Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasini tasdiqlash toʻgʻrisida (403-son)
23.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax shahrini kompleks rivojlantirish, qurilish ishlarini rejalashtirish, mazkur ishlarning sifati va darajasini oshirish, shaharning meʼmoriy-rejalashtirish qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga muvofiq “Oʻzshaharsozlik LITI” bosh loyiha instituti davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — bosh loyiha tashkiloti) tomonidan Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasi ishlab chiqilgani;
Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy qoʻmita) bilan belgilangan tartibda kelishilgani;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi “2026-2027-yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-35-son qaroriga asosan Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantirish boʻyicha bosh reja va shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax shahrini kompleks rivojlantirish maqsadida:
Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasining asosiy yechimlari 1-ilovaga muvofiq;
Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Jizzax viloyati hokimligi:
a) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan qurilish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini rejalashtirishni hisobga olgan holda, Jizzax shahrining bosh rejasini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) ushbu qaror bilan tasdiqlangan Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasining asosiy yechimlariga muvofiq Jizzax shahri chegarasini oʻzgartirish yuzasidan iltimosnomani belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
v) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:
bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarida belgilangan koʻchalarning qizil chiziqlari doirasidagi maydonlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkalarining bosh rejaga zid ravishda egallab olinishini cheklash;
bosh rejaga asosan yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat zonasi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish, koʻkalamzorlashtirish va daraxt ekish uchun moʻljallagan rekreatsiya hududlarida boshqa maqsadlar uchun bosh rejaga zid ravishda obyektlarni joylashtirish hamda qurilish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida doimiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;
bino va inshootlarni joylashtirishda tarixiy zona va shaharning boshqa hududlarida joylashgan madaniy yodgorliklarning muhofaza zonalari talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash;
energiya tejamkor zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali suv taʼminoti, oqova suv, irrigatsiya, elektr energiyasi, gaz, issiqlik va telekommunikatsiyalar taʼminoti obyektlarini modernizatsiya qilish;
hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bogʻlarni rekonstruksiya qilish hamda yangilarini qurish orqali shaharning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash;
uy-joy, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat, sanʼat va dam olish obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash hisobidan ijtimoiy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish;
ilmiy-gidrogeologik tadqiqotlar asosida sizot suvlar sathini pasaytirish boʻyicha shahar hududini muhandislik jihatidan tayyorlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
g) birinchi navbatda qurilish ishlari olib boriladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqsin hamda ularning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini tashkil etsin;
d) Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasining kompleks amalga oshirilishi yuzasidan mualliflik nazoratini oʻrnatish boʻyicha bosh loyiha tashkiloti bilan shartnoma imzolash, ishlarni bajarish va moliyalashtirish oʻz vaqtida tashkil etilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, investorlar va ijtimoiy soha muassasalari tomonidan kiritilgan takliflar (loyihalar) Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasida ushbu obyektlarni joylashtirish maqsadida Jizzax viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashida koʻrib chiqiladi va kelishiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Jizzax viloyati hokimi U.M. Mustofoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 23-iyul,
403-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-iyuldagi 403-son qaroriga 1-ILOVA
Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasining
ASOSIY YECHIMLARI
Jizzax shahrining bosh rejasida aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda kelajakda aholi soni inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, hududlarning zonalashtirilishi va ularni qurish navbati, aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari, aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududlari nisbati, aholi punktini rivojlantirish uchun zaxira hududlar va chegaralar hamda aholi punktining iqtisodiy, sanoat va hududiy salohiyati, aholining koʻpayish surʼatini nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilangan.
Shaharsozlik va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda shaharning sanoat salohiyati, ishchi resurslari rivojlanishi, tabiiy-ekologik muhitning oʻzgarishi Jizzax viloyati va Jizzax shahrining shu sohalardagi rivojlanish yoʻnalishi bilan bogʻliq.
Jizzax shahrida 2043-yil oxiriga qadar (keyingi oʻrinlarda — hisob davri) quyidagilar rejalashtirilgan:
1. Aholi soni va hududi:
aholi soni oʻsishi — 191,62 ming kishidan hisob davrida — 460,0 ming kishiga;
shaharning hududi — 6 520,0 gektardan hisob davrida — 12 730,0 gektarga oʻzgaradi.
2. Uy-joy qurilishi va uy-joy fondi:
uy-joy fondi umumiy maydoni — 3 048,88 ming kv metrdan hisob davrida — 9 660,0 ming kv metrga;
uy-joy maydoni bilan taʼminlanish darajasi bir kishiga — 15,91 kv metrdan hisob davrida — 21,0 kv metrga;
uy-joy fondi qisqarishi hisob davrida — 447,0 kv metrni tashkil qiladi.
Hisob davrida uy-joy fondining qavatlar kesimida:
1-2 qavatli yakka tartibdagi uylar — 2 144,88 ming kv metrdan hisob davrida — 3 822,68 ming kv metrni;
2 qavatli kottej uylar — 0,8 ming kv metrdan hisob davrida — 304,1 ming kv metrni;
2 qavatli uylar — 148,5 ming kv metrdan hisob davrida — 59,4 ming kv metrni;
4-5 qavatli uylar — 656,6 ming kv metrdan hisob davrida — 2 993,45 ming kv metrni tashkil qiladi.
7 — 9 qavatli uylar — 98,1 ming kv metrdan hisob davrida — 678,66 ming kv metrni;
9 — 12 qavatli uylar hisob davrida — 1 396,35 ming kv metrni;
16 qavatdan yuqori uylar hisob davrida — 405,36 ming kv metrni tashkil qiladi.
3. Ijtimoiy sohada:
aholining ijtimoiy soha obyektlariga boʻlgan talabini amaldagi meʼyorlarga moslashtirish maqsadida soha koʻrsatkichlari quyidagi tarzda oʻzgaradi:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari — 11 849 oʻrindan hisob davrida — 29 440 oʻrinni;
umumtaʼlim maktablari — 34 357 oʻrindan hisob davrida — 78 200 oʻrinni;
shifoxonalar — 2 323 oʻrindan hisob davrida — 11 413 oʻrinni;
poliklinikalar bir smenada — 5 595 ta tashrifdan hisob davrida — 19 380 ta tashrif;
doʻkonlar savdo maydoni — 44 066 kv.metrdan hisob davrida — 134 500 kv metrni;
umumiy ovqatlanish korxonalari — 8 025 oʻrindan hisob davrida — 21 250 oʻrinni;
klublar, madaniyat saroylari — 1 870 oʻrindan hisob davrida — 18 685 oʻrinni;
kinoteatrlar hisob davrida — 12 205 oʻrinni;
teatrlar — 785 oʻrindan hisob davrida — 2 775 oʻrinni;
mehmonxonalar — 1 030 oʻrindan hisob davrida — 2 760 oʻrinni;
maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari — 580 ish oʻrni hisob davrida — 3 695 ish oʻrinlarini tashkil qiladi.
4. Jamoat transporti, avtomobil yoʻllari va koʻchalar hisob davrida:
shahar magistral koʻchalarining uzunligi — 90,35 kmdan hisob davrida — 263,14 km;
yiliga tashiladigan yoʻlovchilar hisob davrida — 230,0 million yoʻlovchini tashkil qiladi.
5. Muhandislik va texnik infratuzilma sohalari boʻyicha hisob davrida:
a) suv taʼminoti boʻyicha:
ichimlik suvining umumiy taʼminoti kuniga — 32,36 ming kub metrdan hisob davrida — 107,64 ming kub metrni;
kommunal-maishiy ehtiyojlar kuniga — 15,75 ming kub metrdan hisob davrida — 82,80 ming kub metrni;
sanoat va ishlab chiqarish ehtiyojlari kuniga — 7,23 ming kub metrdan hisob davrida — 16,56 ming kub metrni;
hisobga olinmagan boshqa ehtiyojlar kuniga — 7,8 ming kub metrdan hisob davrida — 8,28 ming kub metrni tashkil qiladi;
b) kanalizatsiya boʻyicha:
umumiy oqova suv hajmi kuniga — 11,45 ming kub metrdan hisob davrida — 67,34 ming kub metrni;
kommunal-maishiy korxonalar oqova suvlari kuniga — 5,25 ming kub metrdan hisob davrida — 51,52 ming kub metrni;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalari oqova suvlari kuniga — 6,2 ming kub metrdan hisob davrida — 13,24 ming kub metrni;
tozalash inshootining umumiy quvvati kuniga — 30,0 ming kub metrdan hisob davrida — 75,0 ming kub metrni tashkil qiladi;
v) issiqlik taʼminoti boʻyicha:
umumiy markazlashgan issiqlik taʼminoti quvvati — 33,1 Gkal/soatdan hisob davrida — 788,47 Gkal/soatni;
uy-joy fondi issiqlik ehtiyojlari — 4,8 Gkal/soatdan hisob davrida — 397,216 Gkal/soatni;
kommunal-maishiy korxonalar issiqlik ehtiyojlari — 1,2 Gkal/soatdan hisob davrida — 384,642 Gkal/soatni tashkil qiladi;
g) gaz taʼminoti boʻyicha:
gazning umumiy isteʼmoli yiliga — 211 483,4 ming kub metrdan hisob davrida — 465 580,3 ming kub metrni;
isitish qozonxonalari gaz taʼminoti yiliga — 2 059,1 ming kub metrdan hisob davrida — 160 527,9 ming kub metrni;
uy-joy fondi gaz taʼminoti yiliga — 121 536,5 ming kub metrdan hisob davrida — 190 047,4 ming kub metrni;
kommunal-maishiy ehtiyojlar gaz taʼminoti yiliga — 36 291,1 ming kub metrdan hisob davrida — 44 293,0 ming kub metr;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalari gaz taʼminoti yiliga — 51 596,7 ming kub metrdan hisob davrida — 70 712,0 ming kub metrni tashkil qiladi.
d) elektr taʼminoti boʻyicha:
umumiy elektr energiyasi isteʼmoli yiliga — 496,531 million kVt s dan hisob davrida — 1 428,171 million kVt s;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlari yiliga — 157,731 million kVt s dan hisob davrida — 409,306 million kVt s;
uy-joy kommunal ehtiyojlar yiliga — 236,991 million kVt s dan hisob davrida — 1 012,0 million kVt s;
hisobga olinmagan boshqa ehtiyojlar yiliga — 101,809 million kVt s dan hisob davrida — 6,865 million kVt s ni tashkil qiladi.
e) sanitar tozalash boʻyicha:
qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmi yiliga — 208,9 ming kub metrdan hisob davrida — 436,0 ming kub metr;
qattiq maishiy chiqindi poligoni, chiqindixonalarning foydalanish hududi hisob davrida — 26,5 gektarni tashkil qilish rejalashtirilgan.
6. Shaharni funksional hududlashtirish va meʼmoriy rejalashtirish.
Shahar hududiy va son jihatdan oʻsishi shimoli-gʻarbiy, shimoli-sharqiy va janubdagi turar joy massivlariga yaqin tutashgan Sh. Rashidov tumanidagi 24 ta mahallaning qoʻshib olinishi hisobidan kengayadi. Hozirda shaharda 34 ta mahalla mavjud. Ushbu hududda asosan koʻp qavatli turar joylar hamda aholiga xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishi rejalashtirilgan.
Jizzax shahri aholi punktlari guruh tizimining markazi boʻlib, bu uning rejalashtirish tuzilmasida va ularning viloyat markazi tomon rivojlanishi bilan magistral koʻchalar tarmogʻi qurilishida oʻz ifodasini topadi. Ushbu magistral koʻchalar tarmogʻi “Uchtepa” MFY, “Sayxon” MFY va “A. Temur” MFYni bogʻlash bilan birgalikda Samarqand va Toshkent viloyatlarini ham bogʻlaydi.
Shahar hududi asosan turar joy va sanoat zonalaridan iborat. Sanoat hududi mavjud sanoat hududlari negizida rivojlantirilmoqda hamda shaharning gʻarbiy qismida yangi sanoat hududi tashkil etish rejalashtirildi.
Oʻz navbatida, turar joy hududi maʼmuriy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy, sogʻliqni saqlash va turar joy zonalariga boʻlinadi.
Shahar hududi 4 ta rejalashtirish qismiga boʻlingan:
birinchi rejalashtirish qismi Jizzax shahrining sharqiy, shimoli-sharqiy hamda janubi-sharqiy markaziy hududi qismlarini qamrab oladi va mehnat, dam olish, tibbiyot va taʼlim muassasalarini oʻz ichiga olgan turar joy, ishlab chiqarish, maʼmuriy, sport va boshqa funksional hududlar majmuasidan iborat. Ushbu qism bosh rejada 15 ta turar joy massiviga boʻlib ishlab chiqilgan;
ikkinchi rejalashtirish qismi shaharning shimoli-gʻarbiy, gʻarbiy hamda markaziy qismlarini oʻz ichiga oladi. Ushbu qismda ham turar joy, dam olish, tibbiyot va taʼlim muassasalarini oʻz ichiga olgan, maʼmuriy, sport va boshqa funksional hududlar majmuasidan iborat. Ikkinchi rejalashtirish qismida yangi sanoat hududini tashkil etish rejalashtirilgan;
uchinchi rejalashtirish qismiga gʻarb tarafga rivojlangan boʻlib, mavjud “A. Temur” MFYdan iborat boʻlib, “Xayrobod”, “Tuyoqli”, “Kattaqishloq”, “Sharilloq”, “Oqtoshota” MFYlari kiradi — (Yangi Oʻzbekiston);
toʻrtinchi rejalashtirish hududi janubiy qismga rivojlangan boʻlib, ushbu qismga “Xayrobod”, “Tuyoqli”, “Kattaqishloq”, “Sharilloq”, “Oqtoshota” MFYlari hamda Yangi Oʻzbekiston massivi kiradi;
Umumshahar avtomobil yoʻllari tizimi shaharning mavjud asosiy koʻchalar tarmogʻini rivojlantiradi va tartibga soladi. Shu maqsadda shaharning mavjud avtomobil yoʻllari bilan bogʻlangan shahar miqyosidagi avtomobil yoʻllarini yaratish, keyinchalik ularni aylanma avtomobil yoʻllariga olib chiqish va keyinchalik Paxtakor, Samarqand, Gʻallaorol, Uchtepa va Bogʻdon shaharchalari bilan bogʻlashdan iboratdir.
“Shimoliy aylanma yoʻl”ning yaratilishi Oʻzbekiston Milliy avtomagistralidan Forish tumani tomon kelayotgan tranzit transport vositalarining shaharni aylanib oʻtishi hamda qoʻshni aholiga xizmat koʻrsatishni yaxshilash imkonini beradi.
Umumshahar markazining joylashuvi markazda saqlanadi, shaharning shimoli-gʻarbiy yoʻnalishdagi umumiy rivojlanishi va shimoli-sharqiy qismida rejalashtirish hududning yangi markaziga mos ravishda rivojlanmoqda.
Shaharning arxitektura va tarixiy qismlari ikki hududda joylashgan. Ulardan biri sharqiy rejalashtirish hududining shimoliy qismida sobiq Oʻrda qalʼasi oʻrnida joylashgan boʻlib, Jizzax qoʻzgʻoloni qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi hududidir.
Ikkinchisi esa sanoat hududida joylashgan boʻlib, “Qaliya tepa” deb nomlangan tepalik hududi boʻlib, u yerda vaqti-vaqti bilan arxeologik qazishmalar olib boriladi. Ushbu tarixiy obidalar atrofida qoʻriqlanadigan hududlar mavjud.
Bosh rejada Sangzor daryosining qirgʻogʻi boʻylab aholi dam olish maskanini tashkil etish rejalashtirilgan. Daryoning yashil qirgʻoq boʻylari mavjudligi iqlim sharoitiga foydali taʼsir koʻrsatadi va shahar aholisining turmush sharoitini yaxshilashga yordam beradi.
Shahardagi umumiy yashil maydonlar Oʻrda hududidagi, koʻchadagi mavjud markaziy bogʻlar bilan ifodalanadi. I. Karimov, Sh. Rashidov, shuningdek, turar joy massivlari bogʻlari, turar joy va rejalashtirish massivlari markazlarini bogʻlovchi asosiy piyodalar yoʻllari boʻylab yashil xiyobonlar tashkil etiladi.
Bosh reja mavjud qabristonlarni ularning atrofidagi uy-joylardan sanitar-himoya hududlarini bosqichma-bosqich shakllantirish bilan yopishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, kanal, ariq va kollektorlarning sanitar-himoya hududlarini koʻkalamzorlashtirish orqali tashkil etish koʻzda tutilgan.
7. Shaharning ekologik rivojlanishi:
shaharlarda ekologik muhitni yaxshilash, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatish omillarini kamaytirish maqsadida ekologik talablarga mos ravishda loyihada quyidagi tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
umumiy foydalanishdagi koʻkalamzor hududlar — 50,1 gektardan hisob davrida — 460,0 gektarni va kishi boshiga — 2,61 kv metrdan 10 kv metr;
sanitar-himoya hududlari — 13,9 gektardan hisob davrida — 698,6 gektar va kishi boshiga — 0,73 kv metrdan 15,19 kv metr.
Muhandislik ishlari boʻyicha hududni tayyorlash tadbirlar loyiha qismlari hududdagi yogʻin suvlarini toʻgʻri yoʻnalish orqali chiqarish, ulardan unumli foydalanish, ariqlar va kanallar orqali yashil hududlarni sugʻorishda:
sugʻorish hududi — 2 213,9 gektardan hisob davrida — 6 122,1 gektar;
suv miqdori — 3 690,0 l/sekunddan hisob davrida — 7 659 l/sekund;
yerosti sizot suvlari sathini kamaytirish hududi — 10,5 gektardan hisob davrida — 1 233,0 gektarni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-iyuldagi 403-son qaroriga 2-ILOVA
Jizzax shahrining bosh rejasiga oʻzgartirish kiritish loyihasining
TEXNIK-IQTISODIY KOʻRSATKICHLARI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-iyuldagi 403-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “2030-yil davrigacha Jizzax shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 30-sentabrdagi 266-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-son Farmoni)” 2017-yil 25-martdagi 155-son qaroriga 1-ilovaning 12-bandi.
