Sport maktablari faoliyatini tizimli tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (407-son)
24.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida” 2024-yil 18-dekabrdagi PQ-443-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-dekabrdagi PQ-443-son qaroriga muvofiq:
a) hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etilgani;
b) sport maktablarida Sport vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorda ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi kiritilgani;
v) mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlarga oʻzi tayyorlayotgan sportchilarni “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati yaratilgani, bunda:
mazkur trenerlarga oʻzini oʻzi band qilish huquqi berilishi;
trenerlar oʻz hududidagi sport maktabiga biriktirilishi;
trenerlarga tegishli moliya yili uchun sport maktabiga ajratilgan mablagʻlar doirasida ijtimoiy buyurtmani bajarganlik uchun ularni ragʻbatlantirish tizimi joriy etilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
har kalendar yil yakuniga qadar hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasini tahlil qilgan holda, sport turlariga ixtisoslashtiriladigan sport maktablari roʻyxati va ularda rivojlantiriladigan sport turlari qayta koʻrib chiqiladi;
sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari hamda koʻrsatgan sport natijalari uchun har oyda qoʻshimcha ustamalar toʻlab boriladi;
sport maktabiga biriktirilgan oʻzini oʻzi band qilgan trenerlar tegishli moliya yili uchun sport maktabiga ajratilgan mablagʻlar doirasida ijtimoiy buyurtmani bajarish sharti bilan, sport maktabi treneri uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida ragʻbatlantirib boriladi.
3. Quyidagilar:
Sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari hamda koʻrsatgan sport natijalari uchun har oyda toʻlanadigan ustamalar miqdori 1-ilovaga muvofiq;
Mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan holda, oʻzini oʻzi band qilgan trenerlarni sport maktabiga biriktirish hamda ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Sport vazirligi ikki oy muddatda:
sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish tartibi va mezonlarini tasdiqlasin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda sport maktablarining namunaviy shtat birliklarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan holda, oʻzini oʻzi band qilgan trenerlarni oʻz hududidagi sport maktabiga ixtiyoriy ravishda biriktirsin;
mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan holda, oʻzini oʻzi band qilgan trenerlarga oʻzi tayyorlayotgan sportchilarni “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini yaratsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga “Mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlar” faoliyat turi kiritilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyul,
407-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyuldagi 407-son qaroriga 1-ILOVA
Sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari hamda koʻrsatgan sport natijalari uchun har oyda toʻlanadigan ustamalar
MIQDORI
Izoh.
1. Har oyda toʻlanadigan ustamalarni hisoblashda ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga unga biriktirilgan mahallalar bilan bogʻliq koʻrsatkichlar asosida va direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosariga tegishli tuman (shahar) koʻrsatkichlari inobatga olinadi.
Bunda sport maktabi soni ikki va undan ortiq boʻlgan tuman (shahar)da direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosariga ustamalar unga Sport vazirligi tomonidan biriktirib beriladigan mahallalar koʻrsatkichlarining umumiy yigʻindisidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
2. “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa ommaviy sport musobaqalari bilan qamrab olinadigan aholi ulushi (I boʻlim), shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarida qamrab olingan aholi ulushini (III boʻlim) aniqlashda mahallada yashovchi aholi soni Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan yil boshida eʼlon qilinadigan demografik maʼlumotlar hamda ommaviy sport bilan qamrab olinganlar va sport sinovlari ishtirokichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Sport vazirligining “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi asosida hisoblanadi.
3. Ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga biriktirilgan mahallalar boʻyicha umumiy koʻrsatkichlar asosida tegishli mezonlar oraligʻidagi bir birlik qamrov uchun I boʻlimning barcha pozitsiyalari va III boʻlimning 1 va 2-pozitsiyalari boʻyicha 2 (ikki) foizdan va III boʻlimning 3 va 4-pozitsiyalari boʻyicha 3 (uch) foizdan, biroq har bir boʻlim boʻyicha 50 foizdan oshmagan miqdorda ustama belgilanadi. Bunda ustamalarning jami miqdori belgilangan bazaviy tarif stavkasining 200 foizidan oshmagan miqdorda toʻlanadi.
4. Direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosariga tuman va shahar umumiy koʻrsatkichlari (yoki sport maktabi soni ikki va undan ortiq boʻlgan tuman va shaharda Sport vazirligi tomonidan biriktirib beriladigan mahallalar koʻrsatkichlarining umumiy yigʻindisi) asosida tegishli mezonlar oraligʻidagi bir birlik qamrov uchun I boʻlimning barcha pozitsiyalari va III boʻlimning 1 va 2-pozitsiyalari boʻyicha 2 (ikki) foizdan va III boʻlimning 3 va 4-pozitsiyalari boʻyicha 3 (uch) foizdan, biroq har bir boʻlim boʻyicha 60 foizdan oshmagan miqdorda ustama belgilanadi.
Bunda II boʻlim mezonlariga koʻra “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarida erishilgan natijalar boʻyicha 70 foizdan oshmagan miqdorda ustama belgilanadi. Barcha boʻlimlar boʻyicha ustamalarning jami miqdori belgilangan bazaviy tarif stavkasining 200 foizigacha boʻlgan miqdorda toʻlanadi.
5. Ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner hamda direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosariga “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarida erishilgan natijalar boʻyicha toʻlanadigan ustamalarni hisoblashda gʻolib va sovrindorlarning hisobot davridagi eng yuqori natijasi inobatga olinadi.
6. Sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari hamda koʻrsatgan sport natijalari uchun har oyda toʻlanadigan ustamalar miqdori belgilangan mezonlar boʻyicha erishilgan natija sanasidan keyingi oyning boshidan eʼtiboran belgilanadi va ushbu toifadagi navbatdagi (I, II va III boʻlimlarda nazarda tutilgan) sport tadbirlari oʻtkazilgunga qadar saqlab qolinadi. Bunda amaldagi natijalarga aholining demografik koʻrsatkichlari boʻyicha oʻzgarishlar taʼsir koʻrsatmaydi.
7. Direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosariga IV boʻlim boʻyicha ustamalar miqdori — ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlar uchun belgilangan koʻrsatkichlarni mavjud trener-seleksionerlar soniga nisbatan mutanosib hisoblash (koʻpaytirish) orqali aniqlanadi.
8. “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa ommaviy sport musobaqalari hamda sport sinovlari ishtirokchilari orasidan sport maktabiga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar boʻyicha ustamalar ular sport maktabidagi mashgʻulotlarga qatnashgan davri uchun amal qiladi. Bunda seleksiya qilingan sportchi-oʻquvchi uchun ustama toʻlashning maksimal davri 12 (oʻn ikki) oyni tashkil qiladi.
9. Ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner hamda direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosariga ustamalarni toʻlash Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyuldagi 407-son qaroriga 2-ILOVA
Mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan holda oʻzini oʻzi band qilgan trenerlarni sport maktabiga biriktirish hamda ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan holda oʻzini oʻzi band qilgan trenerlarni sport maktabiga biriktirish hamda ularni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi;
“ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi (keyingi oʻrinlarda — “ERP sport” tizimi) — sport maktablariga biriktirilgan trenerlar ish faoliyatini monitoring qilish, natijalarni avtomatik ravishda kuzatib borish va qayd etish axborot tizimi;
“Fase ID” tizimi — trenerlar va sport bilan shugʻullanuvchilarning kunlik davomatini yuzini tanish orqali elektron monitoring qilib borish axborot tizimi;
trener — trenerlik faoliyati boʻyicha malaka oshirganlik haqidagi sertifikatga ega boʻlgan holda, mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etish orqali muayyan sport turi boʻyicha taʼlim dasturi asosida bevosita taʼlim beruvchi va sportchilarni tayyorlovchi mutaxassis;
sport inshooti — sport tadbirlari va ommaviy sport tadbirlarini, sport turlari boʻyicha oʻquv-mashq mashgʻulotlari va oʻquv-mashq yigʻinlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan, belgilangan norma va talablarga javob beradigan yopiq yoki ochiq tipdagi ixtisoslashtirilgan inshoot.
4. Trenerlar tomonidan sport toʻgaragidagi oʻquv guruhlarida shugʻullanayotgan sportchilarni “ERP sport” tizimidan roʻyxatdan oʻtkazish majburiy hisoblanadi.
2-bob. Trenerlarni sport maktabiga biriktirish tartibi
5. Mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan holda oʻzini oʻzi band qilgan trenerlar ixtiyoriy ravishda har yili 20-avgustga qadar sport maktablariga ariza bilan murojaat qiladi.
Trenerlarning sport maktabiga biriktirish haqidagi arizasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
mahallada tashkil etgan sport toʻgaragining manzili, sport inshootining maydoni va sigʻimi;
sport toʻgaragidagi mavjud sport turlari (tarmoqlari);
sport toʻgaragida shugʻullanuvchi sportchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
trenerlik faoliyati boʻyicha malaka oshirganlik haqidagi sertifikat.
Trenerlar xizmatdan foydalanishdan bosh tortish huquqiga ega. Trenerlar xizmatdan foydalanishdan bosh tortganda, ularning arizasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
6. Sport maktabi ariza kelib tushgandan soʻng besh ish kuni ichida arizani oʻrganib chiqib, trenerlarni sport maktabiga biriktiradi.
Bunda har bir tuman (shahar)dagi sport maktabi koʻpi bilan 5 nafargacha trenerni biriktirish huquqiga ega.
7. Sport maktabiga biriktirish haqida 5 nafardan ortiq trenerdan ariza kelib tushgan taqdirda, nomzodlar vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibga muvofiq saralab olinadi.
8. Sport maktabi tomonidan oʻquv yili boshlangunga qadar sport maktabiga biriktirilgan trener toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “ERP sport” tizimiga kiritiladi.
“ERP sport” tizimiga biriktirilgan trener toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oʻz vaqtida kiritilishi hamda haqqoniyligi uchun sport maktablari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
9. Sport maktabiga biriktirilgan trenerlar tomonidan sport toʻgaragidagi oʻquv guruhlarida shugʻullanadigan sportchilar soni va oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
10. Quyidagilar trenerlar tomonidan sport toʻgaraklarida oʻquv-mashgʻulot jarayonlarini tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
guruhlarda va yakka tartibda oʻquv-mashq mashgʻulotlari va nazariy mashgʻulotlar oʻtkazish;
oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish;
tiklash, profilaktika va sogʻlomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, sportchilarni tibbiy-biologik tekshirish, pedagogik test sinovidan oʻtkazish;
sportchilarning turli darajadagi sport musobaqalarida ishtirokini taʼminlash;
sport-sogʻlomlashtirish oromgohlarida sportchilar bilan mashgʻulot oʻtkazish;
yetakchi sportchilar ishtirokidagi oʻquv mashgʻulotlari hamda sport musobaqalarining videoyozuvlarini koʻrish va tahlil qilish;
sportchilarning instruktorlik va hakamlik amaliyotini oʻtkazish.
11. “Fase ID” tizimi orqali trenerlar tomonidan sport bilan shugʻullanuvchilarning kunlik davomati “ERP sport” tizimiga kiritib boriladi.
Bunda “ERP sport” tizimida maʼlumotlar asosida sport bilan shugʻullanuvchilarning kunlik davomati koʻrsatkichlari avtomatik tarzda shakllanib boradi.
12. “ERP sport” tizimiga sport bilan shugʻullanuvchilarning kunlik davomati haqidagi maʼlumotlarning oʻz vaqtida kiritilishi hamda haqqoniyligi uchun trenerlar shaxsan javobgar hisoblanadi.
Sport toʻgaragida shugʻullanuvchi sportchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda trenerlar tomonidan ikki ish kuni ichida maʼlumotlarni oʻzgartirish majburiy hisoblanadi.
3-bob. Trenerlarni ragʻbatlantirish tartibi
13. Trenerlarni ragʻbatlantirish tegishli moliya yili uchun sport maktabiga ajratilgan mablagʻlar doirasida joriy oʻquv yili uchun amalga oshiriladi.
14. Trenerlar quyidagi ijtimoiy buyurtmani bajarish sharti bilan sport maktabi treneri uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida har oy ragʻbatlantirib boriladi:
vakolatli organ tomonidan belgilangan miqdor va meʼyorlar asosida sportchilarni tayyorlash;
“ERP sport” tizimida sportchilarni roʻyxatdan oʻtkazish;
sportchilarning kunlik davomatini “Fase ID” tizimi orqali elektron ravishda doimiy kiritib borish.
15. Trenerlarning koʻrsatkichlari ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq mezonlar asosida “ERP sport” tizimi orqali baholanadi.
16. Trenerning koʻrsatkichlarini baholash natijalari boʻyicha sport maktabi direktorining buyrugʻi bilan ragʻbatlantirish mablagʻlari har oyda trenerning ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda bank plastik kartasiga oʻtkazib boriladi.
4-bob. “ERP sport” tizimi va undan foydalanish tartibi
17. “ERP sport” tizimi markazlashtirilgan holda vakolatli organ tomonidan yuritiladi.
18. Vakolatli organ “ERP sport” tizimining doimiy ishlashini taʼminlash maqsadida:
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va trenerlar tomonidan “ERP sport” tizimida maʼlumotlar kiritilishini, yangilab borilishini hamda ularning himoyalanishini;
“ERP sport” tizimida maʼlumotlar asosida koʻrsatkichlarning shakllanishini hamda maʼlumotlarning oʻzaro almashinuvini;
avtomatlashtirilgan holda maʼlumotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash, umumlashtirish va foydalanuvchilarga “ERP sport” tizimi orqali maʼlumotlar taqdim qilinishini;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, “ERP sport” tizimining texnik va dasturiy vositalari uzluksiz ishlashini;
“ERP sport” tizimidan foydalanuvchilarni roʻyxatga olishni va ularning “ERP sport” tizimiga ulanishini taʼminlaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Vakolatli organ maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
20. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
