15-modda. Zarar yetkazgan shaxsga nisbatan regress huquqi
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida (O‘RQ-1161-son) · Sana: 27.07.2026 · Amalda
Zararning oʻrni sud qarori asosida hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari hisobidan qoplab berilganda va keyinchalik zarar yetkazgan aybdor shaxsga nisbatan qonunga muvofiq regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs faoliyat yuritayotgan yoki muqaddam ishlagan davlat organiga talabnoma kiritadi.
Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabnomani olgan davlat organi uch ish kuni ichida mablagʻlarni oʻzining budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan tegishli kompensatsiya jamgʻarmasiga toʻliq miqdorda oʻtkazib beradi va ushbu mablagʻlarni aybdor shaxsdan regress tartibida undirish choralarini koʻradi.
Davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari va xarajatlar smetasining tegishli moddasi boʻyicha budjetdan ajratilgan mablagʻlar qoldigʻi yetarli boʻlmagan taqdirda, davlat organi xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi hamda mablagʻlarni belgilangan muddatda oʻtkazib beradi.
Zararning oʻrnini qoplash uchun oʻtkazib berilgan mablagʻlar aybdor shaxs tomonidan ixtiyoriy ravishda qaytarilmagan taqdirda, davlat organi ushbu mablagʻlarni aybdor shaxsdan sud tartibida undiradi.
