Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3906-son)
24.07.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH AGENTLIGI DIREKTORINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 24-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3906]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2026-yil 1-iyul,
95-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. JUMANAZAROV
2026-yil 19-iyun
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 19-may
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 1-iyuldagi 95-son buyrugʻiga ILOVA
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, sud, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati organlariga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi — davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyatini belgilangan mezonlar asosida baholash va sertifikatlashtirish tizimi;
sertifikat — korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi mezonlariga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat;
ishchi guruh — davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi), davlat organlari va tashkilotlarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (bundan buyon matnda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari deb yuritiladi) xodimlari, tegishli taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari, ekspertlar va mutaxassislardan iborat tarkibda shakllantiriladigan guruh;
baholash dasturi — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi mezonlari asosida baholash uchun belgilangan talablar majmui.
2. Korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga koʻra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi.
3. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafikka muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
4. Agentlik davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etishga masʼul davlat organi hisoblanadi.
2-bob. Sertifikatlashtirishni oʻtkazishga tayyorgarlik va uni tashkil etish
5. Davlat organlari va tashkilotlarida joriy etilgan korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi doirasida ularning korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyati baholanadi va baholash natijalariga koʻra sertifikatlashtiriladi.
Bunda sertifikatlashtirish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Agentlik tomonidan reja-grafikni ishlab chiqish va tasdiqlash;
ishchi guruhni shakllantirish va uning tarkibini tasdiqlash;
sertifikatlashtirish hajmi va maqsadlaridan kelib chiqib baholash dasturini tasdiqlash;
baholash dasturiga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyatini masofadan turib va (yoki) joyiga chiqqan holda baholash;
baholash natijalari boʻyicha ishchi guruh xulosasini tayyorlash;
sertifikatlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
6. Reja-grafik Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari eʼlon qilinganidan soʻng, har yili mart oyida Agentlik tomonidan tasdiqlanadi hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboriladi.
7. Dastlabki bosqichda reja-grafik ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq quyidagi asoslardan kelib chiqib shakllantiriladi:
birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra faoliyati “qoniqarsiz” deb baholanganligi;
korrupsiyaga oid jinoyatchilik darajasining oʻtgan yilga nisbatan oshganligi;
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan aholi oʻrtasida oʻtkazilgan sohaga oid soʻrovnoma natijalariga koʻra, aholining mazkur soha faoliyatidan noroziligi aniqlanganligi;
korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori boʻlishi.
Yuqorida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlmagan hollarda, davlat organlari va tashkilotlari bosqichma-bosqich sertifikatlashtirishdan oʻtkaziladi.
8. Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyatini baholash uchun ishchi guruh reja-grafikda belgilangan baholash muddati boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin Agentlik direktorining buyrugʻiga asosan Agentlik xodimlari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari, tegishli taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari, shuningdek ekspertlar va mutaxassislardan iborat tarkibda shakllantiriladi.
9. Faoliyati baholanayotgan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari ishchi guruh faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, shu jumladan uni zarur xonalar, moddiy-texnik va aloqa vositalari bilan taʼminlaydi hamda oʻz vakolati doirasida boshqa tashkiliy choralarni koʻradi.
10. Ishchi guruh Agentlikning masʼul tarmoq xodimi rahbarligida kamida yetti nafardan iborat toq sonli tarkibda shakllantiriladi.
11. Ishchi guruhning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan mezonlardan kelib chiqib baholash dasturini ishlab chiqish;
davlat organi va tashkiloti faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hamda ichki hujjatlarni oʻrganish;
baholash uchun zarur maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish;
xodimlar bilan suhbatlar oʻtkazish;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
12. Ishchi guruh rahbari ishchi guruh aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi hamda baholash jarayoniga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
13. Baholash jarayonining qonuniy, xolis va adolatli amalga oshirilishi uchun ishchi guruh rahbari masʼul hisoblanadi.
3-bob. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini baholash va sertifikatlashtirish
14. Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyati ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan baholash dasturiga muvofiq baholanadi.
15. Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyati baholash dasturiga muvofiq ishchi guruh aʼzolari tomonidan masofadan turib va (yoki) joyiga chiqqan holda oʻrganiladi.
16. Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish sohasidagi faoliyatini baholash baholash dasturiga asosan ularning funksional xususiyatlaridan kelib chiqib, koʻpi bilan 14 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
17. Baholash dasturi quyidagi mezonlar asosida ishlab chiqiladi:
birinchi yoʻnalish — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, bunda:
rasmiy veb-saytning ishchi holatda boʻlishi;
ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilish boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar va muddatlarga rioya qilinishi;
ikkinchi yoʻnalish — davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik kengashlari faoliyati orqali jamoatchilik nazoratini taʼminlash, bunda:
jamoatchilik kengashining tashkil etilganligi, uning tarkibi va aʼzolari sonining belgilangan talablarga muvofiqligi hamda tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining ishtiroki;
jamoatchilik kengashi tomonidan rasmiy tarzda kiritilgan taklif va tavsiyalarning amaliyotga joriy etilganligi;
jamoatchilik kengashi faoliyati uchun zarur moddiy-texnik va tashkiliy sharoitlar yaratilganligi;
jamoatchilik kengashi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi;
uchinchi yoʻnalish — korrupsiyaviy xavflarni boshqarish tizimining samaradorligi, bunda:
normativ-huquqiy hujjatlar hamda ichki idoraviy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilganligi;
inson omilini qisqartirish va davlat tashkiloti faoliyatining (vazifa va funksiyalarining) raqamlashtirilganligi, shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratining yoʻlga qoʻyilganligi;
davlat organi va tashkiloti faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) tartibga solish choralarining koʻrilganligi;
davlat organi va tashkiloti xodimlari va jismoniy shaxslar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqaning maksimal darajada cheklanganligi;
rasmiy veb-sayt va boshqa ommaviy axborot vositalarida davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning joylashtirilganligi;
davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonining soddalashtirilganligi, asossiz cheklovlarning, ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarning bekor qilinganligi;
toʻrtinchi yoʻnalish — xodimlarning xizmat faoliyatiga oid hamda xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, bunda:
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylik, adolatlilik va shaffoflikni taʼminlash choralarining koʻrilganligi;
davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazadigan hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlar (harakatsizlik) ustidan samarali ichki nazoratning yoʻlga qoʻyilganligi;
davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan taʼsir oʻtkazishning oldini oluvchi choralarning belgilanganligi;
xodimlar tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar va boshqa suiisteʼmolchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarining koʻrilganligi;
beshinchi yoʻnalish — manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish mexanizmlarining joriy etilganligi, bunda:
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning muntazam toʻldirilishi hamda manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestrining mavjudligi;
yaqin qarindoshlarning bevosita boʻysunuv munosabatlarida ishlashi (davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimlar bundan mustasno) hamda fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha aloqador shaxslarni jalb etish bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldini olish choralarining koʻrilganligi;
biri boshqasiga boʻysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratida boʻlgan tashkilotlarda oʻrindoshlik asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldini olish choralarining koʻrilganligi;
xodimning tijorat tashkilotlarining taʼsischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) boʻlishi bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldini olish choralarining koʻrilganligi, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomaladagi aksiyalarining oʻn foizigacha egalik qilish hollari mustasno;
xodimning oʻzi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki tashkiloti nazoratidagi tadbirkorlik subyektining aksiyalari yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilishi bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldini olish choralarining koʻrilganligi;
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha boshqa tashkiliy va huquqiy choralarning belgilanganligi;
oltinchi yoʻnalish — korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki mexanizmlarning joriy etilganligi, bunda:
korrupsiya toʻgʻrisida xabar berish uchun moʻljallangan aloqa kanallarining ishlashi hamda korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni koʻrib chiqish tartibining joriy etilganligi;
sovgʻalarni qabul qilish, hisobga olish va tasarruf etish tartibining amaliyotga joriy etilganligi;
korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring qilish va nazorat qilish boʻyicha rejalashtirilgan tadbirlarning bajarilganligi;
budjet, budjetdan tashqari hamda boshqa mablagʻlardan foydalanish ustidan ichki nazorat tadbirlarining amalga oshirilganligi;
korrupsiyaga oid jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ularning sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni, shu jumladan maishiy korrupsiyani bartaraf etish choralarining koʻrilganligi;
aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilganligi;
korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish kafolati yetarliligi;
yettinchi yoʻnalish — korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatining samaradorligi, bunda:
korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmasining shtat birliklari soni davlat organi va tashkilotining shtat birliklari hamda faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqib shakllantirilganligi, shuningdek uning zarur moddiy-texnik va boshqa resurslar bilan taʼminlanganligi;
korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmasi faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirilganligi.
18. Baholash dasturida nazarda tutilgan mezonlar davlat organi yoki tashkilotining tashkiliy-huquqiy shakli, vazifa va funksiyalari xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan mezon boʻyicha baholashni amalga oshirish obyektiv sabablarga koʻra imkoni mavjud boʻlmagan hollarda, ushbu mezon mazkur davlat organi yoki tashkilotiga nisbatan “qoʻllanilmaydi” deb belgilanishi mumkin.
Bunda “qoʻllanilmaydi” deb belgilangan mezon qonunchilik hujjatlari, davlat organi yoki tashkilotining ustavi, nizomi, vazifa va funksiyalari yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlar asosida baholash boshlanishidan oldin ishchi guruh tomonidan asoslantiriladi.
19. Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq baholash dasturida nazarda tutilgan mezonlar asosida 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda baholash natijalariga koʻra ularning faoliyati “yaxshi”, “qoniqarli” yoki “qoniqarsiz” deb baholanadi.
20. Baholash natijalariga koʻra davlat organlari va tashkilotlari faoliyati quyidagicha baholanadi:
81 balldan 100 ballgacha — “yaxshi”;
55 balldan 81 ballgacha — “qoniqarli”;
55 balldan kam — “qoniqarsiz”.
21. Yakuniy ball baholash dasturida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha toʻplangan ballar yigʻindisi asosida aniqlanadi. Bunda har bir yoʻnalish boʻyicha eng yuqori ball quyidagicha belgilanadi:
birinchi yoʻnalish — 14 ball;
ikkinchi yoʻnalish — 14 ball;
uchinchi yoʻnalish — 16 ball;
toʻrtinchi yoʻnalish — 14 ball;
beshinchi yoʻnalish — 14 ball;
oltinchi yoʻnalish — 14 ball;
yettinchi yoʻnalish — 14 ball.
22. Har bir yoʻnalish boʻyicha maksimal ball mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan baholash yoʻnalishlari va indikatorlari boʻyicha belgilangan ballar yigʻindisi asosida aniqlanadi.
23. Baholash dasturida bir yoki bir nechta mezon “qoʻllanilmaydi” deb belgilangan taqdirda, yakuniy ball quyidagi formula asosida hisoblanadi:
YAB = (TB / MB) × 100
Bunda:
YAB — yakuniy ball;
TB — mezonlar boʻyicha toʻplangan ballar yigʻindisi;
MB — mezonlar boʻyicha maksimal ballarning yigʻindisi.
24. Baholash natijalari boʻyicha tayyorlangan hujjatlar va ishchi guruh xulosasi ishchi guruh rahbari tomonidan imzolanadi hamda sertifikatlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun shu kunning oʻzida Agentlikka kiritiladi.
Bunda ishchi guruh xulosasi faoliyati baholanayotgan davlat organi yoki tashkilotining birinchi rahbariga tanishtiriladi. Eʼtirozlar bildirilgan taqdirda, ular xulosada aks ettiriladi.
25. Baholash natijalari boʻyicha tayyorlanadigan ishchi guruh xulosasida har bir mezon boʻyicha ishchi guruh aʼzolari tomonidan berilgan ballarning oʻrtacha arifmetik qiymati asosida hisoblangan yakuniy ball koʻrsatiladi.
Bunda har bir indikator boʻyicha belgilangan talab toʻliq bajarilgan taqdirda mazkur indikator uchun nazarda tutilgan maksimal ball, talab bajarilmagan taqdirda esa nol ball qoʻyiladi.
26. Baholash natijalariga koʻra faoliyati “yaxshi” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlariga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat Agentlik tomonidan beriladi. Sertifikat uch yil muddat davomida amal qiladi.
Ishchi guruh xulosasiga asosan faoliyati “qoniqarli” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 oydan oshmagan muddat beriladi.
Bunda belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etgan davlat organlari va tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etilganligi toʻgʻrisida sertifikat taqdim etiladi.
27. Faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan, shuningdek, “qoniqarli” deb baholanib, aniqlangan kamchiliklarni belgilangan qoʻshimcha muddatlarda bartaraf etmagan davlat organlari va tashkilotlari toʻgʻridan-toʻgʻri sertifikat olmagan deb baholanadi. Bunday holat tashkilot rahbarlariga nisbatan tizim joriy etilgan kunga qadar ragʻbatlantirish xususiyatiga ega barcha toʻlovlarni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
28. Korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etilganligi toʻgʻrisida beriladigan sertifikat faoliyati baholangan davlat organi va (yoki) tashkilotining markaziy apparati va hududiy boʻlinmalariga nisbatan tatbiq etiladi, bundan davlat organi va (yoki) tashkiloti huzuridagi tashkilotlar mustasno.
4-bob. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
29. Apellyatsiyani koʻrib chiqish uchun Agentlik direktorining buyrugʻi bilan kamida besh nafar aʼzodan iborat Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasiga Agentlik direktori raislik qiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kelishuv asosida boshqa davlat organlari va tashkilotlarining mutaxassislari, shuningdek mustaqil ekspertlar jalb etilishi mumkin.
Faoliyatni baholashda bevosita ishtirok etgan ishchi guruh aʼzolari, baholash materiallarini tayyorlagan shaxslar, shuningdek apellyatsiya natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor shaxslar Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilmaydi.
30. Baholash natijalaridan norozi boʻlgan davlat organi yoki tashkiloti baholash yakunlari boʻyicha ishchi guruh rahbari tomonidan imzolangan tegishli xulosa sanasidan boshlab oʻttiz kalendar kun ichida Agentlikka yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya berish huquqiga ega.
31. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya bergan davlat organi yoki tashkilotini apellyatsiya koʻrib chiqilishidan kamida ikki kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
32. Apellyatsiyani koʻrib chiqish muddati u Agentlikda roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida, apellyatsiya shikoyati bergan davlat organi yoki tashkiloti rahbari yoki uning vakolatli vakili ishtirokida koʻrib chiqilishi lozim.
33. Apellyatsiya komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Qaror majlisda ishtirok etgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
34. Apellyatsiya komissiyasi eʼtiroz bildirilgan mezonlar boʻyicha baholash materiallari, taqdim etilgan dalillar va ballarni hisoblashning toʻgʻriligini tekshiradi. Apellyatsiyani koʻrib chiqish jarayonida yangi baholash mezonlarini qoʻllashga, qayta baholashga qaratilgan savollar berishga, shuningdek apellyatsiya bergan davlat organi yoki tashkilotining joriy ballari yoki umumiy natijasini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasining quyidagi qarorlaridan biri qabul qilinadi:
baholash natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
baholash natijalarini oʻzgartirish va apellyatsiyani qanoatlantirish.
36. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bayonnomada majlis oʻtkazilgan sana va joy, ishtirok etgan komissiya aʼzolari, apellyatsiyaning mazmuni, oʻrganilgan materiallar va dalillar, ovoz berish natijalari, qabul qilingan qaror va uning asoslari, shuningdek qaror ustidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatiladi.
37. Apellyatsiya komissiyasining qarori apellyatsiya bergan davlat organi yoki tashkilotiga qaror qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilinadi, qaror va bayonnomaning koʻchirma nusxasi esa bir ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda yuboriladi.
38. Apellyatsiya komissiyasining qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
39. Baholash jarayonida taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi yuzasidan javobgarlik baholash oʻtkazilayotgan davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga yuklanadi.
40. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish boʻyicha tasdiqlanadigan reja-jadvalning
NAMUNAVIY SHAKLI
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Baholash yoʻnalishlari hamda indikator koʻrsatkichlarining
NAMUNAVIY SHAKLI
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 10/26/3906/0782-son)
