42-modda. Ijtimoiy xodimning faoliyatiga doir cheklovlar
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Quyidagi shaxslarning ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq ijtimoiy xodim sifatida faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
ijtimoiy xodim faoliyatini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari boʻlgan shaxslar;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar;
qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslar.
Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning, sudlanganligi holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda oʻziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qoʻllanilganligidan qatʼi nazar, ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritishi man etiladi.
Ijtimoiy xodim sifatida faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
