Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 16-apreldagi PF-1988-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari oʻz kuchini yoʻqotganligi va oʻzgartirish kiritish haqida”gi farmoni asosida davlat Soliq Qoʻmitasi Bosh Bojxona boshqarmasining 1997-yil 20-iyundagi 110-sonli buyrugʻini bekor qilish haqida (651-son)
26.02.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 26-fevralda 651-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 16-apreldagi PF–1988-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari oʻz kuchini yoʻqotganligi va oʻzgartirish kiritish haqida”gi Farmonini bajarilishini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 15-apreldagi PF–1988-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari oʻz kuchini yoʻqotganligi va oʻzgartirish kiritish haqida”gi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 12-iyundagi PF–1789-sonli “Tamaki mahsulotlariga va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllanilishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga oʻzgartirish kiritilganligi maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 1997-yil 1-iyundan boshlab aksiz markalari boʻlmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga (xalqaro tranzitdan tashqari) yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilganda qonun asosida musodara qilinishi inobatga olinsin. Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan normalar doirasida tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarini aksiz markasisiz olib kelish bundan mustasno.
3.Oʻzbekiston Respublikasi hududidan aksiz markalarini ishlab chiqishda va markalangan aksiz tovarlarni olib kirishda, bojxona rasmiylashtiruvi ushbu buyruqning 1-ilovasida koʻrsatilgan tartibga muvofiq amalga oshirilsin.
4. Bojxona nazoratini tashkil qilish boshqarmasi (Rahmonov T.), Bojxona statistikasi, tahlil va kompyuterlashtirish boshqarmasi (Razzoqov E), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari, “Toshkent-Aero” IBK boshliqlariga:
Respublika hududidan chetga olib chiqib ketilayotgan va olib kirilayotgan aksiz markalariga rasmiylashtirilayotgan BYuBlari qattiq nazorat ostiga olinsin.
5. Davlat Bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari, “Toshkent-Aero” IBK boshliqlariga:
Aksiz markalari boʻlmagan tamaki va alkogol mahsulotlarini musodara qilish tartibi ijro uchun qabul qilinsin va 2-ilovaga muvofiq har oylik 13-sonli hisobotida koʻrsatilsin.
6. Ushbu buyruq joylardagi Yuridik xizmat boʻlimi tomonidan kodifikatsiya qilinib, qonunchilikka muvofiq ijro etilishi nazoratga olinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 12-iyundagi PF-1789 sonli “Tamaki maxsulotlariga va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllanilishini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish chora-tadbirlari haqidagi sobiq Bosh bojxona boshqarmasining 1997-yil 20-iyundagi 110-sonli buyrugʻi bekor qilinsin.
8. Mazkur buyruq belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng ijro uchun qabul qilinsin.
9. Kotibiyat (Maxmudov D.)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va mazkur buyruqdan nusxalar koʻpaytirilib, DBQsining barcha boshqarmalariga, mustaqil boʻlimlariga, hududiy bojxona boshqarmalariga yuborilishini taʼminlasin.
10. Ushbu buyruqning bajarilishini nazorat qilish rais oʻrinbosari S. Oripovga zimmasiga yuklatilsin.
Rais, general-mayor Oʻ.T. KOMILOV
Toshkent sh.,
1999-yil 12-fevral,
77-son
DBQ ning 1999-y. fevral 77-sonli buyrugʻiga 1-ILOVA
Aksiz markalarini olib chiqish va markalangan aksiz tovarlarni olib kirish tartibi
Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 12-iyundagi PF-1789-sonli “Tamaki maxsulotlariga va alkogol ichimliklariga aksiz markalarini qoʻllanilishini takomillashtirish toʻgʻrisidagi Farmoni asosida ishlab chiqilgan boʻlib, aksiz markalarini olib chiqish va markalangan aksiz tovarlarni olib rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
Aksiz markalarini olib chiqish va markalangan aksiz tovarlarni olib kirishda bojxona rasmiylashtiruvi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 1993-yil 23-dekabrdagi 162-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan, Adliya vazirligidan 1993-yil 14-oktabrda 3-raqami bilan roʻyxatdan oʻtgan “Bojxona yuk bayonnomasini toʻldirish tartibi” haqidagi vaqtinchalik qoʻllanmaga asosan amalga oshiriladi.
Aksiz markasini olib chiqish
Aksiz markasini olib chiqish, “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimi asosida amalga oshiriladi va aksiz markalarini ushbu rejimda vaqtincha olib chiqish muddati Oʻzbekiston Respublikasining “Bojxona kodeksi”da belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, agar qonunchilikda boshqa qoidalar belgilanmagan boʻlsa.
Olib chiqilayotgan aksiz markasiga Bojxona yuk bayonnomasi (bundan buyon matnda-BYuB) rasmiylashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) 31-grafada — tovarning nomi — “tamaki mahsuloti uchun aksiz markasi” yoki “alkogol mahsuloti uchun aksiz markasi” deb yozib, marka olgan korxonaning kodi va markaning miqdori “dona”da koʻrsatiladi.
b) 33-grafada — tovarning kodi — aksiz markalari uchun quyidagi jadvalda koʻrsatilgan kodlar yoziladi.
v) 41-grafada — qoʻshimcha oʻlchov birligi — “796”-kodi koʻrsatiladi.
g) 44-grafada — taqdim qilingan hujjatlar — aksiz tovarlarini olib kelish uchun tuzilgan kontraktning raqami va sanasi koʻrsatiladi. Bundan tashqari olingan aksiz markalarning qonuniyligini tekshirish maqsadida, markalarni olish uchun berilgan kvitansiyaning nusxasi BYuB ga ilova qilinadi.
d) 47-grafada — “turi” ustunida “27a” soni koʻrsatiladi.
“stavka” ustunida — 100 % koʻrsatiladi.
“summa” ustunida — toʻlangan aksiz markalari nominal qiymati koʻrsatiladi.
“SP” ustunida (toʻlov turi) — toʻlov turiga qarab, “naqd pulsiz” (bn) yoki “bojxona kassasi” (kt) deb, yuritiladi.
Aksiz markalarini qayta olib kirish
Aksiz markalari tovarsiz qayta olib kelinganda, markalar kodi oʻzgarmagan holda “oldin olib chiqilgan tovarni qayta olib kirish” bojxona rejimida BYuB rasmiylashtiriladi. Keyinchalik ushbu kontrakt boʻyicha tovar olib kelinmasa va kontraktlar bekor qilinganda markalar belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Markalar tovarga yopishtirilgan holda olib kelinganda, “oldin olib chiqilgan tovarni qayta olib kirish” bojxona rejimida BYuB rasmiylashtiriladi va bunda markalarning TIF TN boʻyicha kodi oʻzgartiriladi. Tovarlar alohida partiyalar bilan olib kelinganda, aksiz markalarni ushbu partiya miqdoriga teng qismi rasmiylashtiriladi.
Markalangan aksiz tovarlarini olib kirish
Olib kelingan markalangan aksiz tovarlarga BYuB rasmiylashtirilganda, bir vaqtning oʻzida aksiz markalarini qayta olib kirish uchun ham BYuB rasmiylashtiriladi.
31-grafa “tovarning taʼrifi” ushbu grafa toʻldirilayotganda, tovar “aksiz markalari bilan markalangan” deb, yozilishi shart.
DBQ ning 1999-y. fevral 77-sonli buyrugʻiga 2-ILOVA
Respublika hududiga aksiz markalarisiz olib kirilgan va musodara qilingan tamaki va alkogol mahsulotlari hisoboti
