2-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida (O‘RQ-1161-son) · Sana: 27.07.2026 · Amalda
Ushbu Qonun davlat organlarining, ular tarkibiy va hududiy boʻlinmalarining yoki mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashda yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar, bojxona organlari xodimlarining va harbiy xizmatchilarning gʻayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli hamda davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, shuningdek terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda, favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar natijasida yoxud bunday holatlarga chek qoʻyish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha choralar qoʻllanilishi munosabati bilan jabrlangan shaxslarga hamda yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi alohida qonunlar bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlarining oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish va vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq qarorlari, harakatlari yoxud harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mansabdor shaxslar va boshqaruv xodimlariga nisbatan regress huquqi qoʻllanilmaydi hamda zararning oʻrnini qoplash tartibi alohida qonun bilan belgilanadi.
