32-modda. Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishi ustidan davlat nazorati
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya (bundan buyon matnda Ijtimoiy inspeksiya deb yuritiladi) ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini, aholini ijtimoiy himoya qilishda hamda ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organidir.
Ijtimoiy inspeksiya:
ijtimoiy ish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatishga doir talablarga va standartlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
voyaga yetmaganlarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishiga doir talablarga va standartlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va toʻsiqsiz muhit yaratilishiga doir qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi keksalarga hamda yolgʻiz keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishiga doir talablarga va standartlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
odam savdosi jabrdiydalariga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga va voyaga yetmaganlarga hamda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishiga doir talablarga va standartlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ish oʻrinlarining eng kam soni belgilanishini va oʻqish uchun kvotalar ajratilishini nazorat qiladi;
imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning moslashtiruvchi sport turlariga jalb etilishini nazorat qiladi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish zaruriyati, talablari va shartlari toʻgʻrisida keng jamoatchilik oʻrtasida axborot-tushuntirish hamda targʻibot tadbirlarini tashkil etadi va oʻtkazadi.
