19-modda. Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamning ixtisoslashuvi
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan darajalarga boʻlinadi.
Birlamchi ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ogʻir ijtimoiy vaziyatni erta aniqlashga hamda uning oldini olishga qaratilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga (oilalarga) ogʻir ijtimoiy vaziyatni yengib oʻtishda mahalla darajasida koʻrsatiladigan qisqa muddatli harakatlar majmuidir.
Ixtisoslashgan ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ijtimoiy ish sohasidagi mutaxassislarning kelishilgan choralari natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning (oilalarning) individual qobiliyatlarini rivojlantirishga, ularni doimiy yoki davriy ravishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali ogʻir ijtimoiy vaziyatni yengib oʻtishiga qaratilgan harakatlar majmuidir.
Yuqori ixtisoslashgan ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga (oilalarga) muassasada yoki mobil guruh tomonidan uyda doimiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar, shu jumladan parvarishlash xizmatlari koʻrsatishga qaratilgan harakatlar majmuidir.
