Buxoro shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida (402-son)
23.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buxoro shahrini kompleks rivojlantirish, qurilish ishlarini rejalashtirish, mazkur ishlarning sifati va darajasini oshirish, shaharning meʼmoriy-rejalashtirish qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga muvofiq Buxoro shahrining bosh rejasi “OʻzshaharsozlikLITI” bosh loyiha instituti davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — bosh loyiha tashkiloti) tomonidan ishlab chiqilgani;
Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasining asosiy yechimlari 1-ilovaga muvofiq;
Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Buxoro viloyati hokimligi:
a) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan qurilish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini rejalashtirishni hisobga olgan holda, Buxoro shahrining bosh rejasini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) ushbu qaror bilan tasdiqlangan Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasining asosiy yechimlariga muvofiq Buxoro shahri chegarasini oʻzgartirish yuzasidan iltimosnomani belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
v) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:
bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarida belgilangan koʻchalarning qizil chiziqlari doirasidagi maydonlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkalarining bosh rejaga zid ravishda egallab olinishini cheklash;
bosh rejaga asosan yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat zonasi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish, koʻkalamzorlashtirish va daraxt ekish uchun moʻljallagan rekreatsiya zonalarida boshqa maqsadlar uchun bosh rejaga zid ravishda obyektlarni joylashtirish hamda qurilish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida doimiy nazorat oʻrnatish;
bino va inshootlarni joylashtirishda tarixiy hudud va shaharning boshqa hududlarida joylashgan madaniy yodgorliklarning muhofaza zonalari talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash;
energiya tejamkor zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali suv taʼminoti, oqova suv, irrigatsiya, elektr energiyasi, gaz, issiqlik va telekommunikatsiyalar taʼminoti obyektlarini modernizatsiya qilish;
hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bogʻlarni rekonstruksiya qilish hamda yangilarini qurish orqali shaharning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash;
uy-joy, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat, sanʼat va dam olish obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish xamda kapital taʼmirlash hisobidan ijtimoiy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish;
ilmiy-gidrogeologik tadqiqotlar asosida sizot suvlar sathini pasaytirish boʻyicha shahar hududini muhandislik jihatidan tayyorlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
g) birinchi navbatda qurilish ishlari olib boriladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqsin hamda ularning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini tashkil etsin;
d) Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasining kompleks amalga oshirilishi yuzasidan mualliflik nazoratini oʻrnatish boʻyicha bosh loyiha tashkiloti bilan shartnoma imzolash, ishlarni bajarish va moliyalashtirish oʻz vaqtida tashkil etilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, investorlar va ijtimoiy soha muassasalari tomonidan kiritilgan takliflar (loyihalar) Buxoro shahrining bosh rejasiga ushbu obyektlarni joylashtirish maqsadida Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashida koʻrib chiqiladi va kelishiladi.
5. Buxoro viloyati hokimligi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:
Buxoro shahrining bosh rejasi va shaharning tarixiy markazi boʻyicha ishlab chiqilgan master-rejaga muvofiqlashtirilgan holda YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya orqali Umumjahon merosi markazi bilan;
kelgusida Buxoro shahrining bosh rejasini tayyorlash va unga qoʻshimchalar kiritish masalalari qatʼiy tarzda Madaniy meros agentligi hamda YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya orqali Umumjahon merosi markazi bilan;
Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buxoro shahrining tarixiy markazi va uning muhofaza hududida shaharning tarixiy qiyofasiga taʼsir qiladigan oʻzgartirish kiritmaslik va ayrim oʻzgarishlar kiritilishi nazarda tutilganda, oldindan YUNESKO bilan belgilangan tartibda hisobot tayyorlagan holda, kelishilishini taʼminlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining “2030-yil davrigacha Buxoro shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2007-yil 22-yanvardagi 19-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 23-iyul,
402-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-iyuldagi 402-son qaroriga 1-ILOVA
Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasining asosiy yechimlari
Buxoro shahrining bosh rejasida aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni prognozini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, hududlarning zonalashtirilishi va ularni qurish navbati, aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari, aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududlari nisbati, aholi punktini rivojlantirish uchun zaxira hududlar va chegaralar hamda aholi punktining iqtisodiy, sanoat va hududiy salohiyati, aholining koʻpayish surʼatini nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilangan.
Shaharsozlik va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda shaharning sanoat salohiyati, ishchi resurslari rivojlanishi, tabiiy-ekologik muhitning oʻzgarishi Buxoro viloyati va Buxoro shahrining shu sohalardagi rivojlanish yoʻnalishi bilan bogʻliq.
Buxoro shahrida 2043-yil oxiriga qadar (keyingi oʻrinlarda — hisob davri) quyidagilar rejalashtirilgan:
1. Aholi soni va hududi:
aholi soni oʻsishi — 289,19 ming kishidan hisob davrida — 385,0 ming kishiga;
shaharning hududi — 7 966,78 gektardan hisob davrida — 11 847,06 gektarga oʻzgaradi.
2. Uy-joy qurilishi va uy-joy fondi:
uy-joy fondi umumiy maydoni — 4 456,31 ming kv metrdan hisob davrida — 8 085,0 ming kv metrga;
uy-joy maydoni bilan taʼminlanish darajasi bir kishiga — 15,4 kv metrdan hisob davrida — 21,0 kv metrga;
uy-joy fondi qisqarishi hisob davrida — 114,66 kv metrni tashkil qiladi.
Hisob davrida uy-joy fondining qavatlar kesimida:
1-2 qavatli yakka tartibdagi uylar — 1 793,67 ming kv metrdan hisob davrida — 2 941,06 ming kv metrni;
2 qavatli kottej uylar — 16,67 ming kv metrdan hisob davrida — 576,04 ming kv metrni;
2-3 qavatli uylar — 176,7 ming kv metrdan hisob davrida — 129,55 ming kv metrni;
4-5 qavatli uylar — 2347,58 ming kv metrdan hisob davrida — 3 870,61 ming kv metrni tashkil qiladi.
5 — 9 qavatli uylar birinchi navbatda — 121,68 ming kv metrni va hisob davrida — 567,73 ming kv metrni tashkil qiladi.
3. Ijtimoiy sohada:
aholining ijtimoiy soha obyektlariga boʻlgan talabini amaldagi meʼyorlarga moslashtirish maqsadida soha koʻrsatkichlari quyidagi tarzda oʻzgaradi:
madaniy, maishiy va kommunal obyektlarni aholining ijtimoiy ehtiyojlariga va amaldagi meʼyorlarga javob beradigan darajaga yetkazish;
boʻsh hududlarda mavjud vaziyat bilan birgalikda markazni rivojlantirish, yangi jamoat majmualarini qurish. Bunda:
madaniy meros (arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat) yodgorliklari hamda diqqatga sazovor joylar hisob davrida — 448 tani;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari hisob davrida — 22 330 oʻrinni;
umumtaʼlim maktablari hisob davrida — 53 130 oʻrinni;
shifoxonalar hisob davrida — 9 552 oʻrinni;
poliklinikalar hisob davrida — 15 780 ta tashrifni;
doʻkonlar savdo maydoni hisob davrida — 42 730 kv metrni;
umumiy ovqatlanish korxonalari hisob davrida — 26 784 oʻrinni;
klublar, madaniyat saroylari hisob davrida — 15 688 oʻrinni;
kinoteatrlar hisob davrida — 12 030 oʻrinni;
mehmonxonalar hisob davrida — 16 600 oʻrinni;
maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari hisob davrida — 2 695 ish oʻrinlarini tashkil qiladi.
4. Jamoat transporti, avtomobil yoʻllari va koʻchalar hisob davrida:
magistral koʻchalarning uzunligi 102,6 km dan 203,0 km gacha oshiriladi (birinchi navbatda 155,35 km gacha);
yiliga yoʻlovchi tashishlar soni boʻyicha — 163,8 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.
5. Muhandislik va texnik infratuzilma sohalari boʻyicha hisob davrida:
a) suv taʼminoti boʻyicha:
ichimlik suvining umumiy taʼminoti kuniga — 114,35 ming kub metrni tashkil qiladi, shu jumladan:
kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun suv isteʼmoli kuniga — 84,7 ming kub metrni tashkil etadi;
sanoat va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun suv isteʼmoli kuniga — 16,94 ming kub metr;
hisobga olinmagan boshqa ehtiyojlar — 12,71 ming kub metrni tashkil qiladi;
b) kanalizatsiya boʻyicha:
umumiy oqova suv hajmi kuniga — 103,13 ming kub metrni tashkil qiladi, shu jumladan:
kommunal-maishiy xoʻjaliklardan chiqadigan oqova suvlar, hisob davrida, kuniga — 69,30 ming kub metrni;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalaridan chiqadigan oqova suvlar kuniga — 13,55 ming kub metrni;
tozalash inshootining umumiy quvvati — 125,0 ming kub metrni tashkil etadi;
v) issiqlik taʼminoti boʻyicha:
umumiy issiqlik quvvati — 675,8 Gkal/soatni tashkil qiladi, shu jumladan:
uy-joy fondi issiqlik ehtiyojlari — 331,965 Gkal/soatni;
kommunal-maishiy issiqlik ehtiyojlari — 178,325 Gkal/soatni tashkil qiladi;
g) gaz taʼminoti boʻyicha:
umumiy gaz isteʼmoli — 403 528,3 ming kub metrni tashkil qiladi, shu jumladan:
qozonxonalarga gaz yetkazish yiliga — 145 646,0 ming kub metrni;
uy-joy fondiga gaz yetkazish yiliga — 171 316,3 ming kub metrni;
kommunal-maishiy ehtiyojlarga gaz yetkazish yiliga — 37 211,0 ming kub metrni;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga gaz yetkazish yiliga — 49 355,0 ming kub metrni tashkil qiladi;
d) elektr taʼminoti boʻyicha:
elektr energiyasining umumiy isteʼmoli yiliga — 1 041,25 million kVt ni tashkil qiladi, shu jumladan:
sanoat va ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlari yiliga — 180,0 million kVt ni;
uy-joy va kommunal ehtiyojlar yiliga — 847,0 million kVt ni;
boshqa ehtiyojlar uchun yiliga — 14,25 million kVt ni tashkil qiladi;
e) sanitar tozalash boʻyicha:
qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmi yiliga — 419,65 ming kub metrga qayta ishlash;
qattiq maishiy chiqindi poligoni, chiqindixonalar foydalanish hududi — 26,0 gektarda tashkil qilish rejalashtirilgan.
6. Shaharni funksional hududlashtirish va meʼmoriy rejalashtirish:
Buxoro shahrining rejalashtirish tarkibi, aholi joylashgan hududning guruh tizimi markazi — umuman tizimning guruhini tashkil qilish bilan bogʻliq omillar majmuasini hisobga olgan holda shakllantirilgan boʻlib, bunda rivojlanish va fazoviy oʻsishni hisob-kitob davri chegaralaridan tashqari amalga oshirish imkoniyatini beradi. Hududlardan funksional foydalanish ustuvorligini hisobga olib, asosiy boʻlgan aholi punktining turar joy hududi, ishlab chiqarish, koʻkalamzor, manzara-dam olish hamda maʼmuriy markaz qismlariga boʻlingan.
Guruh tizimining asosiy kompozitsion oʻqlarining rolini Buxoro shahrini Toshkent, Qarshi, Navoiy, Urganch va Nukus shaharlari bilan bogʻlaydigan yoʻnalishlar bajaradi.
Shaharning qabul qilingan loyihalashtirish va rejalashtirish tuzilishi “yaxlit organizm”ni yaratishni nazarda tutadi, unda shaharning turli tabiatdagi qismlari, shuningdek, shaharga tutash qishloq aholi punktlari katta shaharsozlik tizimiga kiritilgan boʻlib, ular shaharning guruh tizimining markazi sifatida mavqeyini hisobga oladi.
Shaharning arxitektura-rejalashtirish tuzilishining asosini koʻkalamzorlashtirilgan va suv chiqadigan boʻshliqlar bilan birlashtirgan, tarixiy-meʼmoriy qoʻriqxona, alohida maʼmuriy, savdo, madaniy, maʼrifiy va sport majmualarini oʻz ichiga olgan shahar ahamiyatiga ega jamoat markazlari tizimi tashkil etadi.
Jamoat markazlarining chiziqli-tugun tuzilishi uy-joylar va fuqarolik qurilishi surʼatlariga muvofiq shahar hududlarini egallash imkonini beradi va shahar qurilishining barcha bosqichlarida uslubiy birlikni qoʻllab-quvvatlaydi.
Tarixiy hududda rekonstruksiya ishlari, eskirgan binolarni buzish va alohida mavzelarni mustahkamlash ishlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblarga qatʼiy amal qilgan holda amalga oshiriladi. Tarixiy hududning chekkasida, obidalar joylashgan hududlarda transport harakati tartibga solinishi koʻzda tutilgan.
Ushbu hududlar asosida turar joy boʻyicha 550,0 gektar hamda sanoat va ishlab chiqarish hududlari uchun 50,0 gektar zaxira yer maydonlari bosh reja loyihasida rejalashtirilgan.
7. Shaharning ekologik rivojlanishi:
shaharchalarda ekologik muhitni yaxshilash, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatish omillarini kamaytirish maqsadida ekologik talablarga mos ravishda loyihada quyidagi tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
umumiy foydalanishdagi koʻkalamzor hududlar hisob davrida — 385,0 gektarni va kishi boshiga 10 kv metrni;
sanitar-himoya hududlari hisob davrida — 122,31 gektarni va kishi boshiga 2,45 kv metrni tashkil etadi.
Muhandislik ishlari boʻyicha hududni tayyorlash chora-tadbirlari doirasida:
sugʻorish hududi hisob davrida — 6 104,5 gektarni;
suv miqdori hisob davrida — 7 630 l/sekni;
yerosti sizot suvlari sathini kamaytirish hududi hisob davrida — 2 577 gektarni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-iyuldagi 402-son qaroriga 2-ILOVA
Buxoro shahrining bosh rejasi loyihasining
TEXNIK-IQTISODIY KOʻRSATKICHLARI
