmir narxi oshishi bilan bogʻliq muammolarni barvaqt aniqlab, joyida hal etib borish choralarini koʻrsin.
13. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda bir hafta muddatda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati boʻyicha ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng qamrovli targʻibot-tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Vazirlar Mahkamasining “Koʻmir uchun ulgurji-sotish narxlari ustamasining maxsus miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-martdagi 75-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-iyul,
418-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qaroriga 1-ILOVA
Aholiga koʻmirni yetkazib berish va ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya toʻlash tartibi
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qaroriga 2-ILOVA
Aholi va budjet tashkilotlariga koʻmir yetkazib berish chora-tadbirlarini amalga oshirish
“Yoʻl xaritasi”
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekkoʻmir” AJning “Koʻmir taʼminot” MCHJ balansidagi aktivlarini xususiylashtirish majburiyatlari
1. Aholi va budjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumida koʻmir bilan kafolatli va uzluksiz taʼminlash maqsadida xususiylashtirilgan koʻmir omborxonalari va ularning infratuzilma obyektlari barqaror faoliyat yuritishini davom ettirish.
2. Mahalliy koʻmir qazib chiqaruvchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda tovar-xomashyo birjalari savdolariga chiqariladigan koʻmirni xarid qilish, shuningdek, respublika hududlari ehtiyojidan kelib chiqib, uning zarur zaxiralarini shakllantirish hamda isteʼmolchilarga oʻz vaqtida yetkazib berish.
3. Xususiylashtirilgan koʻmir omborxonalari va ularning infratuzilma obyektlarining texnik sozligi, loyihaviy quvvati va funksional maqsadining saqlanishini taʼminlash.
4. Olis va borish qiyin boʻlgan hududlar, shuningdek, iqtisodiy jihatdan koʻmirni yetkazib berish rentabelligi past boʻlgan hududlardagi aholi va budjet tashkilotlariga koʻmirni kafolatli yetkazib berish.
5. Vakolatli davlat idoralarining koʻmir taʼminoti jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha yaratiladigan raqamli elektron platforma hamda koʻmir zaxiralari, harakati va isteʼmolchilarga yetkazib berish hisobini yuritish boʻyicha raqamli texnologiyalari va axborot tizimlariga integratsiya qilish.
6. Favqulodda vaziyatlar va ob-havo haroratining keskin pasayishi kuzatilgan davrlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha ehtiyojlarni qoplash uchun zarur zaxirani gʻamlash va qisqa muddatlarda yetkazib berish.
7. Koʻmirni saqlash, tashish va yetkazib berishda sanoat, ekologik va yongʻin xavfsizligi talablariga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa majburiy qoidalarga rioya etilishini taʼminlash.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Respublika isteʼmolchilariga koʻmir mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 29-sentabrdagi 551-son qarorida:
a) 3-band chiqarib tashlansin;
b) qarorga 2-ilova bilan tasdiqlangan Respublika aholisini koʻmir mahsulotlari bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisida nizomning “2-bob. Asosiy tushunchalar” boʻlimining 2-bandi oltinchi xatboshisidagi “koʻmir mahsulotining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan va” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi lozim boʻlgan tovarlar narxlarining (tariflarining) shakllanishi hamda qoʻllanilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 29-dekabrdagi 722-son qaroriga 2-ilovada:
a) 2-band chiqarib tashlansin;
b) 3 — 9-bandlar 2 — 8-bandlari deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 15-iyundagi 337-son qaroriga 5-ilova bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomning “1-bob. Umumiy qoidalar” boʻlimi 2-bandining oʻn birinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Temir yoʻl transportida yuk tashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 7-apreldagi 145-son qaroriga 1-ilovaning “Izoh” qismi quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Aholi va budjet tashkilotlari isteʼmoli uchun mahalliy koʻmirni ichki qatnovda temir yoʻl transporti orqali “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ stansiyalaridan/stansiyalarigacha tashishda, tashish masofasidan qatʼi nazar, 2026-yil 1-iyuldan boshlab 1 tonna koʻmirni tashish uchun 87 500 soʻm (QQSsiz) miqdorida yagona tarif qoʻllanadi”.
