6-modda. Hududiy kompensatsiya jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida (O‘RQ-1161-son) · Sana: 27.07.2026 · Amalda
Hududiy kompensatsiya jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarining oʻn besh foizidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni elektron savdo platformasida realizatsiya qilishdan kelib tushgan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining maxsus gʻazna hisobvaraqlariga qoʻshimcha manbalar sifatida oʻtkaziladigan mablagʻlar;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarining bir qismi;
mahalliy budjet parametrlarida moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash uchun nazarda tutilgan mablagʻlar;
davlat organidan regress tartibida undirilgan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik va xayriya yordami tarzidagi mablagʻlari;
davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar (hududiy kompensatsiya jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladigan qismi);
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Mahalliy budjet parametrlarida moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash uchun nazarda tutilgan hamda davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar (hududiy kompensatsiya jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladigan qismi) faqat moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash uchun yoʻnaltiriladi.
Hududiy kompensatsiya jamgʻarmalariga kelib tushgan mablagʻlar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmalarida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
